OMON POLVON [1856, Namangan viloyati Xizrobod (Qizil Rabot) qishlogʻi — 1923.13.6, Namangan] — Fargʻona vodiysida sovet rejimiga qarshi harakatning rahbarlaridan biri. 1918-y. gacha Qizil Rabot qishlogʻida ariq oqsoqoli vazifasini bajargan. 1918-y. boshlarida Fargʻona vodiysida qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshlagan 9 harbiy qoʻmondonning biri, Madaminbek va Shermuhammadbekning harbiy topshiriqlarini bajarib, 2500—3000 yigitga rahbarlik qilgan. Dadaboy (Toʻraqoʻrgʻon) va Maqsud (Uychi) uning eng yaqin qoʻrboshilari sanalgan. 1922-y. da Omon Polvon Norin daryosidan Chustgacha boʻlgan xududni oʻz nazoratiga olgan. 1923-y. mayda qizil askarlar tomonidan qoʻlga olinib, keyinchalik otib tashlangan.
Ad.: Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Rajabov Q., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917-1924), T., 2002.