“Ommaviy madaniyat”ga eng katta toʻsiq

yoxud kitobxonlikni mahalladan boshlasak…

 

Har birimiz farzandimizni goʻdakligidanoq turli xavf-xatardan asrab-avaylab oʻstiramiz. Ammo bola ulgʻaya borgani sayin, unga eʼtiborimiz biroz kamayadi.

Endi katta boʻlib qoldi, oʻzi mustaqil qaror qabul qilishga oʻrgansin, deb oʻz holiga tashlab qoʻyishimiz ham rost. Bu goʻyo zulmat ichida tavakkal qadam bosishdek gap.

Bunday holatda farzandimizning ongi va maʼnaviyatiga turli salbiy kuchlar taʼsir qilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ayniqsa, globallashuv jarayonida “ommaviy madaniyat” niqobi ostida chetdan turli buzgʻunchi va yot gʻoyalarning, individualizm, egotsentrizm kabi biryoqlama qarashlarning suqilib kirayotgani, ijtimoiy tarmoqlardagi axloqsizlik va zoʻravonliklarning targʻib etilayotgani xavfning nechogʻli jiddiy ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shunday sharoitda ota-ona, shu bilan birga, taʼlim muassasasi va mahallaning oʻzaro hamkorlikdagi faoliyatigina kutilgan natijani berishi mumkin.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi tomonidan oʻtkazilgan “Yoshlarni “ommaviy madaniyat” taʼsiridan himoya qilishda mahalla institutining oʻrni” mavzuidagi seminarda ham bu borada turli fikr va mulohazalar bildirildi.

– Bugun ommaviy axborot vositalari va internet saytlari orqali “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi gʻoyalar juda kuchayib bormoqda, – deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi boshqaruvi boʻlim boshligʻi Saodat BOYMIRZAYEVA. – Ularning taʼsirida yosh oilalar oʻrtasidagi ajrimlar, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi koʻpayib bormoqda. Ammo yoshlarimizni bu tarmoqlardan uzib qoʻyishning imkoni yoʻq. Shunday ekan, ularda foydalanayotgan axborotini ongli tushunib yetish va tahlil qila olish koʻnikmasini shakllantirishimiz zarur. Qachonki, farzandlarimiz nima yaxshi, nima yomonligini idrok etar ekan, olib borayotgan ishlarimizda samara va natija boʻladi. Maʼnaviy va mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda esa asrlar davomida yashab kelayotgan milliy qadriyatlarimizni farzandlarimiz ongiga chuqurroq singdirish zarur.

 

Tashxis toʻgʻri boʻlsa

Eʼtibor bersak, “ommaviy madaniyat”ning yoshlar ongiga koʻrsatayotgan taʼsiriga maʼnaviy va maʼrifiy ishlar targʻibotining yetarli darajada emasligi ham sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, uyushmagan, hech qayerda ishlamaydigan va band boʻlmagan aholi qatlami bilan ishlash zarurati ham koʻrinib qolmoqda.

Har qanday kasallikni davolashning oʻziga xos usul va yoʻllari mavjud. Agar tashxis toʻgʻri qoʻyilsa, unga qarshi kurashish ham ancha oson kechadi. Xuddi shunday yoshlar ongiga tobora oʻrnashib borayotgan “ommaviy madaniyat”ning xavfli taʼsirini yoʻq qilishning ham bir necha choralari mavjud. Ulardan eng samaralisi – kitobxonlikdir.

– Birinchi galdagi vazifamiz yoshlar ongini yuksak maʼnaviyat vositalari bilan toʻldirishdir, – deydi Respublika maʼnaviyat-maʼrifat markazi jamoat tashkilotlari bilan ishlash boʻlimi bosh mutaxassisi Maxfirat ZIKIROVA. – Davlatimiz rahbari yoshlarni kitob oʻqishga, kitobxonlikka bejiz daʼvat qilmayapti. Haqiqatan ham, ular qanchalik koʻp oʻqisa, maʼnaviyati yuksaladi. Dunyoda kechayotgan jarayonlarni mustaqil tahlil qiladi. Har qanday holatning ijobiy va salbiy tomonini anglab yetadi. Shu xayrli ishga munosib hissa qoʻshish maqsadida joylarda tashkillashtirilayotgan “Kitob va kitobxonlik – maʼnaviyat koʻzgusi”, “Voyaga yetmaganlar tarbiyasiga kimlar masʼul yoxud oʻz bolangni oʻzing asra” mavzusidagi targʻibot tadbirlarida bepul kitoblar tarqatishni yoʻlga qoʻydik.

Bunday uchrashuvlarga, asosan, uyda oʻtirgan aholi qatlami, uyushmagan yoshlar jalb etilmoqda.

 

Maʼrifat – eng toʻgʻri yoʻl

Inson oʻzligini anglab yetishi, ajdodlari tarixini oʻrganishi uning kelajak hayotida ham oʻz aksini topadi. Nihol suvga talpinib oʻsgani kabi odamni ham oʻtmish yuksaltiradi. Yaxshilar oʻgitini oʻrganish, haqiqiy shaxs kamoloti sari undaydi. Bu asrlar silsilasida oʻz isbotini topib kelayotgan haqiqat.

– Koʻpincha ish bilan mahalla fuqarolar yigʻiniga kirib qolsak, rasmiy hujjatlarga koʻzimiz tushadi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti doktoranti Botirjon OQBOʻTAYEV. – Ular qatorida ulugʻ mutafakkirlarimizning durdona asarlarini ham koʻrishni istardim. Alisher Navoiyni oʻqishni mahalladan boshlashimiz kerak.

Mahallaning tashvishlari sira tugamaydi. Har kuni kimdir bir muammosi bilan keladi. Shunday vaqtda oʻsha kitoblardan oʻqish bilan kishi ancha yengil tortadi. Bu bor haqiqat. Qani edi, hamma ota-ona bunday asarlarga oshno boʻlsa, ertaga farzandlarimizga hayotning mazmuni nima ekanini tushuntirib bera oladi. Mahalla raislari esa oʻzi uchun hayotiy tajriba oshiradi. Masalan, Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” asarida mahalla haqida ajoyib fikrlar bildirgan. Uning jamiyatdagi oʻrni nechogʻli muhimligi haqida juda chiroyli yozgan. Bu bejiz emas, bizning sharq xalqlari doim oʻzgalar taqdirini oʻzining taqdiri deb bilgan. Shu bois ham uning har bir satrida millat va xalq dardi yotadi. Uning oʻgitlari yoshlarimiz tarbiyasida juda katta oʻrin egallaydi. Har bir insonning oʻrganishi zarur boʻlgan jihatlar mavjud. Ajdodlarimiz merosini puxta egallamagan yoshlar koʻr-koʻrona taqlid yoʻlini tutadi.

Dunyo bilan hamnafas boʻlish, erishilayotgan soʻnggi yutuqlardan xabardorlik zarur, albatta. Ammo odob-axloq masalasida sharq xalqlarining namuna boʻladigan jihatlari koʻpligini unutmaslik lozim. Ularni buyuk ajdodlarimiz yozib qoldirgan asarlardan oʻrganish mumkin. Bu ishga yoshlarni targʻib etish esa, avvalo, ota-onaning, qolaversa, mahalla mutasaddilari va ustozlarning zimmasiga katta masʼuliyat yuklamoqda. Shuni unutmaslik zarurki, bugun bu borada qilingan kichik bir ezgu ish ham ertangi hayotimizda juda qimmatli ahamiyat kasb etishi mumkin.

 

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi ijro apparati axborot xizmati hamkorligida tayyorlandi.

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ommaviy-madaniyat-ga-eng-katta-tosiq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x