Post Views:
1 307
«VATANPARVAR», O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti – nodavlat notijorat tashkilot. 1991 yil 23 noyabrda tuzilgan. O‘zbekiston fuqarolarining mustaqil ommaviy-himoya, sport-texnik va vatanparvarlik jamoat tashkilotidir. Tashkilotning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini, uning qurolli kuchlari, mudofaa qudratini mustahkamlashga ko‘maklashish, keng xalq ommasini, xususan yoshlarni mehnatga va Vatanni himoya qilishga tayyorlashdir. «Vatanparvar» tashkiloti davlat buyurtmasi orqali harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni harbiy-texnik tayyorlash, sport tadbirlari o‘tkazish, harbiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ommaviy texnik kasb xodimlarini tayyorlash yo‘li bilan moliyalashtiriladi. Tashkilotning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar, tumanlarda alohida bo‘limlari – kengashlari bor.
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Toshkent shahar kengashi (Xurshid ko‘chasi, 86 “a”-uy) tasarrufida 11 tuman kengashi, 11 o‘quv sport texnika klubi, birlashgan-texnika maktabi, 28 vatanparvarlik klubi va 14 xo‘jalik hisobidagi korxona faoliyat yuritadi. Kengash o‘z oldida turgan vazifalarni boshlang‘ich tashkilotlar orqali amalga oshiradi. Shahar kengashi 781 boshlang‘ich tashkilotni birlashtirgan bo‘lib, ularda 107 mingga yaqin a’zo bor. Shahar kengashiga qarashli avtotransport vositalari 159 yengil, 44 yuk avtomashinalari, 3 avtobus, 12 tirkamadan iborat (2008).
«Vatanparvar» tashkilotining shahar kengashi harbiy-vatanparvarlik faoliyatini ma’naviy-ma’rifiy, ommaviy-tashkiliy ishlar bilan qo‘shib olib boradi. Bu borada «Mahalla», «Nuroniy» jamg‘armalari, «Kamolot» yoshlar harakati, shahar mudofaa ishlari bo‘limi bilan shartnomalar tuzilgan. Har yili Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkaziladigan ommaviy vatanparvarlik oyligida (14 dekabrdan 14 yanvarga qadar) faol ishtirok etadi.
Qurolli kuchlar uchun harbiy-texnik mutaxassislar tayyorlash borasida tashkilotning shahar kengashiga qarashli Toshkent birlashgan texnika maktabida ijobiy ishlar amalga oshirildi: elektromotorist haydovchi va «VS» toifali haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv jarayoni takomillashtirildi. Maktabning moddiy-o‘quv bazasi yaxshilandi: radioaloqa mutaxassislarini tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, kompyuter sinflari ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlandi. Ommaviy texnik kasb egalarini tayyorlashda tuman o‘quv sport-texnika klublarining hissasi katta bo‘ldi. Bu klublarda 70 o‘qituvchi, 113 amaliy o‘rgatuvchi usta, 12 muhandis-texnik xodim faoliyat yuritadi (2008). 2001–2007 yillar mobaynida shahar Kengashi orqali 55 mingga yaqin ommaviy texnik kasb xodimlari tayyorlandi.
So‘nggi yillarda haydovchilikka tayyorlovchi tashkilotlar ko‘payishi natijasida bu sohada raqobatchilik kuchaydi. Shu bois aholining talab va istaklaridan kelib chiqqan holda hamda aholiga pullik xizmat ko‘rsatish turlarini, ishchi o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida tuman kengashlari o‘quv sport texnika klublarida «D» toifali haydovchilarni hamda traktor haydovchilarini tayyorlash kurslari tashkil qilindi.
Tashkilot yordamida sportning texnika turlari ommalashtirilmoqda. Karting, yozgi biatlon, miltiqdan o‘q otish, aviamodel, raketamodel, triatlon turlari bo‘yicha muntazam musobaqalar o‘tkazilib turibdi. Toshkent sh. terma jamoalari 2001–2007 yil mobaynida respublika musobaqalarida qatnashib, 78 oltin, 60 kumush, 30 bronza medallari sohibi bo‘ldi. Ayniqsa, triatlonchilar, aviamodelchilar, avtorallichilar, kartingchilar jamoalari yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi.
Manzil: 100117, Toshkent shaxri, Xurshid ko‘chasi, 86-a uy. Email: info@vatanparvar.uz
Telefon: (+99871) 235-46-17 (+99871) 150-31-50 150-31-55
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/o-mkt-vatanparvar/