Oltin vasvasasi. Buxoro amirligining maxfiy xazinasi qayerda?

Asli kasbi qishloq xoʻjalik texnikasi boʻyicha muhandis-mexanik va konstruktor boʻlgan ushbu esse muallifi J. Murtazoyev uzoq yillar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tizimida xizmat qilgan fidoyi hamyurtlarimizdan. Mamlakatimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligini mustahkamlash yoʻlida jasorat namunalarini koʻrsatgan. Qator davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan. Esse toʻliq holda “Yoshlik” jurnalida chop etiladi.

 

DONISHMAND MALIKANING QAH-QAHASI

“Yaltiragan narsaning hammasi ham oltin emas”, deydi xalqimiz. Lekin tillasi bor aksariyat odam oʻzini koʻz-koʻz qilgisi kelaverishi bor gap. “Koʻz-koʻz”i uning oʻzini tutishi, yashash tarzi, dadilligi, ancha-muncha qiyinchilik va muammolarni nazar-pisand qilmasligida namoyon boʻladiki, hammasi tillaning “quvvati”ga borib taqaladi. Ayni paytda u “koʻrmaganning koʻrgani qursin” qabilida ish tutib, bosar-tusarini bilmay qolsa, xasislik va qurumsoqlik botqogʻiga botib ketishi ham mumkin.

Oltinni koʻrganda kaltaroq oʻylaydigan har qanday odamning koʻngli sust ketadi. Umuman olganda, oltin asl metall. Aslida shundaymi? Uning zamirida nima koʻproq – ezgulikmi yoki yovuzlik? Oltinning qanday maqsadda kovlab olingani-yu, qoʻlga kiritilganini bilmasdan turib, bu savolga aniq javob berish mushkul.

Rossiyalik olim L. Gutov oʻzining “Xudojestvennoye lite iz dragotsenniʼx metallov” (Moskva-1988 g., str. 3-8) kitobida yozadiki, “ibtidoiy odamning metall bilan tanishuvi yerda yombi shaklda uchraydigan oltin bilan misdan boshlangan…” “Kichik va Oʻrta Osiyo, shuningdek, Oltoyda 4,5 ming yil burun oltin qazib olingan va qayta ishlangan”. Bashariyat tarixining barcha davrlarida oltin va tilla taqinchoqlar boylik, dabdaba va hashamdorlik timsoli boʻlib kelgan. “Iskandar Zulqarnaynning istilochilik yurishlaridan keyin Yunonistonni oltin bosib ketgan. Ayni paytda Eron shohlari saroylaridagi kabi dabdaba va mahobatga havas ham kirib kelgan. Rivoyatlarga qaraganda, Iskandar Eron shohi Doroning xazinasini oʻmarib ketganida oʻn ming tuyaga yuk boʻlgan”.

Yirik oltin konlari va oltin zaxirasiga ega davlat tez rivojlanadiki, buning muhim sharti oʻsha katta boylikdan, xazinadan toʻgʻri va samarali foydalanishiga borib taqaladi. Misol uchun, Buxoro xoqonlari yuz yillar mobaynida boylik toʻplagan, boshqacha aytganda, “oltin bilan brilliantning ustida oʻtirgan”, amirlik xalqi esa qashshoqlik va xor-zorlikda yashagan. Afsuski, qimmatbaho metallarning koʻpligi boshga balo ham olib keladi. Zero, oltin bosqinchilik urushlaridan qaytmaydigan dushmanlarning koʻzini oʻynatadi.

Urushqoq saltanatlar uzoq va yaqin davlatlarning boyligini talash uchun yillar mobaynida vayronkor muharobalar olib borishdan qaytmaganiga tarixda misollar koʻp. Bunday saltanatlarning hukmdorlari butun-butun mintaqalarning boyliklarini qoʻlga kiritish imkoniyatlaridan ham oʻzlarini tiyib tura olmagan.

“Oltin, mohiyatan qaraganda, yumshoqligi sabab inson uchun eng keraksiz, bir pulga qimmat metall, biroq uning iblisona sehri zaminni larzaga solib, odamlarning boshiga taʼriflashga til ojizlik qiladigan koʻrgiliklar keltiradi”. (G. Levitskiy, “Samiʼe bogatiʼe lyudi Drevnogo mira”, Moskva-2011 g. str. 6).

Buxoro amirligining kechmishi bunga bir misol.

Moʻtabar kitoblarimizda yozilmishki, nafsini tiygan, oʻzini balo-qazolardan asraydi.

“Molparastlik ahli basharning barcha davrlarda oromini oʻgʻrilab kelgan. Pul, oltin va yana bir doimiy hamroh – hokimiyat vasvasasi manaman degan buyuk shaxslarni ham oʻz nafsining quliga aylantirib qoʻygan”. “U (forsiylar saltanatiga asos solgan Kir) bosib olgan Vavilonda donishmand malika – Nitokrisning daxmasi osoyish topgan edi…” Daxma darvozasining peshtoqiga: “Mendan keyin Vavilonning qay bir podshosi pulga muhtojlik sezsa, ushbu daxmani ochsin va istaganicha mol-dunyo olsin. Biroq, uni behuda ochmasin. Aslida, iloji boʻlsa, uni umuman ochmagani maʼqul”, degan soʻzlar naqsh etilgandi”. (Oʻsha kitob, 5-, 116-betlar.) “Daxmani ochgan Doro undan hech qanday xazina topolmaydi. Topgani: “Agar sen bunchalar ochkoʻz boʻlmaganingda, marhumlar ruhini chirqillatib, qabrini oyoq osti qilmagan boʻlarding”, degan bitik boʻladi. (Oʻsha kitob, 117-bet.)

Misrda 3000 yil ilgari ham oltin qazib olingan. Koʻrib turganingizdek, qadim zamonlardan odamlar uning qadrlanishini, oltini bor kas jamiyatda munosib mavqega ega boʻlishini, boshiga kutilmagan kulfat yoki qiyinchilik tushsa, asqotishini yaxshi bilgan.

Tilla “uzuk barcha zeb-ziynatlar ichida eng anʼanaviy va koʻp uchraydiganidir. Eramizdan uch ming yil ilgari odat tusiga kirgan bu taqinchoq barcha qadimiy tsivilizatsiyalarga xos. Gerodot Vavilon davlatida muhr oʻyilgan uzuklardan foydalanilgani haqida yozadi. Qadimiy Yunonistonda greklar faqat bitta muhrli-uzuk taqib yurishgan va uzuklarni barmoqlariga huda-behuda “qalashtirib tashlaydiganlar”ga yovvoyilar deb qarashgan. (Oʻsha kitob, 16-bet.)

Turkiston oʻlkasida ham odamlar oltinni yuksak qadrlagan va ham Qizilqum choʻllarida, ham Zarafshon va oʻarm daryolarining boshlangʻich irmoqlaridan qazib olishgan.

Jamiyatning eng quyi boʻgʻini – oilada tillaning mavjudligi ahli odamga qanday taʼsir qilganini, qanday qadrlanganini aniq misollar orqali koʻrsatib berging keladi. Ayniqsa, ayollarning unga mehr-eʼtibori gʻoyat balandligining sababi nimada? Balki tilla ular uchun ham taqinchoq, ham oilaning “qora kuni”ga yarashi mumkin boʻlgan tayanch, zaxira, himoya vositasidir.

Modomiki, oltin insonning eʼtiborini oʻziga ohanrabo kabi tortar ekan, bandasi ham unga doim egalik qilishga urinadi. Tillaning borligi yoki yoʻqligining dastidan baʼzan aka-uka, qarindosh-urugʻ, oilalar boshiga ne bir kulfatlar yogʻilmaydi deysiz. Zotan, oltin oʻz egasining taqdiriga salbiy ham, ijobiy ham taʼsir etishi mumkin. Bu insonning qanday ijtimoiy-siyosiy sharoitda yashashiga, tillani qanday niyatda yiqqani-yu sarflaganiga bogʻliq.

Buxoroda amirlik hokimiyati qulab, bolsheviklar hukmini oʻtkaza boshlagan, hatto uyidan bitta oltin tanga yoki tilla taqinchoq chiqqan odamning boshiga ne bir savdolar solinganini yodga olaylik: mazlumning barcha mol-mulki musodara qilinib, barcha oila aʼzolari hibsga olingan, zindonga tashlangan.

 

OLTINNI HAM ZANG BOSADI

Turkistonning Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarida oʻtgan asrning yigirmanchi yillarigacha koʻplab mohir va talantli zargarlar ish yuritgan. Ular yasagan taqinchoqlar oʻzining jim-jimasi, gullari va rang-barangligi bilan ajralib turgan.

Zargarlar barcha davrlarda jamiyatning alohida eʼtiborida boʻlgan. “Uygʻonish davrida (XV-XVI asrlarda) zargarlik sanʼatining nufuzi baland boʻlganini shundan ham bilish mumkinki, oʻsha zamonning eng atoqli allomalari, musavvirlari va meʼmorlari Verokkio, Golbeyn, Dyurer kabi zargarlar ustaxonalaridan chiqqan…” (“Xudojestvennoye lite iz dragotsenniʼx metallov”. Leningrad-1988 g. str 11).

Rossiya haqida gap ketganida manbaalarga murojaat qilamiz. “Dastlabki yillarda bunday hashamatli buyumlarni Parij yetkazib bergan, sababi Rossiya oʻarbiy Yevropa bilan oʻzaro savdo-sotiqni keng yoʻlga qoʻya boshlagan, soʻng zargarlar kirib kelgan… Pyotr I zamonida esa amaliy sanʼatning gurkirab rivojlanishi uchun faqat tamal toshi qoʻyilgan. Harbiy va qurilish ishlari ehtiyojlariga gʻoyat katta hajmda mablagʻ sarflangani sababli, shuningdek, oʻzining oltin va kumush konlari boʻlmaganidan bu sanʼatning rivoji toʻxtab qolgan.

60-yillardan keyin SSSRda oltin qazib olish koʻpayishi bilan birga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish hajmi ham oshgan. Moskva, Leningrad, Kiyev, Boku, Yerevan, Tbilisi, Lvov, Tallin, Riga va Sverdlovsk kabi shaharlarning zargarlari kumush va oltin buyumlarni yasashda yuksak mahorat koʻrsatgan”. (Oʻsha kitob, 35-bet).

Zargarlik buyumlari bilan qadimdan dong taratgan Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi shaharlar joylashgan Oʻzbekiston qani? Bu roʻyxatga kiritilmagan. Kira olmas ham edi. Chunki, kimki bunday hunar bilan shugʻullangan boʻlsa, ayniqsa, oʻz sulolasiga ega zargarlar, Sovet hokimiyatining dastlabki yillaridayoq qatagʻon qilingan, boshqacha aytganda, oʻz kasbining ustasi boʻlgan mohir zargarlar jismonan yoʻq qilingan.

O. A. Suxarevaning “Buxara XIX–nachalo XX veka” kitobida qayd etilganidek, “zargarlar va misgar ustalar yuksak madaniyat sohiblari boʻlgan. Ular anʼanaviy uslublardan ijodiy foydalangan holda uzoq va mashaqqatli izlanishlari samarasida oʻzlarining yangi va oʻziga xos shakllari va gullarini yaratgan”. Kitobda “ajdodlari zargar oʻtgan Qosimjon Miroqov hamda XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan buyuk zargar Usto Aʼlo” haqida maʼlumotlar keltirilgan. Ayni paytda alohida taʼkidlanadiki, “ular oʻz davrining taniqli ijodkori boʻlgan va xalqining maʼnaviy mulkini, madaniyatini, anʼanalarini boyitishga katta hissa qoʻshgan”.

Oʻlkamiz zargarlari haqida gap ketganda, yana bir muhim voqea esga tushadi. 1972 yili Surxondaryodagi Dalvarzintepa shahristonida umumiy hajmi 36 kilogrammdan ortiq turli bezaklar, taqinchoqlar, oltinlar shodasi va boshqa zeb-ziynat buyumlari (jami 115 dona) topilgani dunyoda katta shov-shuv boʻlgan edi. Tarixchi va qadimshunoslarning taʼkidlashicha, “Dalvarzintepa xazinasining eng qimmatli jihati, uning antik dunyo sanʼati qatorida tutgan muhim oʻrnidir. Zero, milodiy asr boshlarida Kushon, Xorazm, Sugʻd kabi qudratli davlatlar, saltanatlar oʻtganki, ular oʻsha davrlarda gullab-yashnagan yirik shaharlari, mahobatli qasrlari, saroylari bilan olamga dong taratgan. Shu bois, bugungi Oʻzbekiston hududidan oʻtgan Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termiz, Qoʻqon singari qadimiy kentlarda zargarlik, haykaltaroshlik, kulolchilik va hunarmandchilikning boshqa turlari qadimdan gurkirab rivojlangani yana bir bor ayon boʻladi”. (S. Tursunov, T. Pardayev va boshqalar, “Surxon vohasi moddiy madaniyati tarixi”, Toshkent-2013,112-bet).

Boshqa mintaqalardagi kabi Turkistonda ham zargarlarga juda jiddiy munosabatda boʻlingan. Ayni paytda, usta-hunarmandlar oʻz nomini asrab-avaylagan. Bilganki, qalloblik qilsa, holiga voy: “Firibgardan zargar chiqsa, oltinni ham zang bosadi”.

Turli arxivlarning hujjatlarida oʻtgan asrning 20-yillaridan keyin qatagʻon qilingan zargarlar haqida ayrim materiallar uchraydi. Saqlanib qolingan materiallarni oʻrganish ishlari tashkil etilsa va Turkistonning xalq ustalari – mohir zargarlarining pok nomlari tiklansa, adolatdan boʻlar edi.

60-yillargacha Buxoroda odamlar bu mavzuda gapirishga ham qoʻrqar edi. Aholisi kambagʻal-qashshoq shaharda zargar ne qilsin! Zeb-ziynat, hasham haqida gap boʻlishi mumkinmi?

 

IKKI YOVUZ GIRDOBIDA

Toʻxtasin Moʻminov oʻzining “Turkiston ikki asr girdobida” kitobida yozishicha, Buxoro amiri Rossiya bilan munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, Astraxanda ruslarga qarshi koʻtarilgan isyonda ishtirok etgan va asrga tushgan buxorolik oltin toparlarni ozod qilish maqsadida Pyotr birga qimmatbaho buyumlar yuklangan yuzta tuya joʻnatadi. Karvonga toʻpchiboshi Xonquli (islom dinini qabul qilgan rus asiri Andrey Rodikov) boshliq etib tayinlanadi. Rossiya imperatori Pyotr I murojaatga rozi boʻlmaydi. Buxorolik Ashur (Xonqulining oʻgʻli), Olim Shayxov va Bahodir Toshimov oltin konlarini izlash uchun Sibirga surgun qilinadi.

Ashur Oʻrol togʻlarida katta oltin va kumush konlarini topadi. Olim Shayxov ham keyinroq Pyotr birinchi tomonidan Germaniyaga ana shunday vazifa bilan – oltin konlarini topish maqsadida joʻnatiladi. U Germaniyada bu borada oʻzini koʻrsatadi. Uzoq yillar Drezden universitetida togʻ-kon ishidan talabalarga dars beradi. 97 yoshgacha yashagach, universitet bogʻiga musulmon ahkomlari boʻyicha dafn etiladi. Bahodir Toshimov esa Oʻrol togʻlarida bir necha kumush va qoʻrgʻoshin konlarini topadi. (T. Moʻminov, “Turkiston ikki asr girdobida”. Toshkent-2013 yil, 16-17–betlar).

Shunday qilib, Pyotr birinchi Turkiston oʻlkasiga har xil ekspeditsiyalar joʻnatib, Markaziy Osiyodagi oltin konlarining va qazib olinayotgan qimmatbaho metallar hajmini aniqlashning uddasidan chiqolmagan boʻlsa-da, nomlari zikr etilgan buxorolik mutaxassislarning yordamida oʻz davlatida yangi konlarni kashf etgan.

Qisqasi, Rossiyaning Pyotr birinchidan keyingi hukmdorlarining, jumladan, bolsheviklarning ham fikri-xayoli Amirning xazinasini qoʻlga kiritishga qaratilgan bosqinchilik harakatidan iborat edi.

Buxoro Amirining xazinasi haqida koʻp yozilgan, ayniqsa, soʻnggi yillarda. Ularda tarixchilar va boshqa sohalar mutaxassislari ayni masalaga oʻzlarining qarashlarini, xazinaning taqdiri-yu miqdorini bayon etishgan. Tarixchi Qahramon Rajabovning fikricha (“Fayzulla Xodjayev”, Tashkent – 2011 g, str 14), 1920 yili xazinaning talon-taroj qilingan oltin va boshqa qimmatbaho ashyolari hajmi bugungi narxlarda taxminan 80 milliard dollardan kam emas. Oʻsha yillari bu boylik, deb taʼkidlaydi muarrix, taxminan 77 mln. tilla rubl deb baholangan. “Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, deb yozadi Nikolay Kucherskiy, Buxoro Amirining 1920 yildagi oltin zaxirasi 250 tonna boʻlgan”. (N. Kucherskiy, “Zoloto Kziʼlkumov”, Tashkent-2002 g, str 25).

Biroq bu xazina qayerga va qanday yoʻqolgan? Mangʻit xonlari sulolasining Amirlikdagi yuzlab yillik hukmronligi davrida toʻplangan boylik, haqiqatan ham, shunchalar koʻp boʻlganmi? Lekin yana xayolga xalqona bir hikmat keladiki, “yoʻqolgan pichoqning sopi oltindan”.

Arxiv materiallarini oʻrganish jarayonida har xil papkalardan joy olgan ishlar (delolar), shuningdek, operativ, kuzatish, tergov va boshqa hujjatlar toʻplamlarida saqlanayotgan alohida, “yoʻl-yoʻlakay” yigʻilgan, muayyan vaqt, joy va shaxsga unchalik bogʻliq boʻlmagan maʼlumotlarga ham duch keldikki, shunga qaramay, mazkur epizodlarning Buxoro Amiri xazinasiga daxldorligi bor, deb oʻylash uchun asos boʻla oladi. Ushbu materiallar umumlashtirilsa, Buxoro hukmdorining boyligi atrofida yuzaga kelgan vaziyat haqida muayyan xulosalar chiqarish imkonini beradi. Ayni paytda, xazinaning talon-taroj qilinish koʻlamiga yaqin manzara ham namoyon boʻladi.

Avvalo, xazinaga oid ochiq maʼlumotlarni shunchaki oʻrganib chiqishning oʻzidan ayon boʻladiki, saltanatda qancha oltin, brilliant va boshqa qimmatbaho boyliklari boʻlganini, hatto Amirning oʻzi ham bilmagan. 1918 yilda Rossiyada amalga oshirilgan davlat toʻntarishidan keyin “qullar va ochlar dunyosi”ning kurashlari bu oʻlkalarga ham yetib kelishini, shuningdek, Qoʻqonda yuz bergan qonli voqealarni hisobga olib, hukmdor xazinasida hisob-kitob oʻtkazish va uni talon-tarojdan muhofaza qilish lozim degan xayollarga borgandir. Ishlari oʻngidan kelsa, mavjud xazinaning muayyan qismini xorijiy mamlakatlarning banklariga omonatga qoʻyib, foyda olishni ham oʻylagandir.

Amirning oʻz xazinasining hajmini aniqlash masalasida ayni qarorga kelishining boshqa talqini ham bor: masalan, Amirni bunday qarorga kelishga, qushbegi (Bosh vazir) Nasrullo undagan boʻlishi mumkin. Qushbegining boshini esa chor Rossiyasining Buxorodagi siyosiy agenti A. Ya. Miller aylantirgan. (U 1917 yili Rossiya muvaqqat hukumatining ham Buxorodagi vakili boʻlgan). A. Ya. Miller nega bunday qilganini anglash qiyin emas.

Darvoqe, tirix kitoblarida oʻz vaqtida “Kolesov fitnasi” (1918 yilning marti) deb atalgan voqealardan koʻp oʻtmay, arkoni davlatdagi Buxoro Amirining xazinasiga oid sirlardan voqif boʻlgan yagona odam – qushbegi Nasrullo oʻldiriladi.

Demak, aniq boʻladiki, Amir oʻz xazinasini talon-tarojdan saqlab qola olmagan. 1920 yil sentyabr oyining boshida Buxoroni bosib olgan M. Frunze qoʻshinlari komandirlarining birinchi qilgan ishi aholiga – “ezilgan xalqqa” – gʻamxoʻrlik koʻrsatish emas, balki Said Olimxon tashlab ketgan Arkdan Amirning xazinasini izlab topish boʻlgan. Shunday qilib, bosqinchilar oʻzini oʻtga-choʻqqa urib izlab topgan xazinaning bir qismi temir yoʻl vagonlariga (ayrim manbalarga qaraganda – 14, boshqalarida qayd etilishicha – 18 vagon) zudlik bilan yuklangan va Markazga joʻnatilgan.

Buxoro amirlarining umumiy boyligi – xazinasining miqdori haqida har xil taxminlar yuradiki, qay biri haqiqatga yaqinligini aytishga til ojiz. Jumladan, nomi zikr etilgan “Turkiston ikki asr girdobida” kitobida (Oʻsha kitob, 115-bet) qayd qilinishicha, xazinada quyidagicha boylik boʻlgan:

– 1 mln. 148 ming 380 dona Buxoro tilla tangasi. Qayd etilganki, tangalar 950 probali;

– 4 mln. 635 ming 100 dona rus tilla tangasi;

– 17 tonna Gamburg oltini;

– 62 mln. 834 ming 780 dona Buxoro tilla tangasi.

Shaxsan Amirga va uning oilasiga 968 karat, yana 8617 karat har xil kiyimlarga qadalgan brilliantlar mansub boʻlgan.

Fikrimcha, bu uzundan-uzoq roʻyxatni davom ettirishga ehtiyoj yoʻq.

Xazinaning qancha qismini M. Frunze Moskvaga olib ketgani haqida aniq maʼlumot yoʻq, zero, hisob-kitob yuritilmagan. Ayni paytda, joʻnatilgan boylik Moskvagacha toʻla yetib bormagan. Buni M. Frunzening harbiy eshelonini Moskva shahrida F. Dzerjinskiy boshliq VCHK (Butunittifoq Favqulodda Komissiyasi) xodimlari kutib olganidan ham bilsa boʻladi. ChK Amirning ayrim (eng bebaho) qimmatbaho mulki yoʻlda yoʻqolganidan xabar topgan edi. Shaxsan V. Leninning aralashuvi bilan M. Frunze va uning komandirlari oʻzlarining boshiga tushishi mumkin boʻlgan eng dahshatli balo-qazolardan qutulib qolgan.

Eʼtibor bering, ana shunday sharoitda qurol-yarogʻ (1000 samolyot, 300 ogʻir artilleriya, 200 bronli avtomobil va hokazo) sotib olish uchun nemislar tomonidan maxsus tashkil etilgan “Vogra” harbiy guruhiga 1921 yilning avgustida 2 million rubl miqdoridagi oltin toʻlangan. (Oʻsha kitob, 15-17 betlar).

 

(Davomi bor).

 

Jumabekmurod MURTAZOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati faxriysi,

isteʼfodagi general mayor

 

uzhurriyat.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/oltin-vasvasasi-buxoro-amirligining-maxfiy-xazinasi-qaerda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x