Erkin Vohidov hayotda ham, sahnada ham shoir edi. Hatto yoʻl-yoʻlakay suhbatlarda ham, yo biron tadbir-anjumanda ham shunchaki joʻn, yengil soʻzlamasdi. Har bir soʻzni donalab, shoshmasdan, ohangini topib, magʻzini chaqib, marvariddek terib gapirardi. Bu fazilat uning pesa va dramatik dostonlari orqali teatr sahnasiga ham kirib kelgan.
Ustoz shoirni dramaturglar safiga qoʻshgan va mashhur qilgan sahna asari “Oltin devor” komediyasidir. Mazkur komediya 1970 yili ilk bor atoqli rejissyor, Oʻzbekiston xalq artisti Toshxoʻja Xoʻjayev tomonidan Oʻzbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirildi. Qariyb, yarim asr muqaddam sahna yuzini koʻrgan ushbu asar necha yuz martalab oʻynalib, xalqimizga yod boʻlib ketsa-da, hali-hanuz televideniye orqali namoyish etilganda, tomoshabinni ekranga “mixlab” qoʻyadi, desak mubolagʻa boʻlmas.
Garchi, asar syujeti va kompozitsiyasi sodda, joʻn koʻrinsa-da, qahramonlari sodda, kamtar, kamsuqum, sipo va odamoxunligi bilan tomoshabinlar mehrini qozona oldi. Ayniqsa, asarning tub mohiyatiga singib ketgan xalqona yumor, spektakl jozibasi va muvaffaqiyatining asosiy omillaridan boʻldi. Albatta, bunda bosh qahramon Moʻmin rolining ijrochisi Gʻani Aʼzamovning beqiyos hissasi borligini eʼtirof etish lozim.
Spektaklda halollik va ochkoʻzlik oʻrtasida murosasiz kurash ketadi. Bu qarama-qarshi tuygʻular Moʻminni oʻzgalar bilan emas, oʻz-oʻzi bilan, oʻz vijdoni va shaytoniy nafsi bilan “jang” maydoniga tashlaydi.
Ikki qoʻshni – Abdusalom bilan Moʻmin quda boʻlish harakatida. Toʻyni bir joyda oʻtkazish uchun oʻrtadagi devor buziladi. Ittifoqo, devor orasidan bir xumcha tilla chiqadi. Xullas, qoʻshnilar talashib-tortishib, tillani boʻlib olishadi. Darhol oraga shayton “aralashadi”, shu bahona qoʻshnichilik ham, qudachilik ham barbod boʻlib, oʻrtadagi devor qayta tiklanadi. Shu lahzadan, Moʻminning tinchi buziladi, oromi yoʻqoladi va tomoshabin voqeaning oxiri nima boʻlishini kutib, miriqib tomosha qiladi.
Erkin Vohidov ilk pesasining bu qadar mashhur boʻlib ketishi sabablari bor, albatta. Eng avvalo, muallif teatr jamoasi bilan baqamti ijod qilgani, repetitsiya jarayonlarida tugʻilgan fikr-mulohaza va takliflarni sabr bilan tinglagani, kezi kelganda erinmay asarga singdira olganini aytish joiz. Gʻani Aʼzamov bilan bir suhbatimiz yodga tushadi: “Har qanday pesa teatrga toʻliq, mukammal holda kelmaydi, – degandi ustoz sanʼatkor. – Uni sahnaga moslab, pishitadigan rejissyor, qolaversa, aktyorlarning oʻzlari. “Oltin devor” ijod jarayonida pishib yetildi. Yangi voqealar, koʻrinishlar kiritildi. Lekin yana nimadir yetishmasdi. Shunda miyamga “Moʻminni uylantirish kerak”, degan fikr keldi. Pesada Moʻmin ham Abdusalomdek yolgʻiz edi. Fikrimni muallifga aytdim. Unga maʼqul keldi. Spektaklga Huriniso obrazining kiritilishi voqealarni yanada jonlantirish bilan birga, Moʻminning ichki kechinmalarini toʻlaroq ochishga ham katta yordam berdi. Shu zayl sahnada oqsoqol obrazi ham paydo boʻldi”.
Erkin Vohidov jamoa fikrini tezda anglab, pesani bir sidra qayta koʻrib chiqdi va uzoq yillar millionlab tomoshabinlar qayta-qayta koʻrib zavqlanishdan zerikmay kelayotgan ajoyib sahna asarini yaratdi.
Oradan oʻn yil oʻtib, Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri repertuarida adibning “Istanbul fojiasi” sheʼriy dramasi paydo boʻldi. Bu murakkab asarni rejissyor Neʼmat Pardayev juzʼiy oʻzgarishlar bilan sahnaga olib chiqdi. Spektaklda muhabbat, nafrat, sadoqat, xiyonat singari insoniy tuygʻular Vatan tuygʻusi, ona yurt sogʻinchi bilan mushtarak holda, ham ijtimoiy, ham lirik-romantik, ham psixologik kontrast boʻyoqlarda talqin qilinadi. Ayniqsa, oʻz yurtidan uzoqda, darbadar, muhojir boʻlib kun kechirayotgan kimsalarning ayanchli qismati va iztiroblarini loʻnda, yirik badiiy lavhalarda ifoda etishga jiddiy ahamiyat berilgani sezilib turadi. Bunda asar qahramonlarini gavdalantirgan iqtidorli sanʼatkorlar R. Mamataliyev, T. Ergashev, G. Ravshanova va boshqalarning ijodiy izlanishi samarali boʻlgan. Mazkur asar 1988 yili Oʻzbek milliy akademik drama teatrida rejissyor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Nosir Otaboyev tomonidan sahnalashtirilib, koʻp yillar namoyish etildi.
E. Vohidov qalamiga mansub yana bir asar 1995 yili Xorazm viloyat musiqali drama teatrida sahna yuzini koʻrdi. Bu safar “Ikkinchi tumor” spektakli tomoshabinlarga havola etildi. Asarni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, rejissyor Mahkam Muhamedov sahnalashtirdi. Ushbu spektaklda na hayotiy, na rahbarlik tajribasiga ega boʻlmagan sohadan mutlaqo yiroq va bexabar kimsani boshliq qilib qoʻyish orqali sinov va tajribalar oʻtkazish naqadar beoʻxshov, tragi-fars oqibatlarga olib kelishi haqida hikoya qilinadi. Rejissyor rassom, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi O. Ollaberganov bilan birgalikda yangi badiiy-sahnaviy ifoda vositalarini izlab topishga intildi. Bu holat baʼzi oʻrinlarda voqealar shartli, xayoliy va ramziy ishoralar orqali talqin qilinishida namoyon boʻladi. Shuningdek, oʻrni bilan Erkin Vohidov sheʼrlaridan namunalar kiritilgani, yengil hazil, yumor va baʼzan satirik lavhalarning “sachrab” turishi spektaklning emotsional-estetik taʼsirchanligini oshirgan. Albatta, J. Shomurodov, A. Yoʻldoshev, G. Rahimova, Sh. Ramazonova va boshqalarning ijodiy izlanishi ham keng jamoatchilik tomonidan munosib eʼtirof etildi.
Oradan oʻn yil oʻtib, 2005 yili Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida “Oʻzbekteatr” birlashmasi loyihasi asosida Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostoni asosida original sahna asari dunyoga keldi. Maʼlumki, “Ruhlar isyoni” oʻtgan asr oʻzbek adabiyotining eng yorqin namunalaridan boʻlib, unda butun ongli hayoti, ijodi va jismi-jonini xalqining erki va ozodligi uchun kurashga tikkan otashin bengal shoiri Nazrul Islomning joʻshqin, ibratli, ayni paytda ayanchli taqdiri tasvirlanadi. Hur, ozod, mustaqil Vatan tuygʻusi dostonning bosh gʻoyasi hisoblanadi.
Ushbu spektaklning yaratilish jarayoni oʻziga xos tarixga ega. “Diydor” teatr-studiyasi asoschisi va birinchi rahbari, iqtidorli rejissyor Ergash Masofayev bir necha yil davomida “Ruhlar isyoni” dostoni boʻyicha bir aktyor teatri – monospektakl yaratish ustida ishlagan. Juda koʻp aktyorlarni sinagan, turli tajribalar oʻtkazgan, lekin natija boʻlmagan. Shunda rejissyorga, ushbu loyiha boʻyicha professional aktyorlar bilan original spektakl yaratish taklifini berdik. Taklif unga maʼqul boʻlib, Qashqadaryo teatrini tanladi. Rejissyor sahnaga barcha ijodiy xodimlarni chiqardi, yetmaganiga texnik xodimlar, kollej talabalari ham jalb qilindi. Qizgʻin ijodiy jarayon boshlandi. Natijada erk va mustaqillik uchun shiddatli kurash, orzu-umidlar, ehtiroslar bilan toʻlib-toshgan yorqin, monumental spektakl dunyoga keldi. Teatr jamoasi oʻsha lahzalarni hali-hanuz sogʻinib eslashadi. Spektaklning jamoatchilik koʻrigida muallifning oʻzi ishtirok etib, shunday degandi: “Ochigʻi, men bu dostonni teatrga moʻljallab yozmagandim. Shuning uchun ham uni shunday ajoyib spektakl boʻladi, deb oʻylamagandim. Ushbu spektaklning ijodkorlariga chuqur minnatdorlik bildiraman. Mustaqillik bayramimizga munosib sovgʻa boʻlibdi”…
Bu Erkin Vohidov asarlari asosida sahnalashtirilgan soʻnggi, eng yaxshi spektakl boʻlib qoldi…
Omonulla RIZAYEV,
sanʼatshunoslik fanlari nomzodi,
dotsent
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/oltin-devor-dan-ruhlar-isyoni-gacha/