Odamda, harchand uringani bilan oʻzgartirolmaydigan gʻalati feʼl-atvorlar boʻladi. Mening ham qiziq odatim bor: birovni ranjitib qoʻysam (adolatli xafa qilgan boʻlsam ham) oʻsha odamdan koʻproq oʻzimning dilim vayron boʻlib yuradi. Bu odat onamdan yuqqan shekilli.
Oyim bizlarga hech qattiq gapirmas, mabodo xafa qilib qoʻysa birpasdan keyin oʻzi yalinar edi. Faqat bir marta meni qargʻagan, yomon qargʻagan. Oʻshanda ayb kimda boʻlganini hali ham bilmayman.
Bahor kirib, oftobning iliq nurlari yelkani qizitadigan boʻlib qolgan kunlar edi. Bodom tagida oʻtirib varrak yasashga tushdim. Oʻrikning yelimi qogʻozga yopishsa qamishga yopishmaydi, qamishga yopishsa qogʻozga… Burnimni tortib-tortib urinib yotibman. Oyim nariroqda, tagiga poʻstak tashlab, kir yuvyapti. Dadam “kambagʻalbop kiyim” deb aka-ukalarga chiyduxoba shim olib bergan. Chiyduxoba asli yaxshi narsa-yu, chillak oʻynagandami, koptok tepgandami, bir dumalasang, ora-orasiga loy kirib ketishi yomon. Uch kunda bir yuvaverib, onamning esi ketadi. (Xuddi shu chiybaxmal zamonlar oʻtishi bilan butun Yevropaga moda boʻlishini dadam xayoliga ham keltirmagan boʻlsa kerak. Uning uchun chiyduxoba “kambagʻalbop kiyim” edi, xolos.) Xullas, oyim unisini olib bunisini qoʻyib, shimlarni yuvar, har siltab ishqaganda jomashovdan koʻpik sachrar, atrofni sovun hidi tutib ketgan edi. Uning roʻparasida Sepkilli xola toʻnkarilgan paqir ustida oʻtirardi.
Sepkilli xolani yomon koʻraman. Oʻzinimas, qizini. “Saini senga beraman, olsang ham olasan, olmasang ham, – deydi, – olmasang tugun-tersagi bilan uyingga opchiqib tashlayman, kichkinaligingda qulogʻini tishlagansan”, deydi. Saini qulogʻini tishlagandan koʻra kuchugimning qulogʻini tishlayman. Saida yomon: oʻgʻil boladan battar. Lanka tepayotganda bir urib Toyning burnini qonatgan.
Sepkilli xola toʻnkarilgan paqir ustida oʻtirib nuqul hasrat qilar edi:
– Kechasi bilan tishim oʻlgur shundoq ogʻridi, shundoq ogʻridi, jonimni qoʻyishga joy topolmadim. – U sepkil bosgan lunjini silab qoʻydi.
– Isiriq damlab chayqamadingizmi? – deb maslahat berdi oyim hamon engashib kirni gʻijimlar ekan.
– E, hammasini qildim! – Sepkilli xola yana inqilladi. – Achchiqtoshgayam gʻargʻara qildim. Qani bosilsa.
Ikkovlari bir zum jimib qolishdi.
– Uff! Isib ketdim! – Oyim koʻpikli qoʻlini sidirib, yoqasi boʻgʻiq toʻrkoʻylagini yechdi-da, chekkaga tashladi.
– Oʻlmagan qul, bahorgayam chiqdik, – Sepkilli xola xoʻrsindi. – Shu yil kuzda Hakimimning boshini ikkita qilib qoʻysak degandik. Toʻy qilish osonmi? Hali unisi yetmaydi, hali bunisi… Otasining ahvoli bu boʻlsa…
Sepkilli xola eridan koʻp shikoyat qilardi. Chindan ham Isroil moʻylov koʻp ichadi. Ishining tayini yoʻq. Buning ustiga ichib oldimi, tamom, uy ichini tiriqtirib quvadi. Sepkilli xola koʻpincha Saidani dikonglatib biznikiga qochib chiqadi. Yarim kechada, eri uxlaganidan keyin sekin uyiga chiqib ketadi.
– Hakimjon hali yosh-ku, – dedi oyim oʻychanlik bilan. – Bu yil boʻlmasa, yanagi yilga boʻlar toʻyi…
– Shundoq deysizu quda tomon shoshiryapti. – Sepkilli xola yana inqilladi. – Shu oʻlgurni oldirib tashlab qutulaman shekilli. Kecha dadasiga tish qoʻydirsammikan, desam, otangni xumga koʻmib qoʻygan tillalarini olib kelib qoʻydiraver, deydi… Hayronman, bisotimdagi bitta bilaguzugimni beraman shekilli. Ogʻzimni oʻradek ochib yursam uyat boʻlar.
…Varragimni yelimlab boʻlib, endi qamishini tortib bogʻlagan edim, qars etib sindi. Qamish sinsa mayli-ya, qogʻozniyam yirtib yubordi. Oʻzim katta akamga yalinib-yalinib arang olgan edim. Tamom, Hammasi tamom boʻldi. Alamimdan yigʻlab yuboray dedim. Varrakni bir tepgan edim, yerga yopishib qoldi.
– Ha? – dedi Sepkilli xola. – Nima qildi, kuyov bola?
– Sindi.
– Akangga ayt, boshqasini yasab bera qolsin.
Yasaydi-ya, yasaydi! Mendan boshqa ishi yoʻqmi? Maktabdan beri kelmaydi-ku. Alam bilan varrakni yana bir tepdim-da, koʻchaga chiqib ketdim. Shu ketgancha, kun botganda qaytib keldim. Hovlidagi arqonda qator qilib ilingan shimlar, koʻylaklar… Bir chekkada bizning “qushim boshi” oʻynaganda loyga qorishaverib, unniqib ketgan doʻppi ham qiyshayib turibdi. Oyim nimqorongʻida bodom tagida timirskilanib yuribdi.
– Oʻlsin, echkiyam sogʻilmadi, – dedi meni koʻrib. – Yur, ushlab tur.
Echkimiz yuvosh boʻlgani bilan baʼzan “jini” tutib qolar, sogʻib boʻlguncha tipirchilab, odamni bezor qilardi. Shunda kichik akammi, menmi birontamiz choʻnqayib uning orqa oyoqlaridan mahkam ushlab turishga majbur boʻlardik. Hech ham yoqmaydigan bu mashgʻulot bugun mening zimmamga tushishini bilib, qochib qolishni moʻljallab turgan edim, oyimning jahli chiqib ketdi:
– Sen qachon odam boʻlasan, zumrasha! Yoshing toʻqqizga chiqibdi-yu, koʻchada shataloq otishdan beri kelmaysan! Hech foydang tegmasin, xoʻpmi!
– Toʻqqizdamas, sakkizda, – dedim chiyillab.
– Oʻchir ovozingni! – Oyim bir dagʻdagʻa qilgan edi, istar-istamas borib echkining oyogʻidan ushladim. Echki bari bir echki-da! Pitir-pitir qilgani ham may-li-yu, oyim sogʻayotganida, iyib ketsa qiladigan xunuk “qiligʻi” bor. Keyin yarim soat koʻylakning oldini tozalashga toʻgʻri keladi…
Oyim naridan-beri ishini tugatdi-da, buyurdi:
– Yechib yubor anovi savillarni!
Uloqchalarni arqondan boʻshatishim bilan ikkalasi dikonglab onasining yeliniga yopishdi. Oyim boʻlsa sutni tovoqlarga soldi-da, yana bodom tagida timirskilanib bir nimani qidira boshladi.
– Nimani qidiryapsiz? – dedim yaqin borib.
Boya urishgani uchun oʻzi achinib turgan ekan shekilli, yelkamga qoqdi.
– Hech nima. Bor, ovqatingni ye, qorning ochib qolgandir. – Keyin birdan qaddini rostladiyu xitob qildi. – Voy, qayoqdan kun chiqdi?! Assalomu alaykum!”
Oʻgirilib qaradimu uch-toʻrt qadam narida turgan ammamga koʻzim tushdi. Oyim mehmonni koʻrmay qolganidan xijolat chekib quchoq ochib koʻrishdi. Ammam juda chiroyli, yuzida xoli bor, qosh-koʻzi chaqmoqdek xotin. Ammo juda shaddod. Har gapini xuddi mix qoqqandek tarsillatib gapiradi. Oyim undan qoʻrqadi. Kelganda hurmatini joyiga qoʻymasin-chi, oʻzini qayerda koʻrarkan.
– Ha? – dedi ammam yoʻgʻon tovushda. – Toʻrvasini yoʻqotgan gadoydek talmovsirab qopsiz, kelinposhsha?!
– Yoʻq, opa, oʻzim… – Oyim chaynalib qoldi. – Ziragim oʻlgurning bir poyi tushib qopti. Haligina qulogʻimda turuvdi.
Qarasam, oyimning oʻng qulogʻidagi ziragi yoʻq. Oyim kattakon oltin oybaldogʻini juda avaylar, qaynonamdan qolgan yodgorlik, deb maqtanib yurardi.
– Mayli, topilib qolar, – dedi u sekingina. – Shu yerga tushgan boʻlsa qayoqqa ketardi.
– Hmm! – Ammam shunday tahdidli bosh chayqadiki, qorongʻi boʻlsa ham qoshi chimirilib ketganini aniq koʻrdim. – Ketsa, boydan ketibdi, deng! Belingiz qayishib topmaganingizdan keyin joningiz achimaydi-da, kelinposhsha!
Ammam qoʻlidagi tugunni menga tutqazib, oʻzi ham maxsili kalishining uchi bilan yerni titkilay boshladi.
– Qoʻying, opajon, – oyim uning yelkasiga ohista kaftini qoʻydi. – Yuring uyga, hali-zamon ukangiz kelib qoladilar.
– Oʻzi shunaqa boʻladi, – dedi ammam yerdan bosh koʻtarmay. – Ot topadi, eshak yeydi! – Keyin birdan qaddini rostladi-da, oyimning koʻziga tikilib soʻradi. – Kim kirgan edi oldingizga?
– Hech kim. – Oyim bir zum talmovsirab turdi-da, sekin qoʻshib qoʻydi. – Hali peshinda Sharopat opa keluvdi. Shu…
– Sharapatmi? – Ammam “tushunarli” degandek istehzo bilan labini burdi. – Boʻpti, omin oblohu akbar!
Hali oyimning oldida paqir toʻnkarib oʻtirgan Sepkilli xola koʻz oʻngimga keldi.
– Qoʻying, – dedi oyim yalingudek boʻlib. – Bechorani unaqa demang. Bir poy zirakni nima qiladi?
– Pishirib yeydi! – Ammam jahl bilan qoʻl siltadi. – Qoʻli egriligini bilasiz, oʻlasizmi ehtiyot boʻlsangiz?
– Yoʻgʻ-e, – dedi oyim yana mingʻillab. – Bir poy zirakni nima qiladi?
– Yana gapiradi-ya! – Ammamning ovozi tahdidli ohangda balandladi. – Mana shu bir poy zirak qancha turishini bilasizmi? – dedi oyimning chap qulogʻidagi oybaldoqni barmogʻi bilan nuqib. – Oʻzi-ku toʻyga borsa, qoʻliga ilingan narsani tuguniga tiqadi.
Oyim nima qilarini bilmay, javdirab qoldi. Dadam ikkalasi Sepkilli xolaning gʻalati qiliqlarini gaplashishganini eshitganman. Toʻylarda laganmi, piyolami yoʻqolsa Sepkilli xolaning uyidan topishar, xola “esidan chiqib” uyga olib ketgan boʻlardi. Hozir shuni esladimu goh oyimga, goh ammamga qarab qoldim. Sepkilli xolani juda yomon koʻrib ketdim.
– Ukangiz eshitmay qoʻya qolsinlar, – oyim yana yalindi. – Topilib qolar.
– Goʻrni topiladi! – Ammam qandaydir gʻolibona qiyofada uy tomon yurdi. Ketidan kuymangancha oyim ham ergashdi.
Ertasiga ertalab tursam, oyim yana bodom tagini sinchiklab koʻzdan kechiryapti. Kechasi bilan uxlamagan shekilli, koʻzlari qovjiragan… Men ham yordamlashdim. Biroq oybaldoq ertasiga ham, indiniga ham topilmadi. Oyim dadam bilmasligi uchun zirakning ikkinchi poyini ham imi-jimida allaqayerga yashirib qoʻya qoldi.
… Ehtimol, oradan ikki oycha oʻtib Sepkilli xola tilla tish qoʻydirmaganida, buning ustiga xuddi oʻsha kuni ammam yana kelib qolmaganida, zirak ham, bu gaplar ham unutilib ketgan boʻlardi.
Ayni yoz chillasida ammam tagʻin keldi. Yoz chillasi ekani shuning uchun yodimda qolganki, oʻsha kuni ammam ikki bosh chillaki uzum olib keldi. Shaharda turishsa ham ularnikida tok bor edi. Akalarim bilan bir gʻujum-bir gʻujumdan talashib yedik. Qishloqni bilasiz, birovnikiga mehmon kelsa, albatta qoʻshnilar chiqadi. Oʻsha oqshom birinchi boʻlib Sepkilli xola chiqdi. Ammam bilan aylanib-oʻrgilib koʻrishdi. Keyin oyimga yuzlandi.
– Yarashibdimi? – U ustki labini barmogʻi bilan sal koʻtargan edi, ikkita oltin tish yaraqlab ketdi. Tishlar uning sargʻish yuziga juda yarashgan, hatto sepkili ham bilinmay ketgan edi.
– Yarashibdi, – dedi oyim sekingina. – Bilaguzugingizni berdingizmi?
Sepkilli xola negadir qizardi.
– Voy, yoʻq, – dedi koʻylagining yengini shimarib. – Mana! Dadasi aytdilar. “Bermagin, keliningga koʻrmana qilasan”, – dedilar. – U tilla tishini koʻrsatish uchun boʻlsa kerak labini buribroq jilmaydi. – Ancha insof kirib qoldi dadasiga. Hakimjonning toʻyini tezlatib yubordik, ovsinjon! Xudo xohlasa, kuzda qarsbadabang bazm qilamiz.
– Asil tilla ekan! – dedi ammam achitib. – Buyursin ishqilib!
Sepkilli xola xursand, oyim nimadandir bezovta, ammam boʻlsa chimirilib oʻtirardi.
– Ertalab choyni biznikida icha qoling, – deb taklif qildi Sepkilli xola.
– Yoʻgʻ-a, men saharlab ketishim kerak! – ammam yuzini oʻgirdi.
Biroq u ertalab ketmagan ekan. Ammamning qattiq-qattiq gapirishidan uygʻonib ketdim.
– Birovning molidan hazar qilmagan noinsof! Hech boʻlmasa qoʻshniligingni oʻylamaysanmi! Tish yasatish uyoqda tursin, ming koʻyga solsayam, onaginamdan qolgan molni taniyman.
– E, bunaqalarda insof nima qiladi! – Bu onamning ovozi emasdi. Koʻrpaning bir chetidan moʻralasam, mahallaning otin xolasi – semiz xotin. – Qaysi kuni Inoy choʻloqning yil oshisida ikkita choynak yoʻqoldi, – dedi u hasrat qilib. – Shundan boshqa it ham olmaydi, deb oʻchoqboshisiga kirsam, turibdi. Tumshugʻidagi chegasidan tanidim. “Ha?” desam, “Adashib kirib qolgandir-da”, deydi. Ha, yer yutgur, choynakning oyogʻi bor ekanmi, senikiga oʻzidan-oʻzi adashib kiradigan!
– Tagʻin erini maqtaganiga oʻlaymi? Insof kirib qolgan emish! – Ammam jahl bilan qoʻlini musht qilib, xontaxtaga botirgan edi, barmoqlari shiqirlab ketdi. – Oʻlganda insof kiradi, oʻsha bangi moʻylovga.
Oyim choy koʻtarib kirdi.
– Qoʻyinglar endi, – dedi iltijoli ohangda. – Olgan boʻlsa olgandir. Birovning qoʻlidan tutmagandan keyin nima deysiz? Mayli, mingdan-ming roziman.
– Siz unaqa boyvachchalik qilmang, kelinposhsha! – dedi ammam shaxt bilan. – Bolangizni kiyintiring. Oʻzingiz ham otlanib darrov oldimga tushing!
Oyim choynakni xontaxtaga qoʻyarkan, goh ammamga, goh otin xolaga hayron boʻlib qaradi.
– Qayoqqa?
– Ochiq mozorga! – Ammam hammasiga oyim aybdordek piching qildi. – Mahallamizda folbin bor. Suf desa, ariqdagi suv teskari oqadi. Oʻshanga oboraman. Mana, otin ham guvoh boʻladilar, qaytarma qildiramiz. Qani, boʻyniga olmay koʻrsin-chi.
Oyim boshini quyi solgancha turib qoldi. Chamasi ikkilanar edi.
– Endi, – dedi chaynalib, – koʻzdek qoʻshni boʻlsak…
– Ho-o! – ammam oʻrnidan turib ketdi. – Beli ogʻrimaganning non yeyishini tomosha qilinglar! Onaginamdan qolgan bittayu bitta yodgorlik yoʻq boʻlib ketaverarkanu qoʻshningizga joningiz achib qoldimi? Mening sovunimga kir yuvmabsiz hali. Haq joyida qaror topmaguncha, qoʻymayman. – U menga oʻgirildi-da, ovozini muloyimlatdi. – Mana, bola bilan fol ochadi. Norasta bola rostini aytadi. Borasanmi?
Oʻrnimdan irgʻishlab turib ketdim.
– Boraman! Boraman! – dedim baqirib.
Boʻlmasa-chi, ammamnikiga borsak, tramvayga tushamiz! Maza qilib uzum yeyman!
Choy ichib boʻlgandan keyin, ammam, oyim, otin xola, men – toʻrtovlashib yoʻlga chiqdik. Beshyogʻochga yetib borsak, boʻldi. U yogʻiga tramvayga oʻtiramizu jiring-jiring qilib ketaveramiz. Maza!
Mazalikka mazaku-ya, biroq Beshyogʻochga yetib olguncha ancha gap bor-da! Doʻmbrobodga chiqishimiz bilanoq botinkam oyogʻimni siqa boshladi. Yechib, qoʻlimga olvoldim. Yozning tong pallasida yalangoyoq tuproq kechib yurishning zavqi boshqacha boʻladi. Undek mayin, salqin tuproq barmoqlaringiz orasidan bilq-bilq otilib chiqadi. Ketaverasiz, ketaverasiz, hecham charchamaysiz.
Laylaktepadan oʻtib Qozirobodga borganda qaynama buloqdan muzday tiniq suv ichdik. Keyin Chilonzor keldi. Yoʻlning shundoqqina boʻyida oqish yaprogʻini chang bosgan, tikanlari “tish qayrab” turgan chakalakzor – chilon jiydalar (shuning uchun bu yerni Chilonzor deyiladi). Yoʻlning ikki chetida nok koʻp – nashvati nok, tosh nok, gulobi nok. Nok hali pishmagan. Faqat tagidan oʻtayotganingizda tuproqqa toʻkilgan bargi tovoningizga yopishib, gʻashni keltiradi.
“Siymonkoʻprik”dan oʻtishning oʻzi bir tomosha. Terak boʻyi chuqurlikda suv qorayib oqadi. Moʻralasangiz boshingiz aylanadi. Oyim koʻprik chetiga borishga qoʻymaydi: suv chaqirarmish, odam oʻzidan-oʻzi tushib ketarmish… Koʻprik oʻrtasidan ot aravalar, eshak aravalar qatorlashib oʻtadi. Bir tomondagisi oʻtguncha ikkinchi tomondagisi poylab turadi. Aravakashlar soʻkingan, eshaklar hangragan, ogʻzidan tupugi osilgan, ustiga qop-qop somon togʻdek uyulgan tuyalar ham oʻtib qoladi. Shu koʻprikdan oʻtilsa, tramvayning gʻiyqillagani eshitilib turadi – uyogʻi Beshyogʻoch.
… Ammam aytgan folbinni xuddi Acha xolamga oʻxshagan loʻli boʻlsa kerak, deb oʻylagandim. Yoʻq, boshqacha ekan. Tramvaydan tushgandan keyin ikki tomonidagi devorlardan pishgan oʻriklar moʻralab turgan jinkoʻchalardan oʻtdik. Keyin gulsafsarlar oʻsib yotgan allaqanday zahkash, katalakdek hovliga kirib qoldik. Yertoʻla soyasida yotgan kuchukni koʻrib, toʻxtab qoldim. Xuddi oʻzimning gurji kuchugimga oʻxshash kichkina, faqat qora emas, oppoq ekan. Negadir akillamadi ham.
Toʻrttovlashib ayvonga chiqdik. Oppoq roʻmol oʻragan, keng yengli koʻylak kiygan yumshoqqina kampir kulimsirab qarshi oldi. Shu xotinning folbin ekaniga ishongim kelmasdi.
– Aynovniy, – dedi u yuzimdan oʻpib. – Muncha shirin bu bola!
Ayvon vassajuftiga toʻrqovoq ilingan, toʻrqovoqdagi bedana sayramas, ammo hadeb sakrar, har sakraganda sholcha ustiga allaqanday don toʻkilar edi. Bedanani tomosha qilib oʻtirarkanman, ammam boʻlgan voqeani tushuntirib berdi.
– Yuringlar, – dedi kampir oʻrnidan turib. Keyin mening yelkamga qoqdi.
– Sen ham yur, shirin bola.
Hammamiz birgalashib devori xomsuvoq qilingan, pastak tokchalariga barkashlar, allaqanday arabcha kitoblar taxlab qoʻyilgan nimqorongʻi xonaga kirdik. Kampir indamay chiqib ketdi. Ammam, oyim, otin xola, men – hammamiz shaparak koʻrpachaga tizilishib oʻtirdik. Bir mahal kampir bir qoʻlida kattakon chinni kosa, bir qoʻlida choyshabga oʻxshash oq mato koʻtarib kirdi.
– Sen bunday oʻtir, shirin bola, – dedi menga imo qilib. Xonaning oʻrtasiga meni oʻtqazib qoʻydi. – Oyogʻingni uzatib oʻtir. Yoʻq, oyogʻingni ochibroq oʻtir.
Kampir aytgandek qilib oʻtirgan edim, u oyogʻimning orasiga kosani qoʻydi. Qarasam, kosa toʻla suv.
– Suvga qarab oʻtir, – dedi u muloyimlik bilan. – Men duo oʻqiyman, sen koʻzingga kim koʻrinsa oʻshani aytasan. – Shunday dediyu ustimga choyshabni yopdi. Bir zumda hammayoqni zulmat qopladi. Kampir men tushunmaydigan allanimalarni gapira boshladi. Birpasda damim qaytib ketdi. Yuragimni vahima bosdi.
– Oyi-i-! – dedim yigʻlamsirab.
Kimdir yelkamga turtdi:
– Jim oʻtir, oying qochib ketgani yoʻq.
Ammamning zardali ovozini eshitib, damim ichimga tushib ketdi. Koʻzim endi gʻira-shira koʻra boshladi. Biroq, kosada xira yaltirab turgan suvdan boshqa narsa koʻrinmas edi. Kampir hamon bir ohangda allanimalar der, koʻz oʻngimda xira yiltirayotgan suvdan boʻlak narsa koʻrinmas edi. Oradan ancha oʻtdi. Qimirlamay oʻtirganim uchun boʻynim, oyogʻim ogʻriy boshladi. Meni shuncha azobga qoldirgan ammamni ham, Sepkilli xolani ham yomon koʻrib ketdim. Sepkilli xola oyimning ziragini oʻgʻirlamaganida hozir maza qilib oʻynab yurgan boʻlardim. Shularni oʻylab oʻtiraverdim, oʻtiraverdim… Bir mahal qarasam, suv ichida Sepkilli xola moʻralab turibdi. Nuqul kuladi. Hatto yuqori labi ostidagi ikkita tilla tishigacha aniq koʻrdim. Jonholatda baqirib yubordim:
– Sepkilli xola! Ana, Sepkilli xola!
Birpasda ustimdagi choyshabni olishdi. Qoʻrqqanimdanmi, nafasim qaytgani uchunmi, terlab ketgandim.
– Gumoningiz toʻgʻri ekan, – dedi folbin kampir oyimga emas, ammamga qarab. – Xudo xohlasa, olgan molini qaytarib beradi, eshonoyi!
– Ana, aytmadimmi! – ammam gʻolibona qiyofada atrofidagilarga birma-bir qarab chiqdi. – Borib itning kunini boshiga solmasam yurgan ekanman!
Oʻsha kuni ammamnikida yotib qoldik. U oʻzi aytganidek, ertasiga Sepkilli xolaning boshiga “itning kunini soldi”. Uch xotin meniyam yetaklab qoʻshninikiga chiqishdi. Sepkilli xola supaga boʻyra yozib paxta savab oʻtirgan ekan. Savagʻichni har urganda gup-gup etgan tovush chiqadi, chang koʻtariladi. Eshikdan kirib kelayotgan mehmonlarni koʻrib, savagʻichni ushlagancha dik etib oʻrnidan turdi. Endi koʻrishmoqchi boʻlib quchogʻini yozgan edi, ammam bobillab berdi:
– Birovning moliga tish qoʻydiradigan haromxoʻr bilan koʻrishmayman!
Sepkilli xola qoʻlidagi savagʻichni osiltirgancha talmovsirab qoldi.
– Bu… bu nima deganingiz, eshonoyi? – dedi rangi oʻchib.
– Bu deganim shuki, oʻgʻirlagan narsangizni joyiga qoʻying!
Sepkilli xolaning rangi battar oʻchib ketdi.
– Nimani oʻgʻirlabman? – dedi ovozi qaltirab. – Ayting, nimani olibman?
– E qoʻying-e! – ammam jahl bilan qoʻl siltadi. – Kelinimning ziragidan tish yasatib olib, tagʻin oʻzini goʻllikka solib oʻtiribdi. – U otin xolaga yuzlandi. – Mana, guvoh! Norasida bola bilan fol ochirdim. Aniq-taniq sizni aytdi.
– Voy oʻlmasam! – Sepkilli xolaning qoʻlidan tayogʻi tushib ketdi. – Bu qanaqa tuhmat! – dedi yigʻi aralash. Keyin oyimga yuzlandi.
– Uyalmaysizmi, ovsin poshsha! Mana, ne niyatda oʻtiribman. Agar ninangizga tekkan boʻlsam, niyatimga yetmay! – Keyingi soʻzlar uning boʻgʻizidan yigʻi aralash otilib chiqdi. – Toʻrtta bolamning oʻligini ustida oʻtiray, xoʻpmi!
– Voy, ovsinjon, voy gapingiz qursin! – dedi oyim ovozi titrab. – Qaytib oling gapingizni! Olgan boʻlsangiz ham mingdan-ming roziman!
– E, yana, gapiradi-ya! Boyvuchcha boʻlmay tusingni yel yesin! – Ammam shahd bilan burildi-da, nari ketdi. Darvoza oldiga borganida orqasiga qayrilib qaradi. – Yaxshisi boʻyningizga oling, boʻlmasa, qiyomatda azobini tortasiz!
Zum oʻtmay ammam bilan otin xola chiqib ketishdi. Sepkilli xola hamon piqillab yigʻlar, oyim supa oldida boshini xam qilgancha mungʻayib turar edi.
– Iloyo tuhmat qilgan tuhmat balosiga uchrasin! – dedi Sepkilli xola yigʻlab. – Iloyo niyatiga yetmasin!
– Qoʻying, ovsinjon. – Oyimning oʻzi ham yigʻlab yuboray deb turardi. – Xudoyo oʻsha bir poy zirak oʻlsin! Koʻnglingizga olmang, jon ovsinjon!
– Tuhmat balosiga uchramasa, rozimasman! – Sepkilli xola shunday dediyu yigʻlagancha uyiga kirib ketdi.
Oyim bir zum supa oldida turdi-turdi-da, birdan menga oʻshqirdi:
– Nimaga serrayib turibsan? Yoʻqol koʻzimdan, juvonmarg!
Yomon boʻldi. Oʻsha kundan boshlab Sepkilli xola oyim bilan yuzkoʻrmas boʻlib ketdi. Ammo eng yomoni yana ikki oycha oʻtgach, salqin tushgan kunlardan birida boʻldi.
Oʻsha kuni maktabdan qaytsam, oyim sandiq ustiga muk tushib oʻtiribdi. Issiq kiyimlarni sandiqdan olgan shekilli, uy ichini kuya dorining hidi tutib ketgan, bumazi koʻylaklar, choponlar, quloqchinining ipi uzilgan telpaklar yer bilan bitta boʻlib yotibdi. Yigʻlayverib, oyimning koʻzlari shishib ketgan. Dadam urgan boʻlsa kerak, deb qoʻrqib ketdim. Sekin oldiga keldim. U boʻlsa qayrilib qaramadi. Qoʻlidan ushlagan edim, oyim ilon chaqqandek qoʻlini tortib oldi.
– Sen bolani yer yutsa boʻlmasmidi! – dedi gʻazabdan koʻzi yonib. – Shu kuningdan koʻra oʻlib qoʻya qolsang boʻlmasmidi, yer yutkur!
Oyim hech qachon bunaqa qargʻamagani uchunmi, yigʻlab yuboray dedim.
Ammo shuncha yomon gapni toʻsatdan eshitganimga karaxt boʻlib qolgan edim.
– Oʻshanda nega unaqa deding, boʻyginang lahatda chirigur! – dedi u yana dagʻdagʻa bilan.
– Qachon? Nima dedim?
– Folbinnikida, goʻrsoʻxta, folbinnikida! – Oyim ovozi boricha chinqirdi. – Nega Sepkilli xolamni koʻrdim, deding?
– Nima qilay? – dedim alamdan chiyillab. – Koʻzimga koʻringanini aytdim-da!
– Mana-ku, koʻzginang teshilgur, mana-ku! – Oyim kaftidagi allanimani yerga uloqtirdi. Oltin baldoq yerga tushib jiringlab sakrab ketdi.
– Toʻrkoʻylagimga ilinib qolgan ekan-ku! Yoʻqot, koʻzimdan yoʻqot! Bir begunohga tuhmat qilgandan koʻra oʻlganim yaxshimasmi! – U birdan meni quchoqlab, yuzimni yuziga bosgancha hiqillab qoldi. – Endi nima qilamiz, jon bolam!
Oyimning koʻz yoshi birpasda yuzimni jiqqa suv qilib yubordi.
– Nima qilamiz, oʻgʻlim! Bu sharmandalikka qandoq chidayman, oʻgʻiljonim! – Oyim madori qurigandek, sandiq ustiga muk tushib qoldi.
Oradan koʻp oʻtmay toʻy boʻldi. Sepkilli xola oyimni toʻyga aytmadi. Biroq oyim bir togʻora qushtili pishirdi. Hech nima boʻlmagandek, toʻyxonaga chiqdiyu yelib-yugurib xizmat qilib ketaverdi.
Kechqurun hovlining oʻrtasida toʻnka qoʻyib gulxan yoqishdi. Sepkilli xolaning oʻziga oʻxshab ketadigan sargʻish yuzli Hakim akaga toʻn kiygizib, salla oʻratishdi, gulxan atrofini uch marta aylantirishdi, karnay-surnay chalindi… Uy ichida ayollar, Zebi xola dutor chertgan, xotinlar tortishmachoq qilgan… Xoʻja, Toy, Vali, men – toʻrtovlashib tortishmachoq bilan ovora boʻlib turgan xotinlar orasiga shoʻngʻiymizu choʻntakni shirinlikka toʻldirib chiqamiz… Keyin toʻyxonaning qorongʻi burchaklarida rosa bekinmachoq oʻynadik.
Oʻsha kuni kech yotgan boʻlsam ham juda erta uygʻondim. Endi tong otgan ekan. Qarasam, uyda hech kim yoʻq. Demak, toʻyxonaga chiqishgan.
Men ham yuzimni “mushuk yuvish” qildimu oʻsha yoqqa chopdim. Boʻlmasa-chi, hozir “kelin salom” boʻladi-da.
Xayriyat, “kelin salom”ga kech qolmabman. Hovli betkayida Sepkilli xolaning qarindosh-urugʻlari, toʻyda xizmat qilganlar toʻplanib turishibdi. Erkaklar kam, xotinlar koʻp. Faqat oyim koʻrinmaydi. Hovli etagidagi toʻnkarib qoʻyilgan qozon orqasida gʻoʻlaga minib oʻtirgan Valini koʻrib, imlab chaqirdim.
Bir mahal otin xola (Sepkilli xolaning qoʻli egriligidan shikoyat qilgan, biz bilan folbinnikiga borgan xuddi oʻsha semiz otin xola) oq sholroʻmol yopingan, atlas koʻylagi ustidan oldiga uqa tutilgan nimcha kiygan kelinchakni yetaklab ostonaga olib chiqdi. Parda orqasidan kelinning yuzi yaxshi koʻrinmas edi. Biroq yaqinroqda turgan notanish xotinning koʻzi oʻtkir ekan.
– Vuy, muncha chiroyli! – dedi qattiq shivirlab. – Bir qoshiq suv bilan yutgudek-a!
– Baxti bor ekan sariq mashakni! – dedi boshqasi unga javoban.
Otin xola bir tomoq qirib oldi-da, ovozi boricha baqirdi:
– Assalomu alaykum, kelin salo-o-om!
Kelinchak ohista bosh egdi. Hovlidagilar chekka-chekkadan maʼqullab javob qilishdi:
– Baraka topsin!
– Rahmat.
– Qoʻshgani bilan qoʻsha qarisin.
Otin xola yana bir marta tomoq qirib, ovozini sozlab oldi-da, boyagidan ham balandroq hayqirdi:
– Assalomu alaykum, kelin salo-o-o-m!
Karmonni katta ochgan
Ayamay pulni sochgan,
Qorinlari qopday,
Moʻylovlari shopday
Qaynotasiga salo-o-m!
Odamlar chekka-chekkadan kulib yuborishdi. Isroil moʻylov hovli etagidagi xonadan karnayga oʻxshatib oʻralgan kattakon namatni qoʻltiqlab chiqdi. Hovli oʻrtasidan pishillab oʻtdi-da, namatni oborib kelinning oyogʻi tagiga qoʻydi. Moʻylovini gʻolibona qiyofada bir buragan edi, xotinlar qiy-chuv solib kulib yuborishdi. Isroil moʻylov uvali-juvali boʻlinglar, deb fotiha oʻqidi. Otin xola yana bir tomoq qirib oldi:
– Assalomu alaykum, kelin salo-o-o-om!
Tili bilan teng aylanadigan,
Xizmatiga shaylanadigan,
Toʻydan quruq qaytmaydigan
Soʻzlari moyday, yuzlari oyday,
Qaynonasiga salo-o-m!
Yana qahqaha koʻtarildi. Sepkilli xola qizarib-boʻzarib, odamlar orasidan oʻtdi-da, kelin tomonga talpindi. Qoʻlidagi bir dasta chinni kosani kelinning boshiga qoʻydi.
Otin xola tagʻin davom etdi.
– Assalomu alaykum, kelin salo-o-o-m!
Dutorini sayratgan,
Dilimizni yayratgan,
Zebi opaga salo-o-m!
Zebi xola erkakcha yurish qilib yaqin borgan edi, ichkaridan tugun olib chiqishdi. Zebi xola tugunni olarkan, kelinning yelkasiga qoqdi.
– Baxtli boʻlgin, qizim!
Otin xola u yoq-bu yoqqa qarab oldi-da, davom etdi.
– Assalomu alaykum, kelin salo-o-om! Biri biridan shirin, biri-biridan asal qaynsingillariga salo-o-om!
Hakim akaning ukasi yoʻq, uchta singlisi bor edi. Uchovlari ikkita-ikkitadan piyola koʻtarib qatorlashib borishdi. Biriga atir, biriga sochiq, eng kichkina Saidaga roʻmolcha tegdi…
Otin xola kelinning roʻmolini oʻnglab qoʻydi-da, tagʻin yangi kuch bilan hayqirdi:
– Assalomu alaykum, kelin salo-o-om! Oyogʻi olti, qoʻli yetti boʻlib xizmat qilgan, kelinning qoʻlidan ishini oladigan, ogʻziga oshini soladigan yon qoʻshni-jon qoʻshnilarga salo-o-o-om!
Oyim shu yerda ekanini endi payqadim. U odamlar orasidan rangi oʻchibroq oʻtdi-da, qandaydir, ishonchsiz qadamlar bilan kelin tomonga yura boshladi. Hatto ostona oldiga borganda bir qalqib ketgandek boʻldi. Qoʻlida hech nima yoʻq edi. Biroq sekin-sekin zinadan koʻtarildi-yu, kelinning yuzidagi pardani qiya ochdi. Hovlidagi xotinlar pichir-pichirga tushib qolishdi.
– Nima qilyaptilar?
– Voy, oʻlmasam!
Otin xolaning ham gʻashi keldi shekilli, dashnom berdi:
– Nomahramlar bor-a, poshsha!
– Toʻxtang, – dedi oyim negadir ovozi titrab. Shosha-pisha kelinning qulogʻidagi ziraklarni yecha boshladi.
– Ushlang buni! – dedi sirgʻalarni kelinning qoʻliga tutqazib. Keyin oʻzining nimchasiga qoʻl soldiyu kattakon oltin oybaldogʻini chiqardi. Qoʻllari titragancha ikkalasini kelinning ikki qulogʻiga taqdi.
– Niyat qilgandim, – dedi oyim otin xolaga qarab. – Shuni niyat qilib qoʻyuvdim. – Shunday dediyu sekin egilib, kelinning peshonasidan oʻpdi.
– Iloyo qoʻsha qaringlar!
Oybaldoq shol roʻmol tagidan ham yaraqlab koʻrinib turar, kelinning husniga husn qoʻshib yuborgandek edi. Chekka-chekkadagi xotinlarning hayratli xitobi eshitildi:
– Vuy-y-y-y!
– Asl tillamikan?
– Nima, qalbakisini qilib esini yebdimi?
– Mana bundoq qoʻshnilar boʻladi jahonda!
Bir zum gangib qolgan otin xola ovozi boricha hayqirdi:
– Qilichdek oʻgʻillarni oʻstirgan, toʻyda yelib-yugurgan, oy desa, oydek, Xotam Toydek poshsha opasiga salo-o-m!
Oyim odamlar orasidan turtinib oʻtdi-da, chekkaga chiqdi. Shundagina kelin tomonga oʻgirilib, mamnun jilmaydi… Uning koʻzida yosh bor edi.
Oʻtkir HOSHIMOV
“Dunyoning ishlari”dan
https://saviya.uz/ijod/nasr/oltin-baldoq/