Olov gul

DO`STLARGA ULASHING:

Sergey Aksakov

Bir bor ekan, bir yo’q ekan, qadim o’tgan zamonda bir boy savdogar yashagan ekan. Uning uch qizi bo’lib, hammasi chiroyli, ayniqsa, kenjasi go’zallikda tengi yo’q ekan. Ota o’z qizlarini juda yaxshi ko’rar ekan. Eng kichigini esa kattalaridan ham ko’proq yaxshi ko’rar, qiz ham otasiga nihoyatda mehribon ekan.

Kunlardan bir kuni savdogar uzoq safarga, dengiz ortiga jo’naydigan bo’libdi va qizlarini chaqirib shunday debdi:
– Men savdo ishlari bilan olis-olis o’lkalarga ketaman, qancha vaqtda qaytishimni o’zim ham bilmayman. Agar men yo’q paytda o’zlaringni yaxshi tutsangiz xohlagan narsangizni sovg’a qilib olib kelaman. Sizlarga uch kun muhlat, yaxshilab o’ylab, keyin aytasizlar.
Opa-singillar uch kechayu uch kunduz o’ylashibdi va nihoyat otasining yoniga kelishibdi.
To’ng’ich qiz otasiga ta’zim qilib shunday debdi:
– Otajon! Menga kimxobu parcha kiyimlar ham, duru javohirlar ham emas, shunday tillaqosh olib keling-ki, undagi qimmatbaho toshlarning yorug’i xuddi oy va quyoshnikiday bo’lsin, qorong’i kechada ham atrofni charog’on qilsin.
Savdogar o’ylanib qolibdi, keyin shunday javob beribdi:
– Mayli, qizginam, olib kelaman. Sen aytganday tillaqosh dengizning narigi tarafidagi bir malikada bor. U tosh omborda yashirib qo’yilgan. Ombor baland qoya ustida, uchta temir eshigi bor va uchta qulf solingan. Bir tanishim uni olib bera oladi. Qancha qiyin bo’lsayam, sen uchun harakat qilaman.
O’rtancha qiz otasiga ta’zim qilib:
– Otajon! Menga parcha-yu duxoba matolar, qimmatbaho mo’ynalar, marvarid taqinchoqlar va yaraqlovchi tillaqosh kerak emas. Sharq billuridan yasalgan ko’zgu olib kelingki, unga qarab butun dunyoni tomosha qilish mumkin bo’lsin. Unga qaraganim sari keksaymasdan kun sayin yosharayin va husnim orta borsin.
Savdogar bu so’zlardan keyin anchagina o’ylanib qolibdi. Nihoyat shunday debdi:
– Sen qaysi ko’zguni aytayotganingni tushundim, qizim. Olis o’lkada bir tanishim bor, o’sha topib beradi. Ko’zguni oynai jahon deyishadi, Eron shohining qiziniki. U baland tog’ ustidagi, toshdan yasalgan kulbada yashiringan. Yetti qavat temir eshik, yetti qulf bilan mahkamlab tashlangan.
Navbat kenja qiziga kelibdi. U ham otasiga ta’zim qilarkan, quyidagi so’zlarni aytibdi:
– Menga-chi otajon, chiroyli liboslar-u, taqinchoqlar, tillaqosh-u oynai jahon ham olib kelmang. Shunday bir olov gul keltiring-ki, yetti iqlimda undan chiroylisi bo’lmasin.
Ota avvalgidan ham ko’proq o’yga tolibdi. Axiri qizini erkalaberkalab, shunday debdi:
– Ha, sen menga opalaringnikidan ham qiyinroq vazifa yuklading. Nima izlayotganingni bilsang-ku, bir amallab qidirib toparsan, ammo bilmagan, eshitmagan narsangni-chi, qayerdan topasan? Qizil gullar ko’p bo’lsa .. Uning dunyodagi hamma gullardan chiroyliroq ekanini qanday qilib bilish mumkin. Mayli, qizim, harakat qilaman.
Shunday qilib, ota safarga jo’nabdi. Mollarni arzon olib, qimmat sotibdi. Ko’rgan foydasiga tilla xarid qilib uni kemaga ortarkan-u uyga jo’natarkan. Yurib-yurib juda ko’p mamlakatlarni kezib, katta qizi tayinlagan qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, qorong’u tunni kunduzdek yoritib yuboradigan tillaqoshni topibdi.
O’rtancha qizi uchun ham butun jahonni namoyish qiluvchi, unga qaraganda qizning go’zalligi yanada ortuvchi ko’zguni topibdi. Faqat kenja qizi aytgan olov gulni hecham topa olmasmish. To’g’ri, shohlar, qirol va sultonlarning saroylarida chiroyini so’z bilan tasvirlab bo’lmas ajovib olov gullarni ko’p koribdi. Lekin hech bir kishi undan ham chiroylisi dunyoda yo’qligiga kafolat bermas ekan.
Savdogar o’z xizmatkorlari bilan birga karvonini boshlab, cho’lu biyobonlar, o’rmonlar osha ketaverishibdi. Ittifoqo uning karvoniga qaroqchilar to’dasi hujum qilibdi. Savdogar to’la mol-mulk ortilgan karvonni ham tashlab, o’rmon ichiga qochibdi. Qalin o’rmon oralab yo’l yuribdi, yo’l yursayam, mo’l yuribdi. Bir vaqt qarasa, daraxtlarning o’zi chetga surilganday ochiq joy paydo bo’lganmish. O’sha yaylovning o’rtasida kattakon qasr yaltiragan bezaklardan hatto oftob ham uyalar darajada go’zalligidan ko’z qamasharmish. Qasrning hamma derazalari lang ochiq, u yerdan ajib kuy taralarmish.
Savdogar ochiq darvozadan o’tib, qasrning keng hovlisiga kiribdi. Yo’lak oq marmardan ikki chetida katta kichik favvoralar, qizil gilam to’shalgan zinadan ko’tarilib birinchi xonaga kirsa, hech kim yo’q. Ikkinchi, uchinchi…o’ninchi xonayam bo’m-bo’sh. Lekin ular shunaqa zo’r bezatilganki… Hammasi tilla-yu kumush, billurdan, fil suyagidan.
Savdogarning hayrati borgan sari oshardi. Bunchalik dabdaba, katta boylik, ammo na egasi, na xizmatkorlar bor. Tinmay musiqa yangraydi yana.
“Ha, barchasi yaxshi-yu, faqat yeydigan biron narsa yo’q ekan-da”, hayoliga shu fikr keldi deguncha, oldida ochil dasturxon paydo bo’libdi. Undagi lazzatli taomlar, shirinliklar faqat tilla-yu kumush idish-tovoqlarga chiroyli qilib suzib qo’yilgan ekan. O’tirib olib maza qilib qornini to’ydiribdi savdogar. Nihoyat turib, non-tuz uchun rahmat aytay desa, yana hech kim yo’q.
Dasturxon esa birdan g’oyib bo’libdi. Bunday mo’jizaga anqayib qolgan savdogar tag’in xonalarni aylana boshlabdi. Charchaganidan uyqu bosibdi. “Qani endi birpas mizg’ib olsang”, deya o’ylashga ulgurmay, qarshisida naqshinkor karavotni ko’ribdi. Ko’rpa-to’shaklari oppoq, oqqush pati solingan yostiq bo’lsa yumshoqqina. Karavotga yonboshlagan savdogar ustiga ko’rpani tortar ekan, uning harir shoyi matodan qilinganini his qilibdi. Xona qorong’ilashib, “Qani endi qizlarimni tushimda ko’rsam edi” deb hayolidan o’tkazibdi-yu uyquga ketibdi.
Uyg’onsa, tong otib, quyosh chiqqan ekan. Tushida qizlarini ko’rganmish. Ikki katta qizi xursand-u, faqat kenjasi xafa emish. Kattalari otaning fotihasini kutmay, badavlat kuyovlarga turmushga chiqishmoqchi, kichigi bo’lsa otasi qaytmagunicha kuy ov haqida eshitishni ham istamayotgan emish. Bu tushdan savdogar hayron bo’libdi.
O’rnidan turibdi: yuvinishga suv, kiyinishga ohorli liboslar tayyorlab qo’yilgan. Stol ustida choy, qahva, shakar. Hayrati borgan sari ortib, yana qasrdagi xonalarni tomosha qilishga tutinibdi.
Kechagidan ham go’zal ekan. Hovli va bog’da sayr qilgisi kelibdi. Chiqib aylanib yursa, daraxtlarda sarxil mevalar pishib yetilgan, “Meni uzib ol” degandek imlaydi. Chor-atrofda anvoyi gullar, xushbo’yligidan bosh aylanadi. Jannati qushlar sayragan…
Xullas, savdogarning dimog’i chog’. Birdan yam-yashil tepalik ustida ochilib turgan gulga nigohi tushibdi. Uning go’zalligini ta’rifl ashga til ojiz emish. Gulga yaqinlashgan savdogar ajablanib, o’ziga-o’zi:
– Mana, kenja qizim aytgan gul shu bo’lishi kerak! — debdi.
Hatto oyoq-qo’llari qaltirab ketibdi. Shartta gulni uzib olibdi. Shu zahoti to’satdan chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlabdi. Hatto oyog’i ostidagi yer larzaga kelibdi. Hayvon desang, hayvon emas, inson desang inson emas, badbashara va qo’rqinchli bir mahluq yerdan chiqqanday paydo bo’libdi-da, yovvoyi ovoz bilan baqira ketibdi:
– Nima qilib qo’yding? Mening eng yaxshi ko’rgan gulimni uzishga qanday jur’at etding? Uni axir ko’z qorachig’iday saqlar edim, unga qarab yupanardim. Sen meni eng sevimli narsamdan judo qilding. Bu qasrning, bo’gning xo’jayini menman. Seni aziz mehmon kabi qabul qildim, to’ydirdim, dam oldirdim. Evaziga qilgan yaxshiliging shumi? Bilib qo’y, bu aybing uchun sen faqat o’limga mahkumsan?
Savdogar mahluqning oyoqlariga yiqilibdi:
– Bir qoshiq qonimdan keching, janobi oliylari! Bilmay qilgan gunohim uchun o’limga buyurmang! Ikki og’iz arzimni eshitsangiz. Mening uch qizim bor. Ularga sovg’a olib borishni va’da berganman! Katta qizimga yaltiroq tillaqosh, o’rtanchasiga oynai jahon, kichigiga esa dunyodagi eng chiroyli olov gul. Katta qizlarimga ular aytgan sovg’ani topdim-u eng yaxshi ko’rgan kenja qizimga rosa izlab topolmagan edim. Sizning bog’ingizda ana shu gulni ko’rdim, dunyodagi barcha gullardan eng chiroylisi shu degan fi krga keldim. Keyin yana o’yladimki, sizday badavlat, qudratli xo’jayin uni qizg’onmasangiz kerak. O’rniga nimani to’la desangiz to’layin, faqat meni sevimli qizlarim oldiga qo’yib yuboring, iltimos. Bilmay qilgan gunohim uchun kechiring.
– Menga sening hech narsang kerak emas. Mayli olov gulni sovg’a qilib qo’yib yuboraman. Faqat bir shartim bor. Uning evaziga qizlaringdan birini mening huzurimga yuborishga so’ z berasan. Uni sira xafa qilmayman, o’zing ko’rganingdek, bu qasrda xohlaganicha yayrab yashaydi. Yolg’izlikdan zerikdim, menga sherik kerak.
Savdogar bu so’zlarni eshitib, mahluqning oyoqlariga yotib, yalindi-yolvordi. Axir uning shunday xunuk basharasiga go’zal qizlarini qanday ravo ko’rsin? Ko’zlariga yosh to’lib ayanchli ovozda shunday debdi:
– Ey, o’rmonlar, dengizlar shohi! Agar qizlarim o’z xohishi bilan oldingizga kelmasa-chi? Keyin qanday kelishniyam bilmaydi. O’zim ikki yilda yetib kelganman, yo’lni ham yo’qotganman.
Mahluq bo’lsa yana gapiribdi:
– Yo’q, menga asira qiz kerak emas. Agar seni hurmat qilsa, qizing o’z roziligi bilan kelsin. Ular istashmasa, yana o’zing kelasan. O’shanda seni qatl etishga buyuraman. Meni topish esa qiyin emas. Mana bu uzukni ol, uni o’ng qo’lingning jimjilog’iga taqqan kishi ko’z ochib yumguncha istagan joyida paydo bo’ladi. Xullas, senga uch kecha-yu, uch kunduz muhlat!
Savdogar yig’lab-yig’alb shunday qarorga kelibdi: yaxshisi bir marta qizlarimni ko’ray, ularga oq fotiha beray. Agar meni o’limdan saqlab qolishga rozi bo’lishmasa, nachora o’zim qaytaman. Shunday qilib, mahluq bergan uzukni o’ng jimjilog’iga taqqan ekan, bir zumda o’z uyining hovlisida bo’lib qolibdi. Xuddi shu paytda, tilla-yu sarhil mollar ortilgan karvoni ham yetib kelgan ekan. Xizmatkorlar yuklarni tushirishibdi. Qizlar xursand bo’lib otaga peshvoz chiqibdilar. Qarasalar otaning kayfiyati yomon. Katta qizlar undan: nima bo’ldi, molu-davlatingizni yo’qotdingizmi, deb so’rashibdi. Kichik qizi esa: “Meni boylik qiziqtirmaydi, yuragingizdagi dardni ayting, otajon” debdi. Shunda savdogar sevikli qizlariga qarab shunday debdi:
– Yo’q, boylik yo’qotmadim, aksincha 3-4 barobar ko’p foyda ko’rdim. Xafaligimga boshqa sabab bor, uni ertaga aytaman. Kelinglar, bugun xursandchilik qilaylik.
Shunday deb temir sandiqlarni keltirishni buyuribdi. Ota katta qiziga olib kelgan sovg’ani – o’tda yonmas, suvda zanglamas tillaqoshni beribdi. O’rtanchasiga ham sharq billuridan yasalgan ko’zguni sovg’a qilibdi. Kenjasiga o’zi so’raganidek olov gul. Kattalari quvonchdan ko’zlari porlab, sovg’alarni xonalariga olib kirib ketishibdi-da, to’yib-to’yib tomosha qilishibdi. Faqat kichik qiz olov gulni ko’rib yig’lab yuboribdi, go’yo yuragiga bir narsa sanchilgan kabi qaltirab ketibdi. Otasi:
– Ha, qizim? Sovg’am yoqmadimi? O’zing aytganingdek, yeti iqlimda yo’q, eng chiroyli gulku, — degan ekan, qiz gulni olibdi-yu otasining qo’llarini o’pib, rahmat aytibdi, ammo g’amgin tortib qolibdi.
Shunday qilib oila birinchi kunni katta xursandchilik bilan o’tkazibdi. Ertasiga ertalab savdogar katta qizini yoniga chaqiribdi. Unga bo’lib o’tgan voqealarni bir boshdan so’zlab beribdi-da, qizidan “Meni o’limdan olib qolishga rozi bo’larmiding?”, deb so’rabdi. Katta qiz mahluq oldiga ketishni jiddiy rad qilibdi:
– Qizil gul kim uchun olib kelingan bo’lsa, o’sha qutqarsin — debdi.
Keyin o’rtancha qiz bilan ham xuddi shunday suhbat bo’lib o’tibdi. U ham opasiday javob beribdi. Nihoyat savdogar kenja qizini chaqiribdi. Unga boshidan o’tgan sarguzashtlarni oqizmay-tomizmay so’zlab beribdi. Hali gapini tugatmay turib, kichik qiz otasining oldiga cho’kkalabdi.
– Menga oq fotiha bering otajon, o’sha mahluqning uyiga borib yashayman. Axir gulni men uchun olib keldingiz, sizni men o’limdan qutqarishim kerak.
Savdogar ko’zlari yoshga to’lgan holda shunday debdi:
– Qizginam, erkatoyim. Meni ajal changalidan olib qolib, o’z xohishing bilan dahshatli mahluq yoniga ketayotganing uchun seni Xudoning o’zi yarlaqasin. Uning qasrida bekamu ko’st yashaysan. Lekin qasr qayerda ekanini hech kim bilmaydi. Unga otliq ham, piyoda ham, uchqur qush ham yeta olmaydi. Endi sen bilan xabarlasha olmasak kerak. Sening go’zal yuzingni ko’rmasdan, mayin ovozingni eshitmasdan, qolgan umrimni qanday o’tkazaman asalim? O’zimni tiriklay yerga ko’mgan kabi umrbod xayrlashaman.
Kenja qiz otasiga qarab:
– Xafa bo’lmang otajon. Mahluqdan qo’rqmayman, unga vijdonan xizmat qilsam, zora qo’yib yuborsa. Balki ko’rishib ham qolarmiz – debdi.
Ota baribir g’amgin ekan. Opalari ham yig’lab-yig’lab kichik singlisini kuzatishibdi. O’zi esa yig’lamas ekan. Qizil gulni tilla suvi yugirtirilgan chiroyli ko’zaga solibdi-da, o’zi bilan olib ketish niyatida, noma’lum tomonga otlanibdi. Uch kecha-yu, uch kunduz ham o’tibdi. Savdogar qizning qo’liga mahluq bergan uzukni taqqan ham ekan-ki, o’sha zahoti u g’oyib bo’libdi.
Bir zum o’tmay qiz o’ziga kelib qarasa, bir muhtasham qasrda, naqshinkor karavotda parto’shag-u paryostiqda yotgan emish. Go’yo butun umr shu yerda yashagan-u dam olish uchun bir oz yonboshlaganday. Qiz o’rnidan turibdi. Yonginasida ko’zadagi olov guli, hamma buyumlari esa chiroyli stollar, tokchalar ustiga tartib bilan taxlab qo’yilgan. U qasrni aylanibdi: har bir xona avvalgisidan ham go’zalroq bezatilgan ekan. Qizil gulni qo’liga olib, bog’ni tomosha qilgani chiqibdi. Jannatmisol bog’da bulbullar sayragan, daraxtu gullar unga egilib salom berar, favvora-yu buloqlardagi suv yoqimli shildirar ekan. Qiz otasi aytib bergan tepalikni topibdi, gulni huddi o’sha o’zi o’sgan yerga qayta ekib qo’ymoqchi bo’lgan ekan, hali bu haqda o’ylab ulgurmasdan olov gul qo’lidan chiqib, o’zi uchib borib, uzilgan joyi-bandiga qo’nibdi-da, avvalgidan ham chiroyli ochilib, yashnab ketibdi.
Qiz bunday mo’jizadan aqli lol qolibdi. Yana bir oz gulga havas bilan tikilib, qasr ichiga kirsa, xonalardan birida dasturxon tuzab qo’yilgan ekan.
“Xo’jayin meni yaxshi qabul qildi shekilli” deb endi o’ylagan ekan, ro’parasidagi oq marmar devorda shunday yozuv paydo bo’libdi:
Men xo’jayin emas, sening oddiy qulingman. Malikam sen nimani istasang, o’sha zahoti muhayyo qilaman.
Qiz o’qib bo’lishi bilan devordagi alangali so’zlar yo’qolibdi. Endi o’zi otasi, opalariga maktub yo’llagisi kelibdi, o’sha zahoti oldida qog’oz, tilla qalam-u siyohdon paydo bo’libdi, o’tirib quyidagi xatni yozibdi:
“Men haqimda xavotirlanmang. Mahluqning qasrida xuddi malikalarday yashayapman. O’zini ko’rmadim hali, ovozini ham eshitganim yo’q. Faqat oq marmar devorga shunday o’tli satrlarni yozadiki… Ko’nglimga kelgan niyatni darhol sezadi va o’sha zahoti istagimni bajaradi. Men uni hojam deb atamoqchi bo’lsam, xohlamaydi. Aksincha meni o’zining bekasi deb ataydi”.
Xatni endi yozib bo’lgan ekan hamki, u g’oyib bo’libdi. Dasturxon turli shirinliklar bilan bezatilibdi. Idish-tovoqlar ham tilladan ekan. To’ygunicha yeb-ichibdi. Dam olish uchun yon boshlasa, musiqaning ovozi pasayibdi.
Qiz uxlab turib, yana bog’larni sayr qilibdi. Gullar unga ta’zimda, olma-yu shaftolilar o’zi og’ziga tushadi. Kech kirgach o’sha oq marmar devorli xonaga qaytibdi. Devorda shunday yozuv paydo bo’libdi:
Mislzis bekamning ushbu sharoitlardan, mehmondorchilik va xizmatdan ko’ngillari to’ldimikin?
Savdogarning qizi xursand bo’lib gapiribdi:
– Meni bekam demang. Aksincha menga shirinzabon va g’amxo’r-mehribon hoja bo’ling. Siznikiday go’zal xonalar-u bog’larni umrimda ko’rmaganman. Qanday qilib ko’nglim to’lmasin axir?
Shu taxlit kunlar o’taveribdi. Sohibjamol qiz qasrda xotirjam yashayveribdi. Yangi-yangi, qimmatbaho liboslar, shohona ziyofatlar. O’rmon ichra sayr qilganida esa daraxtlarning o’zi unga yo’l ochib berar ekan.
Qiz kashtachilik bilan shug’ullana boshlabdi. Tikkan zardo’zlik buyumlaridan jonajon otasiga, opalariga sovg’alar yuboribdi. Eng chiroylisini mehribon hojasiga taqdim etibdi. O’sha devorlari oq marmar bilan bezatilgan xonaga yanada tez-tez borib turadigan bo’libdi. O’zi eng jarangdor so’zlarni tizib, hojasiga gapirar ekan-u, ammo javobini yozuvdan o’qir ekan, xolos.
Vaqt o’tgan sayin bunday hayotga ko’nikib ham qolibdi. Qullar uning xizmatiga tayyor, nimani xohlasa birpasda muhayyo qilishadi. G’oyibdan shu qasr egasini sevib qolganini his etibdi qiz. Ko’ngli sezadiki u ham befarq emas, axir devorga yoziladigan o’tli misralaridan ham anglab olish qiyin emasdi. Endi hojasining ovozini eshitib suhbat qurishni xohlaydi. Xo’jayin esa qizning bu iltimosiga rozi bo’lmaydi, o’zining qo’pol ovozi bilan bekasini cho’chitib yuborishdan qo’rqadi. Qiz juda ko’p yalingach hojasi nihoyat u bilan gaplashishga ko’nibdi va marmar devorga shunday so’zlar yozilibdi:
Bugun kechki payt yashil bog’ga kelib, o’zing yaxshi ko’rgan gullar bilan o’ralgan ayvonchaga o’tirgin va: “Sodiq qulim men bilan suhbatlash”, deb aytgin.
Qiz o’sha joyga yugurib boribdi, yuragi go’yo qafasdagi qushcha kabi pitirlar ekan. U so’z boshlabdi:
– Mehribon hojam, meni ovozingiz bilan cho’chitib yuboraman deb o’tirmang. Sizning shunchalik qilgan g’amxo’rliklaringizdan keyin men dahshatli yirtqichning irillashidan ham cho’chimayman.
Shundan keyin ayvoncha orqasidan yovvoyi bo’giq bir ovoz eshitilibdi, haliyam yarim ovozda, past gapirayotgan ekan. Savdogarning qizi avvaliga titrab ketibdi, lekin o’zini tutib olib, qo’rqqanini bildirmaslikka harakat qilibdi. Mahluqning ovozi dag’al bo’lsa-da, so’zlari naqadar yoqimli. O’shandan boshlab qiz har kuni shu yerga keladigan, soatlab hojasining gaplarini tinglaydigan bo’libdi.
– Suyukli, mehribon hojam, shu yerdamisiz? – deb so’rashi bilanoq bir xil javobni eshitarkan:
– Shu yerdaman, go’zallikda bemisl xonim. Sodiq quling, ajralmas do’sting shu yerda.
Qiz mahluqning dahshatli ovozidan qo’rqmaydigan, shirin so’zlarini erinmay tinglaydigan bo’libdi.
Oradan ozmi-ko’pmi vaqt o’tib mahluqni o’zini ko’rishni istab qolibdi. Bu haqda ancha yalinibdi. Mahluq avvaliga sira ko’nmabdi, hunuk basharasi uni qo’rqitib yuborishidan cho’chir ekan:
– O’zingni ko’rsatgin deb so’rama, go’zal mahbubam. Ovozimga o’rganib qolding, do’stona munosabatlarimiz davom etayapti. Mening senga bo’lgan otashin muhabbatimni ham tushunding. Agar xunuk va badbashara qiyofamga ko’zing tushsa, meni yomon ko’rib qolasan va men baxtsiz bo’laman. Haydab yuborsang, hijronga chiday olmay o’lishim aniq jonim”.
Qiz esa bu so’zlarni eshitishni xohlamaydi, mahluqdan yuzini ko’rsatishni qayta –qayta so’raydi. Dunyodagi eng dahshatli narsani ko’rsa ham cho’chimasligi va hojasiga bo’lgan sevgisidan voz kechmasligini aytib yalinaveribdi.
– Agar qari bo’lsangiz menga bobo, o’rta yashar bo’lsangiz menga amaki bo’ling. Yosh bo’lsangiz sizni tutingan akam deyin, o’lgunimcha menga vafoli do’st bo’lib qoling.
Anchagacha mahluq bu iltimoslarga quloq solmay yuribdi. Lekin axiyri qizning ko’z yoshlariga chiday olmabdi:
-Baribir seni o’zimdan ko’ra ko’proq sevaman. Bilamanki, meni ko’rishing bilan muhabbatimni rad etasan va hajringda ado bo’laman. Lekin shunday bo’lsa-da, sening iltimosingni bajaraman. Qosh qorayganda yashil bog’ga kel.
Quyosh o’rmon ortiga yashiringach:
– “Sodiq do’stim, o’zingni ko’rsat”, deb aytgin. Meni ko’rgach bu qasrda yashaging kelmay qolsa-chi? Seni majburlashga haddim sig’maydi. Asira bo’lib qiynalishingga chidolmayman.
O’sha o’z yotog’ingda, yostig’ing tagida mening tilla uzugimni topasan. Uni o’ng qo’ling jimjilog’iga taqsang bo’ldi, otang yonida bo’lasan va men haqimda boshqa hech narsa eshitmaysan.
Qiz qo’rqmabdi. Bir daqiqa ham ikkilanmay yashil bog’ sari yo’l olibdi. Qosh qorayib quyosh o’rmon ortiga botgach u:
– “Sodiq do’stim, o’zingni ko’rsat!”- debdi.
Shu payt uzoqdan bahaybat mahluq ko’rinibdi. Faqat ro’pa radagi yo’lakdan o’tibdi-yu qalin butalar orasida yo’qolibdi. Unga ko’zi tushgan qiz oh urib, baqirib yuboribdi va hushini yo’qotib yiqilib tushibdi. Mahluq judayam hunuk ekan: qo’llari qing’ir-qiyshiq, panjasi yirtqich hayvonniki singari, oyoqlari otnikiday qo’pol, tuya o’rkachi kabi bukrilari ham bor, butun badani jun bilan qoplangan, so’yloq tishlari og’zidan chiqib turar, burni burgutnikiday, ko’zi esa boyo’g’linikiday edi.
Ozmi-ko’pmi vaqt o’tib o’ziga kelibdi. O’zining bergan so’zida turolmay qo’rquvini yenga olmagani uchun uyalibdi. Yana shunday debdi:
– Mehribon hojam, men endi sira qo’rqmayman va sizdan ajralmayman. Yaxshiliklaringizni esdan chiqarib bo’larkanmi? Birinchi martagina sal cho’chidim, xolos.
Mahluq yana ko’rinibdi. Faqat qizga yaqin kelishga jur’at eta olmabdi. Yarim tungahca ular birga suhbat qurishibdi. Keyingi kuni yana va yana… Hamisha birga bo’lib, bo’gu o’rmonlarda sayr qilishar ekan, qizg’in suhbatlar bilan vaqtni hushnud o’tkazishar ekan.
Kunlardan bir kuni qiz tush ko’rsa, otasi bemor yotganmish. Xafa bo’lib yig’labdi. Mahluq uni shu ahvolda ko’rib, nega xafa ekanini so’rabdi. Qiz aytib beribdi va undan otasini, opalarini ko’rib kelishga ruxsat so’rabdi.
– Mendan nega ruxsat so’raysan, boraver, ixtiyoring o’zingda – debdi mahluq. – Axir mening tilla uzugim yostig’ing tagida turibdi-ku. Taqsang otang yonida bo’lasan. Faqat bir narsa esingdan chiqmasin: roppa-rosa uch kecha-yu uch kunduzdan keyin qaytmasang men o’laman. Chunki, seni o’zimdan ham yaxshi ko’raman. Undan ortiq ayriliqqa chiday olmayman.Sensiz yashay olmay, halok bo’laman.
Qiz unga huddi o’sha aytgan vaqtida qaytishga va’da beribdi. Uzukni jimjilog’iga taqqan ekan, o’sha zahoti otasining hovlisida bo’lib qolibdi. Opalari uning shohona libosiga havaslari kelibdi. Otasi sevikli kenja qizini eslayverib, chindan ham kasal bo’lib qolgan ekan. Uni ko’rib xursand bo’lib ketibdi. Qiz mahluqning saroyidagi hayotini oqizmay-tomizmay aytib beribdi. Ota bo’lsa, o’sha badbashara mahluqqa u qanday o’rganganiga hayron bo’larmish. Axir o’zi eslasa hali-hali yuragi orqasiga tortib ketadi-yu.. Opalari singlisining badavlat turmushi haqida eshitgan sari hasadlari kelarmish.
Birinchi kun bir soatday, ikkinchisi daqiqaday o’tibdi. Uchinchi kuni qizning opalari u yerga qaytib bormaslikka ko’ndirmoqchi bo’lishibdi: “O’lsa o’laversin, nima qilasan?” deyishibdi.
Bundan kenja qizning jahli chiqibdi:
– Agar menga ko’rsatgan mehr-muruvvatining qadriga yetmasam o’zim ham o’limga loyiqman, — debdi.
Otasiga dono qizining bu so’zlari ma’qul tushibdi. Opalari esa hasad o’tida yonayotgan ekan. Bir shumlikni o’ylashibdi. Qizning ketar muddatiga oz qolganida ular uydagi barcha soatlarni bir soatga orqaga surib qo’yishibdi. Bu haqida ota ham, xizmatkorlar ham bilmabdi.
Vaqt yaqinlashgan sayin qizning yuragi sanchaveribdi. Soatga qarayveribdi, qarayveribdi sira vaqti kelmasmish. Opalari esa hadeb uni gapga tutib, kechiktirarmish. Nihoyat, sabri chidamabdi. Otajoni, opalari bilan xayrlashibdi. Aytilgan muddatga bir daqiqa qolganida o’ng jimjilog’iga tilla uzukni taqibdi. Shu zahoti mahluqning oppoq devorli qasrida ko’ribdi o’zini. Ammo, har qancha chaqirmasin hojasi yo’q emish.
Oxiri baqirib yuboribdi:
– Qayerdasiz, mehribon hojam, sodiq do’stim? Nega meni kutib olmaysiz? Aytilgan vaqtdan bir soat oldin yetib keldim.
Yana jimlik, sukunat. Hatto bog’dagi qushlar ham sayramaydi, favvoralardan suv otilmaydi, musiqa yangramaydi. Qizning qalbi bir noxush voqeani his etib, u barcha xonalar va bog’larni izlab chiqibdi. Axiri, o’sha olov gul o’sib turadigan joyga boribdi. Tepalikda mahluq gulni changallagancha jonsiz yotardi. Qiz avvaliga uni qattiq uxlab qolgan deb o’ylab, uyg’otmoqchi bo’libdi. Hech uyg’onmasmish. Shunda mahluqning junli qo’lidan ushlab, o’lganini bilibdi…
Qizning ko’z oldi qorong’ilashib, oyoqlari chalkashib ketibdi.
U tizzasiga cho’kkalab mahluqning badbashara kallasini quchoqlagancha oh tortibdi:
– Uyg’oning asl do’stim. Sizni o’z qallig’imday yaxshi ko’rib, sevaman.
Shu so’zlarni endigina aytgan ham ekan-ki, birdaniga momaqaldiroq gumburlabdi. Kuchli chaqmoq chaqib, yeru-ko’k larzaga kelibdi. Qiz hushidan ketibdi. O’ziga kelib qarasa, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ajoyib taxtda o’tirgan emish. Yonida esa uni toj kiygan, zarbof to’nli shahzoda, yoshgina bir barno yigit quchib turar, otasi, opalari ham shu yerda, ta`zimda egilib turgan, xizmatkorlarning esa son-sanog’i yo’q emish. Chiroyda tengsiz shahzoda unga qarab shunday debdi:
– Meni badbashara mahluq ko’rinishida bo’lsam ham, ochiq ko’nglim uchun sevding. Endi insoniy qiyofamda ham sev. Mening qallig’im bo’l, iltimos. Bir paytlar badavlat qirol otamga achchiq qilib, jodugar kampirni ishga solib meni sehrlab tashlagan edi. U meni o’g’irlab ketib, badbashara mahluqqa aylantirib qo’ygandi. Toki bir go’zal qiz meni sevib qolib, o’sha ko’rinishimda menga erga tegishga rozi bo’lmaguniga qadar, o’shanday yurishim kerak edi. Qachonki shunday voqea yuz bersa, men o’z holimga qaytishim sehr-jodu qilingan edi. Shunday qilib rosa o’ttiz yil yashadim. Mana, sen meni oq ko’nglim uchun, senga bo’lgan cheksiz muhabbatim uchun sevding. Endi qudratli qirolning rafi qasi, vafoli malikam bo’lasan jonim.
Savdogar kenja qizi va shahzodaga oq fotiha beribdi. Hamma kelin-kuyovni qutlabdi. Uch kecha-yu uch kunduz dabdabali to’y bo’libdi. O’sha to’yda men ham bor edim.

Tarjimon. M. Zohidova

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x