Biz mustabid tuzumda ham yashadik.
Toʻgʻri, bu tuzumning taʼlim uslubiyotiga ham, shubhasiz, katta zarari tekkan. Lekin oʻtgan davr taʼlimi yutuqlarini butunlay inkor etish insofdan emas. Chunki oʻqituvchi va murabbiylar, hukmron mafkuraning tazyiqiga qaramasdan, ming yillik milliy taʼlim-tarbiyaning taraqqiyparvar tamoyillaridan unumli va mahorat bilan foydalanganlar. Milliy adabiyot, axloq, madaniyat, ilm-fanni joriy mafkura iskanjasini yorib chiqib, yosh avlod ongiga singdirganlar. Aks holda, xalqimiz azaliy va abadiy maʼnaviyatini saqlab qololmas, uning umumiy savodxonligi yuqori darajaga koʻtarilmas edi.
Afsuski, bu masalaga sayoz yondashuv onda-sonda uchrab turibdi. Jumladan, “Yoshlik” jurnalining 2014 yil 7-sonidagi “Adabiyotga kirib boriladi… mi?” sarlavhali Rahimjon Rahmat bilan muloqotda ana shunday nuqtai nazar asosiy oʻrin tutadi. R. Rahmat adabiyot darsliklari haqida shunday yozadi: “Oʻqishga tayyorgarlik jarayonida adabiyot fanidan darsliklarni qoʻlga olishga bezillab qolgandim. Darslik yozgan olimlarning nima demoqchiligini hech tushunolmasdim. Hozir oʻylasam… adabiyot darsliklari oʻquvchilarning adabiyotga muhabbatini butunlay soʻndirishga qaratilgan ekan. Yaxshiyam maktabda adabiyot faniga qiziqmaganim, yoʻqsa mendagi badiiy soʻzga muhabbat beshikdaligidayoq boʻgʻilib oʻlgan boʻlardi”. Hayotiy haqiqatdan naqadar yiroq gaplar! Axir, Izzat Sulton, Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Ibrohim Gʻafurov, Aziz Qayumov, Abduqodir Hayitmetov singari yuksak aqliy salohiyat sohiblari, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi mutafakkir shoirlarimiz va ularning davrdoshu davradoshlari, izdoshlari – bir qancha avlod vakillari oʻsha darsliklardan taʼlim olib ulgʻayganlar-ku. O. Sharafiddinov oʻz maqolalarida bir necha marta maktabdagi adabiyot oʻqituvchisi Qudrat Axmedovni hurmat bilan tilga olib, uning adabiyotni tushunishida, adabiyotshunos boʻlib yetishishida ushbu muallimning xizmati katta boʻlganini taʼkidlagan. Bunday muallimlar kam boʻlmagan. Ular har bir shahar, tuman, qishloqda bilim va mahoratlarini safarbar etib, oʻsha R. Rahmat tushunmagan darsliklar asosida taʼlim berganlar.
Toʻgʻri, oʻsha davrlarda mustabid mafkura tazyiqi va taʼqibi ostida milliy adabiy merosimizning katta qismi “diniy-mistik adabiyot” hamda “feodal-klerikal adabiyot” tasnifi asosida darslik-majmualarga kiritilmagan, shoʻro mafkurasiga muvofiq keladigan qismlarigina tahlilga tortilgan, notoʻgʻri talqinlar, xato va kamchiliklar koʻp boʻlgan. Bugungi mustaqillik mafkurasi nuqtai nazaridan qaraganda, ular maʼnan eskirgan edi. Biroq ularni oʻsha davrdagi ilgʻor fikrli milliy ziyolilarimiz yozgan. Ular adabiyotga muhabbat uygʻota olgan va tili tushunarli edi. Shu sabab bu darsliklar uzoq muddat barqarorligini saqlab kelgan.
Biz ustozlarimiz Umarali Normatov va Begali Qosimov rahbarligida, Yozuvchilar uyushmasi rahnamoligida 25 mutaxassis hamkorlikda 90-yilda ish boshlab, mustaqillik davrida yangi darsliklar avlodini yaratdik. Eski darsliklardagi xato va kamchiliklar tuzatildi. Adabiyot darsliklari konseptual yangilandi. Ularning katta qismi ilmiy-ijodiy, mafkuraviy yangiligi tufayli darslik-tadqiqot sifatida maydonga keldi.
Suhbatda olimlik shaʼniga aytilgan mana bu bepisand gaplarga aslo zarurat yoʻq edi:”… adabiyot oʻqituvchisi, universitet professori boʻlish uchun alohida ijodiy qobiliyat shart emas. Aʼlochi va tirishqoq maktab oʻquvchilari kelajakda adabiyot professorlari boʻlib yetishishlari mumkin. Olim boʻlish uchun, atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov aytganlaridek, shim kerak, xolos. Bu degani stolda koʻp oʻtirib ishlaydigan odamning shimining orqasi tez yirtiladi. Olim odam kiygan shimning orqasi ilviragan boʻladi”. Avvalo, olimlikdek muqaddas salohiyatga nisbatan shunday hurmatsiz soʻzlar ravomikin.
Qolaversa, har qanday tirishqoq va aʼlochi oʻquvchi yoki talaba olim boʻlolmaydi. Bunga juda koʻp misollarni keltirish mumkin.
O, Sharafiddinovga nisbat berilgan gapga kelsak, ustozning “Olim boʻlish uchun shim kerak, xolos” degan gaplarini biror manbada uchratmagan ekanmiz.
Suhbatda taʼkidlanganidek, “Olimlik – tizimli taʼlim va sabr-toqat mahsuli”gina emas. Olimlik ham shoirlik singari Xudo yuqtirgan alohida ilohiy isteʼdoddir. Hatto, tarixda koʻp olimlar avliyolik xislatiga ham ega boʻlganlar. Ana shunday isteʼdodga qoʻshimcha ravishdagina muttasil oʻtirib ishlaydigan mehnat ilmiy samara berishi mumkin. Muttasil mehnatsiz ilohiy xislat ham, ilohiy xislatsiz mehnat ham olimlik emas. Bu hayotiy tajriba davomida koʻp ilm talabgorlari taqdirida kuzatilgan.
Ayrimlar olimlik uchun ilohiy isteʼdodgina kifoya deb oʻylaydilar va adashadilar. Olim boʻlaman degan odam ilohiy isteʼdod bilan birga jismoniy kuch-gʻayrat, sabr-toqat, jurʼat, jasorat va matonat, muttasil oʻtirib ishlaydigan mustahkam irodaga ham ega boʻlishi shart. Aks holda, isteʼdod imkoniyati zoye ketadi. Olimlik isteʼdodi – yuksak aqliy salohiyat, donishmandlik, hassos qalb va jismoniy barkamollik uygʻunligidagi ijodiy faoliyatdir.
Olimlikning ilohiyligi shundaki, birinchi olim Yaratganning oʻzidir. Olim – Yaratganning nomlari va sifatlaridan biri ham. Olloh borliqni ijodkorlik salohiyati mahsuli oʻlaroq yaratgan. U oʻzidagi eng oliy fazilat – mutafakkirlik, ijodkorlik, aqliy salohiyat, olimlik isteʼdodini jamiki mavjudot ichra faqat va faqat olamda mujassam etgan.
Koinot gultoji insondir azal,
Undadir eng oliy tafakkur, amal.
(A. Oripov)
Olimlik ilohiyligining yana bir dalolati Islom olamida olimlarning dahosi Muhammad paygʻambar ekanligida. Yaratgan egamiz shuning uchun ham Qurʼoni karimni Ul zotga nozil etdi. Muhammad (SAV) Ollohning paygʻomi – Qurʼoni karimni butun holatda insoniyatga yetkazdi. Islom arkonlari va shariat ahkomlarini joriy qildi. Hadisi shariflarni bayon etdi. Islom nazariyasi va amaliyotini hayotga tatbiq etdi. “Olimlar – paygʻambarning vorislaridirlar” degan hadisi sharif ham olimlik ilohiy isteʼdod ekanligini tasdiqlaydi. Alisher Navoiy ana shu hadisi sharifni asos qilib olib, olimlikni ulugʻlaydi va olimlarni paygʻambarning izdoshlari, merosxoʻrlari sifatida eʼzozlaydi:
Kishikim qilsa olimlarga taʼzim,
Qilur goʻyoki paygʻambarga taʼzim.
Hadis oʻlmish nabiydin oʻyla hodis
Ki, olim keldi paygʻambarga voris.
R. Rahmatning oʻzi oʻsib ulgʻaygan muhit haqidagi fikrlari juda taajjublanarli: “Men ulgʻaygan oila adabiyotdan juda yiroq edi… Na maktabda, na oilada kitob haqida gapirilmas edi. Bolaligimda hech kim menga kitob sovgʻa qilmagan va adabiyotga qiziqishim hech qachon ragʻbatlantirilmagan… Hatto, ayrim paytlar qoʻlimdagi kitobni yulqib olib yirtib tashlashlar ham boʻlgan. Nafaqat bizning oila, balki butun qishloqda kitob degan narsa yerda yotgan xazonchalik qimmatga ega emas edi… Hozir ham bizning qishloqda koʻpchilik koʻchada kitob koʻtargan odamni devonaga teng koʻradi va kitob oʻqishga qiziqqan yigitga uncha-muncha oila qizini bermaydi…” Bu gaplarga ishonish-ishonmaslikka hayronsan odam. Uning qishloqdoshlari bu fikrlarga qoʻshilisharmikin, shu isnodni koʻtara olisharmikin? Oʻtmishni-ku tushunish mumkindir, lekin nahotki hozir ham butun boshli qishloqda birorta maʼrifatparvar ziyoli boʻlmasa? Nahotki, bu qishloq odamlari shu qadar qoloq? Axir, bunday tasvirdagi makon jaholat uyasiga aylanishi xavfi bor-ku. Bizning mamlakatimizda tamaddundan uzilib, oʻz qobigʻiga oʻralib qolgan qishloqlar hanuz bormi? Vatanparvar, millatparvar, maʼrifatparvar ukamizning oʻzi qishloqdoshlarini jaholatdan qutqarish uchun biror ish qildimikin? Muloqotni oʻqirkanmiz, ana shunday savollar girdobiga gʻarq boʻldik.
Ayniqsa, hozirgi adabiy jarayondagi sayozliklardan hasratlar, bosilib chiqayotgan adabiy mahsulotni xashakdan olib xashakka solishlar…
Suhbatdagi ayrim gaplar sogʻlom fikrlashga oʻxshamaydi: “Maktabda adabiyot fanidan oʻtilgan darslardan juda kam narsa yodimda qolgan. Koʻylagining tugmalangan joylari trang tortilib kindigi koʻrinib turadigan adabiyot oʻqituvchimizning “Miltiqli kishi” pʼyesasi” deb boshlanadigan gaplari yodimda qolgan. Nega aynan shu holat xotiramga muhrlanganini hanuz tushunmayman…” Diqqati oʻqituvchisning “koʻylagining tugmalangan joylari trang tortilib kindigi koʻrinib turadigan” holatiga qaratilgan oʻquvchining esida nima ham qolardi. Muloqot mualliflari bilimli ekanligi, jiddiy va dardli mulohazalar ham borligi sezilib turibdi.
Saviya eʼtibori bilan yagona boʻlmagan bunday muloqotlardagi pastu baland gaplarni “shunchaki mualliflarning shaxsiy mulohazalari-da” deya beparvo boʻlmasligimiz lozim. Ommaviy axborot vositalarining toʻrtinchi hokimiyat sifatidagi rolini ham unutmasligimiz kerak. Uning hokimlik qudrati shundaki, oʻquvchilarda umumiy fikrni shakllantiradi.
Nusratullo JUMAXOʻJA
“Yoshlik”, 2014 yil 10-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/olimlik-istedod/