Olim Otaxon 1951 yili 12 aprelda Toshkentning Beshyogʻoch dahasiga qarashli Chaqichmon mahallasida dunyoga keldi. ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakulteti kechki boʻlimida tahsil oldi (1969–1974).
Ish faoliyatini hozirgi “Turkiston” gazetasida musahhihlikdan boshladi (1969–1970). Toshkent viloyati kino prokatida reklama muharriri (1971–1974), Toshkent milliy cholgʻu asboblari fabrikasida ekspeditor (1975–1979), soʻng Oʻzbekiston teleradio Davlat Qoʻmitasining adabiy-dramatik eshittirishlar bosh tahririyatida muharrir (1980–1992), Oʻzbekiston televideniyesi dublyaj studiyasining bosh muharriri (1993–1998) vazifalarida ishladi.
Olim Otaxonning “Kutish” nomli birinchi hikoyasi oʻquvchilik yillarida “Toshkent oqshomi” gazetasining 1967 yil 7 noyabr sonida bosilib chiqqan edi. Shundan soʻng “Bolalik kaptarlari” (1981), “Oqshom xayollari” (1986), “Ozod qushlar haqida qoʻshiq” (1988), “Adoqsiz koʻchalar” nomli hikoyalar toʻplamlari eʼlon qilindi.
Olim Otaxonning jahon adabiyotining mumtoz adiblari ijodidan qilgan tarjimalari eʼtiborga molikdir. Yasunari Kavabataning bir qator hikoyalari, Jek Londonning “Ajdodlar nidosi”, “Oq soʻyloq” qissalari, Uilyam Folknerning “Qirmizi yaproqlar” qissasi bilan “Quyosh zavoli” hikoyasi, Xulio Kortasar, Skott Fitsjerald, Karlos Fuenteslarning ayrim hikoyalari oʻzbek oʻquvchilariga uning tarjimasida maʼlumdir.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/olim-otaxon-1951/