Olgan har nafasing yangidir beshak

ULOQ

Togʻlar orasida, juda uzoqda,

Men ham qatnashganman bitta uloqda.

 

Uloqni oʻrtaga tashlar bakovul,

Maydonda boshlanar goʻyoki dovul.

 

Toʻzon koʻtarishib otlar chopishar,

Uloqni uzay deb qoʻllar yopishar.

 

Gohida tulporga berishadi pand,

Toʻplanib, yoʻliga solishadi band.

 

Baʼzilar gʻirromlik qilsa ham biroq

Qizir qizigandan koʻpkari-uloq.

 

Bu ham bir tomosha, bu ham havasdir,

Uloqning oʻrnida boʻlmasang basdir.

 

24.02.2011 yil

 

 

YUMUSH

Aslo ado boʻlmas tiriklik ishi,

Moneʼlik qilolmas unga hech bir jon.

Falon yumush bilan banddir u kishi,

Falon xizmatdadir mana bu inson.

 

Payt kelib, oʻzgartar kasbini birov,

Isteʼfo bergaydir, deylik, amaldor.

Sobiq deb atarlar ularni darrov,

Sobiqlar safi ham ming yillarki bor.

 

Kimki gar yuksaklik poyalarida

Xizmat qila oldi yurtiga sodiq –

Mudom bahra bordir soyalarida,

Mudom ulugʻlashar, boʻlsa-da sobiq.

 

Asli bu holatda yoʻq zarra alam,

Avlod-ku almashib turgay doimo.

Shoirim, tushmasin qoʻlingdan qalam,

Seni sobiqlikdan asrasin Xudo!

 

24.01.2011 yil

 

 

ILTIMOSNOMA

Tafakkur sohibi mana bu odam,

U aslo sinmaydi, qancha egmagin.

Biroq banda u ham, insondir u ham,

Hurmatli xudbinjon, unga tegmagin.

 

Mana bu odamda qalb bordir goʻzal,

Hislari oʻxshaydi yoyilgan kunga.

Iltimos qilaman, rahm aylagil sal,

Azizim dilozor, tegmagin unga.

 

Bunda-chi, porlaydi yorqin isteʼdod,

Aqlu his birlashib, unda boʻlmish jam.

Xudo haqqi, uni qilmagil barbod,

Qadrli hasadgoʻy, tegma unga ham.

 

Yaxshisi, barchangiz marhamat aylab,

Keling huzurimga, mehmon qilgayman.

Axir ayon menga sizdagi talab,

Har nechuk, men sizni koʻpdan bilgayman.

 

25.01.2011 yil

 

 

TUGʻILGAN KUN

Tugʻilgan kuningni chiqarma esdan,

Garchi taʼmalardan boʻlsang ham xoli.

Jilmayib turgaysan, goʻyo muxlisdan,

Maqtov kutayotgan shoir misoli.

 

Asli bunday ayyom yoshlargadir mos,

Ular ulgʻayishdan quvonmas nechun.

Keksa-chi, shukrona aytgaydir xolos,

Oʻlmay shu kunlarga yetgani uchun.

 

Yoshlar suron solar yana dunyoga,

Oyogʻin ostida chatnaydi tuproq.

Keksa-chi, ochsa ham qoʻlin duoga,

Keyingi sanasin oʻylaydi koʻproq.

 

07.01.2011 yil

 

 

SAVOB

Unda qaynab yotar mehr bulogʻi,

Yoʻq unga doʻstlarning yaqin-yirogʻi.

Savobga shu qadar botib ketmish u,

Faqat koʻrinadi ikki qulogʻi.

 

23.11.2010 yil

 

 

GAVHAR

Azizim, bir holni nazarga ilgil

Va unga hamisha rioya qilgil:

Yoʻlga sochiladi oddiy chagʻir tosh,

Gavhar qadaladi dastorga, bilgil!

 

23.11.2010 yil

 

 

ODAM

Bir zarrin ip tortar qoʻlimdan goʻyo,

Bolalik kirgandek chollar tushiga.

Men undan dastimni uzmasman aslo,

Bogʻliq u bobomning ogʻriq tishiga.

 

Ikkinchi qoʻlimdan tortar bir arqon,

Maqomi yuksaklik yoʻllaridadir.

Uning bitta uchi beshak, begumon,

Yovqur nabiramning qoʻllaridadir.

Dunyoda shu taxlit yashaydi Odam,

Goho magʻlub boʻlsa, gohida gʻolib.

Avlodlar izidan tashlar u qadam

Oʻtgan ajdodlarni yodiga olib.

 

01.11.2010 yil

 

 

URF

 

Tabiatda har neki odat boʻlur,

Chu eskirdi, odat tabiat boʻlur.

Alisher Navoiy

 

Dunyoda nima koʻp – urf koʻp, bolajon,

Bunyod boʻlibmizki, koʻrgaymiz uni.

Nimadir urf boʻlsa tongda nogahon,

Shomga yetib kelgay uning uchquni.

 

Deylik, paydo boʻldi pochasi tor shim,

Kuchuk talagandek yirtiq va yamoq.

Taqlid shu zahoti boshlanar, balkim

Ishton tikiladi undan battarroq.

 

Asli urf degani gʻoyatda zoʻr kuch,

Ohorin yoʻqotmas donolar soʻzi.

Odamzod hamisha yangilikka oʻch,

Axir yangilik-ku tugʻilmoq oʻzi.

 

Mana, kompyuter ham zamon talabi,

Raketa odamni eltgay samoga.

Lekin inson zotin bitmas matlabi,

U tahrir kiritar doim dunyoga.

 

Aslo tinim bilmay charx urar falak,

Dinlar, falsafalar yashar qorishiq.

Olgan har nafasing yangidir beshak,

Tajriba Xoliqqa aslan yarashiq.

 

Xuddi hozirgidek zaminu osmon,

Turli urflar bilan liq toʻlgan edi.

Gʻalati bir mavsum, ba hukmi zamon,

Menga tosh otish ham urf boʻlgan edi.

 

U kezlar nainki oʻzlikni, balki,

Oʻzbekligimni ham aytolmas edim.

Yoshim ming yillarga teng kelsa hamki,

Bitik toshlarimga qaytolmas edim.

 

Garchi, egiz edi biz bilan davron,

Qanotsiz qolgandi lekin tafakkur.

Shuncha talotoʻpdan oʻtib sogʻ-omon,

Sheʼr yozib yuribman, Allohga shukur.

 

4.04.2010 yil

 

Abdulla ORIPOV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 4-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/olgan-har-nafasing-yangidir-beshak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x