Anton CHEXOV
(toʻrt pardali komediya)
QATNASHUVCHILAR:
R a n ye v s k a ya Lyubov Andreevna – pomeshchik ayol.
A n ya – uning qizi, 17 yashar.
V a r ya – asrandi qizi, 24 yashar.
G a ye v Leonid Andreevich – Ranevskayaning akasi.
L o p a x i n Yermolay Alekseevich – savdogar.
T r o f i m o v Petr Sergeevich – student.
S i m ye o n o v – P i sh ch i k Boris Borisovich – pomeshchik
Sh a r l o t t a Ivanovna – murabbiya.
Ye p i x o d o v Semyon Panteleevich – kontorchi.
D u n ya sh a – oqsoch qiz.
F i r s – malay 87 yoshda.
Ya sh a – yosh malay.
Oʻ t k i n ch i.
S t a n s i ya n a ch a l n i g i.
P o ch t a a m a l d o r i.
M ye h m o n l a r, x i z m a t k o r l a r.
Voqia L. A. Ranevskayaning qoʻrgʻonida oʻtadi.
BIRINCHI PARDA
Hanuzgacha bolalarniki deb ataladigan boʻlma. Eshiklarning biridan Anyaning boʻlmasiga kiriladi. Tong otar payti; hademay quyosh chiqib qoladi. May oyi, olchalar gullagan, lekin bogʻ juda sovuq.
Tong sovugʻi esib turadi. Derazalar berk. Sham koʻtargan Dunyasha va qoʻlida kitob bilan Lopaxin kiradilar.
L o p a x i n. Xudoga shukur, poyezd ham keldi. Soat necha boʻldiykin?
D u n ya sh a. Ikki boʻlib qoldi. (Shamni oʻchiradi.) Tong ham yorishib ketdi.
L o p a x i n. Shunday qilib, poyezd necha soat kechikib keldi? Kam deganda ikki soatcha kechikkandir. (Xomiza tortib, kerishadi.) Meni qara-ya, shunaqa ham betamizlik boʻladimi? Ularni stansiyada kutib olish uchun atayi kelib, birdan uxlab qolibman-a… Oʻtirgan joyimda-ya. E, attang… Loaqal sen ham uygʻotib qoʻymabsan-a…
D u n ya sh a. Men sizni ketib qoldingiz deb oʻylabman. (Quloq soladi.) Ana, kelishayotganga oʻxshaydi.
L o p a x i n (quloq berib). Yoʻq… Hali bagaj olishadi, u-bu degandek…
Pauza.
Lyubov Andreevna besh yildan buyon chet elda yashaydi, bilmadim hozir qanaqa boʻlib ketgan ekan… Oʻzi xoʻp asl odam-da. Xushfeʼl, soddagina. Esimda bor, oʻn besh yashar bola edim, rahmatlik otam shu qishloqda boqqollik qilardi. Bir kuni nima ham boʻldi-yu, bir ish bilan qoʻrgʻonga kelib qoldik, otam mast edi. Bir vaqt yuzimga bir musht solib qolsa boʻladimi. Burnim qonab ketdi… Hozir ham koʻz oldimdan ketmaydi: yoshgina, oriqqina Lyubov Andreevna meni ana shu bolalar boʻlmasidagi umivalnik oldiga yetaklab kelib: “Yigʻlama, mujichok, toʻyinggacha tuzalib ketadi” degan edilar.
Pauza.
Mujichok-a… Toʻgʻri, otam mujik, qishloqi odam edi, ha men-chi, mana ustimda oppoq jiletka, oyogʻimda sariq botinka. Qarqunoqdan bulbul chiqqanday… Faqat badavlatman xolos, pulim koʻp, lekin munday oʻylab qarasam, qishloqidan farqim yoʻq… (Kitobni varaqlaydi.) Mana bu kitobni oʻqidim-u, lekin biron narsa tushungan boʻlsam oʻlay. Oʻqib oʻtirib, uxlab qolibman.
Pauza.
D u n ya sh a. Egalarining kelishini bilib, itlar ham tuni boʻyi uxlamay gʻinshib chiqdi.
L o p a x i n. Senga nima boʻldi Dunyasha, nega bunaqa…
D u n ya sh a. Qoʻl-oyoqlarim titrab ketyapti. Hozir hushimdan ketib yiqilaman.
L o p a x i n. Judayam noziksan-da oʻzing, Dunyasha. Kiyimlaring xuddi oyimqizlarnikiday, soch tarashlaring ham shunaqa. Bunday qilishing yaramaydi. Oʻzingning kim ekaningni unutma.
Qoʻlida guldasta koʻtargan Yepixodov kiradi, egnida pidjak, yaltiroq etigi gʻarchillaydi; uyga kira turib, qoʻlidan guldasta tushib ketadi.
Ye p i x o d o v (gulni yerdan olib). Mana bu gulni bogʻbon berib yubordi. Yemakxonaga qoʻyishsin deb tayinladi. (Guldastani Dunyashaga beradi.)
L o p a x i n. Menga kvas ola kel.
D u n ya sh a. Xoʻp. (Chiqib ketadi.)
Ye p i x o d o v. Boqqa qirov tushibdi, sovuq desangiz uch daraja. Shunday boʻlsa ham olchalar barq urib gullab yotibdi. Sizlarning iqlimingiz menga yoqmadi. (Xoʻrsinadi.) Aslo yoqmadi. Bizning iqlimga sira oʻxshamas ekan. Mana, Yermolay Alekseich, men sizga aytsam, oʻtgan kuni mana bu etikni sotib olgan edim, men sizga aytsam, shunday gʻarchillaydiki, asti qoʻyavering. Nima bilan buni moylasam ekan?
L o p a x i n. Nari tur. Jonga tegding.
Ye p i x o d o v. Har kuni biron falokatga uchrayman. Bundan sira nolimayman, negaki, oʻrganib qolganman, hatto iljayib yuraveraman.
Dunyasha kirib, Lopaxinga kvas beradi.
Men endi ketay. (Stulga qoqiladi, stul agʻnab ketadi) Mana… (Xuddi maqtangandek.) Mana, men sizga aytsam, kechirasiz, koʻrdingizmi qanday hodisa yuz berdi… Bir hisobda, bu ajoyib narsa boʻldi oʻzi. (Chiqib ketadi.)
D u n ya sh a. Yermolay Alekseich, men sizga toʻgʻrisini aytsam, Yepixodov menga uylanmoqchi.
L o p a x i n. Rostmi?
D u n ya sh a. Nima qilishni bilmay qoldim… Oʻzi moʻmin-qobilgina odam, lekin bir gap boshlasa hech baloni tushunib boʻlmaydi, gaplari yaxshi, taʼsirli, faqat tushunib olish qiyin. Uning oʻzi menga yoqqanday koʻrinadi. Meni boʻlsa jonidan ham yaxshi koʻradi. Oʻzi baxtsiz odam, kunda boshiga biron falokat tushib turadi. Bu yerda uni falokat bosgan deb masxara qilishadi.
L o p a x i n (quloq solib). Ana, kelishayotganga oʻxshaydi…
D u n ya sh a. Kelishyapti! Kelishyapti! Ie, menga nima boʻldi oʻzi… Titrab ketyapman.
L o p a x i n. Rostdan, kelishyapti. Qani, yur, kutib olaylik. Lyubov Andreevna tanirmikan meni? Besh yil koʻrishmadik.
D u n ya sh a (hayajonlanib). Men hozir yiqilib tushaman… Voy, yiqilaman!
Ikki ekipajning uy oldiga kelib toʻxtagani eshitiladi. Lopaxin bilan Dunyasha tez chiqib ketadilar. Sahna boʻshab qoladi. Yendagi uylardan tovushlar eshitila boshlaydi. Sahnadan Lyubov Andreevnani kutib olishga borgan Firs hassa tayanib tez-tez oʻtadi Ustida qadimgicha livreya, boshida baland shlyapa; oʻzicha allanimalar deb gapiradi, lekin bir soʻzini ham anglab boʻlmaydi. Sahna orqasida shovqin zoʻrayadi. “Mana bu yoqqa…” degan tovush eshitiladi. Safar kiyimlari kiygan Lyubov Andreevna, Anya, zanjirband itni yetaklagan Sharlotta Ivanovna, palto kiygan va boshiga roʻmol oʻragan Varya, Gayev, Simeonov-Pishchik, Lopaxin, tugun va zontik koʻtargan Dunyasha, yuk koʻtargan xizmatkorlar – hammalari boʻlmadan ichkari uyga oʻtadilar.
A n ya. Bu yoqdan yuringlar. Oyi, bu uyning qaysi boʻlma ekanligi esingdami?
L yu b o v A n d r ye ye v n a (sevina-sevina yigʻi aralash). Bolalar xonasi.
V a r ya. Kun juda sovugʻ-a. Qoʻllarim qotib ketdi. (Lyubov Andreevnaga qarab.) Oyijon, sizning yaxshi koʻrgan oq va gunafsha rang boʻlmalaringiz qanday boʻlsa, shu holicha turibdi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bolalar boʻlmasi, jonginam, juda yaxshi boʻlma. Men ham bolaligimda shu uyda yotar edim… (Yigʻlaydi.) Hozir ham xuddi yosh boladayman… (Akasini, Varyani, keyin yana akasini oʻpadi.) Varya boʻlsa sira oʻzgarmabdi, hali ham monashkaga oʻxshaydi. Dunyashani ham tanidim… (Dunyashani oʻpadi.)
G a ye v. Poyezd ikki soat kechikib keldi. Bu qanday gap? Qanday tartib?
Sh a r l o t t a (Pishchikka qarab). Mening itim yongʻoq ham yeydi.
P i sh ch i k (hayratlanib). Uni qarang-a!
Anya bilan Dunyashadan boʻlak hamma chiqib ketadn.
D u n ya sh a. Kuta-kuta koʻzim toʻrt boʻldi. (Anyaning palto va shlyapasini yechib oladi).
A n ya. Men yoʻlda toʻrt kecha uxlamadim… Juda sovqotib ketdim…
D u n ya sh a. Siz roʻza kezda ketgan edingiz, qor yoqqan edi, qahraton sovuq edi. Endi-chi! Jonginam-yey! (Kuladi, Anyani oʻpadi.) Kuta-kuta oʻlib boʻldim. Jonginam, shiringinam!.. Sizga aytadigan bir gapim bor, hozir aytmasam yuragim qinidan chiqib ketadi.
A n ya (xomush). Yana biron nimadir-da.
D u n ya sh a. Kontorchi Yepixodov hayitdan keyin menga uylanish toʻgʻrisida taklif qildi.
A n ya. Kampirning dardi gʻoʻzada… (Sochlarini tuzatadi.) Hamma shpilkalarimni yoʻqotib keldim. (Anya juda charchagan, hatto gandiraklaydi.)
D u n ya sh a. Nima qilishimni ham bilmay qoldim. Meni biram yaxshi koʻradiki!
A n ya (oʻz boʻlmasining eshigiga karab, erkalanib). Mening uyim, oʻzimning derazalarim… Xuddi hech qayerga ketmaganga oʻxshayman! Yana uyimdaman! Ertaga ertalab oʻrnimdan turaman-u, yugurgancha bogʻchaga chiqaman… Oh, qani endi uyqum kelsa. Yoʻlda mijja qoqmadim… Tashvish ezib yubordi.
D u n ya sh a. Oʻtgan kuni Pyotr Sergeevich kelgan edilar.
A n ya (sevinib). Petya!
D u n ya sh a. Hammomda turadilar, sizlarga malol keladimi, deb qoʻrqaman deydilar. (Oʻzining yon soatiga qarab.) Borib uygʻotsam boʻlardi-yu, Varvara Mixaylovna ruxsat etmadilar. Uni uygʻotma dedilar.
Varya kiradi, belida bir shoda kalit.
V a r ya. Dunyasha, qani tezroq kofe keltir… Oyim kofe soʻrayaptilar.
D u n ya sh a. Hozir olib kelaman. (Chiqib ketadi.)
V a r ya. Xudoga shukur-yey; omon-eson yetib keldinglar. Sen yana oʻz uyingdasan. (Erkalanib.) Jonginam keldi! Goʻzalim keldi!
A n ya. Koʻp qiynaldim.
V a r ya. Bilaman, bilaman!
A n ya. Men hayit haftasida ketgan edim, unda sovuq edi. Bora-borguncha Sharlotta vaysab bordi, har xil nayranglar koʻrsatib bezor qildi. Nimaga Sharlottani menga qoʻshib yubording-a…
V a r ya. Yolgʻiz ketishing boʻlmas edi-da, joginam. Oʻn yetti yashar qizsan, axir.
A n ya. Parijga kirib borsak – sovuq, qor yoqqan ekan. Oʻzim fransuzcha gapirishga oʻlarday noʻnoqman. Oyim beshinchi qavatda turar ekan, kirsam – uy toʻla qandaydir fransuzlar, xonimlar, qoʻlida kitob ushlagan qari ruhoniylar, hamma yoqni tamaki tutuni bosib ketibdi. Uylari ham koʻrimsiz ekan. Oyimga juda rahmim keldi, shunday rahmim kelib ketdiki, boshidan qattiq quchoqlab oldim, ancha mahalgacha qoʻyib yuborgim kelmadi. Keyin oyim erkalandi, yigʻladi…
V a r ya (yigʻi aralash). Qoʻy, gapirma, boʻldi…
A n ya. Mentona yonidagi chorbogʻini ham sotib yubordi. Bisotida hech nima qolmadi, hamma yoq qup-quruq. Menda ham bir tiyin qolmadi, arang yetib keldik. Shunday boʻlsa ham, oyimning sira tushungisi kelmaydi! Vokzalda ovqat yegani oʻtirsak, eng qimmat taomlarni buyuradi, malaylarga esa bir soʻmdan choy puli beradi. Sharlotta ham shunaqa. Yasha ham oʻziga alohida ovqat olinishini talab qiladi, juda ham qiyin boʻldi. Bu Yasha deganimiz – oyimning malayi, uni ham birga olib keldik…
V a r ya. Koʻrdim oʻsha muttahamni.
A n ya. Xoʻsh, bu yerda ishlar qalay? Protsentlarni toʻladinglarmi?
V a r ya. Qayoqdan toʻlaymiz.
A n ya. Eh tangrim, ah tangrim!..
V a r ya. Avgustda qoʻrgʻon va mulklar sotilarmish.
A n ya. Voy, oʻlay!..
L o p a x i n (eshikdan moʻralab, magʻraydi). Ma-a-a! (Ketadi.)
V a r ya (yigʻi aralash). Basharasiga bir tushiraman-da… (Musht oʻqtaladi.)
A n ya (Varyani quchoqlab, sekin). Varya, u senga rostdan uylanmoqchimi?
Varya “yoʻq” deb boshini chayqaydi.
Axir u, seni yaxshi koʻradi-ku… Nega bir-birlaring bilan koʻngil ochib gaplashmaysizlar, nimani kutasizlar, axir?
V a r ya. Men bu ishdan hech narsa chiqmas deb oʻylayman, u ishi koʻp odam boʻlsa, men bilan soʻzlashishga, uchrashishga fursati yoʻq… u yogʻini soʻrasang, menga qayrilib ham qaramaydi. Xudo olsin uni, koʻrarga toqatim bormi. Hamma bizning toʻyimiz haqida gapiradi, hamma qutlaydi, tegini surishtirsang – hech narsadan darak yoʻq, hammasi tushga oʻxshaydi… (Boshqacha ohangda.) Broshkang xuddi asalariga oʻxsharkan.
A n ya (gʻamgin bir ohangda.) Buni oyim olib bergan edi. (Oʻz boʻlmasiga qarab yuradi. Xuddi bolalarga oʻxshab, shoʻxlik bilan gapiradi.) Men Parijda havo shariga tushib uchdim!
V a r ya. Oʻzimning jonginam keldi! Goʻzalim keldi!
Dunyasha kofe idishi bilan kirib, kofe tayyorlay boshlaydi.
(eshik oldida turib). Ertadan kechgacha roʻzgʻor bilan ovora boʻlib, xayollarga ketaman, jonginam. Seni biron badavlat kishiga uzatsak men ham tinchib qolardim, tarki dunyo qilib ketardim, keyin Kiyevga… Moskvaga borar edim, aziz joylarni ziyorat qilib yurar edim. Xoʻp yurar edim-da. Xayrli ish qilgan boʻlardim.
A n ya. Bogʻda qushlar sayrayapti. Soat necha boʻldiykin?
V a r ya. Ikkidan oshgandir. Sen endi yotib uxla, jonginam. (Anyaning uyiga kirib.) Juda soz!
Yasha chamadon bilan palto koʻtarib kiradi.
Ya sh a (sahnadan oʻtib boradi, odobli odamga oʻxshab gapiradi). Bu yerdan oʻtsam mumkinmi?
D u n ya sh a. Juda odam taniyolmaydigan boʻlib ketibsiz, Yasha. Chet elda yurib mutlaqo boshqacha boʻlib ketibsiz.
Ya sh a. Shunday. Oʻzlari kim boʻladilar?
D u n ya sh a. Siz ketganingizda men mana bunday edim. (Qoʻli bilan koʻrsatadi.) Dunyasha, Fedor Kozoyedovning qizi boʻlaman. Unutdingizmi?
Ya sh a. E-ha-a… Doʻndiqcha ekansiz-ku! (U yoq-bu yoqqa olazarak qarab, Dunyashani quchoqlaydi; Dunyasha qichqirib yuboradi va qoʻlidagi idishi tushib ketadi, Yasha darrov chiqib ketadi.)
V a r ya (eshikdan qarab, ranjigan tovush bilan). Yana nima balo boʻldi?
D u n ya sh a (yigʻlab). Idishni sindirib qoʻydim…
V a r ya. Hamma balo-qazo shunga ursin.
A n ya (oʻz uyidan chiqib). Petyaning shu yerda ekanligini oyimga aytish kerak edi.
V a r ya. Uxlayversin. Uni uygʻotmanglar deganman.
A n ya (xayol surib ketadi). Bundan olti yil avval otam vafot qildi, undan bir oy keyin ukam Grisha daryoga choʻkib oʻldi, yetti yashar yaxshigina bola edi. Bu gʻamni koʻtara olmasdan oyim boshini olib chiqib ketdi… (Seskanib tushadi.) Uning dardi-alamini men yaxshi bilaman, qani endi buni oʻzi bilsa.
Pauza.
Petya Trofimov Grishaning muallimi edi, u koʻp narsalarni eslatishi mumkin…
Firs kiradi; egnida pidjak va oq jiletka.
F i r s (kofe idishiga yaqinlashadi; tashvishlanib). Bekam kofeni shu yerda ichmoqchilar… (Qoʻliga oq qoʻlqop kiyadi.) Kofe tayyormi? (Dunyashaga, doʻq bilan.) Senga aytaman? Qaymoq qani?
D u n ya sh a. Voy, oʻlmasam!.. (Yugurib chiqib ketadi.)
F i r s (kofe idishi oldida ivirsib). Voy, merov qiz-yey… (Oʻzicha mingʻillaydi.) Parijdan keldilar… Xoʻjayin ham bir vaqtlari Parijga borgan edilar… Faytunda… (Kuladi.)
V a r ya. Firs, sen nimaga kulyapsan?
F i r s. Nima deysiz? (Sevinib.) Mening bekam keldilar! Axir koʻrishishga muyassar boʻldik! Endi oʻlsam armonim yoʻq… (Sevinganidan yigʻlaydi.)
Lyubov Andreevna, Gayev va Simeonov-Pishchik kiradilar. Simeonov-Pishchik nozik suknodan kamzul va keng pochali shim kiygan. Gayev kirishi bilanoq qoʻl va gavdasi bilan xuddi billiard oʻynayotganday harakat kiladi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qanday edi! Ha, esimga kela qolsa-chi… Sarigʻini burchakka! Oʻrtaga duplet!
G a ye v. Burchakka qiyalab! Singlim, bir vaqtlari ikkimiz ham xuddi shu uyda yotar edik, mana endi ellik birga kiribman, qiziq…
L o p a x i n. Ha, umr oʻtib ketmoqda.
G a ye v. Kim deysan?
L o p a x i n. Umr oʻtib ketmoqda deyman.
G a ye v. Bu yerdan rayhon hidi keladimi.
A n ya. Men kirib uxlayman. Xayrli kech, oyijon. (Oyisini oʻpadi )
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Oʻzimning aqlli qizginam! (Qizining qoʻlini oʻpadi.) Mana endi uydasan, xursanddirsan? Men boʻlsam hali-hali oʻzimga kelolmayman.
A n ya. Xayr, togʻa.
G a ye v (Anyaning yuzidan, qoʻllaridan oʻpadi.) Xudoga topshirdim seni. Xuddi onangga oʻxshaysan-a! (Singlisiga qarab.) Lyuba, sen ham yoshligingda xuddi shunaqa eding.
Anya Lopaxin v aPishchik bilan qoʻl berib xayrlashadi va chiqib ketib, eshikni yopadi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qizginam juda charchagan.
P i sh ch i k. Yoʻl olis-da, axir.
V a r ya (Lopaxin bilan Pishchikka qarab). Xoʻsh, janoblar? Soat ikkidan oshdi, izzatni ham bilinglar-da.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (kulib). Sen sirayam oʻzgarmabsan, Varya. (Varyani quchoqlab oʻpadi.) Mana, men kofeni ichib boʻlay, soʻng hammamiz tarqalishamiz.
Firs uning oyoqlari tagiga yostiq keltirib qoʻyadi.
Baraka top, azizim. Kofe ichishga oʻrganib qolibman. Ertayu-kech ichganim ichgan. Rahmat, otaxon. (Firsni oʻpadi.)
V a r ya. Hamma yukni olib kelishdimikan, chiqib qaray-chi… (Chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Men rostdan ham shu yerda oʻtiribmanmi? (Kuladi.) Qoʻllarimni yozib, sakrab oʻynagim keladi! (Yuzini qoʻllari bilan berkitadi.) Birdan tushim boʻlib qolsa-ya! Xudo koʻrib turibdi, oʻz vatanimni juda sevaman, butun vujudim bilan sevaman, vagon derazalaridan sira qarayolmadim, qarasam – yigʻlab yuboraverdim. (Iigʻlaydi.) Aytmoqchi, kofeni ichish kerak. Rahmat senga, Firs, rahmat, otaxon. Sening sogʻ-salomatligingni koʻrib, behad sevindim.
F i r s. Oʻtgan kuni.
G a ye v. Qulogʻi ogʻirroq boʻlib qolgan.
L o p a x i n. Bir ozdan keyin, soat beshlarda, men Xarkovga joʻnab ketishim kerak. E, afsus! Sizni koʻrish, suhbatlashish orzusida edim… Siz hali ham boyagi-boyagidek goʻzalsiz…
P i sh ch i k (ogʻir nafas olib). Qaytangga, chiroyingiz ochilib ketibdi… Kiyimlaringiz boʻlsa parijcha… Oh, endi yurak-bagʻrim oʻrtanadigan boʻldi-ku…
L o p a x i n. Akangiz Leonid Andreevich meni nodon, ziqna deydilar, ammo bu gaplar menga qattiq tegmaydi. Mayli gapiraversinlar. Men faqat, siz ilgarilari qanchalik menga ishonib kelgan boʻlsangiz bundan keyin ham shunday ishonishingizni, ajoyib mehribon koʻzlaringiz bilan menga qanday qarab kelgan boʻlsangiz, bundan soʻng ham shunday qarashingizni umid qilaman. Xudo gʻamxoʻr! Mening otam sizning bobongiz va otangiz qoʻlida krepo-stnoy edi, ammo men uchun siz, shaxsan sizning oʻzingiz koʻp yaxshilik qilgansiz, shu tufayli men butun narsani unutib, sizni oʻzimning tugʻishgan opamdan ham ortiq hurmat qilaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bir joyda tinch oʻtirolmayman, sira sabrim chidamaydi… (Oʻrnidan turib, u yoqdan-bu yoqqa hayajonlanib yura boshlaydi.) Bu quvonchni asti ichimga sigʻdirolmayman… Meni masxara qilib kulinglar, men tentak boʻlib qoldim… Shkaf jonim! (Shkafni oʻpadi.) Oʻzimning stolcham…
G a ye v. Sen yoʻgʻingda bu yerda enaga oʻldi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (oʻtirib kofe ichadi). Joyi jannatda boʻlsin. Xatda yozishgan edi.
G a ye v. Anastasiy ham oʻldi. Petrushka galay mendan boʻshab ketib, shaharda pristavnikida xizmat qilyapti. (Choʻntagidan bir quticha obaki chiqarib, ogʻziga solib shima boshlaydi.)
P i sh ch i k. Qizcham… Dashyonkam… sizga salom aytib yubordi…
L o p a x i n. Sizga juda koʻngilli, xursand qiladigan biron gap aytgim kelyapti. (Soatiga qaraydi.) Hozir joʻnab ketaman, gaplashib oʻtiray desam – vaqt yoʻq… Ha, boʻlmasa, bir-ikki ogʻiz gap bylan aytib qoʻya qolay. Uzingizga ham maʼlumki, qarzingizni qoplash uchun olchazoringiz sotiladigan boʻlib turibdi. Savdo yigirma ikkinchi avgustga tayinlangan. Ammo, siz tashvish tortmang, azizim, bemalol yotib uxlayvering, bundan qutulishning iloji bor… Mening rejam bunday, eʼtibor berishingizni soʻrayman. Sizgging mulkingiz bilan shahar oʻrtasi nihoyati yigirma chaqirim keladi, yoningizdan temir yoʻl oʻtgan, agar olchazorni va daryo yoqasidagi yerlarni bogʻchalarga boʻlib chiqib, keyin ularni barbogʻchilarga ijaraga berilsa, yiliga kamida 25 ming soʻmdan daromad olasiz.
G a ye v. Kechirasiv, shu ham gap boʻptimi!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Gapingizga yaxshi tushunolmadim, Yermolay Alekseich.
L o p a x i n. Barbogʻchilardan yiliga har bir desyatina yer uchun kamida yigirma besh soʻmdan ijara haqi olasiz, agar buni hozirdanoq eʼlon qilsangiz, men aminman, kuzgacha bir parcha ham boʻsh yeringiz qolmaydi, hammasini talab ketishadi. Xullaskalom, tabriklayman, shunday qilnb katta bir falokatdan qutulib qoldingiz. Atrof-tevarak nihoyati serzavq va nashʼali yerlar, daryo chuqur. Albatta, baʼzi joylarni buzib tashlash, tozalash kerak boʻladi… Chunonchi, hamma eski-tuski imoratlarni, mana shu oʻtirgan uyingizni ham buzib tashlash kerak, baribir hech nimaga yaramaydi, eski olchazorni ham kesib tashlash kerak boʻladi…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Olchazorni kesib tashlash kerak dedingizmi? Aziznm, kechiring, siz hech narsaga tushunmas ekansiz. Agar butun gubernada bittayu-bitta ajoyib narsa topilsa – u ham bizning mana shu olchazorimiz boʻladi.
L o p a x i n. Bu bogʻning ajoyibligi shundaki, u juda katta, xolos. Olchangiz ikki yilda bir marta hosil qiladi, u hosilni ham hech yerga sigʻdirolmaysiz, hech kim olmaydi.
G a ye v. Bu bogʻ hatto “Ensiklopediya lugʻati”ga ham kirgan.
L o p a x i n (soatiga qarab). Agar biron fikr va qarorga kelmasak yigirma ikkinchi avgustda olchazor ham, butun yer-mulk ham kimoshdi savdosi bilan sotilib ketadi. Gapimga kirib, xoʻp deyavering! Boshqa iloj yoʻq, rost aytaman.
F i r s. Qadim vaqtlarda, bundan 40–50 yillar avval, olchani quritardilar, yumshatardilar, sirkalardilar, undan qiyom pishirardilar, shunday boʻlar ediki…
G a ye v. Jim tur, Firs.
F i r s. Shunday boʻlar ediki, quritilgan olchani arava-arava qilib Moskvaga, Xarkovga joʻnatilardi. Rosa pul boʻlardi-da! Yana qurigan olchalar u vaqtlarda yumshoqqina, shirali, xushboʻy va shirin boʻlardi… U vaqtlarda buning usulini bilar edilar-da…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Hozir-chi?
F i r s. Esdan chiqib ketgan. Hech kim bilmaydi.
P i sh ch i k (Lyubov Andreevnaga). Parijlar qalay? Yaxshi ekanmi? Qurbaqa yedingizmi?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Timsoh yedim.
P i sh ch i k. Tavba!..
L o p a x i n. Hozirga qadar qishloqda boylar bilan mujiklar boʻlar edi, endi sekin-sekin barbogʻchilar ham paydo boʻla boshladi. Hozir hamma shaharlarning, hatto eng kichkina shaharning ham atrofiga dachalar qurilmoqda. Qatʼiy aytish mumkinki, yana yigirma yillardan keyin barbogʻchilarning son-sanogʻiga yetib boʻlmaydi. Barbogʻchi hozir balkonda choy ichib oʻtiradi, ammo borib-borib u oʻzining ana shu bir desyatina yerini poliz qilib yuborishi aniq, u vaqtda sizning olchazoringiz yanada koʻrkam, yanada muhtasham va tengi yoʻq bir joyga aylanib ketadi.
G a ye v (ensasi qotib, jahl bilan). Boʻlmagan gap!
Varya bilan Yasha kiradi.
V a r ya. Oyijon sizga ikkita telegramma kelgan edi. (Kalitlardan birini tanlab, qadimgi shkafni jaranglatib ochadi.) Mana.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bular Parijdan. (Telegrammalarni oʻqimasdan yirtib tashlaydi.) Parij bilan hisob-kitob bitdi…
G a ye v. Bilasanmi, Lyuba, mana shu shkafimiz necha yoshda? Oʻtgan hafta pastki yashigini ochgan edim, kuydirib bosilgan raqamga koʻzim tushib qoldi. Shkaf bundan roppa-raso yuz yil ilgari yasalgan ekan. Qalay, yubileyini oʻtkazsak ham boʻlar deyman? Oʻzi-ku jonsiz bir narsa-ya, lekin shunday boʻlsa ham, har holda kitob shkafi-ku!
P i sh ch i k (hayron qolib). Yuz yil-a!.. Tavba!
G a ye v. Mana bu arziydigan mulk… (Shkafni silaydi.) Qimmatli muhtaram shkaf! Yuz yildan beri ezgu va adolat gʻoyalariga xizmat qilib kelgan umringni tabriklayman, sen yuz yildan beri tilsiz, ammo samarali xizmat qilib, charchamading (yigʻi aralash), avlod-ajdodimizga gʻayrat, kuch, goʻzal istiqbolga ishonch bagʻishlab kelding, bizni ezgulik ruhida, jamoatga xizmat qilish ruhida tarbiyalab kelding…
Pauza.
L o p a x i n. Shunday…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Lenya, sen hali ham oʻsha-oʻshasan-a.
G a ye v (bir oz xijolat tortib). Sharni oʻng tarafdagi burchakka! Qiyalab oʻrtaga moʻljallayman!
L o p a x i n (soatiga qarab). Xoʻp, men ketdim boʻlmasa.
Ya sh a (Lyubov Andreevnaga dori beradi). Mana bu dorini ichib yuborsangiz boʻlardi…
P i sh ch i k. Dori ichish yaramaydi, azizim… Doridan na naf bor, na zarar… Qani bu yoqqa bering-chi, qadrdonim. (Dorini olib, kaftiga soladi, bir puflab, kvas bilan ichib yuboradi.) Mana, vasssalom!
L yu b o v A n d r ye ye v n a (qoʻrqib ketadi). Iye, jinni boʻldingmi?
P i sh ch i k. Hamma dorini ichib yubordim.
L o p a x i n. Ichingda oʻpqoning bormi deyman!
Hamma kuladi.
F i r s. Bu kishi hayitda kelib, bir oʻzlari yarim chelak bodring yeb ketganlar… (Pichirlaydi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U nima deyapti?
V a r ya. Uch yildan beri shunaqa pichirlaydigan boʻlib qolgan. Biz oʻrganib ketganmiz.
Ya sh a. Keksayib qolgan-da.
Oq koʻylak kiygan, lornetini belbogʻiga bogʻlab olgan, ozgʻingina Sharlotta Ivanovna sahnadan oʻtadi.
L o p a x i n. Kechirasiz, Sharlotta Ivanovna, hali siz bilan koʻrishganim yoʻq. (Sharlottaning qoʻlini oʻpmoqchi boʻladi.)
Sh a r l o t t a (qoʻlini tortib oladi). Qoʻlimdan oʻpishingizga ruxsat etsam, keyin bilagimdan oʻpishni xohlab qolasiz, keyin yelkamni oʻpgingiz keladi…
L o p a x i n. Bugun omadimiz yurishmagan kun ekan-da.
Hamma kuladi.
Sharlotta Ivanovna, bir fokus koʻrsatsangiz-chi!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ha, Sharlotta, bir fokus koʻrsating!
Sh a r l o t t a. Keragi yoʻq, uyqum kelib turibdi. (Chiqib ketadi.)
L o p a x i n. Uch haftadan keyin koʻrishamiz (Lyubov Andreevnaning qoʻlidan oʻpib, xayrlashadi.) Hozircha xayr. Men ketdim. (Gayevga qarab.) Xayr. (Pishchik bilan oʻpishib xayrlashadi.) Xayr! (Varyaga, keyin Firs bilan Yashaga qoʻl berib.) Sira ketgim kelmayapti-da. (Lyubov Andreevnaga qarab.) Basharti chorbogʻ haqida biron qarorga kelsangiz, darhol menga daragini bering, ellik ming soʻmcha pul qarz topaman. Pishiqroq oʻylang, lekin.
V a r ya (jaxl bilan). Xah, keta qolsangizchi endi!
L o p a x i n. Ketdim, ketdim… (Chiqib ketadi.)
G a ye v. Surbet! Iye, pardon… Aytmoqchi, Varya unga tegmoqchi-ya, Varyaning qayligʻi-ku.
V a r ya. Yoʻq yerdagi gaplarni gapirmasangiz-chi, togʻa.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ha, nima qipti, Varya, men koʻp xursand boʻlardim. U yaxshi odam.
P i sh ch i k. Toʻgʻrisini aytish kerak, u juda… tuzuk odam… Mening qizim Dashenka ham, deydiki, har xil gaplarni deydi-da. (Xurrak otadi va shu ondayoq uygʻonib ketadi.) Har holda, hurmatligim, menga ikki yuz qirq soʻm… pul qarz berib turmasangiz boʻlmaydi. Ertaga qarz protsentlarini toʻlashim kerak.
V a r ya (qoʻrqib ketib). Pul yoʻq, sira yoʻq!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Rostdan ham hech pulim yoʻq.
P i sh ch i k. Topilib qolar. (Kuladi.) Men sira noumid boʻlmayman. Mana endi ishimning butun pachavasi chiqdi, xonavayron boʻldim deb tursam, birdan yerimdan temir yoʻl oʻtib qoldi, menga esa… haq toʻlashdi. Bugun emas, ertaga, ajab emas yana biron narsa chiqib qolsa… Dashenka ikki yuz ming soʻm yutishi mumkin… Uning biletya bor.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Kofe ham ichildi. Endi yotsak boʻladi.
F i r s (Gayevning ustivoshini shchyotka bilan tozalab, koyingan ohangda gapiradi). Yana boshqa shimni kiyibsizda. Sizni endi nima qilsam boʻladi-da!
V a r ya (sekin). Anya uxlayapti. (Sekin derazani ochadi.) Oftob ham chiqdi, havo uncha sovuq emas. Bir qarang, oyijon! Daraxtlar naqadar goʻzal! Oh tangrim, havoni aytmaysizmi! Maynalar sayraydi!
G a ye v (boshqa derazani ochadi). Bogʻ oppogʻ-a. Esing-da bormi, Lyuba! Huv, anavi uzun xiyobon xuddi tarang tortilgan tasmaga oʻxshaydi, oydin kechalarda yalt-yalt qiladi. Yodingdami? Unutmadingmi?
L yu b o v A n d r ye ye v n a (derazadan boqqa qarab). Oh, yoshligim, pok bolaligim! Men xuddi shu uyda uxlardim, derazadan boqqa qarab yotar edim, har kuni tongda men bilan birga baxtim uygʻonar edi. Oʻsha vaqtlarda ham bogʻ xuddi shunaqa, hozirgidek edi, hech oʻzgarmabdi. (Suyunganidan kuladi.) Hamma yogʻi oppogʻ-a! Oh, mening bogʻim! Yomgʻirli kuz kechalaridan, qahraton qishlardan keyin sen yana yoshsan, baxtlisan, qoʻyningda farishtalar uchib yuribdi… Oh, qani endi qalbim va yelkamdagi ogʻir yukimdan xalos boʻlsam – oʻtmishimni unuta olsam!..
G a ye v. Attang, qarz uchun endi bogʻni. srtyb yuboradilar, bu qanday boʻldi, asti.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qaranglar, rahmatlik oyim bogʻdan yurib kelyaptilar. Ustlarida oq koʻylak! (Suyuna-suyuna kuladi.) Oyim, xuddi oyimning oʻzlari!
G a ye v. Qani, qani?
V a r ya. Voy, xudo-yey, oʻzingizni tuting, oyijon.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Hech kimsa yoʻq. Koʻzimga shunday koʻrindi shekilli. Shiyponga burilaverishda oʻng tomondagi bir oppoq daraxt xuddi xotin kishiga oʻxshab bukilib turgan ekan…
Ancha eskirgan studentcha mundir kiygan, koʻzoynak taqqan Trofimov kiradi.
Qanday goʻzal, ajoyib bogʻ! Oppoq gullar, koʻm-koʻk musaffo osmon…
T r o f i m o v. Lyubov Andreevna!
Lyubov Andreevna unga oʻgirilib qaraydi.
Men sizga taʼzim qilaman-u, chiqib ketaman. (Hayajonlanib Lyubov Andreevnaning qoʻlidan oʻpadi.) Ertalabgacha kut deyishgan edi, chidab turolmadim…
Lyubov Andreevna uni tanimasdan, hayron boʻlib qarab qoladi.
V a r ya (yigʻi aralash). Bu – Petya Trofimov-ku…
T r o f i m o v. Petya Trofimovman, oʻgʻlingiz Grishaning muallimi… Nahotki, men shunday oʻzgarib ketganman?
Lyubov Andreevna uni quchoqlaydi va ohista yigʻlaydi.
G a ye v (oʻpkasi toʻlib). Qoʻy, Lyuba, yigʻlama.
V a r ya (yigʻlaydi). Petya, ertagacha kutib turing demabmidim?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Mening Grisham… Oʻgʻilginam… Grisham… Farzandim…
V a r ya. Nachora, oyijon, xudoning xohishi-da.
T r o f i m o v (sekingina, yigʻi aralash). Boʻldi, boʻldi…
L yu b o v A n d r ye ye v n a (sekin-sekin yigʻlaydi). Bolam halok boʻldi, choʻkib oʻldi… Nima uchun? Nima uchun, doʻstim? (Past ovozda.) Ichkarida Anya uxlab yotibdi, men boʻlsam barala gapirib oʻtiribman. Shovqin solayapman… Xoʻsh, Petya? Nima sababdan bu qadar xunuklashib ketdingiz? Nega qarib qoldingiz?
T r o f i m o v. Vagonda kelayotganimda bir xotin meni pati toʻkilgan barin deb atadi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U vaqtlarda siz yosh bola edingiz, yoqimligina student edingiz. Endi sochlaringiz ham toʻkilibdi, koʻzoynak taqib olibsiz. Nahotki, hamon student boʻlsangiz-a? (Eshik tomonga yuradi).
T r o f i m o v. Oʻla-oʻlguncha student boʻlib qolsam kerak.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (akasini, keyin Varyani oʻpib). Xoʻsh, endi kirib yotinglar. Sen ham qarib qolibsan, Leonid.
P i sh ch i k (uning ketidan boradi). Demak, endi uxlash kerak deng… Oh, qoʻl-oyoqlarim biram zirqillab ogʻriydiki!.. Men siznikida yotib qolaman… Lyubov Andreevna, azizim, ertaga ertalab boʻlsa ham mayli… Ikki yuz qirq soʻm…
G a ye v. Bu boʻlsa oʻzining dardida…
P i sh ch i k. Ikki yuz qirq soʻm… Qarz protsentlarini toʻlashim kerak.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Pulim yoʻq dedim-ku, chirogʻim.
P i sh ch i k. Qaytib beraman, mehribonginam… Oʻzi arzimaydigan pul-ku…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Xoʻp, yaxshi, Leonid beradi. Sen bera qol, Leonid.
G a ye v. Berib boʻpman, anoyi odam bormi…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Na chora, bera qol… Zarur ekan-da. Qaytib berar…
Lyubov Andreevna, Trofimov, Pishchik va Firslar chiqib ketadilar. Uyda Gayev, Varya va Yasha qoladi.
G a ye v. Singlimning pul sovurish odati hali ham qolmabdi. (Yashaga qarab.) Nari tur, falokat, sendan tovuq hidi kelyapti.
Ya sh a (tirjayib). Ilgari qanday boʻlsangiz, Leonid Andreevich, hazir ham xuddi shundaysiz-a.
G a ye v. Kimni? (Varyaga qarab.) Nima deydi bu?
V a r ya (Yashaga qarab). Qishloqdan onang kepti, kechadan beri oshxonada kutib oʻtiribdi, seni koʻrmoqchi…
Ya sh a. Mayli oʻtiraversin.
V a r ya. Voy, behayo-yey!
Ya sh a. Boshimga uramanmi uni! Ertaga kelsa ham boʻlardi. (Chiqib ketadi.)
V a r ya. Oyimlar hali ham oʻshandaylar, sira oʻzgarmabdilar. U kishiga qolsa, butun mol-bisotlarini odamlarga boʻlib berar edilar.
G a ye v. Ha, ha…
Pauza.
Biron bemorga koʻp xil dori-darmon tavsiya etilsa, demak u sira tuzalmaydigan kasal boʻladi. Men koʻp oʻylayman, bosh qotiraman, menda mablagʻ koʻp, juda koʻp; demak aslida hech nima yoʻq, degan soʻz. Qani endi biron kimsadan meros tegib qolsa, Anyani biron badavlat kishiga uzatsak, Yaroslavlga borib, Grafinya xolamizdan biron najot topsak… Axir, xolamiz juda boy odam-ku.
V a r ya (yigʻlaydi). Koshki edi, xudo madad bersa.
G a ye v. Boʻkirma. Xolamiz juda badavlat boʻlgani bilan bizlarni xush koʻrmaydi. Birinchidan, gap shuki, singlim dvoryanga tegmay, sud maslahatchisiga tekkan…
Eshikdan Anya koʻrinadi.
Dvoryanin boʻlmagan kishiga tekkani ustiga, yana, uni oʻzini yaxshi tutabilgan deb ham boʻlmaydi. Singlim oʻzi mehribon, saxiy, oq koʻngil xotin, men uni juda sevaman, biroq mingta oqlaydigan gap topsang ham, uning nuqsonli odam ekani aniq. Bu narsa uning hatto eng mayda-chuyda harakatlaridan ham koʻrinib turadi.
V a r ya (shivirlab). Eshik oldida Anya turibdi.
G a ye v. Kimni?
Pauza.
Ajabo, oʻng koʻzimga bir narsa tushganga oʻxshaydi… Koʻzim yomon koʻradigan boʻlib qolibdi. Payshanba kuni okrug sudida boʻlganimda…
Anya kiradi.
V a r ya. Nega uxlamaysan, Anya?
A n ya. Uyqum kelmayapti. Sira uxlayolmadim.
G a ye v. Jajjiginam, oppogʻim. (Anyaning yuzidan, qoʻllaridan oʻpadi). Oʻzimning qizginam… (Yigʻi aralash.) Sen mening jiyanim emas, farishtamsan. Sen mening borligʻimsan. Inon menga, inon…
A n ya. Men senga ishonaman, togʻajon. Seni hamma yaxshi koʻradi, hamma hurmat qiladi… Ammo jon togʻa, sen tilingni tiyishing kerak. Hozirning oʻzida oʻz singling, mening onam toʻgʻrisida nimalar deding? Nega bunday gaplarni aytasan?
G a ye v. Ha, ha… (Anyaning qoʻllari bilan oʻzining yuzini berkitadi.) Haqiqatan ham chakki boʻldi! O tangrim, oʻz panohingda saqla! Boya shkaf oldida turib ham bemaza gaplar gapirib yuborgan edim. Gapirib boʻlganimdan keyingina bemaʼniligini bilib qoldim.
V a r ya. Rost, togʻajon, jim yurganingiz yaxshiroq. Jim yuravering, vassalom.
A n ya. Jim yursang qaytangga oʻzing ham tinchib qolasan.
G a ye v. Ana, jim boʻldim. (Anya va Varyaning qoʻllaridan oʻpadi.) Jim boʻldim! Lekin ish toʻgʻrisida gapirishim kerak. Payshanba kuni okrug sudida boʻlgan edim, bir necha ulfatlar yigʻilishdik, u yoq-bu yoqdan gap ketdi va bildimki, vekselga qarz olish hamda protsentlarni toʻlash mumkinga oʻxshab qoldi.
V a r ya. Koshki edi, xudo madad bersa!
G a ye v. Seshanba kuni borib, yana bir gaplashib kelaman. (Varyaga.) Boʻkirma! (Anyaga.) Onang ham Lopaxin bilan gaplashib koʻradi, Lopaxin, albatta, yoʻq demaydi… Sen ham bir oz damingni olib, Yaroslavldagi grafinya buvingnikiga borib kelasan. Shunday qilib, uch tomondan harakat qilsak, ishimiz oʻnglashib ketadi. Protsentni toʻlaymiz, men bunga aminman… (Ogʻziga obaki soladi.) Vijdonim bilan qasam ichamanki, yer-mulk sotilmaydi! (Hayajonlanib.) Oʻz baxtim bilan ont ichaman! Mana qoʻlimni beraman, agar ishni kimoshdi savdosigacha oborib taqasam – meni har nima de! Benomus, bemaʼni odam de! Butun vujudim bilan ont ichaman.
A n ya (xotirjam, baxtiyor kayfiyatda.) Qanday aqlli togʻamsan! (Togʻasini quchoqlaydi.) Men endi xotirjamman! Koʻnglim toʻq! Baxtiyorman!
Firs kiradi.
F i r s (koyinib gapiradi). Leonid Andreevich, xudodan qoʻrqsangiz-chi, axir! Qachon kirib yotasiz?
G a ye v. Hozir. Sen ketaver, Firs, bugun oʻzim bir amallab yechinarman. Ha, qizlar, kirib uxlanglar… Qolgan gapni ertaga eshitarsizlar, endi borib yotinglar. (Anya bilan Varyani oʻpadi.) Mening oʻzim saksoninchi yillarga mansub boʻlgan odamman… U zamonlarni koʻpam maqtamaydilar-u, lekin har holda, men oʻz eʼtiqodlarim uchun hayotimda koʻp azob chekkanman. Mujiklarning meni yaxshi koʻrishi ham bejiz emas-da. Mujikni bilish kerak! Ular bilan qanday muomala qilishni bilish…
A n ya. Yana boshlading-a, togʻa!
V a r ya. Togʻajon, boʻldi endi.
F i r s (jahl bilan). Leonid Andreich!
G a ye v. Ketdim, ketdim… Yotinglar endi. Ikkala chetidan oʻrtaga! Toʻppa-toʻgʻri urib tushiraman… (Chiqib ketadi, ketidan Firs chiqadi.)
A n ya. Endi men xotirjamman. Yaroslavlga sira borgim kelmaydi, buvimni yomon koʻraman, shunday boʻlsa ham, xotirjamman. Ish qilib, togʻam baraka topsin. (Oʻtiradi.)
V a r ya. Yotib uxlash kerak. Men ketdim. Sen yoʻgʻingda bu yerda xunuk bir ish boʻlib oʻtdi. Eski malayxonada, oʻzing bilasan faqat qari qorollar turadi. Yefimyushka, Polya, Yevstigney, Karp ham oʻsha yerda. Xudoning bergai kuni kechasi allaqanday oʻtkinchilarni yotgani qoʻyishadigan boʻlishibdi. Men indamadim. Bir kuni eshitsam, ular mening toʻgʻrimda gap tarqatishibdi, goʻyo men ularni faqat noʻxat bilan boqilsin deb aytganmishman. Ziqnaligimdan emish. Hamma gap Yevstigneydan chiqqan… Xoʻp mayli, agar gap shunaqa boʻlsa, shoshmay tur dedim. Yevstigneyni oldimga chaqirib oldim. (Esnaydi.) Bir vaqt u kirib keldi. Bu nima qilganing, ahmoq dedim. (Anyaga qaraydi.) Anechka!
Pauza.
Uxlab qopti. (Anyaning qoʻltigʻidan koʻtarib.) Yur, joyingga kirib yot… yur!.. (Yetaklab boradi.) Jonginam uxlab qopti-ku! Yura qol… (Ketadilar.)
Bogʻning narigi tomonidan, yiroqdan podachiningʻ nayi eshitiladi. Trofimov sahnadan oʻtib keta turib, Anya bilan Varyani koʻrib toʻxtaydi.
V a r ya. Tsss. Uxladi, uxlab qoldi… Yura qol, jonim.
A n ya (sekin, uyqu aralash). Shu qadar charchabmanki… Qoʻngʻiroqlar jaranglaydi… Togʻajon… mehribonim… oyim ham, togʻam ham…
V a r ya. Yur, jonginam, yura qol… (Anyaning uyiga kirib ketadilar.)
T r o f i m o v (mehri toblanib). Quyoshim mening! Bahorim mening!
Parda.
IKKINCHI PARDA
Dala. Devorlari qiyshayib ketgan, tashlandiq kichkina koʻhna butxona, yonida – quduq; bir vaqtlar mozor toshi boʻlgan lavhali katta-katta harsang toshlar yotadi; eski skameyka. Gayevning qoʻrgʻoniga boradigan yoʻl koʻrinib turadi. Bir tomondan baland teraklar qorayib koʻrinadi. Teraklarning orqasidan olchazor boshlanadi. Inroqdan qator tizilib ketgan telegraf ustunlari koʻzga tashlanadi, uzoq ufqda katta shahar gʻira-shira koʻzga chalinadi, faqat havo ochiq va musaffo kunlarda shahar aniq koʻrinadi Quyosh botay deb turgan payt. Sharlotta, Yasha, Dunyashalar skameykada oʻtirishibdi, ulardan sal nariroqda turgan Yepixodov gitara chalmoqda; hamma xayolga choʻmgan. Sharlotta boshiga eski furajka kiyib olgan; u, yelkasidan miltiqni oladi va tasmasidagi toʻqasini tuzatib oʻtiradi.
Sh a r l o t t a (xayolga choʻmib). Mening haqiqiy pasportim yoʻq, necha yoshga kirganimni oʻzim ham bilmayman, haligacha oʻzimni yoshgina qizcha deb yuraman. Yoshlik vaqtimda otam bilan onam yarmankama-yarmanka yurib, qiziq-qiziq tomoshalar koʻrsatar edilar, juda yaxshi tomoshalar boʻlar edi. Men boʻlsam umbaloq oshib sakrardim, har xil oʻyinlar koʻrsatardim. Otam bilan onam oʻlgandan keyin meni bir nemis xotin asrab oldi, oʻqitdi. Yaxshi, mana oʻsdim, ulgʻaydim, keyin murabbiyalikka kirib ketdim. Ammo, aslim qayerlik, oʻzim kimman – bilmayman… Otam kim, onam kim edi, ehtimol, ular nikohdan ham oʻtmagandirlar… bilmayman. (Choʻntagidan bodring olib yeydi.) Hech narsani bilmayman.
Pauza.
Birov bilan shunday koʻngil yozib hasratlashgim keladi-yu, lekin gaplashadiganim yoʻq… Hech kimim yoʻq.
Ye p i x o d o v (gitara chalib, qoʻshiq aytadi.) “Parvoyim yoʻq bu dunyo bilan, doʻst-dushmanlar menga bari-bir… Yorugʻ jahonda mandolina chalginda!”
D u n ya sh a. Bu mandolina emas, gitara. (Oynaga qarab yuziga upa suradi.)
Ye p i x o d o v. Muhabbat oʻtida oʻrtangan telba uchun gitara ham mandolina boʻlaveradi… (Qoʻshiq aytadi.) “Koshki edi, qalbimni isitsa jonona ishqi…
Yasha ham ashulaga qoʻshiladi.
Sh a r l o t t a. Voy boʻ-oʻ. Shu ham qoʻshiq aytish boʻldimi! Xuddi qashqirga oʻxshab uvillaysizlar-a.
D u n ya sh a (Yashaga). Har qalay chet elga borish juda katta baxt-da.
Ya sh a. Ha, albatta. Fikringizga qoʻshilmay ilojim yoʻq. (Xomiza tortadi, keyin sigara chekadi.)
Ye p i x o d o v. Bu tushunarli, chet ellarda hamma narsa bekami-koʻst.
Ya sh a. Oʻz-oʻzidan maʼlum.
Ye p i x o d o v. Men maʼlumotli odamman, har xil ajoyib-gʻaroyib kitoblarni oʻqiyman-u, ammo yashashdan maqsadim nima ekanini, rostini aytsam, oʻzimga nima kerakligini bilmayman, yashashimni ham, oʻzimni oʻzim otib oʻldirishimni ham bilmayman, yana ustiga-ustak yonimda hamisha toʻpponcha olib yuraman. Mana… (Toʻpponchasini chiqarib koʻrsatadi.)
Sh a r l o t t a. Yeb boʻldim, endi ketsam ham boʻladi. (Miltiqni yelkasiga osadi.) Yepixodov, sen juda aqlli va juda dahshatli odamsan-da. Xotinlar toza yopishsa kerak senga… Brrr! (Ketadi.) Bu donishmandlarning hammasi shunaqa ahmoqki, birontasi bilan tuzukroq gaplashib boʻlmaydi… Hamisha yolgʻizman, hech kimim yoʻq, kimman oʻzim, nima uchun yashayman dunyoda – bilmayman… (Sekin-asta chiqib ketadi.)
Ye p i x o d o v. Rostini aytsam, boshqa narsalarni yigʻishtirib qoʻyib, oʻz toʻgʻrimda aytishim kerakki, boʻron kichkina qayiqni qanday oʻyinga solsa, taqdir ham meni shunday oʻynatyapti. Agar deylik, xato gap aytgan boʻlsam nega u vaqtda bugun ertalab uygʻonib qarasam, koʻkragimda mana bunday dahshatli katta oʻrgimchak oʻrmalab yurib-di? Mana shunday-a. (Ikki qoʻli bilan koʻrsatadi). Yo boʻlmasa chanqovni bostirish uchun kvas ichmoqchi boʻlsam, ichida suvarakka oʻxshagan xunuk bir mahluq suzib yuribdi.
Pauza.
Siz Boklni oʻqiganmisiz?
Pauza.
Sizga aytadigan ikki ogʻizgina soʻzim bor edi, Avdotya Fedorovna.
D u n ya sh a. Gapiring.
Ye p i x o d o v. Xolis gapirishsak degan edim… (Xoʻrsinadi.)
D u n ya sh a (uyalib ketadi). Mayli… ammo, oldin borib talmamni[1] olib kelib bering. Shkafning yonida turibdi… Bu yer ancha zax ekan…
Ye p i x o d o v. Xoʻp boʻladi… Olib kelib beraman… Toʻpponchani nima qilishni endi bilaman… (Gitarani olib, chalganicha chiqib ketadi.)
Ya sh a. Turgan-bitgani falokat! Gap oramizda qolsin-u, koʻp ahmoq odam-da. (Xomiza tortadi.)
D u n ya sh a. Xudo urib, yana oʻzini otib qoʻymasaydi.
Pauza.
Men juda choʻchiydigan boʻlib qolibman, doim xavotirdaman. Yoshligimdan beri xoʻjayinlar uyida turganim uchun oddiy turmush menga yot koʻrinadigan boʻlibdi, qoʻllarim ham oyimqizlarning qoʻllariga oʻxshagan oppoq. Judayam nozik, olijanob, tannoz boʻlib ketganmanki, sal narsadan ham choʻchiyveraman. Shunday qoʻrqaman. Yasha, agar siz meni aldab ketsangiz bormi, naq jinni boʻlib qolaman-a.
Ya sh a (Dunyashani oʻpadi). Doʻndiqcham! Albatta, har bir qiz esli-hushli boʻlishi kerak, hammadan ahloqi buzuq qizlarni yomon koʻraman.
D u n ya sh a. Men sizni behad sevib qoldim… Siz maʼlumotli kishisiz, har bir narsa haqida mulohaza qila olasiz.
Pauza.
Ya sh a (esnab). Ha shunday… Menimcha, birovni yaxshi koʻradigan qiz ahloqsiz boʻladi.
Pauza.
Sof havoda sigara cheqish xoʻp rohat narsa-da… (Quloq soladi.) Bu yoqqa kelishyapti… Xoʻjayinlar…
Dunyasha Yashani birdan quchoqlab oladi.
Endi uyga boring. Daryoga choʻmilgani borgan kishi boʻlib mana bu yoʻldan keting, koʻrib qolishsa, meni siz bilan shu yerda uchrashibdi deb oʻylashadi, bundan yomon koʻrgan narsam yoʻq.
D u n ya sh a (sekin yoʻtalib). Sigarangizdan boshim aylanib ketdi… (Chiqib ketadi.)
Yasha butxona yonida yolgʻiz oʻtiradi. Lyubov Andreevna, Gayev va Lopaxinlar keladilar.
L o p a x i n. Masalani uzil-kesil hal qilish kerak, vaqt oz qoldi. Juda oddiy masala-ku! Yerni barbogʻchilarga berishga rozimisiz yo yoʻqmi, shuni ayting? Birgina soʻz aytsangiz boʻladi; yo ha, yo yoʻq.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bu yerda kim yaramas sigara chekdi ekan… (Oʻtiradi.)
G a ye v. Mana, temir yoʻl ham oʻtib ancha qulaylik tugʻildi. (Oʻtiradi.) Birpasda shaharga borib, nonushta qilib kelindi… Sarigʻini oʻrtaga! Menga qolsa hozir uyga kirib, bir billiard oʻynab chiqish maʼqul boʻlardi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Joniqma.
L o p a x i n. Faqat birgina soʻz deng! (Yolvoradi.) Javobini bersangiz-chi, axir!
G a ye v (esnab). Kimni?
L yu b o v A n d r ye ye v n a (hamyonini ochib qaraydi). Kecha bir talay pul bor edi, bugun juda oz qopti. Boyoqish Varya pulni tejayman deb, hammani shirxoʻrdi bilan boqsa, oshxonadagi chollarga quruq noʻxatni pishirib bersa-yu, men bu yoqda pulni sovurib yursam… (Hamyon qoʻlidan tushib, oltin pullar sochilib ketadi.) Voy, pul sochilib ketdi-ya… (Ranjiydi.)
Ya sh a. Ruxsat eting, men terib beraman. (Tangalarni teradi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Baraka toping, Yasha. Nimaga men shaharga nonushta qilgani bordim-a… Muzikasi boʻlgani bilan boʻlmagʻur restoran ekan, dasturxonlaridan sovun hidi keladi… Buncha koʻp ichishning nima keragi bor, Lyonya? Muncha koʻp ovqat yeyishning nima hojati bor? Nimaga sen tinmay gapiraverasan? Boya restoranda oʻtirib toza jovrading, ammo hamma gaplaring nojoʻya… Yetmishinchi yillarmi-yey, dekadentlarmi-yey… Tagʻin, kimga gapirganingni oʻzing bilasanmi? Dekadentlar haqida malaylarga gapirib oʻtiribsan-a!
L o p a x i n. Rost.
G a ye v (qoʻlini siltab). Men hamisha shunday qolaman shekilli, tuzalishimga koʻzim yetmaydi… (Yashaga qarab, zarda bilan.) Nega sen koʻz oldimdan nari ketmaysan?
Ya sh a (kulib). Tovushingizni eshitsam kulgim qistaydi.
G a ye v (singlisiga qarab). Yo bu qolsin, yo men…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Boring, Yasha, siz ketavering.
Ya sh a (Lyubov Andreevnaga hamyonni berib). Hozir ketaman. (Oʻzini kulgidan zoʻrgʻa tiyib). Hozirning oʻzida… (Ketadi.)
L o p a x i n. Sizning mulkingizni Deriganov degan bir boy olmoqchi. Savdoga ham uning oʻzi shaxsan ishtirok etadi degan gaplar bor.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Siz qayerdan bildingiz?
L o p a x i n. Shaharda shunaqa ovoza tarqalgan.
G a ye v. Yaroslavldagi xolamiz pul yuboraman depti-yu, ammo qachon va qancha yuborishi nomaʼlum…
L o p a x i n. Yuborganda ham qancha yuborar edi! Yuz ming yuboradimi? Yo ikki yuz mingmi?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Eh-ha, goʻrdami… Oʻn-oʻn besh ming yuborsa ham shukur qilardik.
L o p a x i n. Meni kechiring, ammo janoblar, sizlarga oʻxshagan yengiltak, hech narsadan xabari yoʻq, noshud, ish yoqmas odamlarni sira-sira koʻrmagan edim. Sizga yer-mulkingiz sotiladi deb loʻnda qilib aytib turilgan boʻlsa ham tushunay demaysizlar-a.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Nima qilgin deysiz, axir? Oʻrgating.
L o p a x i n. Men sizga har kuni gapiraman. Har kuni shu toʻgʻrida jovrayman. Olchazorni ham, yerni ham barbogʻchilarga ijaraga berish kerak, berganda ham tezroq, hozirning oʻzidayoq berish kerak, savdo kuni yaqinlashib qoldi! Tushunsangiz-chi, axir! Agar siz mayli, barbogʻ boʻ-la qolsin desangiz, istaganingizcha pul ham tushadi, ana shunda qutulasiz qoʻyasiz.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Barbogʻ, barbogʻchilar… Kechiring; bu tubanlik-ku…
G a ye v. Gapingga tamomila qoʻshilaman.
L o p a x i n. Men yo yigʻlab yuboraman, yo baqirib be-raman, yoki xushimdan ketib yiqilaman. Toqatim toq boʻldi! Siz meni juda qiynab yubordingiz! (Gayevga qarab.) Siz erkak emassiz!
G a ye v. Kimni?
L o p a x i n. Erkak emassiz, deyman! (Ketmoqchi boʻladi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a (qoʻrqib ketadi). Yoʻq, yoʻq, ketmang, azizim, qoling, iltimos qilaman. Balki biron narsa oʻylab toparmiz.
L o p a x i n. Nimasini oʻylaysiz! Lyubov Andreevna. Ketmang, iltimos qilaman. Siz yonimda boʻlsangiz koʻnglim toʻq…
Pauza.
Xuddi ustimizga uy qulab tushadiganday, men hamon bir nimani kutib kelaman.
G a ye v (chuqur xayolda). Burchakka duplet… Oʻrtaga kruaze…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Gunohimiz koʻp-da…
G a ye v (ogʻziga obaki soladi). Butun bisotimni obaki yeb bitirgan emishman… (Kuladi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Oh, naqadar gunohkorman… Jinnilardek pulni ayamay koʻkka sovurdim, isrof qildim… Buning ustiga qarzga botishdan boshqa narsani bilmaydigan kishiga tegdim. Erim shampanskoye ichaverib oxiri oʻlib ketdi. Peshonamning shoʻri ekan, boshqani yaxshi koʻrib qoldim, topishdik; xuddi shu vaqtda birinchi falokatsa uchradim, boshim toshga tegdi: mana shu daryoning huv anovi yerida… oʻgʻlim choʻkib oʻldi, shundan keyin qaytib kelmayin ham, shu daryoni koʻrmayin ham, deb chet elga ketdim… Koʻzimni chirt yumdim-u, orqa-oʻngimga qaramay joʻnadim, ketimdan u yelib-yugurib bordi… Shafqatsizlik, beadablik. Mentona yaqinidan chorbogʻ oldim, chunki u betob boʻlib yotib qoldi, uch yil davomida na kecha, na kunduz xalovat koʻrmadim. Kasal meni nihoyatda qiynab yubordi. Jonimda jon qolmadi. Bultur, chorbogʻni qarzga bosib olganlaridan keyin Parijga keldim, u bor-yoʻgʻimni sotib bitirdi, keyin meni tashlab boshqa bilan topishdi… Zahar ichmoqchi ham boʻldim. Uyat, sharmandalik… Keyin birdan Rossiyani, vatanimni sogʻindim, qizginamning oldiga kelishni qoʻmsadim… (Koʻz yoshlarini artadi.) Ey tangrim, gunohimni oʻzing kechir! Meni ortiq azoblama! (Choʻntagidan telegramma oladi.) Bugun Parijdan keldi… Afv soʻrabdi, qayt deb yalinibdi… (Telegrammani yirtib tashlaydi). Qayerdandir muzika eshitiladimi? (Quloq soladi.)
G a ye v. Bu bizning mashhur yahudiylar orkestrimiz. Esingdami, toʻrtta skripka, nay va kontrabas bor edi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U haliyam bormi? Biznikiga ham chaqirib, bir koʻngil ochsak boʻlardi.
L o p a x i n (quloq solib). Eshitilmaydi-ku. (Asta-sekin ashula aytadi,) “Pul desang nemislar rusdan fransuzlar yasarkan…” (Kuladi.) Kecha teatrda bir pyesa koʻrdim, juda qiziq ekan.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Hech qanday qiziq joyi boʻlmasa kerak. Siz pyesa koʻrishdan koʻra koʻproq oʻzingizga qarasangiz boʻlardi. Turmushingiz nihoyatda koʻngilsiz, zerikarli, bekorchi gaplarni koʻp gapirasizlar.
L o p a x i n. Bu gapingiz toʻgʻri. Turmushimiz ahmoqona turmush, rostini aytish kerak.
Pauza.
Mening otam mujik, nodon bir odam edi, hech narsani tushunmasdi, meni oʻqitmadi, qoʻlidan keladigan ishi – nuqul mast boʻlib olib, meni savalash edi, savalaganda ham qanday deng, tayoq bilan savalar edi. Sirasini aytganda, men ham xuddi oʻshanga oʻxshash ahmoq va befarosat odam boʻlib qolaverdim. Bironta hunar oʻrganmadim, xatim xunuk, birovga koʻrsatishga or qilaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Uylanishingiz kerak, doʻstim.
L o p a x i n. Ha… Bu gapingiz toʻgʻri.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Mana, bizning Varyamizga uylana qoling. U juda yaxshi qiz.
L o p a x i n. Boʻladi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Oʻzi soddagina qizlardan, ertayu kech tinmay ishlaydi, eng muhimi shuki, sizni yaxshi koʻradi. Sizga ham anchadan buyon yoqadi shekilli.
L o p a x i n. Mayli. Men yoʻq demayman… Yaxshi qiz.
Pauza.
G a ye v. Menga bankda xizmat qilishni taklif etishdi. Yiliga olti ming soʻm… Eshitdingmi?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Senga ishlashni kim qoʻyibdi. Qoʻysang-chi!
Firs palto olib kiradi.
F i r s (Gayevga). Qani, janob, mana buni kiyib oling, kun sovuqroq.
G a ye v (paltoni kiya turib). Jonga tegding-da, ogʻayni.
F i r s. Koʻp nolimang… Ertalab hech kimga aytmasdan ketib qolibsiz. (Xoʻjayinining hamma yogʻini koʻzdan kechirib chiqadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Juda qarib qolibsan, Firs.
F i r s. Labbay?
L o p a x i n. Juda qarib qolibsan deyaptilar.
F i r s. Dunyoga kelganimga ancha boʻlgan-da, Meni uylantirmoqchi boʻlishganda sizning otangiz hali tugʻilmagan edilar… (Kuladi.) Erkinlik boʻlganda men starshiy kamerdiner edim. Oʻshanda ozod boʻlishni istamadim, xoʻjayinlarim qoʻlida qoldim.
Pauza.
Hali ham esimda, oʻshanda hamma xursand boʻlgandi, nimaga xursand boʻlganliklarini oʻzlari ham bilishmasdi.
L o p a x i n. Ilgarilari yaxshi edi. Juda boʻlmaganda kaltak bilan savab turilardi.
F i r s (eishtmay). Qani endi ham shunday boʻlsa. Mujiklar xoʻjayinlari bilan, xoʻjayinlar mujiklari bilan hamjihat edi. Endi boʻlsa hech kim qovushmaydi, hech narsaga tushunib boʻlmaydi.
G a ye v. Jim tur, Firs! Ertaga shaharga borib kelmoqchiman. Vekselga pul beradigan bir general bilan tanishtirishni vaʼda qilishdi.
L o p a x i n. Bundan hech narsa chiqmaydi. Protsentni toʻlolmaysiz, xotiringiz jam boʻlsin.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U tushini aytyapti. Hech qanaqa general yoʻq.
Trofimov, Anya va Varya kiradilar.
G a ye v. Ana, bolalarimiz ham kelishdi.
A n ya. Oyim shu yerda ekanlar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (bolalarini erkalab). Kelinglar, kela qolinglar… Qizaloqlarim… (Anya bilan Varyani quchoqlaydi.) Sizlarni jonimdan ham ortiq koʻraman. Qani, yonimga oʻtiringlar, ha barakalla.
Hammalari oʻtiradilar.
L o p a x i n. Abadiy studentimiz qachon qaramang qizlar bilan birga.
T r o f i m o v. Ishingiz boʻlmasin.
L o p a x i n. Yaqinda ellik yoshga kiradi-yu, hali ham student.
T r o f i m o v. Ahmoqona hazilingizni yigʻishtirib qoʻying.
L o p a x i n. Nimaga achchigʻing chiqadi, tentak?
T r o f i m o v. Nega oʻzing oʻchakishasan?
L o p a x i n (kuladi). Sizdan soʻrashga ijozat etsangiz: mening toʻgʻrimda qanday fikrdasiz?
T r o f i m o v. Men, Yermolay Alekseich, shunday fikrdaman: siz badavlat odamsiz, yaqinda millioner boʻlib ketasiz. Oʻz yoʻlida uchratgan har nimani yamlab yutib yuboradigan yirtqich qanchalik kerak boʻlsa, sen ham shunchalik keraksan.
Hamma kuladi.
V a r ya. Yaxshisi, Petya, sayyoralardan soʻzlab bering.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yoʻq, kelinglar kechagi suhbatni davom etdiramiz.
T r o f i m o v. Nima haqida edi?
G a ye v. Magʻrur odam haqida edi.
T r o f i m o v. Biz kecha juda koʻp gapirdigu, ammo hech qanday fikrga kelmadik. Sizning tushunishingizcha, magʻrur odamda qandaydir mistik ruh bor, shundaymi? Balki siz haqlidirsiz, ammo agar shunday deb oʻylab koʻrilsa – unda qanday magʻrurlik boʻlsin? Modomiki fiziologiya jihatdan inson nuqsonlar bilan yaratilgan ekan, modomiki odamzodning koʻpchiligi qoʻpol, befahm, baxtsiz ekan, u vaqtda magʻrurlikda maʼno bormi? Odam kibrlanmasligi kerak. Faqat ishlashi, mehnat qilishi kerak.
G a ye v. Baribir, oʻlib ketasan.
Tr o f i m o v. Kim biladi? Oʻlimning oʻzi nima? Balki insonda yuzta hissiyot bordir, inson oʻlganda faqat bizga maʼlum beshta hissiyoti oʻlib ketar-u, qolgan toʻqson beshtasi tirik qolar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Xoʻp aqllisiz-da, Petya!,.
L o p a x i n (kinoya bilan). Judayam-da!..
T r o f i m o v. Insoniyat oʻz kuchlarini takomillashtirib, borgan sayin ilgarilab ketmoqda. Hozirgi paytda insoniyat aqli yetmagan hamma narsalar vaqti bilan unga juda tanish va tushunarli boʻlib qoladi, buning uchun faqat mehnat qilmoq, haqiqatni izlovchilarga qoʻldan kelguncha koʻmaklashmoq kerak. Bizda, Rossiyada hozircha juda kamdan-kam odam ishlaydi. Men bilgan ziyolilarning katta bir qismi hech narsaga intilmaydi, hech narsa qilishni istamaydi va qoʻlidan biron narsa kelmaydi ham. Oʻzlarini ziyolimiz deb ataydilar-u, xizmatkorlarini sansirab gapiradilar, mujiklar bilan xuddi hayvon bilan muomila qilganday gaplashadilar, tuzukkina oʻqimaydilar, jiddiy mutolaa qilmaydilar, bilganlari – bekorchilik; ilm-maʼrifat haqida gap sotishdan boshqa narsani bilmaydilar, sanʼatning esa nimaligini tushunmaydilar. Yana hammalari oʻzlarini basavlat qilib koʻrsatishga urinadilar, qiyofalari jiddiy, muhim-muhim masalalardan gap ochadilar; faylasuflik qiladilar. Holbuki hammalarining koʻz oldida ishchilar atala ichishadi, boshlarini yostiqqa emas, yerga qoʻyib yotishadi, bir uyda oʻttiz-qirqtadan turishadi, hamma yoq qandala, sassiq, zax, axloqiy buzuqlik… Yaxshi gaplarning hammasi faqat oʻzimizning va boshqalarning koʻzini boʻyash uchungina gapirilsa kerak. Ming martalab maqtalgan, sira ogʻizdan tushmaydigaa yaslilar qani, qiroatxonalar qani? Bularni faqat romanlardagina tasvirlaydilar, amalda esa ulardan asar ham yoʻq. Faqat ifloslik, pastkashlik, nodonlik bor, xolos. Men oʻsha jiddiy basharalardan qoʻrqaman, oʻsha jiddiy gaplar meni choʻchitadi, ularni yomon koʻraman. Yaxshisi indamay oʻtiraveraylik.
L o p a x i n. Bilasizmi, men har kuni ertalab soat toʻrt-beshlarda turaman, ertadan kechgacha ishlayman. Menda hamma vaqt oʻzimning va birovlarning puli boʻladi, atrofdagi odamlarning miridan sirigacha bilaman. Vijdonli va halol odamlarning qanchalik oz ekanligini bilish uchun biron ishni boshlab yuborishning oʻzi kifoya ekan. Baʼzan uyqusiz oʻtgan kechalarda: “Oh tangrim, sen bizlarga poyonoiz oʻrmonlar, dalalar, cheksiz fazolarni berib qoʻyibsan, shunday ekan, biz – mana shu dunyoda yashovchi kishilar, chinakam ulkan bahodirlar boʻlishimiz kerak-da…” deb oʻylab chiqaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ulkan bahodirlar boʻlishimiz kerak deysiz… Ular faqat afsonalarda, ertaklardagina ajoyib koʻrinadi, hayotda esa ulardan odam qoʻrqadi.
Sahna ichkarisidan Yepixodov gitara chalib oʻtadi.
(xayolga choʻmib). Yepixodov kelayotir…
A n ya (oʻylanib). Yepixodov kelayotir.
G a ye v. Quyosh ham botdi, janoblar.
T r o f i m o v. Ha.
G a ye v (sekin, xuddi deklamatsiya oʻqiyotganday). Oh, goʻzal tabiat, soʻnmas-tuganmas abadiy nur bilan tovlanasan, porlaysan, sen ajoyib va befarqsan, biz seni oʻz onamiz deb bilgan tabiat, hayot ham, oʻlim ham sening qoʻlingda, sen hayot bagʻishlaysan va barbod etasan…
V a r ya (yolvorib). Togʻajon!
A n ya. Togʻa, yana boshlading-a!
T r o f i m o v. Undan koʻra sarigʻini oʻrtaga duplet qiling.
G a ye v. Jim boʻldim, jim boʻldim.
Hamma xayolga choʻmadi. Sukunat. Faqat Firsning pichirlashi eshitiladi. Birdan yiroqdan xuddi koʻkda uzilgan torning tovushidek, mungli ovoz eshitiladi. Ovoz gʻamginlik bilan ohista soʻnadi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U nima, a?
L o p a x i n. Bilmadim. Uzoqdagi shaxtalarning birida kajava uzilib ketgan boʻlsa kerak. Lekin, juda yiroqda.
G a ye v. Balki qarqaraga oʻxshash biron qushdir…
T r o f i m o v. Ye boyqushdir…
L yu b o v A n d r ye ye v n a (seskanib ketadi). Juda gʻalati boʻlib ketdim-a…
Pauza.
F i r s. Baxtsizlik oldidan ham xuddi shunday boʻlgan edi; boyqush sayragandi, buning ustiga samovar tinmay vigʻillovdi.
G a ye v. Qaysi baxtsizlik oldidan?
F i r s. Ozodlik tegish oldidan.
Pauza.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bilasizmi, doʻstlarim, endi ketaylik, kech boʻlib qoldi. (Anyaga qarab.) Koʻzlaringda yosh… Nima boʻldi senga, qizim? (Anyani quchoqlaydi.)
A n ya. Yoʻq, oyijon, oʻzim shunday…
T r o f i m o v. Allakim kelyapti.
Eskirib ketgan oq furajka va palto kiygan bir oʻtkinchi koʻrinadi; sal shirakayf.
Oʻ t k i n ch i. Afv etgaylar, shu yerdan toʻgʻri stansiyaga oʻtib boʻladimi?
G a ye v. Boʻladi. Mana shu yoʻldan ketavering.
Oʻ t k i n ch i. Tashakkur boʻlsin. (Bir yoʻtalib.) Havoning sernashʼaligini ayting-a… (Deklamatsiya oʻqiydi.) “Birodarim, jafokash ogʻam, chiqib borgin Volga boʻyiga, koʻkka chiqqan mungli ohu zor…” (Varyaga qarab.) Madmuazel Rossiyaning och-yalangʻoch yurgan bir fuqarosiga oʻttiz tiyin sadaqa qiling.
Varya qoʻrqib qichqirib yuboradi.
L o p a x i n (jahli chiqib). Har qanaqa ahmoqlikning ham cheki boʻladi!
L yu b o v A n d r ye ye v n a (taraddudlanib.) Mana, mana, oling… Mana… (hamyonini kavlaydi). Kumush tanga yoʻq ekan… Baribir, mana, oltin tanga…
Oʻ t k i n ch i. Tashakkur boʻlsin, sizga! (Ketadi.)
V a r ya (hamon qoʻrqib). Men ketaman… Men ketaman… Oh oyijon, uyda yeydigan hech vaqo yoʻgʻ-u, siz unga tilla tanga berib oʻtiribsiz-a.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Men tentak nima qilay endi! Uyga qaytganda yonimdagi hamma pulni senga beraman. Yermolay Alekseich, siz menga yana qarz berib turasiz-da!..
L o p a x i n. Bosh ustiga.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qani, ketdik, janoblar, vaqt ham ketdi. Bu yerda oʻtirib, seni unashtirib qoʻydik, Varya, qutlugʻ boʻlsin.
V a r ya (yigʻi aralash). Oyijon, bu ish bilan hazil qilib boʻlmaydi.
L o p a x i n. Oxmeliya[2], monastirga bor…
G a ye v. Anchadan beri billiard oʻynamaganim uchunmi, qoʻllarim titraydi.
L o p a x i n. Oxmeliya, o farishtam, ibodat qilgan chogʻlaringda meni ham yod et!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ketdik, janoblar. Ovqat vaqti ham boʻlib qoldi.
V a r ya. Juda qoʻrqitib yubordi meni. Yuragim gup-gup uradi.
L o p a x i n. Esingizga solib qoʻyay, janoblar: yigirma ikkinchi avgustda olchazor sotiladi. Bu haqda oʻylab koʻringlar!.. Oʻylanglar!..
Hamma ketadi. Trofimov bilan Anya qoladi.
A n ya (kulib). Oʻtkinchi baraka topsin. Varyani qoʻrqitib yubordi. Mana endi ikkimiz birga qoldik.
T r o f i m o v. Varya bizning bir-birimizni yaxshi koʻrib qolishimizdan qoʻrqib, ertayu kech yonimizdan nari ketmaydi. U, kaltafahmligidan oʻylamaydiki, biz muhabbatdan yuksak turamiz. Erk va baxt yoʻlini toʻsib turgan mayda-chuyda yaramas narsalarni chetlab oʻtish – hayotymizning maqsadi va maʼnosi mana shu-da! Olgʻa! Biz yiroqda charaqlab yonib turgan yorqin yulduz sari toʻxtamay boramiz! Olgʻa! Orqada qolmang, doʻstlar!
A n ya (suyunganidan chapak chaladi). Biram yaxshi gapirasizki!
Pauza.
Bugun bu yer juda zavqli boʻpti.
T r o f i m o v. Ha, havo juda ajoyib.
A n ya. Meni sehrlab qoʻydingizmi, a, Petya? Nima uchun men olchazorimizni avvalgidek yaxshi koʻrmaydigan boʻlib qoldim? Men uni shu qadar sevar edimki, butun olamda bizning ana shu bogʻdan boʻlak yaxshi joy yoʻqdek koʻrinardi.
T r o f i m o v. Butun Rossiya bizning bogʻimiz. Olam ulkan va goʻzaldir, unda juda koʻp ajoyib joylar bor.
Pauza.
Oʻzingiz oʻylab koʻring, Anya: bobongiz, bobongizning bobosi va butun avlodingiz odamlarni qul qilib kelgan krepostniklar edi, nahotki bogʻdagi har bir olcha donasidan, har bir yaproqdan, har bir daraxtdan odamlarning sizga termulib turganini koʻrmaysiz, nahotki ularning nidolarini eshitmaysiz… Quldor boʻlish, qul tutish – bu ilgari yashab kelgan va hozir ham yashab kelayotgan sizlarning ahloqingizni buzib yuboradi, shuning uchun oyingiz ham, oʻzingiz ham, togʻangiz ham qarzga, birovlar hisobiga, dahlizingiz ostonasidan nari yubormaydigan odamlaringiz hisobiga yashayotganingizni bilmaysizlar… Biz kamida ikki yuz yil orqada qolib ketdik, bizning hech nimamiz yoʻq, qashshoqmiz, oʻtmishga qanday qarash kerakligini bilmaymiz, biz faylasuflik qilishdan, zerikishdan, nolish yo boʻlmasa aroq ichishdan boshqa narsani bilmaymiz. Axir, hozir yashash uchun oldin oʻtmishda qilgan xatolarni yuvish, oʻzimizni oqlashimiz kerakligi ravshan-ku! Xatolarni esa faqat katta mashaqqat, nihoyatda kuchli, uzluksiz zoʻr mehnat bilan yuvish mumkin. Buni bilib oling, Anya.
A n ya. Biz yashayotgan uy allaqachonlar birovniki boʻlib qolgan. Men bu yerdan chiqib ketaman, soʻz beraman sizga, bu yerdan ketaman.
T r o f i m o v. Agar roʻzgʻor kalitlari qoʻlingizda boʻlsa, hammasini quduqqa tashlang-u, ketavering. Shamol kabi erkin boʻling.
A n ya (zavqlanib). Xoʻp yaxshi gapni aytdingiz-da!
T r o f i m o v. Soʻzimga ishoning, Anya, ishoning! Men hali oʻttiz yoshga kirganim yoʻq, men yoshman hali, studentman, ammo boshimdan koʻp mashaqqatlar kechirdim! Qish keldi deguncha men ochman, kasaldan chiqmayman, gadoydan ham badtar qashshoqman. Eh-ha, taqdir meni qayerlarga irgʻitmadi, qayerlarni koʻrmadim men! Shunday boʻlsa hamki, ruhim har doim, kechasi ham, kunduzi ham qandaydir sirli umidlar bilan toʻla. Anya, baxt kelishini sezib turibman, men uni koʻrib turibman…
A n ya (xayolga choʻmib). Oy chiqyapti… Yepixodovning hali ham boyagi gʻamgin kuyni gitarada chalayotgani eshitiladi. Oy chiqadi. Terakzor tomondan Anyani qidirib yurgan Varyaning: “Anya-yu, qayerdasan?” degani eshitiladi.
T r o f i m o v. Ha, oy ham chiqdi.
Pauza.
Ana baxt kelayotir, biz tomonga yaqinlashib kelmoqda, uning qadam tovushini men eshitib turibman. Basharti biz uni koʻrolmay qolsak, qanaqaligini bilolmay ketsak, nima qipti? Boshqalar koʻradi?
V a r ya n i n g t o v u sh i: “Anya-yu! Qayerdasan?”
T r o f i m o v. Yana oʻsha Varya chaqiryapti! (Dargʻazab boʻlib.) Jonga tegdi-ku!
A n ya. Yuring, daryo boʻyiga boramiz, u yer ham yaxshi.
T r o f i m o v. Yuring.
Ketadilar.
V a r ya n i n g t o v u sh i: “Anya! Anya-yu!”
P a r d a
UCHINCHI PARDA
Zaldan arka bilan ajratilgan mehmonxona. Qandillar yoqilgan. Dahlizda, 11 pardada aytib oʻtilgan yahudiylar orkestri mashq chalmoqda. Kech kirib qolgan. Zalda tansa qilishmoqda. Mehmonxonaga Pishchik bilan Sharlotta Ivanovna, Lyubov Andreevna bilan Trofimov, Anya bilan pochta amaldori, Varya bilan stansiya nachalnigi va hokazolar juft-juft boʻlib tansa qilib kiradilar. Varya sekin-sekiya yigʻlaydi, tansa qilarkan, koʻz yoshlarini artadi. Oxirgi juftda Dunyasha. Hammalari mehmonxonadan oʻtib boradilar.
Frak kiygan Firs patnusda selter suvi olib keladi. Mehmonxonaga Pishchik bilan Trofimov kiradilar.
P i sh ch i k. Men semiz odamman-da, ikki marta yurak tutqanogʻim tutgan, tansa qilish ogʻir, ammo toʻqayga oʻt tushsa hoʻlu quruq baravar yonadi degandek, oʻrtaga tushib qolganimdan keyin hammasiga aralashaveraman. Oʻzim otdayman. Rahmatlik otam, hazilkash odam edilar, aytardilarki, bizning Simeonov-Pishchik avlodi Kaligulaning[3] senatga kiritib qoʻygan otidan kelib chiqqan emish… (Oʻtiradi.) Ammo, butun balo shundaki: pul yoʻq! Kampirning dardi gʻoʻzada degan ekanlar. (Xurrak otadi va oʻzining xurragidan darrov uygʻonib ketadi.) Men ham shunday… Dardim pulda…
T r o f i m o v. Rost, gavdangiz ot gavdasiga oʻxshab ketadi.
P i sh ch i k. Nima boʻpti… Ot yaxshi jonvor… Otni sotib pul qilsa boʻladi…
Qoʻshni uydan billiard toshlarining sharaqlashi eshitiladi. Zalda arka tagida Varya koʻrinadi.
T r o f i m o v (unga tegajogʻlik kilib). Lopaxina xonim! Lopaxina xonim!..
V a r ya (jahli chiqib). Pati toʻkilgan barin!
T r o f i m o v. Ha, men pati toʻkilgan barinman, bu bilan faxrlanaman!
V a r ya (chukur xayolga choʻmib). Muzikachilarni chaqirishga chaqyrib qoʻydig-u, ammo pulini qayerdan olib toʻlarkinmiz? (Ketadi.)
T r o f i m o v (Pishchikka qarab). Umr boʻyi protsent toʻlash uchun pul qidirishga sarf qilgan butun kuch-quvvatingizni boshqa biron narsaga sarf qilganingizda, ehtimol, bir kun kelib butun yer sharini agʻdarib yuborgan boʻlar edingiz.
P i sh ch i k. Buyuk va mashhur filosof… ulugʻ aql egasi… Nitsshe ham oʻz asarlarida qalbaki pul yasash mumkin degan ekan.
T r o f i m o v. Nitssheni oʻqiganmisiz oʻzingiz?
P i sh ch i k. Qayoqda, menga buni Dashenka aytgan edi. Hozir oʻzim shunday mushkul ahvoldamanki, qalbaki pul yasashdan ham. toymasdim… Indinga uch yuz oʻn soʻm toʻlashim kerai… Yuz oʻttiz soʻmni topdim… (Choʻntaklarini titkilaydi, birdan qoʻrqib, quti uchib ketadi.) Pulim yoʻq-ku? Pulni yoʻqotib qoʻyibman! (Yigʻlagunday boʻlib.) Pulim qani? (Sevinib ketadi.) Mana ekan-ye! Astar orasiga tushib ketgan ekan… Sovuq ter chiqib ketdi-ya…
Lyubov Andreevna bilan Sharlotta Ivanovna kiradilar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (lazgin kuyini kuylab). Nimaga Leonid bunchalik kechikdi ekan, a? Shu mahalgacha shaharda nima qiladi? (Dunyashaga.) Dunyasha, muzikachilarni choyga taklif qiling…
T r o f i m o v. Ehtimol, kimoshdi savdosi boʻlmay qolgandir.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Muzikachilarni bemahal chaqirdik, bal ham bevaqt boʻldi… Ha, mayli… (Oʻtiradi va sekin-asta qoʻshiq aytadi.)
Sh a r l o t t a (Pishchikka bir koloda qarta uzatib). Mana bu qarta, a? Bittasini tanlab olib, esingizda tuting.
P i sh ch i k. Tanladim.
Sh a r l o t t a. Endi qartani chiylang. Juda yaxshi. Qani, azizim Pishchik afandi, qartalarni menga bering. Endi qidiring uni, yon choʻntagingizdan topasiz…
P i sh ch i k (yon choʻntagidan qarta chiqarib). Qargʻa sakkiz edi, xuddi oʻzi-ya! (Hayratlanib.) Tavba!
Sh a r l o t t a (qarta kolodasini kaftiga qoʻyib, Trofimovga). Tez ayting, ustidagi qanaqa qarta?
T r o f i m o v. Nima boʻpti? Ha, qargʻaning motkasi.
Sh a r l o t t a. Juda yaxshi. (Pishchikka qarab) Ustidagi qanaqa qarta?
P i sh ch i k. Chillinning tuzi.
Sh a r l o t t a. Juda yaxshi! (Kaftiga bir uradi, koloda gʻoyib boʻladi.) Bugun havo judayam zavqli-a!
Uning gapiga javoban, xuddi polning tagidan “Havo juda nashʼali, xonim!” degan ayol kishining tovushi eshitiladi.
Siz mening eng yaxshi koʻrganimsiz…
Ya n a t o v u sh: “Siz ham xonim, menga juda yoqib qoldingiz”.
S t a n s i ya b o sh l i gʻ i (chapak chalib). Ofarin, sehrgar xonim!
P i sh ch i k (hayratda qrlib). Tavba!.. Goʻzallar goʻzali Sharlotta Ivanovna… Sizga oshigʻu beqaror boʻlib qoldim…
Sh a r l o t t a. Siz-a! (Yelkasini qisib.) Siz ham biron kimsani seva olasizmi?
T r o f i m o v (Pishchikning yelkasiga qoqib). Xoʻp ot ekansiz-da!
Sh a r l o t t a. Diqqat! Yana bir fokus koʻrsataman. (Stuldan roʻmolni oladi.) Mana, juda yaxshi roʻmol, sotmoqchiman… (Roʻmolni silkitib koʻrsatadi.) Kim oladi?
P i sh ch i k (hayratlanib). Tavba!
Sh a r l o t t a. (Roʻmolini darrov baland koʻtaradi, roʻmolning orqasida Anya turgan boʻladi; u taʼzim qilib, onasining oldiga yugurib boradi-da, uny quchoqlab, zalga qaytib yugurib kirib ketadi. Hamma xursand.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a (chapak chalib). Ofarin, rfarin!
Sh a r l o t t a. Yana bir marta koʻrsatay. (Roʻmolini koʻtaradi, roʻmol orqasida Varya salom berib turadi.)
P i sh ch i k (hayratlanib). Tavba!
Sh a r l o t t a. Tamom! (Roʻmolni Pishchikning ustiga tashlaydi, oʻzi ham taʼzim qilib, zalga qochib chiqib ketadi.)
P i sh ch i k (uning orqasidan chopib). Obbo sehrgar-yey!.. A? Qalay? (Chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Leoniddan hali ham darak yoʻq. Shu mahalgacha shaharda nima qilar ekan, sira aqlim yetmaydi! Axir hamma ish tugagandir, yer-mulk sotilib boʻlgandir, yo boʻlmasa kimoshdi savdosi qoldirilgandir, nega endi buncha kutdirib oʻtiradi?
V a r ya (yupatmoqchi boʻlib). Togʻajonim sotib olgandir, bunga men aminman.
T r o f i m o v (kesatib). Ha, albatta!
V a r ya. Buvim qarzni oʻz boʻynilariga olib, bogʻni oʻzlarining nomlariga oʻtkazish sharti bilan pul yuboribdilar. Buni buvim Anya uchun qilgan-da. Men achinamanki, xudo xohlasa, bogʻni albatta togʻam oladilar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yaroslavldagi buving qoʻrgʻonni oʻz nomiga koʻchirish sharti bilan oʻn besh ming soʻm yuboribdi. Bizga inonmaydi ham. Bu puli protsentlarni toʻlashga ham yetmaydi. (Ikki qoʻli bilan yuzini bekitadi.) Bugun mening taqdirim hal boʻladi, taqdirim…
T r o f i m o v (Varyaga tegishib). Lopaxina xonim!
V a r ya (jahli chiqib). Qari student! Oʻzingiz universitetdan ikki marta haydalgansiz-ku!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Varya, nimaga jahling chiqadi? U senga Lopaxina deb tegishadi, tegishsa nima qipti? Koʻnglingda boʻlsa teg. Oʻzi binoyidek, chiroyli odam. Xohlamasang – tegma, seni hech kim zoʻrlamaydi.
V a r ya. Oyijon, men bu ishga jiddiy qarayman, toʻgʻrisi shu-da. U yaxshi odam, menga yoqadi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Tega qol boʻlmasa. Tagʻin nimani kutasan, hayronman!
V a r ya. Oyijon, qanday qilib men unga sizga tegaman deb aytay? Ikki yildan beri hammaning ogʻzida shu gap, hamma shunaqa deydi, u boʻlsa yo biron narsa demaydi, yo hazil deb yuribdi. Bilib turibman, u boyib ketmoqda, ish bilan band, mening toʻgʻrimda oʻylashga vaqti yoʻq. Agar pulim boʻlsa, jilla boʻlmaganda yuz soʻmim boʻlganda ham, hamma narsani tashlab uzoqroq bir yerga ketardim. Monastirga boʻlsa ham mayli edi.
T r o f i m o v. Koʻp xayrli ish boʻlardi-da.
V a r ya (Trofimovga qarab). Student degan bir oz aqlli boʻlishi kerak! (Muloyim tovush bilan, yigʻlab). Juda xunuklashib ketibsiz, Petya, qarib qolibsiz! (Lyubov Andreevnaga qarab yigʻidan toʻxtab.) Men ishsiz turolmayman oyijon. Doim biron ish qilib turishim kerak.
Yasha kiradi.
Ya sh a (kulgisi qistab). Yepixodov billiard kiyini sindirib qoʻydi!.. (Ketadi.)
V a r ya. Yepixodov bu yerda nima qilib yuribdi? Billiard oʻynashga kim ruxsat berdi unga? Bu odamlarga hech tushunolmadim-ku!.. (Chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Petya, hadeb unga tegajogʻlik qilavermang, busiz ham oʻzining gʻami boshidan oshib yotibdi.
T r o f i m o v. Juda mahmadana boʻlib ketgan, har ishga aralashaveradi. Butun yoz boʻyi na menga, na Anyaga tinchlik berdi, bizning oʻrtamizda muhabbat tugʻilib qolishidan qoʻrqib yuribdi. Uning nima ishi bor? Buning ustiga, bunday deb oʻylashiga unda asos ham yoʻq, men bunday pastkashlikni oʻzimga ep koʻrmayman. Biz muhabbatdan yuqori turamiz!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Mana men muhabbatdan past tursam kerak. (Qattiq xavotirlanib.) Nega shu mahalgacha Leoniddan darak yoʻq-a? Mulk sotildimi yo yoʻqmi, faqat shuni bilsam boʻlgani edi. Bu boshga tushgan baxtsizlik shu qadar aqlga sigʻmaydiki, hatto nima deb oʻylashimni ham bilmay qoldim. Hozir dod deb yuboraman… yo biron ahmoqlik qilib qoʻyaman… Najot bering, Petya. Gapiring, bir nima deng, axir…
T r o f i m o v. Yer-mulk bugun sotildimi yoki sotilmadimi, baribir emasmi? Mulk allaqachon qoʻldan ketgan, orqaga qaytish yoʻq, endi bu haqda oʻylashning hojati bormi. Xotirjam boʻling, azizim. Oʻzingizni-oʻzingiz aldab nima qilasiz? Umringizda loaqal bir marta boʻlsayam haqiqatga dadil koʻz bilan qarang, axir.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qanday haqiqatga? Haqiqatning oʻzi qayerda bor-u, qayerda yoʻqligini siz koʻra olasiz, men xuddi soʻqir odamga oʻxshab hech narsani koʻrolmayman. Har xil muhim masalalarni siz dadil-dadil yechasiz, lekin ayting-chi, shovvoz, buning hammasi sizning yoshligingizdan, boshingizga hali biron mashaqqat tushmaganligidan emasmi? Siz istiqbolingizga dadil qaraysiz, lekin bu – koʻzingizga hech qanday dahshatli narsaning koʻrinmayotganligi va uni kutmayotganingiz tufayli emasmi? Axir, siz hali haqiqiy turmushni koʻrmagansiz, bilmaysiz! Bizga qaraganda siz dadilroq, vijdonliroqsiz, tushunchangiz biznikidan chuqurroq, lekin bir oz oʻylab koʻring, zigʻircha boʻlsa ham olijanoblik qiling, menga shafqat eting. Axir, men shu yerda tugʻilib oʻsganman, otam ham, onam ham, bobolarimning umri ham shu yerda oʻtgan, men bu uyni jonimdan ham aziz koʻraman, olchazorsiz mening hayotim hayot emas, agar bogʻni albatta sotish zarur boʻlsa, meni ham qoʻshib sotinglar… (Trofimovni quchoqlaydi, uning peshonasidan oʻpadi.) Axir, oʻgʻlim shu yerda choʻkib oʻldi… (Yigʻlaydi.) Menga rahm qiling, baraka topgur.
T r o f i m o v. Bilasiz-ku, men sizga butun qalbimdan achinaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bu gapni boshqacharoq qilib aytish kerak, boshqacharoq qilib… (Dastroʻmolini oladi, yerga telegramma tushadi.) Bugun koʻnglim shunaqa gʻashki, siz buni hatto tasavvur ham etolmaysiz. Buyer shovqin-suron, har tovushdan yuragim zirqiraydi, hamma yogʻim dir-dir titraydi, lekin oʻz uyimga kirib oʻtirolmayman, yolgʻiz oʻzim qolsam – vahima bosadi. Meni muncha koyimang, Petya… Men sizni oʻz oʻgʻlimdek sevaman. Anyani sizga jon deb berar edim-u, jonginam, biroq oʻqish kerak, oʻqishingizni tugatishingiz kerak, axir. Biron ish bilan shugʻullanmaysiz, taqdir sizni u yoqdan-bu yoqqa tashlagani tashlagan, hech tushunib boʻlmaydi… Toʻgʻrimi gapim? Shundaymi? Innaykeyin soqolni ham yeal epaqaga keltirish kerak, evi bilan-da. (Kuladi.) Juda gʻalati odamsiz-a!
T r o f i m o v (telegrammani yerdan olib). Men chiroyli boʻlishni istamayman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bu telegramma Parijdan keldi, har kuni keladi, kechayam kelgan edi, bugun ham… Bu vahshiy odam yana betob yotgan emish, yana ahvoli yomon emish!.. Kechirim soʻraydi, kel deb yalinadi. Rostini aytganda, Parijga borishim, uning yonida boʻlishim kerak. Siz menga xoʻmrayib qaraysiz, Petya, ammo nima qilay endi, chirogʻim, nima qilay, u betob yotgan boʻlsa, yolgʻiz oʻzi, yonida hech kimi yoʻq, baxtsiz boʻlsa… Unga kim qaraydi, kim xatodan qaytaradi, kim oʻz vaqtida dori-darmon berib turadi? Yashirishning nima hojati bor, men uni sevaman, bu ravshan. Sevaman, sevaman… U boʻynimga osilgan tosh, bu tosh meni suv tagiga sudrab ketmoqda, ammo shu toshni sevaman, usiz yashay olmayman. (Trofimovning qoʻlini qisib.) Mening toʻgʻrimda yomon gap koʻnglingizga kelmasin, Petya, menga hech narsa demang, qoʻying, gapirmang…
T r o f i m o v (yigʻi aralash). Xudo haqi, koʻnglimda bor gapni ochiq aytaman, kechiring axir, u sizning bor-yoʻgʻingizni shilib oldi-ku.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yoʻq, yoʻq, unday demang… (Qulogʻini berkitadi.)
T r o f i m o v. Axir u ablah odam, buni faqat siz koʻrmaysiz! Pastkash, muttaham, uch pulga qimmat odam…
L yu b o v A n d r ye ye v n a (jahli chiqadi, lekin oʻzini tutib). Yigirma olti yoki yigirma yetti yoshga kirdingiz-u, hali ham gimnaziyaning ikkinchi sinf oʻquvchisiga oʻxshaysiz!
T r o f i m o v. Mayli!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Chinakam erkaklarga oʻxshang, sizning yoshingizda sevgan va muhabbat qoʻygan kishilarning ruhini tushuna bilish kerak. Oʻzingiz ham sevishingiz kerak… Sevish kerak! (Jahli chiqib ketadi.) Ha, ha, shunday! Oʻzingiz ham pok emassiz! Faqat oʻzingizni pokman deb yurasiz, tentak, bemaʼnisiz.
T r o f i m o v (hayratlanib). Nimalar deyapti bu xotin.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. “Men muhabbatdan yuksak turaman” emish! Siz muhabbatdan baland emassiz, balki Firs aytgandek, merov odamsiz. Shuncha yoshga yetib jazman ortdirmagansiz!..
T r o f i m o v (qoʻrqib ketib). Bu dahshat-ku, dahshat! Nimalar deyapti asti u? (Boshini ikki qoʻllab uillab, yugurib zalga chiqib ketadi.) Dahshat, dahshat! Men bunga chidab turolmayman, ketaman… (Ketadi, ammo tez qaytadi). Boʻldi, tanish-bilishlik ham bitdi! (Dahlizga chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a (orqasidan chaqirib qoladi). Petya, shoshmang! Telba-tentak! Men hazillashdim! Petya!
Dahlizda birovning zinadan yugurib tushib ketayotgani va birdan gumburlab yiqilgani, Anya bilan Varyaning qichqirib yuborgani va shu ondayoq ularning kulgisi eshitiladi.
A n ya (kula-kula). Petya zinadan yiqilib tushdi! (Yugurib chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Juda gʻalati odam-da, bu Petya!
Stansiya nachalnigi zalning oʻrtasida turib, A. Tolstoyning “Gunohkor ayol” degan asarini oʻqiydi, hamma quloq soladi, biroq bir necha satr oʻqimasdanoq, dahlizdan vals sadolari eshitiladi, oʻqish boʻlinib qoladi. Hamma oʻyinga tushib ketadi. Dahlizdan Trofimov, Anya, Varya va Lyubov Andreevnalar oʻtadilar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Xoʻsh, Petya… Ha, sofdil kishi… Afv soʻrayman… Yuring, oʻyinga tushaylik… (Petya bilan oʻyinga tushadi.)
Anya bilan Varya ham oʻyinga tushib ketadilar. Firs kirib hassasini yondagi eshik oldiga tirab qoʻyadi. Yasha ham mehmonxonadan kirib, oʻyinga tushayotganlarni tomosha qilib turadi.
Ya sh a. Xoʻsh, boboy?
F i r s. Tobim yoʻqroq. Ilgarilari biz bal berganda generallar, baronlar, admirallar tansa qilar edilar, endi boʻlsa pochta amaldoriga, stansiya nachalnigiga odam yubortiramiz, shunda ham ular noz qilishadi. Juda madorim qochdi. Rahmatlik barin kim kasal boʻlsa soʻrgʻich ichirardi. Men ham yigirma yildan beri har kuni soʻrgʻich ichaman, balki yigirma yildan ham oshgandir, ehtimol shu tufayli tirik yurgandirman.
Ya sh a. Jonga tegding-da boboy. (Xomiza tortadi.) Tezroq oʻla qolsang ham boʻlardi.
F i r s. Voy tentak-yey… (Mingʻillaydi.)
Trofimov va Lyubov Andreevna, oldin zalda, keyin mehmonxonada tansa qiladilar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Mega. Men picha oʻtiray… (Oʻtiradi.) Charchadim.
Anya kiradi.
A n ya (hayajonlanib). Hozirgina kimdir oshxonada olchazorning shu bugun sotilganini aytdi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Kimga sotilibdi?
A n ya. Unisini aytmadi. Ketib qoldi. (Trofimov bilan oʻyinga tushib, zalga chiqib ketadi.)
Ya sh a. Qandaydir bir chol vaysab oʻtirgan edi, oʻzi begona odam.
F i r s. Leonid Andreevich hali ham qaytgani yoʻq. Yengil demisezon paltoda edi, shamollab qolmasaydi. Yosh-da, bolasi tushkur, yosh…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yuragim tars yorilib ketay deyapti. Boring, Yasha, kimga sotilganini bilib keling.
Ya sh a. Cholning ketib qolganiga ancha boʻldi. (Kuladi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a (sal ranjib). Nega hiringlaysiz-a! Nimaga suyunasiz?
Ya sh a. Yepixodov juda taviya odam ekan! Puch odam. Falokat bosgan.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Firs, agar yer-mulk sotilsa, sen qayerga borasan?
F i r s. Qayerga desangiz, shu yerga ketaveraman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Nimaga buncha ranging oʻchgan? Tobing yoʻqmi? Borib uxlasang boʻlardi.
F i r s. Uxla deysiz… (Ranjiydi.) Men kirib uxlasam, bu yerda kim qoladi? Kim qaraydi? Butun uyda bir oʻzimman.
Ya sh a (Lyubov Andreevnaga). Lyubov Andreevna, sizga iltimosim bor: bir yaxshilik qiling, agar yana Parijga ketadigan boʻlsangiz meni ham olib keting, xudo xayringizni bersin. Men bu joyda sira qololmayman. (Atrofga qarab, ovozini pasaytirib). Sizdan yashiradigan joyim yoʻq, oʻzingiz koʻrib turibsizki, bu yurt butunlay nodon, xalqi odobsiz, buning ustiga odam juda zerikib ketdi, ovqatlari yomon, Firs boʻlsa u yoqdan-bu yoqqa yurib, har xil kelishmagan soʻzlarni poʻngʻirlaydi. Meni albatta oʻzingiz bilan olib keting, xudo xayringizni bersin!
Pishchik kiradi.
P i sh ch i k. Ruxsat eting… valsga tushaylik, goʻzalim… (Lyubov Andreevnani boshlab ketadi.) Goʻzalim, baribir sizdan bir yuz sakson soʻmni olaman… Olaman dedim olaman. (Uyinga tushadilar.) Bir yuz sakson soʻm… (Zalga oʻtadilar.)
Ya sh a (ohista ashula boshlaydi). “Qalbim tolpinishin anglaysanmi sen…”
Zalda kul rang silindr va katak shim kiygan bir kimsa qoʻllarini silkitib sakraydi. “Ofarin, Sharlotta Ivanovna!” degan ovozlar eshitiladi.
D u n ya sh a (yuziga upa surtish uchun toʻxtaydi). Oyimqiz oʻyinga tushgin deb qistaydilar, yigitlar koʻp-u, qizlar kam deydilar. Tansadan boshim aylanadi, yuraklarim gupillab uradi. Firs Nikolayevich, hozirgi pochta amaldori menga shunday bir gap aytdiki, nafasim ichimga tushib ketdi.
Muzika toʻxtaydi.
F i r s. Nima dedi u senga?
D u n ya sh a. Siz bamisoli bir gulsiz deb aytdi.
Ya sh a (esnab). Nodonlik bu… (Ketadi.)
D u n ya sh a. Bamisoli gul-a… Men shunday odobi qizmanki, shunaqangi shirin soʻzlarni oʻlguday yaxpl koʻraman-da.
F i r s. Boshingni aylantirib ketadi.
Yepixodov kiradi.
Ye p i x o d o v. Avdotya Fyodorovna, menga sira qaramaysiz ham… Meni bir hashorat deb bilasiz shekilli… (Uh tortadi.) Eh, hayot!
D u n ya sh a. Nima demoqchi boʻlasiz?
Ye p i x o d o v. Shubhasiz, balki siz haqlidirsiz. (Uh tortadi.) Lekin, albatta, agar nuqtai nazardan qaralsa, siz meni kechiring, ochigʻini aytganda, mening ruhimni tushirib yubordingiz. Men oʻz taqdirimni bilaman, har kuni bir baloga uchrayman, bunga men allaqachonlar koʻnikib ketganman, oʻz taqdirimga kulib qarayman. Siz menga soʻz bergan edingiz va garchi men…
D u n ya sh a. Keling, keyin gaplashamiz, hozir meni tinch qoʻying. Men hozir xayol surmoqchiman. (Yelpugʻichni oʻynab oʻtiradi.)
Ye p i x o d o v. Men har kuni biron falokatga uchrayman, shunday boʻlsa hamki, men sizga aytsam, iljayib yuraveraman, hatto kulaman ham.
Zaldan Varya kiradi.
V a r ya. Semyon, sen hali ham ketmadingmi! Qanaqa beodob odamsan oʻzing! (Dunyashaga qarab.) Ket bu yerdan, Dunyasha. (Yepixodovga) U yoqqa borib billiard oʻynab kiyni sindirasan, bu yoqqa kelib mehmonxonada xuddi mehmonday salanglab yurasan.
Ye p i x o d o v. Meni tiyishga, men sizga aytsam, haqingiz yoʻq.
V a r ya. Men seni tiyayotganim yoʻq, faqat aytib qoʻyayapman. U yoqdan bu yoqqa yurishni bilasan, ish desa qochasan. Kantorchimiz bor-u, ammo uning nimaga kerakligi nomaʼlum.
Ye p i x o d o v (xafalanib). Ishlaymanmi, yuramanmi, ovqat yeymanmi, billiard oʻynaymanmi, bu haqda faqat gapga tushunadiganlar yoxud kattalar muhokama qila oladi.
V a r ya. Sen hali menga gap qaytaradigan boʻlib qoldingmi! (Gʻazabi qoʻzgʻab.) Gap qaytarasanmi? Demak, men hech gapga tushunmas ekanman-da, a? Yoʻqol hozir bu yerdan! Koʻzimga koʻrinma!
Ye p i x o d o v (qoʻrqib ketadi). Ogʻzingizga qarab gapirishingizni soʻrayman.
V a r ya (badtar gʻazabi kelib). Hozirning oʻzida bu yerdan chiqib ket! Yoʻqol deyman!
Yepixodov eshikka tomon yuradi, Varya uning ketidan boradi. E, falokat bosgan. Qorangni ham koʻrsatma! Koʻrinma koʻzimga deyman!
Yepixodov chiqadi. Eshik orqasidan uning: “Ustingizdan arz qilaman” degan ovozi eshitiladi.
Yana qaytib keldingmi? (Eshik yoniga Firs tirab qoʻygan hassani qoʻliga olib). Qani kel-chi, kel… Bir senga koʻrsatib qoʻyay… Keldingmi, a? Mana boʻlmasa… (Qulochkashlab turgan paytda Lopaxin kirib qoladi).
L o p a x i n. Bisyor tashakkur.
V a r ya (jahl aralash, kinoya bilan). Kechirasiz!
L o p a x i n. Hechqisi yoʻq. Ammo, bunday yaxshi kutib olganingiz uchun tashakkur.
V a r ya. Arzimaydi. (Turgan joyidan nari ketib, keyin qayrilib qaraydi va muloyim ovozda soʻraydi.) Qattiq tegdimi?
L o p a x i n. Yoʻq, uncha emas. Har holda mushtday boʻlib shishib chiqsa kerak.
Zaldan tovushlar: “Lopaxin keldi! Yermolay Alekseich!”
P i sh ch i k. Koʻzimiz bilan koʻrdik, qulogʻimiz bilan eshitdik… (Lopaxin bilan oʻpishib koʻrishadi.) Doʻstim, ogʻzingdan konyak hidi keladimi… Biz ham oʻyin-kulgi qilyapmiz.
Lyubov Andreevna kiradi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Sizmisiz, Yermolay Alekseich! Nega buncha kechikdingiz? Leonid qani?
L o p a x i n. Leonid Andreich ham men bilan birga keldi. Hozir kiradi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (hayajonlanib). Xoʻsh, nima boʻldi? Savdo boʻldimi? Ha, gapirsangizchi tezroq!
L o p a x i n (xijolatda, sevinchini oshkor etishdan qoʻrqib). Savdo soat toʻrtlarda tugadi. Poyezdga kechikdik, soat toʻqqiz yarimgacha kutishga toʻgʻri keldi. (Ogʻir xoʻrsinib.) Uf! Bir oz boshim aylanyapti…
Gayev kiradi, oʻng qoʻlida xarid kilgan narsalari, chap qoʻli bilan koʻz yoshini artadi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Lyonya, xoʻsh nima gap? Lyonya, ha tezroq ayta qol! (Toqatsizlanib, yigʻlab yuboradi.) Xudo haqi, tezroq gapirsangchi!
G a ye v (unga javob bermaydi, faqat qoʻlini siltaydi; Firsga qarab yigʻlamsirab). Mana buni olib qoʻy… Mana bu anchous, Kerch baligʻi… Kuni boʻyi tuz totganim yoʻq… Qanchadan-qancha mashaqqat chekdim!
Billiardxonaning eshigi ochiq, sharlarning sharaqlashi va Yashaning: “Yetti-yu, oʻn sakkiz” degan ovozi eshitiladi. Gayevning chsʼhrasi oʻzgarib yigʻidan toʻxtaydi.
Rosa charchadim. Menga boshqa ustivosh ber, Firs. (Zal orqali oʻz boʻlmasiga kirib ketadi, uning orqasidan Firs chiqadi.)
P i sh ch i k. Savdo nima boʻldi? Gapirsangiz-chi, axir!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Olchazor sotildimi?
L o p a x i n. Sotildi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Kim oldi?
L o p a x i n. Men oldim.
Pauza.
Lyubov Andreevna ezilgan, parishon, agar yonida kreslo bilan stol boʻlmaganda, yiqilib tushardi. Varya belidagi kalitlarni yechib, mehmonxona oʻrtasiga tashlaydi va chiqib ketadi.
Olchazorni men oldim. Bir oz sabr qilinglar, janoblar, esimni yoʻqotayozdim, gapirolmayman… (Kuladi). Biz savdoga yetib borsak, Deriganov oʻsha yerda ekan… Leonid Andreichning atigi oʻn besh ming soʻm puli bor edi. Deriganov boʻlsa qarzning ustiga birdan oʻttiz ming berib yubordi. Qarasam, ish shunaqa, olishib qoldim, qirq ming berib yubordim. U qirq besh mingga chiqdi. Men ellik besh ming berdim. Xullas u besh mingdan oshsa, men oʻn mingdan oshaverdim. Axir, tamom boʻldi. Qarzning ustiga toʻqson ming berdim, bogʻ menga qoldi. Olchazor endi meniki! Meniki! (Xoxolab kuladi.) O, parvardigor, mana olchazor meniki! Aytinglar, sen mastsan, jinni boʻlib qolibsan, tush koʻrayotibsan denglar… (Yer tepinib.) Masxara qilinglar meni! Agar mening otam va bobom goʻridan turib, bu hodisani koʻrsalar, urilgan, surilgan, chalasavod, qish kunlari oyoq yalang yuruvchi oʻgʻli Yermolayning dunyoda tengi yoʻq yer-mulkni sotib olganini bir koʻrsalar edi! Men ota-bobolarim qul boʻlib ishlagan, hatto oshxona ostonasiga ham qadam bostirishmagan mulkni sotib oldim! yoʻq, men uyqudaman, bu narsani tushimda koʻryapman, menga shunday koʻrinayotgandir… Bu tuman qoplagan xom xayollaringizning mevasi emasmi-a? (Yerdan kalitlarni olib, mayin iljayib.) Kalitlarni ham tashlab ketdi, bu yerda endi uy xoʻjasi emasligini bildirmoqchi… (Kalitlarni shildiratib.) E, baribir.
Cholgʻuvchilarning asboblarni sozlayotgani eshitiladi.
Hoy, cholgʻuvchilar, chalinglar, men eshitaman! Yermolay Lopaxinning olchazorga bolta solib yuborishini, daraxtlarning qarsillab qulashini hammanglar kelib koʻringlar! Chorbogʻlar quramiz, nevara-chevaralarimiz bu yerda yangi hayotni koʻrajaklar!.. Muzikachilar, chalinglar!
Muzika chala boshlaydi. Lyubov Andreevna stulda oʻtirib achchiq koʻz yoshlari toʻkadi.
(Taʼna bilan). Nega, nega mening gapimga kirmadingiz? Shoʻrlikkinam, goʻzalim, endi hech narsa qilib boʻlmaydi. (Koʻzidan yosh chiqib.) Oh, tezroq bita qolsaydi bu gaplar, bizning bemaza, baxtsiz hayotimiz tezroq oʻzgara qolsaydi!..
P i sh ch i k (Lopaxinning qoʻltigʻidan ushlab, past ovozda). Yigʻlayapti. Yur, zalga chiqaylik, yolgʻiz oʻzi qolsin… Yur… (Lopaxinning qoʻltigʻidan ushlab, zalga olib chiqib ketadi).
L o p a x i n. Hoy, nima boʻldi? Muzika, durustroq chal. Hamma narsa mening aytganimdek boʻlsin! (Kinoya bilan.) Yangi pomeshchik, olchazor egasi kelayotir! (Bilmasdan stolni turtib yuboradi, qandilning tushib sinishiga sal qoladi.) Hammasiga toʻlashga kuchim yetadi! (Pishchik bilan birga chiqib ketadi)
Zalda va mehmonxonada Lyubov Andreevnadan boshqa hech kim qolmaydi, u juda ezilib, achchiq-achchiq yigʻlaydi. Muzika asta-sekin chalib turadi. Anya bilan Trofimov yugurib kiradilar. Anya onasining oldiga kelib tiz choʻkadi. Trofimov eshik oldida qoladi.
A n ya. Oyi! Oyijon, yigʻlayapsanmi? Jonginam, mehribonim, goʻzalim, oyijonim, men seni juda, juda yaxshi koʻraman… Men seni duo qilaman. Olchazor sotilib ketdi, bu rost, ammo yigʻlama, oyi, sening porloq istiqboling, yaxshi va pok diling qoldi… Yur men bilan oyijon, ketamiz bu yerdan, yur! Biz yangi bogʻ yaratamiz, bundan ham goʻzal, bundan ham muhtasham bogʻ boʻladi, sen uni albatta koʻrasan, shunda bilasan… Ana shunda, xuddi oqshom quyoshi botganday, qalbingga chuqur va samimiy shodlik quyiladi… Ushanda sevinasan, kulasan, oyi! Yur, oyijon! Yur, ketamiz!..
Parda
TOʻRTINCHI PARDA
Birinchi parda dekoratsiyasi. Derazalardagi pardalar, devorlardagi rasmlar yoʻq: bir burchakka xuddi sotuvga qoʻyilgandek ozroq mebel yigʻishtirib qoʻyilgan. Uyning huvillab qolgani koʻrinib turibdi. Sahnaning ichkari tomonidagi hovliga chiqadigan eshik oldida bir talay chamadon, tugun va boshqalar turibdi. Chap tomondagi eshik ochiq. U yerda Varya bilan Anyaning tovushi eshitiladi. Lopaxin hammani kutib tik turibdi. Yasha shampanskoye quyilgan stakanlar terilgan patnusni koʻtarib turadi. Dahlizda Yepixodov yashik boylamoqda. Sahnaning orqa tomonida olagʻovur; mujiklar xoʻjayinlari bilan xayrlashgani kelganlar. Gayevning: “Rahmat, ogʻaynilar, rahmat sizlarga” degan ovozi keladi.
Ya sh a. Avom xalq xayrlashgani kelibdi. Men, Yermolay Alekseich, shunday fikrdamanki, bular yaxshi odamlar, ammo tushunchalari kam.
Tashqaridagi shovqin bosiladi. Dahlizdan Lyubov Andreevna bilan Gayev kiradi Lyubov Andreevna yigʻisini tiygan-u, lekin rang-roʻyi oqargan, yuzi titraydi, gapirolmaydi.
G a ye v. Sen ularga hamyoningni berib yubording-a, Lyuba! Bunday qilish yaramaydi, axir!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Koʻnglim boʻlmadi! Chidab turolmadim!
Ikkovi chiqib ketadi.
L o p a x i n (ularning ketidan). Marhamat, janoblar, iltimos qilaman! Ketar jafosiga bir stakandan ichaylik. Shahardan olib kelish esimga kelmabdi, stansiyadan faqat bir butilka topildi. Marhamat, marhamat!
Pauza.
Qani janoblar, ichmaysizlarmi? (Eshik oldidan nari ketib.) Bilganimda olmagan boʻlar edim. Sizlar ichmasanglar men ham ichmayman.
Yasha patnusni ohista stol ustiga qoʻyadi.
Hech boʻlmasa, Yasha, sen ichsang-chi.
Ya sh a. Joʻnab ketuvchilar sharafiga! Siz ham yaxshi qoling! (Ichadi.) Bu haqiqiy shampanskoye emas ekan, xoʻp deng.
L o p a x i n. Butilkasi sakkiz soʻm turadi.
Pauza.
Oʻlgudek sovuq ekan-u bu yer.
Ya sh a. Bugun pechkalar yoqilmadi, baribir ketamiz-ku. (Quladi.)
L o p a x i n. Nimaga tirjayasan?
Ya sh a. Suyunganimdan,
L o p a x i n. Oktyabr kirgan boʻlsa ham, xuddi yoz singari issiq va jimjit. Imoratni shu mahalda qursang-da. (Soatiga qarab, eshikdan.) Janoblar, poyezdning kelishiga atigi qirq olti minut qoldi! Demak yana yigirma minutdan keyin stansiyaga chiqish lozim boʻladi. Tezroq boʻlinglar.
Ustida palto Trofimov hovlidan kiradi.
T r o f i m o v. Menimcha, joʻnasak ham boʻlar deyman. Ekipajlar tayyor. Jin ursin, kaloshim qayerda qoldi ekan? Yoʻqolibdi. (Eshikka qarab.) Anya, kaloshim yoʻq-ku! Topolmadim.
L o p a x i n. Men Xarkovga ketishim kerak. Sizlar bilan bir poyezdda joʻnasam deyman. Xarkovda butun qish turmoqchiman. Sizlar bilan ovora boʻlib, hamma ishlarim qolib ketdi. Ishsiz qolsam ikki qoʻlimni qayerga qoʻyishni bilmayman, xuddi birovning qoʻliga oʻxshab qoladi.
T r o f i m o v. Hozir joʻnab ketamiz, ana innaykeyin siz oʻz foydali ishingizga yana kirishaverasiz.
L o p a x i n. Bir stakan ichsang-chi.
T r o f i m o v. Ichmayman.
L o p a x i n. Demak, shu ketishingda toʻgʻri Moskvagami?
T r o f i m o v. Ha, ularni shahargacha kuzatib qoʻyaman-da, ertaga Moskvaga joʻnayman.
L o p a x i n. Ha, ha… Professorlar ham leksiya oʻqimay, hammasi sening yetib borishingni kutib oʻtirgan boʻlsa kerak!
T r o f i m o v. Sening ishing emas.
L o p a x i n. Universitetga kirganingga necha yil boʻldi?
T r o f i m o v. Yangiroq gap topib gapirsang-chi! Bu gaplarning siyqasi chiqib ketdi-ku. (Kaloshini qidiradi.) Bilasanmi, balki biz sen bilan endi koʻrishmasmiz, shuning uchun senga bir maslahat berib ketmoqchiman: har narsaga qoʻl yugurtiraverma! Shu odatingni tashla. Dacha qurish, barbogʻchilardan kelgusida ayrim yer egalari yetishib chiqadi deyishingning oʻzi ham har baloga qoʻl choʻzish… Har qalay men seni yaxshi koʻraman-da. Barmoqlaring xuddi artistlarning barmogʻiday nozik va ingichka, ruhing ham nozik…
L o p a x i n (uni quchoqlab). Xayr, ogʻayni. Barcha qilgan yaxshiliging uchun rahmat. Agar yoʻlga kerak boʻlsa, pul beray.
T r o f i m o v. Pulni nima qilaman? Keragi yoʻq.
L o p a x i n. Pulingiz yoʻqdir axir!
T r o f i m o v. Pulim bor. Tashakkur. Qilgan tarjimam uchun olgandim. Mana, choʻntagimda. (Tashvishlanib.) Kaloshim qayoqda qoldiykin-a?
V a r ya (narigi uydan turib). Mana, oling matoingizni. (Sahnaga bir juft kalosh irgʻitadi.)
T r o f i m o v. Nimaga jahlingiz chiqyapti, Varya?.. Hm… Bu mening kaloshim emas-ku!
L o p a x i n. Koʻklamda ming desyatina yerga koʻknori ekdirgan edim, roppa-raso qirq ming soʻm foyda qilibman. Koʻknorimning gullagan paytini bir koʻrsang edi! Ha, men aytmoqchimanki, qirq ming soʻm ishlabman, demak senga qarz bermoqchiman, negaki, qarz berish qoʻlimdan keladi. Dimogʻ koʻtarishning nima keragi bor? Men mujik odamman… dangal aytaveraman.
T r o f i m o v. Sening otang mujik, mening otam tabib edi, lekin buning hech bir ahamiyati yoʻq. (Lopaxin hamyonini chiqaradi.) Qoʻy, qoʻy… Ikki yuz ming bersang ham olmayman. Men erkin odamman. Siz boy va qashshoq odamlar sajda qilgan narsalarning bari mening ustimdan qilcha ham hukmronlik qilolmaydi. Osmonda uchib yurgan nozik par qanday boʻlsa, menga ular xuddi shunday. Men sizsiz ham yashay olaman, sizlarni nazar-pisand qilmay, yoningizdan oʻtib ketaveraman, men magʻrurman. Insoniyat yer yuzida boʻla oladigan eng yuksak haqiqat sari, eng katta baxt sari intilib bormoqda, men esa uning birinchi safidaman!
L o p a x i n. Yeta olarmikansan?
T r o f i m o v. Yetaman.
Pauza.
Yetaman, yetolmaganimda qanday yetish yoʻlini boshqalarga koʻrsataman.
Uzoqdan daraxtlarga urilgan bolta ovozi eshitiladi.
L o p a x i n. Xoʻp, doʻstim, yaxshi bor. Endi joʻnash kerak. Sen bilan biz bir-birimizga dimogʻ qilib oʻtyribmiz, turmush esa oʻz yoʻlidan ketyapti. Agar men koʻp va tinmay ishlasam, fikrlarim ham ancha oydinlashadi, nima uchun yashayotganimni ham oʻzim bilganday boʻlaman. Nima uchun yashayotganini bilgan odamlar Rossiyada oz deysanmi, oʻh-oʻ! Ha mayli, gap bunda emas-ku. Leonid Andreich ham bankka ishga kiribdi, yiliga olti ming olarmish… Shunisi borki ishlay olmaydi, oʻta ketgan dangasa…
A n ya (eshik oldiga kelib). Oyim biz ketguncha bogʻni kesishmay tursin deb soʻrayaptilar.
T r o f i m o v. Rost, nahotki shunga ham aqling yetma-sa… (Dahliz orqali chiqib ketadi.)
L o p a x i n. Hozir, hozir… Eh ahmoqlar-yey! (Uning ketidan chiqib ketadi).
A n ya. Firs kasalxonaga joʻnatildimi?
Ya sh a. Men ertalab aytgan edim. Joʻnatishgandir.
A n ya (zaldan oʻtib borayotgan Yepixodovga). Semyon Panteleich, bilingchi, Firsni kasalxonaga joʻnatishdimikin?
Ya sh a (xafa boʻlib). Men Yegorga ertalab aytgan edim. Hadeb soʻrayverishning nima keragi bor!
Ye p i x o d o v. Mening uzil-kesil fikrimcha, shalvirab qolgan Firsni endi tuzatib, odam qilib boʻlmaydi, u ota-bobolari yoniga safar qilishi kerak. Men boʻlsam faqat unga havas qilishim mumkin. (Shlyapa solib qoʻyilgan karton quti ustiga chamadon qoʻyib, uni ezib yuboradi.) Ana aytmadimmi! Oʻzim ham shunday boʻlishini bilgan edim-a. (Chiqib ketadi.)
Ya sh a (mazah qilib). Voy falokat bosgan-yey…
V a r ya (eshik orqasida turib). Firsni kasalxonaga olib ketishdimi?
A n ya. Olib ketishdi.
V a r ya. Boʻlmasa nega doktorga yozilgan xat qolibdi.
A n ya. Orqasidan yubora qolish kerak… (Chiqib ketadi.)
V a r ya (qoʻshni xonada turib). Yasha qani? Aytinglar, onasi xayrlashgani kelibdi.
Ya sh a (qoʻlini siltab). Juda bezor boʻldim-da.
Dunyasha boyadan beri buyumlar oldida ivirsib turgan edi; Yashaning bir oʻzi qolishi bilan, darrov uning oldiga keladi.
D u n ya sh a. Loaqal bir marta qarasangiz-chi, Yasha. Siz meni tashlab ketyapsiz… (Yigʻlab Yashaning boʻyniga osiladi.)
Ya sh a. Yigʻlashning nima keragi bor? (Shampanskoye ichadi.) Olti kundan keyin yana Parijdamiz-da! Ertaga kuryer poyezdiga minamiz-u, joʻnayveramiz! Oʻzim ham ishongim kelmaydi. Viva la-Frans![4] Bu yer menga yoqmadi, sira turgim kelmaydi… Nima ham qilib boʻladi. Nodonlikdan toza toʻydim, yetadi. (Shampanskoye ichadi.) Yigʻlab nima qilasiz? Odobli qiz boʻlsangiz yigʻlamaysiz.
D u n ya sh a (oynaga qarab, yuziga upa suradi.) Parijdan xat yozib turing. Axir men sizni qanday sevardim, Yasha, yaxshi koʻrardim! Men nozik qizman, Yasha!
Ya sh a. Bu yoqqa odamlar kelyapti. (Chamadonlar oldida ivirsiydi, ohista ashula aytadi.)
Lyubov Andreevna, Anya, Gayev, Sharlotta Ivanovnalar kiradilar.
G a ye v. Yoʻlga tushsak ham boʻlardi. Vaqt oz qoldi. (Yashaga qarab). Kimdan baliq hidi kelyapti-a?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Oʻn minutlardan keyin ekipajga tushsak ham boʻladi… (Uy ichiga nazar tashlaydi.) Alvido, qadrdon uyim, keksa bobo! Qish ham oʻtar, bahor ham kelar, ammo sen boʻlmaysan. Seni buzib tashlaydilar. Nimalarni koʻrmadi bu devorlar! (Chuqur hayajon ichida qizini oʻpadi.) Baxtim, saodatimsan, chehrang porlaydi, koʻzlaring xuddi ikki olmosday chaqnaydi. Xursandmisan? Juda ham xursandman degin?
A n ya. Juda, juda! Yangi hayot boshlanadi, oyi!
G a ye v (suyunib). Darhaqiqat endi ishimiz chakki emas. Olchazor sotilguncha hammamiz tashvish tortdik, mashaqqat chekdik, endi masala uzil-kesil hal boʻlishi bilan hammamiz tinchidik, hatto vaqtimiz ham chogʻ boʻlib qoldi… Men endi bank xizmatchisiman, moliya xodimiman… Sarigʻini oʻrtaga, sening ham, Lyuba, yuzlaring ancha oʻzgarib, tuzuk boʻlib qolding, rost aytaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Rost. Asablarim bosildi.
Qoʻliga shlyapa bilan paltosini beradilar.
Kechalari ancha tinch uxlaydigan boʻlib qoldim. Mening buyumlarimni olib chiqing, Yasha. Vaqt boʻldi. (Anyaga qarab.) Qizim, sen bilan tezda koʻrishamiz… Men Parijga ketaman, Yaroslavldagi buving yuborgan pulni xarjlab turaman, yashasin buvimiz! Bu pul boʻlsa koʻpga yetmaydi.
A n ya. Oyi, sen tez orada qaytib kelasan-a? Shundaymi? Men tayyorlanib gimnaziya hajmida imtihoch topshi-raman, keyin ishga kiraman, seni boqaman. Ikkimiz, oyijon, birga har xil kitoblar oʻqiymiz… Toʻgʻrimi? (Oyisining qoʻllarini oʻpadi.) Kuz kechalarida oʻtirib kitoblar, juda koʻp kitoblar oʻqiymiz, ana shunda yangi, ajoyib dunyo koʻz oldimizda namoyon boʻladi… (Xayolga choʻmib.) Oyijon, qaytib kel…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Kelaman, oltinim, qaytib kelaman. (Qizini bagʻriga bosadi.)
Lopaxin kiradi. Sharlotta ohista ashula aytib oʻtiradi.
G a ye v. Sharlottaning sira gʻami yoʻq, ashula aytgani aytgan.
Sh a r l o t t a (xuddi yoʻrgaklangan bolaga oʻxshash bir tugunchani bagʻriga olib). Chaqalogʻim, alla-yey…
Chaqaloqning “inga-inga” degan yigʻisi eshitiladi.
Yigʻlama qoʻzim, yigʻlama.
“Ingga, ingga!..”
Juda rahmim keladi senga! (Tugunni joyiga irgʻitadi.) Menga biron joy topib beringlar, men bunday yuraver-may.
L o p a x i n. Topamiz, Sharlotta Ivanovna, xavotirlanmang.
G a ye v. Bizni hamma tashlab ketmoqda. Varya ham ketaman deydi… Bir-birimizga kerak boʻlmay qoldik…
Sh a r l o t t a. Shaharda turadigan joyim yoʻq. Ketish kerak endi… (Qoʻshiq aytib.) Baribir…
Pishchik kiradi.
L o p a x i n. Tabiat muʼjizasi!..
P i sh ch i k (harsillab). Uf, nafasimni rostlab olay… Oʻlib boʻldim… Qimmatli doʻstlarim… Suv bering…
G a ye v. Yana pul deb kelgandirsan-da? Yoʻgʻ-e, gunohdan chetroqda turay… (Ketadi.)
P i sh ch i k. Kelmaganimga ham ancha boʻldi… goʻzalim… (Lopaxinga qarab.) Sen ham shu yerdamisan? Koʻp xursandman… Miyang butun odamsan… Mana buni ol-chi! (Lopaxinga pul uzatadi.) Toʻrt yuz soʻm… Menda endi sakkiz yuz qirq soʻmi qoldi…
L o p a x i n (hayron boʻlib, yelkasini qisadi). Xuddi tushimda koʻrayotganga oʻxshayman… Qayerdan olding?
P i sh ch i k. Shoshmay tur… Juda isib ketdim… Ajoyib-gʻaroyib hodisa yuz berdi. Menikiga inglizlar kelgan edi, yerimdan allaqanday oq tuproq topishibdi… (Lyubov Andreevnaga.) Mana sizga ham toʻrt yuz soʻm, goʻzalim… (Pulni uzatib.) Qolganini keyin olasiz. (Suv ichadi.) Hozir vagonda kelayotganimizda bir yosh yigit allaqanday ulugʻ filosof tomdan sakrashga maslahat berganini aytdi… “Sakra!” – butun masala mana shunda, debdi. (Hayratlanib.) Tavba! Suv!..
L o p a x i n. Qanaqa inglizlar ekan ular?
P i sh ch i k. Oq tuproqli yerimni oʻshalarga yigirma toʻrt yilga baholab berdim… Endi, afv etasizlar, shoshib turibman… Yana yugurishim kerak… Znoykovnikiga bormoqchiman… Kardamonovnikiga… Hammadan qarzman. (Suv ichadi.) Yaxshi qolinglar… Seshanba kuni yana kelarman…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Biz hozir shaharga joʻnamoqchimiz, ertaga men chet elga ketaman.
P i sh ch i k. Nima? (Xavotirlanib.) Shaharga koʻchib nima qilasiz? Men ham aytdim-a, bu mebel, bu chamadonlar nega bunda yotibdi deb… Ha, mayli endi… (Yigʻi aralash.) Ha, mayli endi… Bu inglizlar… juda dono odamlar ekan… Ha, mayli endi… Baxtli boʻlinglar… xudo madad bersin… mayli. Bu dunyoda hamma narsaning ham oxiri boʻladi… (Lyubov Andreevnaning qoʻlini oʻpib.) Agar meni oʻlibdi deb eshitib qolgunday boʻlsangiz, oʻshanda: “Otga oʻxshagan bir odam bor edi, Simeonov-Pishchik degan banda edi… Xudo rahmat qilsin…” deb qoʻysangiz boʻlgani… Ajoyib havo… Ha… (Qattiq xijolat ichida chiqib ketadi, biroq shu zahoti qaytib kiradi, eshik yonida turib.) Dashenkam sizga salom aytib edi! (Ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Endi joʻnasak ham boʻladi. Ammo yuragimda ikkita gʻamim bor. Biri betob yotgan Firs. (Soatiga qarab.) Yana besh minut oʻtirsak boʻladi…
A n ya. Oyijon, Firsni kasalxonaga joʻnatishdi… Yasha erta bilan joʻnatgan ekan.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yana bir gʻamim – Varya. U boyoqish erta tongda turib ishlashga oʻrgangan, endi ishsiz qolib, suvsiz yashagan baliqqa oʻxshab qoldi. Yuzlari soʻlib, oriqlab ketibdi. Tinmay yigʻlaydi, bechora…
Pauza.
Oʻzingizdan oʻtar gap yoʻq, Yermolay Alekseich, men uni sizga uzatarman deb orzu qilib yurardim… Sizning koʻnglingizda ham unga uylanish fikri bordek edi. (Anyaga bir nima deb shivirlaydi, Anya Sharlottaga imlaydi, ikkovlari chiqib ketadilar.) U sizni yaxshi koʻradi, sizga ham oʻzi yoqsa kerak. Bir-biringizdan nimaga qochasizlar – sira bilolmadim. Tushunolmayman!
L o p a x i n. Toʻgʻrisini aytsam, oʻzim ham tushunmayman. Juda gʻalati ish boʻldi-da. Agar kechikmagan boʻlsam, hozir ham tayyorman… Ishni bira toʻlasi bitirib qoʻya qolaylik, ammo sizsiz mening oʻzim aytolmayman, rost…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Juda yaxshi. Bunga nihoyati bir minut kifoya. Men hozir chaqirtiraman…
L o p a x i n. Aytmoqchi, mana shampanskoye ham tayyor. (Stakanlarga qaraydi.) Iyya, boʻshab qolibdi-ku! Birov ichib qoʻyibdi.
Yasha yoʻtaladi.
Buying otini tuya qilib berish deydilar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (taraddudlanib). Juda ssz Biz chiqib turamiz… Men hozir uni chaqirib beraman… (Eshikka qarab.) Varya, qoʻy hamma ishingni, bu yoqqa kel, kela qol! (Yaish bilan birga chiqib ketadi.)
L o p a x i n (soatiga qarab). Him…
Pauza.
Eshik orqasidan ohista kulgi va pichirlash eshitiladi. Varya kiradi.
V a r ya (buyumlarni titkilab). Ajab, qayoqqa yoʻqolibdi?..
L o p a x i n. Nima qidiryapsiz?
V a r ya. Oʻzim solib qoʻygan edim, endi oʻzim qidirib topa olmayman.
Pauza.
L o p a x i n. Endi qayerga borasiz, Varvara Mixaylovna?
V a r ya. Menmi? Ragulinlarnikiga… Uy-roʻzgʻorlariga qaraydigan boʻldim… ish qilib, ekonomkalikka oʻxshagan bir ish-da.
L o p a x i n. Yashnevo qishlogʻidagimi? U yer yetmish chaqirimcha keladi.
Pauza.
Bu uyda endi hayot bitdi…
V a r ya (buyumlarni titkilab). Qayerda qolibdi-ya… Yoki sandiqqa solib qoʻydimmikan… Ha, bu uyda endi hayot bitdi… endi sira qaytib kelmaydi.
L o p a x i n. Men hozir Xarkovga joʻnab ketmoqchiman… Shu poyezd bilan. Juda ishim koʻp. Bu yerga Yepixodovni qoʻyib ketaman… Uni ishga oldim.
V a r ya. Ajab boʻpti!
L o p a x i n. Bultur shu mahalda, esingizda boʻlsa, qor yoqqan edi, hozir boʻlsa sokin, oftob. Faqat sal sovuqroq… Sovuq uch darajaga borgandir?
V a r ya. Qaraganim yoʻq.
Pauza.
Gradusnigimiz ham sinib qolgan…
Pauza.
Hovlidan tovush: “Yermolay Alekseich… “
L o p a x i n (xuddi shu tovushni boyatdan beri kutib turganday). Hozir chiqaman! (Tez chiqib ketadi.)
Varya yerga oʻtirib, boshini tugunga qoʻyib, sekin-sekin piqillab yigʻlaydi. Eshik ochilib, sekin-asta yurib Lyubov Andreevna kiradi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Xoʻsh?
Pauza.
Endi joʻnash kerak.
V a r ya (yigʻidan toʻxtab, koʻzlarini artadi) Ha, vaqt boʻldi, oyijon. Men bugun Ragulinlarnikiga yetib boraman, faqat poyezdga kechikmasam boʻlgani…
L yu b o v A n d r ye ye v n a (eshikdan qarab). Anya, kiyina qol!
Anya, keyin Gayev va Sharlotta Ivanovnalar kiradilar.
Gayevning ustida boshlikli palto. Xizmatkorlar, izvoshchilar toʻplanadi. Yepixodov buyumlar oldida ivirsib yuradi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Endi yoʻlga tushsak ham boʻladi.
A n ya (sevinib). Yoʻlga, yoʻlga!
G a ye v. Doʻstlarim, qimmatli, aziz doʻstlarim! Shu uyni umrbod tashlab keta turib, vidolashuv oldidan butun vujudimni toʻldirgan qaynoq hislarimni aytmasdan turolmayman…
A n ya (yolvorib). Togʻa!
V a r ya. Togʻajon, qoʻying!
Ga ye v (ruhi tushib). Sarigʻini oʻrtaga duplet… Mana jim boʻldim…
Trofimov, keyin Lopaxin kiradilar.
T r o f i m o v. Xoʻp, janoblar, vaqt boʻldi, ketdik!
L o p a x i n. Yepixodov, paltomni keltir!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Men yana bir lahza oʻtiray. Bu uyning devorlari, shiftlari qandayligini ilgari sira koʻrmaganga oʻxshayman, endi shuncha suqlanib qarasam ham toʻymayman…
G a ye v. Esimda bor, olti yashar bola edim, Troitsa hayiti kuni xuddi shu derazadan otamning cherkovga ketayotganini koʻrib oʻtirgan edim…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Hech narsa esdan chiqib qolmadimi?
L o p a x i n. Menimcha, hamma narsa olindi. (Palto kiya turib, Yepixodovga.) Yepixodov, menga qara, hamma narsaga koʻz-quloq boʻlib turgin.
Ye p i x o d o v (ovozi xirillab). Xotirjam boʻling, Yermolay Alekseich!
L o p a x i n. Nega ovozing bunaqa!
Ye p i x o d o v. Boya suv ichuvdim, bir narsa yutib yuboribman.
Ya sh a (nafratlanib). Bu nodonlik…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Biz ketgandan keyin uy juda huvillab qoladi.
L o p a x i n. Koʻklamga qadar.
V a r ya (tugun ichidan zontikni sugʻurib olib, xuddi birovga oʻqtalganday boʻladi, Lopaxin choʻchib ketganday oʻzini chetga oladi.) E, sizni qarang… Qoʻrqmang.
T r o f i m o v. Janoblar, yuringlar ekipajlarga oʻtiraylik… Vaqt boʻldi! Hademay poyezd kelib qoladi!
V a r ya. Petya, mana kaloshingiz, chamadon yonida yotgan ekan. (Yigʻlab.) Biram kir, biram ifloski…
T r o f i m o v (kaloshini kiyib). Qani, ketdik janoblar!..
G a ye v (qattiq xayajonda, yigʻidan oʻzini arang toʻxtatib). Poyezd… stansiya… Kruaze oʻrtaga, oqini burchakka duplet…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ketdik!
L o p a x i n. Hamma shu yerdami? Ichkarida hech kim qolgani yoʻqmi? (Chap tomondagi eshikni qulflaydi.) Bu uyga narsalar qoʻyilgan, qulflab qoʻyish kerak. Yuringlar endi!..
A n ya. Xayr, uyimiz! Alvido, ey eski hayot!
T r o f i m o v. Yashasin yangi hayot! (Anya ikkovlari chiqib ketadilar.)
Varya uyga bir koʻz tashlab, shoshilmay chiqib ketadi. Yasha bilan itni yetaklagan Sharlotta ham chiqib ketishadi.
L o p a x i n. Demak, koʻklamgacha xayr. Chiqinglar, janoblar… Xayr endi!.. (Ketadi.)
Lyubov Andreevna bilan Gayev yolgʻiz qoladilar. Ikkovlari xuddi shu fursatni kutganday, bir-birlarining quchoqlariga tashlanib, birov eshitib qolishidan qoʻrqib ohista yigʻlaydilar.
G a ye v (umidsizlanib). Singlim, singliginam…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Oh, mening goʻzal bogʻim, muhtasham, shinam bogʻim!.. Hayotim, yoshligim, baxtim… Alvido!
A n ya n i n g t o v u sh i. (xursandlik bilan chaqiradi): “Oyi-yu-u”
T r o f i m o v n i n g t o v u sh i. (sevinch, xayajon ichida): “Au-u”.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Deraza va devorlarga yana bir marta qarab olay… Radmatlik oyim shu uydan oʻtishni yaxshi koʻrar edilar…
G a ye v. Singlim, singliginam!..
A n ya n i n g t o v u sh i. “Oyi-yu-u!..”
T r o f i m o v n i n g t o v u sh i: “Au-u!..”
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Borayotibmiz!.. (Chiqib ketadilar.)
Sahna boʻsh qoladi. Eshiklarning qulflanishi, keyin ekipajlarning joʻnab ketishi eshitiladi. Jimlik choʻkadi. Jimlik ichida daraxtlarga bolta urilayotgani eshitiladi, bu tavho tovush gʻoyat koʻngilsiz eshitiladi. Oyoq tovushi keladi. Oʻng tomondagi eshikdan Firs kiradi. Hamma vaqtdagidek ustiga pidjak va oq jilet kiygan, oyogʻida tufli. Betob.
F i r s (eshik oldiga kelib, tutqichini tortib koʻradi). Berk-ku. Ketishibdi. (Divanga oʻtiradi.) Meni unutib, tashlab ketishibdi!.. Ha, mayli… Men shu yerda oʻtira turaman… Leonid Andreich yana poʻstin kiymay yolgʻiz paltoda ketgandir… (Tashvishlanadi, uf tortadi.) Men ham koʻrmabman… Yosh-da, bolasi tushkur! (Bir nimalar deb mingʻirlaydi, hech narsa tushunib boʻlmaydi.) Umr ham oʻtdi-ketdi, hech dunyoga kelmagandayman… (Yotadi.) Birpas yotay… Madoring ham qolmabdi, hech narsang qolmabdi, hech narsa… Voy seni qara-yu, lapashang!.. (Qimirlamay yotadi.)
Uzoqdan xuddi koʻkda uzilgan torning tovushidek ovoz eshitiladi. Ovoz gʻamgin, soʻnib boradi. Jimlik choʻkadi. Faqat bogʻning uzoq bir burchagidan daraxtlarga bolta urilayotgani eshitilib turadi.
P a r d a
[1] Talma — yelkaga tashlab yuradigan yengsiz kamzul.
[2] «Oxmeliya» — Ofeliya, Shekspirning «Gamlet» tragediyasi qahramoni.
[3] Kaligula — rim imperatori.
[4] Yashasin Fransiya (fransuzcha).
https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/olchazor/