Olatogʻ ohanglari

Qirgʻiz sheʼriyatidan namunalar

 

Aali TOʻQUMBOYEV

(1904–1988)

 

ALISHER NAVOIY

 

Besh yuz yil! Nazar solib koʻr-chi yerni,

Shu yillar oʻzgartibdi talay elni.

Va lekin u oʻzgarta olgani yoʻq

Bobomiz – ulugʻ shoir Alisherni.

 

Alisherning shuhrati oshar doim,

Sheʼriyat toji shuʼla sochar doim.

Ozodlik qoʻshiqlari yillar osha,

Erk tongin nur pardasin ochar doim.

 

Alisher oʻlmas shoir bir umrga,

Biz bilan doim kuylab yurar birga.

Besh yuz yil sayrab kelgan tolmas bulbul,

Joʻsh urib, tinmay oʻtar tildan-tilga.

 

Alisher, sening tiling – mening tilim,

Alisher, sening diling – mening dilim.

Kel, birga joʻr boʻlaylik, orzularing

Ochildi chaman boʻlib mana bugun.

 

S. Qolbek tarjimasi


 

 

Akbar RISQULOV

(1953)

 

OVULDOSHLARIM

 

Shoshma, qalam, shoshmagin,

Men yangi sheʼr boshladim.

Omonmi ona qishloq,

Tinchmi ovuldoshlarim?!

 

Qancha yurtni maqtadim,

Qancha taom totmadim,

Rosti gap qishlogʻimdan

Goʻzal joyni topmadim.

 

Qishloqda tong otganin,

Onam toʻqoch yopganin,

Shularni sheʼrga solmay,

Bekor ekan chopganim.

 

Yaratganga arzim bor,

Shoir degan tarzim bor.

Oʻylab koʻrsam, azizlar,

Qishloqdan koʻp qarzim bor.

 

 

TANGRITOGʻ

 

Qandayin soz Tangritogʻda,

Tong oqarib otgan chogʻi.

Koʻlankaning chodirini,

Kun nurlari ochgan chogʻi.

Koʻm-koʻk buloq koʻzin ishqab,

Jildirashib oqqan chogʻi.

Chayir bola qir oralab,

Qashqa toyda chopgan chogʻi.

Kiyik, arxar orom olib,

Qarchigʻayda yotgan chogʻi.

Tarovatli sarin yellar

Dovonlardan oshgan chogʻi.

Tiriklikning bayrogʻiday,

Boʻz oʻtovlar moʻrisidan,

Tutun burqsib yotgan chogʻi.

Qizgʻaldoqning durrasidan,

Shudringlarni qoqqan chogʻi.

Yilqichini erka qizi,

Baytalini soqqan chogʻi.

Yolgʻiz qayin suyangani,

Yakka tolni topgan chogʻi.

Kanday koʻrkam, kanday suluv,

Tangritogʻda tong otishi

Jilgʻalarni alvon rangga,

Choʻmiltirib kun botishi.

 

Tursunboy Adashboyev tarjimasi


 

 

ISSIQKOʻL BOLALARI

 

Qumda qolar koʻylaklari, shapkalari,

Qumda qolar daftarlari, papkalari…

Issiqkoʻllik bolakaylar suv bagʻriga

Shoʻngʻishadi oʻynab Bola, Oq kemani.

Qurch tanlari toʻlqinlarni borar yorib,

Nima, ular olishganmi qanot taqib?

Zavqingdan-yey, bu bolalar bola emas,

Oltin baliq, Oq bir baliq, Choʻrtan baliq!

Oltin baliq, Oq bir baliq, Choʻrtan baliq,

Bugʻu bunda toʻlqinlarni borar yorib.

Boʻylirogʻi – Ona-bugʻu shoxlaridan

Choʻchiganday qarab qolar chetga borib.

Yolgʻon emas, hammasi chin, rostdir bu, ha,

Issiq qumga yastandilar borib, ana.

Faqat bola bolalarday yashay olar,

Biz-chi, katta odamlarmiz… bu begona…

Turfa ermak topar ular boʻlib toʻp-toʻp,

Qum emas, bu – koʻm-koʻk adir… gullari koʻp.

Ertak soʻylar Moʻmin cholga oʻxshab biri,

“Juda qadim, qadimlarda, qadimda…” deb.

Qumda qolar koʻylaklari, shapkalari,

Qumda qolar daftarlari, papkalari.

Issiqkoʻllik bolakaylar boqib ufqqa,

Koʻz toldirib kutadilar Oq kemani.

 

Mirpoʻlat Mirzo tarjimasi


 

 

Tumanboy BOYZOQOV

(1923–1992)

 

TOʻRTLIKLAR

* * *

Yillar uchar poyga yoʻlin talashib,

Chavandozday yoʻrtamiz biz yonashib.

Koʻzin uzmay kuzatadi yulduzlar,

Taqdirlarning tasbeh toshin sanashib.

* * *

Oʻriklarni bezamoqda gul oʻrab,

Guldan-gulga oʻtar ari bol soʻrab,

Jovdarzorni yel taroqlab oʻtganda,

Kunga boqar kipriklari yaltirab.

* * *

Qay kimsaning oʻt boʻlmasa dilida,

Bilarmikin otash ham kul boʻlarin?

Yolgʻiz yursa kimki hayot yoʻlida,

Bilarmikin sevgining gul boʻlarin?

 

Husniddin Sharipov tarjimasi


 

 

Temirqul UMETALIYEV

(1908–1991)

 

OLATOGʻ

Oʻrgilay, Olatogʻ, oltin togʻimsan,

Otam qoʻli tekkan olma-bogʻimsan.

Toʻkin dasturxonday rizqingdir butun,

Dunyoda suyanchim, boru yoʻgʻimsan!

Sen – mening suyukli diyorim-yerim,

Bagʻringga qirgʻizim toʻkkandir terin.

El koʻchsa daraga, munis volidam

Archa beshigiga bergandir mehrin.

Olatogʻ, manzilim, ona gulshanim,

Qoyalar qoʻnalgʻam, zebo maskanim…

Yillar koʻz oʻngimdan bir-bir oʻtadir,

Qalbim zeb-koʻrkingni yonib bitadir.

Oʻn ming shoir, mayli, yozsin oʻn ming yil

Bari bir yozgani kamlik etadir.

Ellarga makonsan – jondosh-qarindosh,

Kunday charaqlaysan, bir boqiy quyosh.

Tarix ham lol boqar qudratimizga,

Doʻstlikning kuchiga egganicha bosh.

Borman savlatingga, ey, ishonch togʻim!

Bagʻringda yashasak bizlar sogʻ-omon,

Yov kelmas botinib senga hech qachon!

 

Normurod Narzullayev tarjimasi

 

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nazm/olatog-ohanglari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x