Oʻzbek sheʼriyati hamma davrlarda ham oʻzligini namoyon etib kelgan, albatta, buning uchun yetarlicha isteʼdodlar boʻlgan. Ayniqsa, oʻtgan asr 70-yillar adogʻida adabiyotimizga joʻshib, gurillab kirib kelgan yoshlarni oladigan boʻlsak, bu hodisaga yana bir karra guvoh boʻlamiz.
Bugun aynan mana shu avlod vakillari sheʼriyatimizning zalvorli yukini yelkaga olib, matonat va sabr bilan koʻtarib kelayapti, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Ular orasida Yoʻldosh Eshbekning gohida oʻychan, gohida shiddatli ovozi alohida oʻrin tutadi. Oʻtgan saksoninchi yillar biz sheʼriyat muxlislari, oʻsha davr talabalarining yaxshi esimizda. OʻzMU(avvalgi ToshDU) yotoqxonalari, Mirzachoʻl paxta dalalaridagi sheʼrxonliklarda Abdulla Orif, Rauf Parfi, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron va boshqa bir qator shoirlarning sheʼrlarini zavq-shavq bilan oʻqirdik, muhokama va mubohasa qilardik. Ular orasida, albatta, Yoʻldosh Eshbek ham boʻlardi. Sevimli shoirlarimizning otashin tuygʻular bilan yoʻgʻrilgan sevgi-muhabbat, vatan mavzularidagi sheʼrlaridan milliy gʻurur, milliy qadriyatlarni, eng muhimi, oʻzlikni qidirardik. Taʼkidlash kerakki, davr taqozosidan kelib chiqib, shoirlarimiz mustabid tuzumning noqisliklari, millatimizning fojialarini turli ramzlar, timsollar bilan oʻrab berishga intilardi. Biz esa ularning magʻzini chaqishga, soʻzlarga berilgan maʼnoni anglashga urinardik.
Yaqinda Y. Eshbekning “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijod uyi tomonidan nashr etilgan “Qizgʻaldoqlar ochildi” nomli kitob muxlislar qoʻliga yetib bordi.
Mushtimni qayoqqa uraman,
Dushmanning yuzi yoʻq, yuzi yoʻq,
Xastaman, telbaman, kulaman,
Dunyoning oʻzi yoʻq, oʻzi yoʻq,
deydi shoir “Oshiq rivoyati” sheʼrida. Garchi sheʼrda oshiqning dardu armonlari xususida soʻz yuritilsa-da, aslida shoir oshiq timsolida oʻsha davrning mavjud barcha illatlari – aldov, tanazzul, zoʻravonlik, nohaqliklarni roʻy-rost ochib berishga harakat qilgan. Muallifning oʻsha yillarda yozilgan “Shifoxonada” sheʼrida esa davrning ayanchli fojialaridan biri boʻlgan xasta va nogiron bolalarning shifoxonadagi hayoti aks ettiriladi. Shoir jamiyat koʻra-bila turib loqayd qarayotgan bu holdan junbushga keladi. Xasta goʻdakka hamdardlik izhor etib, shunday satrlarni bitadi:
Dunyoda jamiki xasta bolalar –
Mening bolalarim! Asal bolalar!
Roʻzgʻor ham, zamon ham, hayot ham asli,
Bolalarning buyuk shifoxonasi!
Muallif turgʻunlik davrlari manzaralarini mahorat bilan aks ettirgan “Eʼlon qilinmagan vatan urushi” sarlavhali sheʼr ham muxlisni befarq qoldirmaydi:
Qurigan dengizlar
Yitgan sahrolar,
Oʻrmonlar va bogʻlar,
Iymon qurishi,
Asablarda portlab turgan yadrolar –
Eʼlon qilinmagan jahon urushi.
Y. Eshbekning ushbu sheʼrlarini oʻqiyapmanu, oʻsha davr manzaralari – paxta yakkahokimligi, xalqimizning har tomonlama xoʻrlangani, bolalar oʻlimi, onalarning nolayu faryodi bir-bir koʻz oʻngimdan oʻtayapti. Shoirning “Baxtiyorning qoʻshigʻi”, “Yigʻlayotgan qiz”, “Boychibor”, “Qush” kabi sheʼrlarida ham haqiqat va ozodlik deb talpinayotgan yurakning shiddatli depsinishlarini his etamiz.
Mana, Xudoga behad shukur, mustabid tuzum patarot topib, 1991-yilda mustaqillikka erishdik. Qancha-qancha ota-bobolarimiz orzu qilib yetolmagan dorilamon kunlar boshlandi. Pirovardida, koʻplab mushkulliklar, qiyinchiliklarni ortda qoldirib, yorugʻ kunlar quyoshidan va havosidan bahramand boʻldik. Oradan chorak asr oʻtib esa avval kim edigu, bugun kim boʻlganimizni nafaqat oʻzimiz, balki butun dunyo ahli ochiq-ayon koʻrib turibdi.
Y. Eshbek ancha yillar kitob nashr etishga shoshilmagan yoki buning imkonini qilolmagan boʻlsa-da, mustaqillik yillarida ham katta ilhom bilan barakali ijod qildi. Uning bu davrda yozgan sheʼrlari avvalgilaridan koʻp jihatlari bilan farq qilishini aytib oʻtish joiz. Zotan, u endi balogʻat pallasiga yetib, har bir soʻzi yanada yuksak zalvor kasb etdi, fikrlari buloq suviday tiniqlashdi. Endi u sheʼriyatning, umuman, adabiyotning birlamchi talabi sifatida har bir soʻzni, kerak boʻlsa, har bir tinish belgisini yetmish marta taroziga solib, keyingina ishlatadigan boʻldi.
Shoir ijodining ilk bosqichida koʻproq urgʻu berilgan ijtimoiy masalalar yanada oʻzining murakkabligi va salmogʻi bilan satrlarga joylandi. Ijodkorning lirik qahramoni, yaʼni XXI asr odami butun koinotni, olamni va jamiyatni uygʻoq shuur va nigoh bilan idrok etishga intiladi. Vatan, ozodlik kabi buyuk qadriyatlarga shoir aksariyat kishilar oʻylagandek oddiygina tirikchilikni oʻtkazish yoki qorin toʻydirish vositasi deb qaramaydi. Aksincha, shoir Vatanni sevishni, uni ardoqlashni taqdir deb, oʻtmish va kelajak oldidagi masʼuliyat, insoniy burch deb biladi. Aynan shunday qarashlardan kelib chiqqan holda, shoir endi oʻz fikr va tuygʻularini sheʼrlar qatiga darj etdi. Xususan, “Dostonga ilova” sarlavhali sheʼridagi ushbu satrlar buni yaqqol ifodalab turibdi:
Endi qaygʻu saodatday porlaydi,
Endi baxtlar taxtdan baland yurtimda.
Endi barchin koʻchmas boʻldi, koʻchmasin,
Chirogʻimiz oʻchmas boʻldi, oʻchmasin.
Y. Eshbekning “Vatan doston boʻlsa osmonga sigʻmas” deb boshlanadigan sheʼridagi quyidagi satrlarga ham eʼtiborni qarataylik:
Ot choptirib oʻtar guldurak ichra,
Alpomish sigʻmasdan doʻmbira ichra,
Bolalar choʻqqilar osha uchirar,
Varraklar, togʻlaru adirlar ichra.
Shafaqqa tutashar dashtlar gulxani,
Budir qizgʻaldoqzor chopib kulgani,
Dostonni kuydirib oʻtishi tayin,
Vatanni satrga joylab koʻr, qani?
Yuqorida aytganimizdek, shoir jami borliqni bir butunlikda koʻradi. Inchunun, olam va odamning mukammalligini ham mana shu bir butunlikda his etadi. Uning har bir satrida olam va odamning hayoti, dardlari va quvonchlari oʻz inkishofini topadi. Oqibatning kichrayib borishi tufayli muvozanat buzilishini esa u quyidagicha tasvirlaydi:
Iqlimlar oʻzgarmoqda, odamlar oʻzgarmoqda,
Kichrayib bormoqda oqibat,
Kichrayib borgani sayin oqibat,
Toshqinlar, yongʻinlar qoʻzgʻalmoqda.
Albatta, moʻjaz bir maqolada qirq yillik ijodning mingdan birini ham qamrab ololmasligimiz aniq. Bu yerda eng asosiysi, Yoʻldosh akaning sheʼriyatimiz muxlislariga juda ajoyib bir tuhfa hadya etgani. Hali ushbu kitob haqida, umuman, shoir ijodi haqida zukko munaqqidu olimlarimizdan ham talay yaxshi fikrlar eshitishimizga shubha yoʻq. Qolgan gaplarni ularga havola etib, shoirga uzoq umr, ijodda yangi dovonlarni zabt etishni tilab qolamiz.
Abdumajid AZIM
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/olam-va-odam-madhi/