Oila, maʼnaviyat va matbaa

Insoniyat tarixidagi jamiki moddiy va maʼnaviy omillar uning tafakkuri ila bunyod etiladi va sodir boʻladi. Alisher Navoiy: “Ki har ishniki qildi odamizod, tafakkur birla bildi odamizod”, deya taʼkidlab oʻtgan edi. Bunda, alloma “odamizod”ning barcha yaxshi-yomon amallari, uning tafakkuri mahsuli ekanligiga ishora qiladi.

Insoniyat tafakkuri, maʼnaviyati esa, dastlab, xalq ogʻzaki ijodi tarzida, soʻng, yozma shaklda hamma zamonlarda targʻib-tashviq qilingan. Zero, uning tinchligi, farovonligi, avvalo, maʼnaviyatining, tafakkurining boʻyiga qarab belgilangan. Shu maʼnoda: shaxs, oila, demakki, mamlakat maʼnaviyati va uni yuksaltirish vositalari bilan chambarchas bogʻliqdir.

Oila, dastlab, ikki shaxsdan barpo boʻladi, soʻng esa, irmoqlar yigʻilib daryoni tashkil qilgani kabi, ular ham bir yurtni, dunyoni tashkil etadi.

Vatan, el-yurt ravnaqi, umuminsoniy birodarlik, bashariy tinchlikni saqlab qolish sirasi insoniyat tarixining azaliy dolzarb masalasi boʻlib kelgan. Bugun atom asri, axborot asri, deb taʼriflanayotgan zamonda, u tom maʼnoda, oʻta dolzarb ahamiyat kasb etdi. Bu muammoni hal etishning boshlangʻich vazifalaridan biri sifatida esa, oila mustahkamligi tarzi yana butun dunyo hamjamiyati eʼtiborida.

Chunki, oila mustahkamligi bir xonadonning, bir yurtninggina emas, umuminsoniyatning katta siyosatiga aylanib boʻldi. Har bir mamlakatning oʻzi – tinchlikni saqlab qolishga, farovonlikka erishishga intilayotgan katta oila. Mavzuga falsafiy nuqtai nazardan yondoshadigan boʻlsak, bashariyatning tinchligi, davomiyligi oiladan boshlanishini dunyo olimlari qayta-qayta taʼkidlab oʻtmoqda. Oilaning muqaddas vazifasi esa – avlodlarni jismoniy va maʼnaviy jihatdan keyingi avlodi bilan bogʻlash ekanligi bugungi gap emas. Hamma millat, davlatlar zimmasidagi bu sharafli vazifani bajarish maʼnaviyat, maʼrifat mavzusiga borib taqaladi.

Bugungi yosh oilalarning mustahkamligiga eʼtibor, ertaga jamiyatning mustahkamligiga eʼtibordir. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan 2012 yilning “Mustahkam oila yili” deb eʼlon qilinishi ham mana shu jarayonga, shubhasiz, bebaho, ulkan omil boʻldi.

Oilaning muqqaddas qoʻrgʻon ekanligi, uning shaxs kamolati, xayotidagi oʻrni beqiyos ekanligini hayotiy misollarda koʻp uchratish, koʻrish mumkin.

Bir hamkasbimizni yaqinda nafaqaga kuzatdik. U shukrona koʻzyoshi bilan, oilaga davlat tomonidan berilayotgan katta eʼtibor haqida gapirib: “Qani endi yosh boʻlib qolsag-u, kennoyinglar bilan qaytadan turmush qursak. Qanchalik imkoniyat, gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotibdi. Biz oʻsha davrda uzoq vaqt – toʻrt bolalik boʻlguncha ham qozon-tovogʻimiz but boʻlmagandi, stol-stullarimiz yoʻq edi. Hozirgi yosh oilalarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, imtiyozlar, kreditlarni u zamonlarda, hatto orzu qilib ham boʻlmasdi”, degani hammani toʻlqinlantirib yubordi.

Maʼnaviyat va maʼrifatsiz oilaviy farovonlik ham, taraqqiyot yoʻli ham boshqa oʻzanga burilib ketishini tarixda koʻp misollarda koʻrish mumkin. Insoniyat ilm-fanda, texnika, iqtisod, tibbiyot kabi eng muhim sohalarda qanchalik taraqqiyotga erishmasin, olamshumul kashfiyotlarni qoʻlga kiritmasin, ulardan qanday maqsadlarda foydalanish ham hushyorlikka undaydigan masala. Kimyogar va sanoatchi Alfred Bernxard ilk bor (1866 yil) dinamit va boshqa portlovchi moddalarni kashf etgach, keyinchalik, undan qanday yomon maqsadlarda foydalanish mumkinligini oʻylab, afsus chekkan. Uning ilm-fandagi kashfiyotlar uchun oʻz nomida xalqaro Nobel mukofotiga asos solishiga ham (1901 yil) maʼlum maʼnoda taassufi sabab boʻlgandir. Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson” qasidasida shunday satrlar bor:

 

Atomni ijod etib,

Dahshat balo bunyod etib,

Oqibatni yod etib:

Hayron oʻzing, hayron oʻzing.

 

Insoniyat oʻz farovonligi, tinchligi uchun xizmat qiladigan yangilik, kashfiyotlarni faqat ezgu maqsadlarga yoʻnaltirishida uning maʼnaviyati, tafakkuri masalasi soʻzsiz birinchi oʻrinda turadi. Albatta, inson barkamolligi esa oʻlmas milliy va umuminsoniy qadriyatlar, urf-odatlar, anʼanalar, dunyoviy bilimlar asosida shakllanadi va yuksaladi. Ammo, qadriyatlar zamonlar silsilasida oʻzgarib turadi. Yaʼni, insoniylik, hurmat-eʼtibor, tinchlik-xotirjamlik, bilim egallash, el-yurtga xizmat qilish kabi azaliy qadriyatlar oʻrnini oʻtkinchi, hoyu-havas, beʼmani huzur-halovat kabi puch narsalar, hatto yovuz niyatlar egallashi mumkin. Bu esa, insonni shaxs sifatida tanazzulga olib borayotganidan darak beruvchi holat belgisi sanaladi.

Insoniyat tarixiga razm soladigan boʻlsak, eng kam nizolar, urushlar aynan maʼnaviyat, madaniyat rivojlanishiga imkoniyat yaratilgan davrga toʻgʻri kelar ekan. Bu tarixda Uygʻonish davri deya alohida atama bilan taʼkidlanadi. Sharq va Gʻarb mamlakatlari ana shu davrda gullab-yashnagan, rivojlangan, maʼnaviy yuksaklikka intilgan. Bu yoʻlda esa qoʻlyozmalar, kitob chop etish kashf etilgach, matbaachilik zinapoya vositasi vazifasini oʻtab kelgan.

Hozirda, bu borada, soʻz yuritganda, albatta, noshirlik va matbaa sohasi chetda qolmaydi. Xususan, yurtimizning qadimiy va boy tarixi, xalqimizning ulkan maʼnaviy boyligi dunyo ilm-fani rivojiga, demakki, maʼnaviyatiga oʻz ulushini qoʻshib kelgan. Bugungi kunda, mazkur jarayonda, yaʼni, shaxs, oila va mamlakat maʼnaviyatini yuksaltirishda, matbaachilik va matbuot vositalari asosiy vazifani bajarishga harakat qilmoqda.

Mustaqillikning ilk yillaridanoq, yurtimizda maʼnaviyat va maʼrifat targʻibotining asosiy koʻmakchisi matbaa va noshirchilik faoliyatiga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratib kelinayotir. Maʼnaviyatga taalluqli, ommaviy axborot vositalari, noshirchilikni rivojlantirishga doir qator qarorlar, qonunchilik hujjatlari mazkur faoliyatning yanada keng koʻlamda rivojlanishi uchun yoʻl ochdi. Bu borada, joriy yilda eʼlon qilingan qarorga asosan, mamlakatimizdagi noshirlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilot va korxonalarga yanada katta imtiyozlar berildi. Bu imtiyozlar, keng imkoniyatlar, birinchi galda, xalqimiz maʼnaviyatini, maʼrifatini yanada yuksaltirishga, bahamjihatligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlardir.

Dunyo miqyosida inson, oila, xalq maʼnaviyatini asrab-avaylash tobora dolzarblashib borayotgan davrda, yurtimizda bu boradagi siyosiy yoʻnalish xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Uning targʻib-tashviqotidagi asosiy vosita – matbaachiligimiz xalqaro miqyosdagi turli tanlovlar, koʻrgazmalarda ishtirok etib, jahon standartlariga tenglashib bormoqda.

Respublikamizda, bugungi kunda, matbaa va noshirlik faoliyati bilan shugʻulanuvchi tashkilotlar safida salkam bir asrlik tarix va tajribaga ega “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi alohida oʻrin tutadi. Korxonada chop etilayotgan yetmishdan ortiq gazeta, yigirmadan ziyod jurnallar, boshqa bosma mahsulotlar oʻzining gʻoyaviy-badiiy pishiqligi, yuksak poligrafiya ijrosi bilan ajralib turadi.

Faoliyatimiz mazmun-mohiyatining oʻzi faxrli boʻlish bilan birga, katta masʼuliyatni talab qiladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari aholining moddiy ehtiyojini qondirishi yoki hordiq chiqarishiga emas, bevosita maʼnaviyatiga, tafakkuriga taʼsir etishi, uni maʼlum yoʻnalishga burishga xizmat qilishining oʻzi, masʼuliyatning nechogʻliq qamrovga ega ekanligini bildiradi. Darslikliklardan tortib, ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy, tarixiy, badiiy adabiyotlarning har biri, avvalo, mazmun jihatdan saralanishi, sinchkov tahlildan oʻtkazilishi lozim. Bu borada, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, uning kengashlari bilan izchil faoliyat yoʻlga qoʻyilganligini ham taʼkidlab oʻtmoqchi edim. Chunki nashriyotimizda davlat buyurtmalari, darsliklardan tashqari har yili ikki yuzga yaqin nomda turli yoʻnalish, sohaga taalluqli kitoblar ham chop etiladi. Ularning aksariyati badiiy ijod namunalaridir.

Chop etilayotgan adabiy asarlar oʻz janr xususiyatlariga koʻra, Uyushmaning tegishli kengashlarida oʻqib, muhokama qilinadi. Xolis taqriz, tavsiyalar olingach, keyin nashr qilinadi. Shu oʻrinda, hozirgi kengashlarning faolligi, ishchanligini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman. Kitoblarning uyushmada taqdimot marosimlarini oʻtkazish ham izchil va amaliy tus olganligi eʼtiborga molik. Chunki bu yangi kitobning targʻibotiga, oxir-oqibat uning oʻquvchiga tezroq yetib borishiga, savdosiga ham yaxshi maʼnoda taʼsir qiladi.

Shu oʻrinda, alohida taʼkidlab oʻtish joizki, ahil oila sifatida eʼtirof etilgan yurtimizda, xususan, “Sharq” nashriyotida darsliklar yettita qardosh tilda chop etiladi. Chetdan qaraganda, bu unchalik murakkabdek tuyulmas, ammo uning tayyorlanish jarayoni ham, maʼnaviy, xuquqiy asoslari xam juda chuqur. Buni alohida taʼkidlashimizning boisi shuki, ayrim qoʻshni hududlarda, oʻzbek oʻquvchilari uchun darsliklar chop etilmay, sinflar yopib qoʻyilayotgan bir paytda, bizda yettita qardosh tilda maktablar va ularga darsliklar chop etilishi mamlakatimizdagi barcha millatlarga koʻrsatilayotgan beqiyos gʻamxoʻrlikning yaqqol namunasidir.

Yil sayin jahon standartlari asosida jihozlanib, shu saviyada matbaa mahsulotlari chop etayotgan korxonaning nufuzi bilan bir qatorda, ish koʻlami, yutuq va muammolari xam bor.

Gap oʻzi badiiy asarlarning, maʼnaviyat uchun xizmat qiladigan kitoblarning savdosiga taqalgan ekan, shu xususda ham ayrim mulohazalarni bildirib oʻtmoq joiz. Respublikamizdagi yetakchi nashriyotlarda yaxshi asarlar chop etilmoqda, boringki, ularning ayrimlari haqida tanqidiy fikrlar ham boʻlishi mumkin. Va, bu tabiiy hol. Lekin, aksariyat, yuksak badiiy saviyadagi kitoblar nashr qilinmoqda. Endi, yaxshi kitob tezroq oʻquvchisini topsa, yaxshi-da. Nashriyotlarning iqtisodi shunga qarab rivojlanadi, umuman, faoliyatining mazmun-mohiyati shu asosga qurilgan. Xuddi shu oʻrinda, qiyinchilik borligini yashirmaslik kerak. Sabab – kitob savdosi koʻngildagidek yoʻlga qoʻyilmagan. Kitobning gazetadan farqi – unga obuna boʻlinmaydi (aslida, buni ham joriy etsa boʻladi), pochtalonlar uyga olib kelib bermaydi. Hozircha, yagona yoʻl – kitob doʻkonlari orqaligina kitob xarid qilish mumkin.

Endi oʻylab koʻring, yurtimizda nechta bunday doʻkon bor? “Sharq ziyokori” kitoblar majmuining viloyat markazlaridagina shoxobchalari bor, xolos. Xoʻsh, tumanlardagi kitobxon, qishloqlardagi kitobsevar viloyatlar markaziga borib kitob sotib oladimi? Hali-hanuz butun boshli bir tumanda bitta ham kitob doʻkoni yoʻq hududlar bor. Joylardagi hokimlar, maʼnaviyat-maʼrifat targʻibotchilari nega bu masalaga eʼtibor qilishmaydi? Amaldagi kitob savdo tizimi bu jarayondan chetda turgani kishini oʻylantiradi. Kitob doʻkonlarini faqat nashriyotlar oʻzi ochib, oʻzi sotishi qiyin jarayon. Bu boradagi tegishli tashkilotlar, xalq maorifi boʻlimlari bu ishga bosh qoʻshishi kerak. Qolaversa, homiylar, tadbirkorlar, faqat toʻyxona, kafe ochmasdan har tumanda ikki-uchta kitob doʻkonlari ochsalar yaxshi boʻlardi. Bunga esa, joylardagi hokimliklar bosh-qosh boʻlishi lozim. Bu xayrli tadbir, savobli, maʼnaviy jarayondan Yozuvchilar uyushmasining viloyat boʻlimlari ham chetda qolmasligi kerak. Boʻlimlar qoshida savdo shoxobchalarini ochish, oʻylab koʻrishga arziydigan masala. Jumladan, Fargʻona viloyat Yozuvchilar boʻlimida, bu borada, yaxshigina tajriba bor.

Insonning maʼnaviyatga boʻlgan ehtiyoji hech qachon soʻnmaydi. Uning targʻiboti turli vositalarda amalga oshirilishi mumkin, biroq, kitobning azaliy oʻrni borki, boshqa vositalar buni bosolmaydi. Badiiy, ilmiy-ommabop asarlarning elektron shakllari koʻpayib borgani bilan, ular kitob vazifasini bajara olmasligini kundalik hayot koʻrsatib turibdi. Bogʻcha, maktablardan tortib, tizimli taʼlim muassasalarining barchasida kitob birinchi galdagi vosita quroli boʻlib qolmoqda.

Kitob shaklida chop etilgan badiiy yoki ilmiy-ommabop asarlarga, darsliklarga Internetdagi kabi hech kim oʻzgartirish kiritolmaydi. Qolaversa, har qanday kitobni, jumladan, jahon adabiyotining oʻlmas durdona asarlarini kitob shaklida saqlash va foydalanish qulay, ishonchli. Texnik vositalardagi kabi ulardagi yozuvlar, tasmalar, suratlar va hokazolar turli sabablar bilan oʻchib ketmaydi yoki tezda yaroqsiz holatga tushmaydi. Qolaversa, elektron shakldagi adabiyot vositasi bilan kitobni qoʻlga olgandagi taassurot, hissiyot, yana juda koʻp afzalliklar yaqqol sezilib turadi. Zamon taraqqiyoti bilan adabiyotlarni targʻib qilish, aholiga yetkazib berishning yanada yangi shakllari koʻpayishi ham mumkindir, biroq, kitobning oʻrni, yuksak vazifasi saqlanib qolaveradi.

Mamlakatimizda, bugungi kunda, noshirlik va matbaa sohasi deyarli hamma yoʻnalishlarni qamrab olgan. Siyosat, ijtimoiy-madaniy hayot, sanʼat, taʼlim va inson maʼnaviyati, tafakkur olami bilan bogʻliq boshqa koʻplab sohalar ham uning vositasida xalqqa yetkaziladi. Katta ahil oilani tashkil etuvchi mustaqil, mustahkam yurtimizning ravnaqi, xalqimizning maʼnaviyati yuksalishiga sobitlik bilan xizmat qilaveradi. Bu yuksalish dunyo uzra boʻy koʻrsatib, umuminsoniy tinchlikka hamohang boʻlishi, shubhasiz.

 

Ahror AHMEDOV

 

“Sharq yulduzi”, 2012–6

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/oila-manaviyat-va-matbaa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x