ONAMGA
Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Har baloni koʻrib yorugʻ dunyoda,
Toshkanni koʻrmagan bechora onam
Bolang boʻlib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga oʻgʻil boʻldimmi!..
Garchi bisotingda “bayram” soʻzi yoʻq,
Bilaman, kutasan sandal toʻla choʻgʻ,
Menda yurak deganlarin oʻzi yoʻq:
Men sovgʻa bermagan qiz yoʻq bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga oʻgʻilmi onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yoʻqlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi havas…
Axir, mening dardim sheʼr emas, faqat,
Men mashhur shoirmas – mashhur beshafqat,
Endi men ham senga oʻgʻilmanmi, ayt?..
Shaʼninga sheʼr bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz choʻkib, qoʻlingni oʻpsin.
Undan ham ulugʻim borligin koʻrsin,
Men uchun ham aziz holingni soʻrsin,
Sensiz gʻarib koʻnglim koʻngilmi, onam,
Endi men ham senga oʻgʻilmi, onam!..
ONAMDAN XAT
Oʻgʻlim, jigargoʻsham, aytgin-chi, nahot,
Achinmaydi joning onang holiga.
Meni toʻshaklarga mixlab qoʻydi bod,
Kelsang bir koʻrsamu… oʻlsam, mayliga.
Chakka oʻtgan eski tomga oʻxshayman,
Koʻzimdan yomgʻirlar toʻkilar tinmay.
Bu yorugʻ dunyoda bormi, bilmayman,
Oʻz oʻgʻli yoʻliga intizor menday…
Hayhotdek hovlida qoldim bir oʻzim,
Nima xayollarga bormasman baʼzan.
Sogʻmisan ishqilib, qoʻrqaman qoʻzim,
Podsholar haqida sheʼrlar yozasan.
Oʻynashib boʻlarmi shohlar bilan, ayt,
Qishloqi joningga sheʼrdan ne huzur?
Zeriksang – bepoyon yaylovingga qayt,
Siqilsang – dashtlarda ot choptirib yur!
Faqat xayolingdan chiqargin sheʼrni,
(Kimgadir yoqmasmish chinmi-yolgʻonmi)
Axir, sen yozmasang oʻsha Boburni,
Shoirning urugʻi qurib qolganmi?..
Oʻgʻlim, jigargoʻsham, aytgin-chi nahot,
Achinmaydi joning onang holiga?
Meni toʻshaklarga mixlab qoʻydi bod,
Kelib bir koʻtarib chiqqin hovliga.
Qoʻlingda jon berib oʻlsam, mayliga…
ONAIZOR
Koʻnlim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar boʻlsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yigʻlasa chin dildan ham –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u…
Sigʻmay qolsam shunday keng bu jahona,
Osmonlarga ruhim boʻlsa ravona.
Jonsiz tanim ustida ham parvona –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u…
Tonar boʻlsa qoʻlimdagi tor, dunyo,
Uch kun oʻtmay unutgay, doʻst-yor dunyo.
Yeru koʻkni titratib zor-zor dunyo –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u …
Gulday kulib yurmasmidi oʻgʻlim deb,
Koʻrib koʻnglim toʻlmasmidi, oʻgʻlim deb,
Onang oʻlsa boʻlmasmidi oʻgʻlim, deb
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u…
Koʻnglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar boʻlsam bir kun axir tildan ham.
Agar bir zot yigʻlasa chin dildan ham –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u..
* * *
Onajon,
Onajon,
Yuragim ogʻrir
Bilmadim nimaga qiynaydi mani.
Men dehqon bolasi edim-ku axir,
Nahot shuncha nozik boʻlsa bu jonim?..
Endi-ku uxlamay oʻylar surmayman,
Sogʻinsam dunyoda sogʻinganim siz.
Ogʻrir,
Ogʻriyverar yurak, bilmayman,
Nega ogʻrishini aytmas ham iblis.
Yo sevib qoldimmi,
Bu mumkin emas.
U mendan bezor
Men undan bezorman.
Muhabbat deganin qilmasman havas,
Shunday ham bu uzun yoʻl toʻla armon…
Onajon,
Onajon,
Yuragim ogʻrir,
Goʻyo kimdir uni tigʻ bilan tilar.
Kechalar yelkamga temirdek ogʻir
Qoʻllarin qoʻyar, koʻzimga tikilar.
Kim u?
Men tanimayman.
Otamning arvohi oʻsha zot balki:
Uyimning chirogʻin yoqmay bolam, sen
Qayerda,
Qayerda yurarsan sanqib?!.
Qishloqqa ketaman,
Tong otsa boʻldi.
Quyosh uygʻotib qoʻy meni ertalab…
Yuragim,
Yuragim ogʻrimay qoʻydi,
Ey, qalbni bir oʻpib boʻlmas erkalab?
https://saviya.uz/ijod/nazm/oh-mening-ortimdan-ovvora-onam/