Odobli boʻlish osonmi?

Mittigina, quvnoqqina, yebtoʻymasgina bir Sichqoncha bor ekan. U suyukli onajonisi bilan birga qishloqdagi eng baland, eng koʻrkam uyning eng chuqur kavagida yashar ekan.

Bir kuni onajonisi toʻlpoq Sichqonchaning burniga burnini ishqab erkalatibdi-da: “Mana, oyoq paylaring pishib, tiling sayroqlanib, tashqariga oʻzing chiqib oʻynasang oʻynagudek boʻlib qolding, endi sal esingni yigʻib ol, odobli boʻl”, deb nasihat qilibdi.

– Esim-ku joyida, chunki qaysi ovqat shirinligini yaxshi bilaman, – debdi Sichqoncha oʻzini oʻzi maqtab. – Ammo odobli koʻrinish uchun nima qilishim kerak, oyijonim?

– Kichkintoylarning odobi, birinchi oʻrinda, qanday salom berishidan bilinadi, – deya javob qaytaribdi onajonisi. – Oʻzingdan kattaroqlarni uchratganda, chiroyli jilmayib: “Assalomu alaykum”, desang, ular ham senga ochiq yuz bilan boqib: “Vaalaykum assalom”, deyishadi. Keyin ichlarida “nihoyatda odobli bola ekan, ota-onasiga ming rahmat”, deb qoʻyishadi.

Buni eshitib, Sichqonchaning zavqi joʻshib ketibdi. Qoyilmaqom salom berib, birovlardan tezroq rahmat eshitgisi kelibdi-da, shosha-pisha tashqariga yoʻl olibdi.

Kavakdan chiqiboq, unga chaqchayganicha tikilib turgan boʻgʻirsoqsimon Mushukka yoʻliqibdi. Sichqoncha shum baroqqa jilmayib qarab, “Assalomu alaykum, Miyovpochcha!” degan ekan, uning koʻzidagi yovuzlik birdaniga soʻnibdi va sal tamshanib qoʻyib: “Vaalaykum assalomuv-v… Umring uzoq boʻlsin. Oʻtaver”, debdi.

Birinchi duodan koʻngli togʻdek koʻtarilgan Sichqoncha quvonchdan irgʻishlab-irgʻishlab borayotib, choʻqqisoqol qari Echkiga duch kelib qolibdi.

– Assalomu alaykum, Echkivoy buva, – oldingi oʻng oyogʻini koʻksiga bosibdi Sichqoncha.

– Me-e-alaykum assalom, – deya qiroat bilan alik olibdi Echki. – Kam boʻlma, boʻtam. Otangga rahmat. Agar qorning och boʻlsa, ke, manavi dumbulning chetidan ozgina kemirib ol.

Sichqonchaning dumbuldan qittak totib koʻrgisi kelgan boʻlsa-da, yanayam odobli koʻrinish uchun nafsini tiyib: “Tashakkur, Echkivoy buva, hali ishim koʻp. Kun yorugʻligida boshqalargayam salom berib chiqishim kerak”, debdi. Oppoq soqoli shamolda bayroqchadek hilpirayotgan qari Echki uning ortidan havas bilan tikilib qolibdi. Balki, “eh, qaniydi, mening nevaralarim ham shunaqa shirintoy chiqib, hammadan duo olib yursa”, deb oʻylagandir.

Yosh-u keksa oʻrtasida qandaydir tenglik, oʻzaro mehr-oqibat, bir-biriga yaxshilik tilash kayfiyatini yuzaga keltiruvchi moʻjizali “salom-alik” Sichqonchaning koʻnglini tobora yashnataveribdi, yangidan-yangi tanishlar orttirish, samimiy chehralarni koʻproq koʻrish umidida oldinga qarab boraveribdi. Makkapoya tugab, uvatdagi oʻtloqqa chiqib kelganida, oʻsiq shoʻralar orasida kosasining ichiga bekinvolib uxlayotgan Toshbaqaga koʻzi tushibdi. Sichqoncha zarracha ikkilanmay, oʻsha shirali ovozda “assalomu alaykum, Toshbaqa togʻa”, debdi. Toshbaqa esa uygʻonmabdi.

Sichqoncha Toshbaqaning boshi qaysi tomondaligini bilolmay, kosaning tevaragida uch-toʻrt marta aylanib chiqibdi. Oxiri tavakkaliga bir tarafda turib olib: “Assalomu alaykoʻ-oʻ-m, Toshbaqa togʻa! Hoy, sizga salom beryapman, togʻajon, alik olmayapsiz-ku. Hoʻ, Toshbaqa togʻa, yana bir marta assalomalaykoʻ-oʻ-m! Qachon alik olasiz? Yuragim gʻash boʻpketyapti, togʻajon!” – deya xuddi eshikni qoqqandek, Toshbaqaning kosasini mushtida taqillatib javrayveribdi. Bir payt Toshbaqa kosaning narigi yogʻidan boshini chiqarib, uyqusiragancha vaysab beribdi:

– Obbo-o, bu dunyoda tinchroq joy qolmabdi shekilli… Hov, kim u hadeb orqa tomonimga salom berayotgan?

Shoʻrlik Sichqoncha xijolat boʻlib, lip etganicha oʻzini oʻtlarning bagʻriga uribdi. Yalanglikka yetib boriboq, zoʻr tomoshaning ustidan chiqib qolibdi. Shu hovlida yashovchi maymoq it – oʻzining aytishiga qaraganda, yuzdan oshiq “jahon urushlari”da qatnashib, yetmish toʻqqiz joyidan yarador boʻlgan shovvoz Toʻrtkoʻz qoʻshni Olapar bilan suyak uchun jang olib borayotgan ekan.

Shunday jangovar hayvonga salom bermay oʻtsam, katta odobsizlik boʻlsa kerak, deb xayolidan kechiribdi Sichqoncha va ularga yaqinroq borib, yoqimtoy tovushda: “Assalomu alaykum, pahlavon Toʻrtkoʻz!” – debdi. Itlar unga parvo qilmay tishla-tishlani davom ettirishibdi. Sichqoncha ham boʻsh kelmabdi, changga belangan kuyi, ularning tevaragida pizillab, goh u yoqdan, goh bu yoqdan baqirib-chaqirib salom beraveribdi:

– Assalomalaykum! Hey, Toʻrtkoʻz, assalomalaykum! Bu qanaqasi, quloq bormi oʻzi? Hey, assalomalaykum deyapman! Salomga alik qani? Bunaqa qilish yaxshimas! Assalomalaykum deb turibman-a!

Shunda Toʻrtkoʻz Olaparning yelkasidan tishlab uzoqroqqa otib yuboribdi-da, to dushmani oʻzini oʻnglab olguncha, orada Sichqonchaga oʻqrayib: “Vov alaykum! Koʻngling tinchidimi, qutildimmi? Bor, yoʻqol endi!” – deb irillabdi, soʻng qaytadan olishuvga kirishibdi.

Kutilmagan bunday sovuq muomaladan Sichqoncha dong qotib qolibdi, toʻsatdan xoʻrligi kelib, yuragi toʻliqib ketibdi. Yum-yum yigʻlaganicha ortga qaytayotganida, yarim yoʻlda yana qari Echkiga toʻqnash kelibdi. Echki bu yigʻi-sigʻining sababini surishtirgan ekan, Sichqoncha, hiqillab-hiqillab, Toshbaqa va Toʻrtkoʻz bilan boʻlgan voqealarni oqizmay-tomizmay aytib beribdi.

Sichqonchaning arzini tinglab boʻlgach, Echki shunday debdi:

– Xafa boʻlma, boʻtam. Keyingi safar qulayroq vaqtda uchrashib qolsang, ular salomingga albatta alik olishadi, sendan xursand boʻlishadi, maqtashadi. Oʻzgalarga birinchi boʻlib salom berish juda xosiyatli ish. Ammo, salomlashish shart boʻlmagan holatlar ham uchrab turadi. Ota-onang yumushlardan boʻshab, xotirjamroq turgan chogʻda shu toʻgʻrida seki-i-n gap ochsang, tushuntirib berishadi.

Koʻpni koʻrgan Echkining bu gapini eshitib, Sichqonchaning koʻngli xiyol taskin topibdi. Uyasiga qaytarkan: “Oʻzgalarga salom berish shart boʻlmagan paytlar ham boʻlar ekan-da? Ular qanday holatlar oʻzi?” – deb oʻylay boshlabdi, bularni onajonisidan soʻrab bilib olishni dil-diliga tugib qoʻyibdi.

 

Anvar Obidjon

 

1996-yil

https://saviya.uz/ijod/nasr/odobli-bolish-osonmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x