Odob – ona
Koʻpni koʻrgan keksalar:
Oftob – ona deydilar.
Oftob soʻzi shunchaki
Bir bahona deydilar.
Necha yillar shu oftob
Yoritgan keng olamni.
Qaydan, qanday kuch bilan,
Aqli yetmas odamning.
Bu toʻgʻri gap, hayotda
Oftob katta onamiz.
Bolalikdan biz mehr
Nurlariga qonamiz.
Ulgʻayamiz ham uning
Bagʻridamiz erta-kech.
Ona mehri oftobdan
Ayrilmasak deymiz hech.
Tabassum
Yaxshilarning belgisidir
Tabassum,
Tabassumsiz turolmaslar
Hech bir zum.
Tabassumga begonalar
Ham talay,
Qosh-qovogʻi osilganlar
Xaltaday…
Siz ularni bir koʻrganda
Sezarsiz,
Qay birin deb, qay biridan
Bezarsiz.
Yaxshi bola
– Yaxshi bola qanday boʻlar,
Aytib bering, – deydi Vali.
– Yaxshi bola nimaligin,
Bilmaysanmi, oʻgʻlim, hali?
Vali oʻylab topolmaydi,
Yaxshi bola kim u oʻzi?
Shu payt birdan kulib turgan
Otasiga tushar koʻzi.
– Shunday, oʻgʻlim, – der otasi, –
Yaxshi nima, bilib olgin.
Bolalikda shoʻxlik bilan
Kun oʻtkazmay, bilim olgin.
Kattalarni hurmatlash ham,
Odob – yaxshi bola ishi.
Jondan sevib havas qilsin
Seni koʻrgan har bir kishi.
– Xoʻp, otajon, – deydi Vali,
Yaxshi bola boʻlmoq uchun,
Yaxshilikka bagʻishlaydi
Yoshlikdanoq u bor kuchin.
Uyimiz ham bir maktab
Maktab – maktab odatda,
Yana boshqa maktab bor.
Uyimizdir u maktab,
Bu ham aziz, moʻtabar.
Biz oʻqishdan har kuni
Shu maktabga qaytamiz.
Nima oʻqib, oʻrgandik
Kelib unga aytamiz.
Qaytaramiz bir boshdan,
Takror hamma oʻtganni.
Yodga olib, pishiqlab,
Darslardan unutganni.
Ota-ona mehribon
Ustoz, kuzatuvchimiz.
Biror fandan oqsoqlab,
Yetmay qolsa kuchimiz –
Darrov suyab, yetaklab,
Bizni yoʻlga solishar.
Aʼlochilar shu taxlit
“5” bahosin olishar.
Yoqubtoy – yoqimtoy
Yoqubtoyni hamma sevar,
Sababi – koʻp yoqimtoy.
Orzulashib derlar: – Bolang
Boʻlsa qani Yoqubday.
Oʻzi kichik boʻlsa hamki,
Kattalarday aqlli.
Bola boʻlib, bolalarday
Shoʻxlik qilmas aqalli.
Yurish-turish, soʻzlashlari
Bir yarashgan oʻziga.
Qarab koʻngling yayrab ketar,
Kulib turgan koʻziga.
Hamza IMONBERDIYEV
“Sharq yulduzi”, 2014–5
https://saviya.uz/ijod/nazm/odob-yaxshi-bola-ishi/