Odil Yoqubovning barcha asarlari kitobxonlar tomonidan nafaqat alohida eʼtibor va qiziqish, balki sogʻinch bilan kutib olingan. Adibning deyarli butun ijodi oʻz vaqtida barcha nashriyotlarimizda qayta-qayta chop etilgan. Shunday boʻlsa-da, oʻzlari hayotlik chogʻlarida, mustaqillikdan keyingi koʻp kitoblari bizda – “Sharq”da chiqqan. Avvalo, bunda oʻsha kezlardagi bizning rahbarimiz Islom Shogʻulomov bilan oʻzaro yaqinligi ham rol oʻynagan. Bu yaqinlik shundan iborat ediki, qayta qurish davrida Odil aka “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasini boshqargan. Gazeta esa “Sharq”da chop etilar va shu bois ular ish yuzasidan doimiy muloqotda boʻlishgan. Qolaversa, gazetaning adadi oʻsha kezlarda 800 mingdan ziyod boʻlib, bu bosmaxona uchun “yaxshi buyurtma” hisoblanardi.
Kim-kim, lekin Islom aka bunaqa buyurtmachilarni mahkam ushlar, tabiiyki, gazetaning birinchilardan boʻlib chop etilishini taʼminlardi. Gazeta qanchalik foyda keltirmasin, rahbarimiz kitobga eʼtiborli edi. Oʻzimizning yaxshi asarlarimizni “oyogʻini yerga tekkizmay” chop etish tarafdori boʻlgan. Xullas, oʻsha kezlarda muallif-noshirlik munosabatlari shakllangan edi.
Keyinroq Odil akaning toʻrt jildliklarini tayyorladik. Orada yana urush xotiralariga bagʻishlangan “Qaydasan, Moriko” kitobi chiqdi. Ayniqsa, bu kitob oqsoqolni xursand qildi: chiroyli bosilgan, muqovada xushroʻy yapon qizning milliy kiyimdagi rasmi bor edi. Bir kun telefon qilib qoldilar:
– Ahrar (Odil aka meni shunday chaqirardi – A. A.), bu “Mariko”ni qotiribsan-ku. Maryam kennoying rashk qilyapti, – deya kuldilar. – Shunga, kechqurun uyga kelsang, bir beshbarmoq qilib bermoqchi.
Mening taraddudlanib qolganimni sezdilar, shekilli, “Kelaver, oʻrtogʻing Iskandar ham shu yerda boʻladi”, dedilar. Bunday beshbarmoqxoʻrlik keyin ham davom etgan.
Oʻtgan asrning oxirlarida “XX asr oʻzbek romani” deb nomlangan katta turkum tashkil qilgandik. Nufuzli badiiy hayʼat tuzib, eng sara romanlarimizdan 10-12 ta kitobni saralab, ularni bir xil koʻrkam va salobatli muqova ostida nashr qildik. Unga oqsoqol ijodidan “Koʻhna dunyo” romani kirdi. Qayta-qayta nashr qildik, qayta-qayta sevib oʻqildi. Bu asarni “Asr oshgan asarlar” deb nomlangan turkumda lotin imlosida chop etib boryapmiz.
Oqsoqol oʻtgach, hamkorligimiz toʻxtab qoldi. Lekin bu orada Iskandar xayrli bir ish qildi: uylarining yertoʻlasida saqlanayotgan adibning qoʻzlyozmalaridan tortib, xatlar, turli yozishmalargacha – barchasini saralab chiqdi. Yaxshi ustalarga buyurtma berib, ikkita sandiq yasattirdi. Yillariga qarab, qoʻlyozmalarni shu sandiqlarga joylab, hatto mundarija qilib yozib chiqdi. Bir gal beshbarmoqdan keyin, oʻsha yoqqa meni ham olib tushdi. Qilingan ishlarning koʻlamini koʻrib, ahamiyatini tasavvur qilib, Iskandarni qutladim. Ularga shunchaki koʻz tashlagandayoq mislsiz boylik, adabiy xazina jamlanganini his qildim. Jumladan, ushbu kitobning gʻoyasi ham oʻshanda tugʻilgandi. Rejaga koʻra, uch kitobdan iborat boʻlishini chamalagan edik. Mana, bir oz choʻzilib boʻlsa-da, uning birinchisi dunyo yuzini koʻrdi.
“Soʻz” kitobini oʻqigan odam katta yozuvchi, romannavis, qissanavis deb bilgan adibning tom maʼnoda publitsist, munaqqid ekanligini ham bilib oladi va hayratga tushadi. Kitobda Jomiydan tortib Pushkingacha, Jambuldan Chingiz Aytmatovgacha boʻlgan jahon adabiyoti namoyandalari haqida hayajonli, tesha tegmagan, xolis, haqqoniy fikrlar bitilgan. Elbek, Usmon Nosir, Qodiriy, Choʻlpon, Oybek, Shayxzoda, safdoshlari Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, bu yogʻiga Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzam, Xayriddin Sultonov, Alisher Ibodinov, Nazar Eshonqullar haqida turli munosabatlar bilan yozilgan, lekin samimiy, xolis gaplar aytilgan.
Kitobda sanʼatimiz, madaniyatimiz dargʻalari haqida ham koʻplar bilmagan, hayajonli holatlar qalamga olingan. Lekin bu kitobdagi “mix” maqolalar – adibning Moskvada, sobiq ittifoq xalq deputatlar sʼyezdidagi nutqlarida oʻzbek xalqining, ayollarining ayanchli ahvoli, shoʻro siyosati respublikalar hayotini mustamlaka darajasiga solib qoʻygani roʻy-rost, mardona ochib berilgan. Deputatlar oʻshanda u kishini minbardan qarsaklar bilan kuzatib qolgan boʻlsa, Oʻzbekistonda yurtdoshlar koʻz yoshlar bilan eshitishgan. Odil Yoqubov oʻzi rahbarlik qilgan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida ham har bir sonda loaqal bitta shunday – xalq dardi aytilgan maqola boʻlishini talab qilganini yaxshi eslaymiz.
Kitobda adibning safdoshi, maslakdoshi, doʻsti, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov bilan yozishmalaridan parchalar ham berilgan. Kezi kelganda aytish joizki, bu ikki atoqli ijodkorning yozishmalarini, bir-birlariga yozgan xatlarini alohida kitob qilish rejamiz ham bor.
Ushbu kitobdagi kirish soʻzida adabiyotshunos Shuhrat Rizayev yozganidek, “Oliy minbarlarda turib dadil soʻz aytish, oʻz xalqining kelajagi uchun qaygʻurish – chin maʼnoda maʼnaviy jasorat edi. Odil Yoqubov umrining soʻnggi yillarigacha uygʻoq vijdon bilan yashadi, yuragidagi qoʻr bilan tinimsiz ijod qildi. Balki ayni shu sifati va fazilatlari tufaylidan u yaratgan asarlari, turli bitiklari va irod etgan nutqlari bois adib jahon miqyosiga mengzagulik eʼtirof va sharaf topdi”.
“Soʻz” kitobini oʻqib, ulugʻ adibimizni sogʻinganlar uni koʻrganday, uni eshitganday, yuzma-yuz soʻzlashganday boʻladi. Zero, bu – Odil Yoqubovning “Soʻz”i.
Ahror AHMEDOV,
“Sharq” nashriyoti bosh muharriri
uzas.uz
https://saviya.uz/hayot/nigoh/odil-yoqubovning-soz-i/