Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulugʻ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Ishni oʻz egasiga topshirish
- Agar ot (omochga qoʻshilib,) yer haydagani olib chiqilsa;
- Eshak esa yugurish musobaqasiga chiqarilsa;
Dehqonchilik borasida ziyonga uchrab, musobaqada yengilamiz.
Muayyan lavozimga nomzod tanlashda oʻrin almashib qolsa ham shunday natija yuz beradi.
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Gina-kudurat muvaffaqiyatsizlikning soʻnggi bosqichidir.
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Odamlar oldida pok inson boʻlib koʻrinib, yolgʻiz qolganingda iblisdek boʻlma!
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Oqishdan toʻxtagan suvlar buziladi. Sen ham bir joyda koʻp turib qolma.
Ahmad Behjat
*****
Ishlarning tiqilinchligini va koʻp mashaqqat chekib mehnat qilishni tajriba qilib koʻrdim. Bekorchilik ulardan koʻra juda ogʻirroq ekan.
Ali Tantoviy rahimahulloh
*****
Agar bir insonni sinab koʻrsang-u, uni oʻzingga doʻst boʻlishga loyiq deb topmasang, endi uni oʻzingga dushman qilib olishdan ehtiyot boʻl!
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Odobning choʻqqilaridan biri – kishi avvalo oʻzidan uyalishidir.
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Gohida eshikni ochishga urinamiz. Ocholmaymiz. Kuch bilan itaramiz. Baribir ochilmaydi. Faqat oʻzimizning qiynalganimiz qoladi. Keyin oʻsha eshikning boshqa tomonga ochilishini maʼlum boʻladi. Hayotdagi muammolar ham xuddi shunday boʻlib, ular kuch bilan emas, aql bilan hal qilinadi.
Ibrohim Fiqiy
*****
Hayotning juda koʻp vaqtlari oʻtayotgan boʻlsa-da, sen “Hali vaqt kelmadi” deysan. Biroz vaqt oʻtgach esa “Vaqtni qoʻldan boy beribman” deysan.
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Burgutlar jim turganda, toʻtiqushlar safsata sotishni boshlaydi.
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Koʻp narsaga kuch bilan erisha olasan. Ammo muhabbat va ehtiromga emas.
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Gullar yonida turgan boshqa gullar bilan musobaqalashish uchun ochilmaydi. Ular ochiladigan vaqt kelganda, ochiladi, tamom.
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
*****
Johillik barcha yomonlikning asli (boshi)dir.
«Tarix muhrlagan soʻzlar»
Internet materiallaridan toʻplab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
https://saviya.uz/ijod/nasr/odamlar-oldida-pok-inson-bolib-korinib-yolgiz-qolganingda-iblisdek-bolma/