yoxud pochtalarda toʻplanib yotgan taxlam-taxlam gazeta-jurnallar egasini topadimi?
Matbuot. Xalqqa maʼnaviy ozuqa ulashadigan, kezi kelganda suyanch boʻladigan, ayni paytda ogʻir bochqichni bosib oʻtayotgan soha. Kimningdir muammosi, dardi boʻlsa, u orqali tegishli tashkilotlarga yetib boradi va oʻz vaqtida hal etish chorasi koʻriladi. El dardini koʻtarib chiqib, yechim topayotgan aksariyat nashrlar obunasi ayni yilda yaxshi boʻlmagani ham barchaga maʼlum. Buning sabablari bisyor. Bu sabablarga tarqatish tizimi qoʻshimcha boʻlayotgan ham sir emas. Gazeta oʻqiyman, deya obuna boʻlsa, lekin ushbu nashrlarning har bir soni oʻz vaqtida eshigini qoqmasa, kim boʻlmasin ranjiydi. Koʻngli qolib, keyingi obuna mavsumida ikkinchi bor “adashmaslik”ka harakat qiladi. Xoʻsh, nashrlarni obunachilarga oʻz vaqtida yetkazishga qaysi tashkilot masʼul va u yerda ishlayotganlar oʻz vazifasiga vijdonan yondashmoqdami? Bu haqdaOʻzMTDP Toshkent shahar kengashi matbuot kotibi Ravshan Mahmudovning quyidagi maqolasida oʻqiysiz.
Maqolani toʻliq quyida oʻqing.
“TOSHKENT POCHTAMPTI”NING XURMACHA QILIQLARI
yoxud gazeta tarqatish tizimi izdan chiqqan(mi?)
Soʻnggi kunlarda matbuot nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp yozilgan mavzulardan biri obuna masalasi boʻlib, bu koʻplab soha vakillari, jumladan, jurnalistlar orasida ham turli muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, respublika miqyosidagi aksariyat gazetalarning adadi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 60–70 foiz kamayib ketgani, mahalliy gazetalarning “hayot-mamot”i hal etilayotgan ayni paytda bozor iqtisodiyotining beshafqat hamlasidan shundoq ham bazoʻr tirikchilik qilayotgan jurnalistlarning boshi qotgan. Axir adad kamaygandan keyin oʻz-oʻzidan shtat qisqaradi, oylik, mukofot puli, qalam haqi kesiladi.
Xoʻsh, endi nima qilish kerak? Nashr yashab qolishi, adadini koʻpaytirish uchun qanday choralar koʻrish lozim?
Kimdir bu borada muassisga koʻz tikayotgan boʻlsa, yana kimdir yurtimizning barcha hududi va tashkilotida aholi bilan koʻproq ijodiy uchrashuvlar oʻtkazib, gazetaning targʻibot-tashviqotini kuchaytirish zarurligini, bugungi kun talab va taklifidan kelib chiqib, odamlarni qiynayotgan muammo, kamchiliklar, ularning yechimi xususida tanqidiy, tahliliy, oʻqishli maqolalarni koʻpaytirib, nashr nomini tanitish zarurligini taʼkidlamoqda.
Xullas, endi muassis buyrugʻi yoki “korrupsion” yoʻllar bilan (ayrim tarmoq nashrlarini hisobga olmaganda, albatta) majburiy obunani tashkil qilib, tushgan pulni yil davomida sarflash davri oʻtdi. Gazetalar oʻrtasida haqiqiy raqobat muhiti yuzaga kelmoqda. Unga bardoshi yetgan yashaydi, yetmagan esa… Gapning indallosini aytganda, endi “oson emas bu maydon ichra turmoq”.
Biroq, bevosita obuna bilan bogʻliq yana bir boshogʻriq borki, uni davolamasdan turib, oyoqqa turib ketish mushkul. Bu matbuot nashrlarining obunachilar qoʻliga vaqtida yetib borishini taʼminlash masalasidir.
Matbuot tarqatish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar nashrlarni obunachilar qoʻliga kechikib yoki umuman yetkazib bermayotgani borasidagi qusur-nuqsonlar doimo tanqid qilib kelinmoqda. Tarmoqda raqobat muhitini bozor talablari asosida tashkil etish maqsadida xususiy tarqatuvchilarga ham ruxsat berildi. Tizimni yaxshilash maqsadida qarorlar, dasturlar qabul qilindi, tegishli choralar koʻrildi. Ammo vaqtli nashrlarni egalariga yetkazish borasida hech qanday oʻzgarish boʻlgani yoʻq: eski hammom, eski tos.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hududiy kengashida matbuot ishiga masʼul boʻlganim bois Toshkent shahrida “Milliy tiklanish” gazetasiga obuna bilan shugʻullanish zimmamga tushdi. Majburiy obunaga qarshi “kampaniyabozlik” boshlangan bir paytda birovga “gazetaga obuna boʻl”, deb aytishning oʻzi katta “jinoyat” edi. 2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylovlar boʻlishi inobatga olinsa, partiyaning eng asosiy targʻibot quroli hisoblangan gazetani keng ommaga yetkazish muhim masala sanaladi. Qolaversa, partiya xodimlari, mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar oʻz gazetasini oʻqimasa, u orqali Markaziy kengash, umuman, partiya faoliyatidan xabardor boʻlib turmasa…
Deputatlar, partiyadoshlarga bugungi va ertangi kundagi vaziyatni yotigʻi bilan tushuntirib, obunada faollik koʻrsatishga chaqirdim. Kimdir tushunib, obuna boʻldi. Kimdir gazetaga oʻtgan yili xususiy obuna tashkiloti tomonidan yozilgani, ammo yil yakunlanayotganiga qaramay, birorta sonini olmaganini aytib, rad etdi. Pochta xizmati baribir “qovun tushirishi”ga koʻzim yetsa-da: “Xabarim bor, shuning uchun 2019 yilda obunani pochta orqali qilyapmiz, gazeta qoʻlingizga yetib borishiga kafolat beramiz, oʻzim doimo nazorat qilib boraman” deya ishontirishga harakat qildim. Chunki bunday holatlar shaxsan oʻzimda bir necha bor takrorlangan. Qaysidir yili hech kim majburlamagan boʻlsa-da, pochtaga borib farzandlarim uchun “Tong yulduzi”ga obuna boʻlish maqsadida yozilgan edim. Yanvar oyi oʻtdi hamki, gazetadan darak boʻlmadi. Pochtaga qoʻngʻiroq qildim, fevral oyidan kela boshladi. Uchinchi oydan esa 2–3 tasini bir qilib tashlab ketadigan boʻlishdi. Olti oy oʻtib esa gazeta umuman kelmay qoʻydi. Yana pochta bilan bogʻlandim, bir dunyo bahonalar bilan oʻzlarini oqlashdi. Xullas, yil davomida gazetaning 52 sonidan 38 tasini oldik, xolos…
2019 yil ham boshlandi. Yanvarning birinchi oʻn kuni yakunlandi. Ishxonaga chorshanba (gazeta shu kuni chop etiladi) kuni tushga yaqin “Milliy tiklanish” gazetasining 1-sonini tashlab ketishdi. Uyimga esa shanba kuni yetib bordi. Dushanba kuni vaʼdaga vafo qilib, boshqa hamkasblarimdan gazeta yetkazilganmi, yoʻqmi surishtirdim. Oʻn nafardan olti kishiga kechikib boʻlsa-da gazeta yetkazilgan, qolgan toʻrt kishi esa “Koʻrdingmi, baribir kelmaydi dedik-ku!” degandek bosh chayqadi. Sabr qilib navbatdagi chorshanbani kutdim. Oʻsha kuni ishxonaga 2-sonini ham tashlab ketishdi. Ertasi kuni yana boshqalardan surishtirdim, xuddi avvalgi holat.
Juma kuni tushdan keyin “Toshkent pochtampti”ni bezovta qilishga majbur boʻldim. Oʻzimni tanishtirib, obuna bilan bogʻliq tartib-qoidalarni soʻrab-surishtirdim. Ular bugungi kunda barcha gazeta egalariga vaqtida yetkazilayotgani va bu kafolatlanganini taʼkidlashdi.
Gazeta yetkazib bermagan pochta boʻlimlariga birma-bir qoʻngʻiroq qilib chiqdim. Kimdir pochtachi kasal boʻlganini, kimdir gazeta hali markazdan kelmaganini, yana kimdir adashib boshqa manzilga yetkazganini aytdi. Ayrimlari “Keyinroq qoʻngʻiroq qiling, hozir ish bilan bandman, gazeta kerak boʻlsa kuting, shanba kuni boradi!” deb qoʻpol muomala qilib, aloqani uzib ham qoʻydi…
Yana “Toshkent pochtampti”ga qoʻngʻiroq qildim. Gazeta bormagan manzillar, tizimdagi ayrim xodimlarning bahonasi-yu muomalasidan shikoyat qildim. Orada pochta xizmati ham obunachilar kamayib ketishiga sababchi boʻlayotganini aytib, bu haqda maqola yozmoqchiligimni “gullab qoʻyibman”. Bir soat oʻtib-oʻtmay, gazetani oʻz vaqtida olmagan hamkasblarim nashrning ikki soni ham uyiga yetkazilganini maʼlum qilishdi.
Mana, ishlasa boʻlarkan-ku, dedim hamkasblarimga qarab (ammo ungacha kayfiyatim buzilib, boshimga ogʻriq kirgan edi). Nima uchun ayrim ishlarimiz qoʻngʻiroq qilganimizdan keyin yoki matbuot tanqididan soʻng hal boʻlyapti? Nega tashkilotlar vazifasini vaqtida bajarmay, odamlarni hamon norozi qilyapti? Prezidentimiz rahbarlarni eskicha ishlashdan voz kechib, uygʻonishini qayta-qayta talab qilayotgan boʻlsa-da, pochta xizmatiga oʻxshagan ayrim tashkilotlar hali ham mudrab oʻtiribdi, nazarimda.
“Qoʻngʻiroq qilmaganimizda, gazeta buyurtmachiga yil davomida ham yetkazilmasligi mumkin edi”, degan eʼtirozimizga oʻzini tanishtirishni istamagan pochta masʼuli “Agar obunachi bu haqda vaqtida xabar berib tursa, kechikib boʻlsa-da, albatta, barcha sonini yetkazamiz” deb aybni buyurtmachiga agʻdardi-qoʻydi. Demak, bundan koʻrinib turibdiki, pochtada nashrlarni egasiga yetkazilgan-yetkazilmagani umuman monitoring qilinmaydi. Manzilini topolmay, pochtalarda toʻplanib yotgan taxlam-taxlam gazeta-jurnallarning taqdiri endi ular uchun qiziq emas (bir yildan keyin baribir makulaturaga topshiriladi). Chunki obuna pullari allaqachon “Toshkent pochtampti”ning “choʻntagi”ga tushib boʻlgan. Qolaversa, bir oy oldin chop etilgan gazetani buyurtmachiga yetkazishning endi nima qizigʻi bor?! Hozir axborot asrida yashayapmiz. Shu topda yuz bergan voqeaning oradan bir soat oʻtib-oʻtmay odamlar uchun qizigʻi qolmayapti, eskiryapti. Matbuotning eng asosiy vazifasi esa oʻquvchilarga axborotlarni tez va xolis yetkazishdir.
Soʻngsoʻz oʻrnida: Shu kuni bizga pochta xizmati mutasaddilaridan biri qoʻngʻiroq qilib, bu haqda maqola yozmasligimizni soʻradi. Qoʻpollik qilgan hamkasblari uchun ham uzr soʻrab, gazetani vaqtida yetkazishga vaʼda berdi. Rozi boʻldik. Ammo oradan bir hafta oʻtib, obuna boʻlgan boshqa partiyadoshlarimizdan ham soʻrab-surishtirsak, gazetaning 3-soni chop etilgan boʻlsa-da, hali birortasi oʻz vaqtida yetib bormaganini maʼlum qilishdi. Pochtaga yana qoʻngʻiroq qilishga majbur boʻldik va shu kunning oʻzida ularga ham yetkazib berildi. Ular “mana, kechikib boʻlsa-da yetkazib berdik-ku”, deya oʻzini yana oqlashi mumkin. Ammo beshikdagi bola yigʻlamasa, och qoladi deganlaridek, qachongacha ularni “turtib” turish kerak?!
Bugun chiqqan gazeta bir hafta, bʼazida bir oydan keyin obunachiga yetib borsa kulguli emasmi? Bu birgina “Milliy tiklanish” gazetasini yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan voqealar. Demak, boshqa nashrlarning ahvoli ham bundan mustasno emas. Hammaning diqqat-markazida boʻlgan poytaxtda vaziyat shunday boʻlsa, viloyatlar, qishloqlardagi holatni tasavvur qilavering. Pochta xizmatlari ham gazetalarning oyogʻiga “bolta” urmay, aksincha, obuna mavsumida targʻibot-tashviqot ishlariga yordam berishi, xonadonlarga vaqtli matbuot nashrlari bormasligi maʼnaviyatimizga katta zarar yetkazishini anglab yetishi kerak emasmi? Axir xolisonullo aytganda, ular ham obunachilar hisobidan kun koʻrishi yolgʻon emas-ku?!
Matbuot tarqatish tizimidagi bunday muammolar “obuna boʻlding nima-yu, boʻlmading nima — farqi yoʻq, baribir gazeta yetib bormaydi yoki haddan tashqari kechikadi” degan qarashlarni shakllantirishga “ulkan hissa” qoʻshgani alam qiladi, xolos. Afsuski, shunday.
Ravshan MAHMUDOV,
OʻzMTDP Toshkent shahar kengashi matbuot kotibi
https://saviya.uz/hayot/nigoh/obuna-bolding-nima-yu-bolmading-nima/