Post Views:
87
OBRLIG‘, Arbilax – o‘rta asrlarda Iloq shaharlaridan biri (5-15-asrlar). Angren shahridan janubi-g‘arbda, Ohangaron daryosining chap qirg‘og‘ida, Obliq qishlog‘ining sharqiy qismida joylashgan. 1962-63 yillarda Yu.F.Buryakov tadqiq qilgan. Eng qadimgi topilmalar milodiy 5-6-asrlarga oid bo‘lsada, Obrlig‘ shahar sifatida (maydoni 80 gektar dan ziyod) 8-9-asrlarda barpo etilgan. Bu davrda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar natijasida ko‘chmanchi turkiy qabilalar orasida tabaqalanish jarayoni sodir bo‘lgan.
Obrlig‘ning tuzilishi Iloqdagi boshqa o‘rta asr shaharlaridan farqlanadi. Ark va shahriston o‘rtasida aniq bo‘linish yo‘q, hunarmandlar yashaydigan rabod esa rustoq bilan qo‘shilib ketgan, ingichka devorlar mudofaa vazifasini emas, balki ichki, qo‘riqchilik vazifasini bajargan. Shahar iqtisodiyotining ravnaqi Iloqning oltin va kumush konlari – Ko‘hisim, Qizilolmaning Obrlig‘ga yaqinligi va konlarda ma’dan qazib olish 10-11-asrlarda faollashuvi bilan bog‘liq.
Obrlig‘da nodir metallar quyish ustaxonalari, temirchilik, kulolchilik, shishapazlik mahsulotlari topilgan. Hatto badavlat shaharliklar uylarida ham ko‘chmanchilar madaniyati an’analariga xos bo‘lgan, sirtiga qizil rang berilgan, bo‘rtma naqshinkor sopol buyumlar uchraydi. Arab manbalari shaharni turkiycha nom bilan atashlari bejiz bo‘lmasa kerak. Obrlig‘ Ko‘hisimdan Farg‘onaga, Kenkolning ko‘chmanchi tumanlariga, shuningdek, Iloq poytaxti – Tunkatga boruvchi tog‘ savdo yo‘lida joylashgan. 12-asrda Obrlig‘ iqtisodi konchilik ishlari qisqarishi tufayli tanazzulga yuz tutgan. 13-asr boshida shahar mo‘g‘ullar istilosi natijasida tashlandiq holatga kelgan. 14-15-asrlarda hayot Obrlig‘ning g‘arbiy qismidagina jonlangan. So‘ngra qishloq g‘arbga ko‘chgan, bu yerda 17-19-asrlarga oid qal’a xarobalari va hozirgi Obliq qishlog‘i inshootlari saqlangan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/orblig-arbilah/