Afrikadagi bir qabilani oʻrganish uchun borgan antropolog olim qabila bolalariga shunday oʻyin taklif qildi. Daraxt yoniga meva toʻla savatni qoʻydi va: “Ichlaringdan kim birinchi boʻlib daraxt yoniga yetib kelsa, manavi shirindan shakar mevalarning hammasi uniki boʻladi!” deb eʼlon qildi.
U chopishga ruxsat ishorasini bergan payt bolalar bir-birlarining qoʻllarini mahkam tutib, birgalikda yugurishga tushishdi. Marraga yetib kelib, yutuqlari – mevalarni maza qilib yeyishdi. Magʻlub boʻlgan antropolog bolalardan mevalarni faqat bir kishi qozonishi mumkin boʻla turib nima uchun bunday qilganliklarini soʻradi. Ular: “Obonoto!” deb javob berishdi. Bu soʻz ularning tilida: “Men borman, chunki biz bormiz!” degan maʼnoni anglatardi.
Bolalar hali oq-qorani uncha yaxshi tanimasa-da, mehr-oqibat nimaligini, bir kishi baxtiyor boʻlib, qolganlar baxtsiz boʻlsa, bu baxtiyorlik tatimasligini yaxshi bilar ekan.
Orif Tolib
“Gulxan” jurnalining 2016 yil 7-sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/obonato/