Savol: Biz bu yil ustama olmoqchi edik, lekin bu haqda «zavuch» bizga hech narsa demagandi. O‘qituvchilarga ustama tayinlash «zavuch»ning vazifasi emasmi? Uqituvchi ustamasiz qolsa kim aybdor hisoblanadi?
Savolga Ulug’bek Po’latov javob berdi: Pedagog xodimlarga ustama tayinlash faqatgina «zavuch»ning vasifasi emas. Bu jarayonlar maktabda tashkil etiladigan ustamalar belgilash, moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam berish bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi guruhi rahbari — umumta’lim muassasasi direktori hisoblanib, ishchi guruh a’zolari esa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, pedagog xodimlar orasidan hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi kuzatuv kengashi va o‘quvchilarning ota-onalari vakillaridan iborat bo‘ladi.
Ishchi guruh o‘quv-tarbiya jarayoniga shaxsiy hissa qo‘shayotgan, o‘z kasbiga sodiq va tashabbuskor, yuqori kasb darajasini namoyon etayotgan pedagog xodimlar faoliyatini VMning 823-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilab berilgan baholash mezonlari asosida aniqlaydi, bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilaydi, umumta’lim muassasasi xodimlarini mukofotlaydi hamda ularga moddiy yordam belgilaydi.
Pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash, xodimlarni mukofotlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatishning to‘g‘ri, xolis va adolatli amalga oshirilishi uchun javobgarlik Ishchi guruh rahbari — umumta’lim muassasasi direktori zimmasiga yuklatilgan.
To‘g‘ri, mazkur ishchi guruh umumta’lim muassasasi pedagog xodimlari faoliyatining samaradorligini tahlil qilib, bu haqda pedagog xodimlarni xabardor qilib, yaxshi ishlaydigan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun ustamalar belgilashi kerak.
Ammo bu yerda pedagog xodimlarning ham aybi bor. Chunki «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 19-bandiga ko‘ra ustama haq olishga da’vogar bo‘lgan o‘qituvchi ariza yozib ishchi guruhga hujjatlarini taqdim etishi lozim.
Ustama olish istagi bo‘lgan pedagog xodim albatta VMning 823-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom bilan tanishib chiqishi, eng muhimi buning uchun bir yil avvalroq harakat qilishi lozim. Negaki pedagog xodimlarga belgilanadigan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
Agar o‘qituvchi meni xabarim yo‘q edi, hech qanday hujjat tayyorlamaganman, bu haqda bilmas edim desa hato qilgan bo‘ladi. Chunki pedagog xodimlar umumiy o‘rta ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlardan xabardor bo‘lishi lozim.