OʻZBEKISTON TUMANI

OʻZBEKISTON TUMANI — Fargona viloyatidagi tuman. 1926 yil 29-sentyabr da tashkil etilgan. 1962-yil 24 dek. da tugatilgan, 1963-yil 17 apr. da qayta tuzilgan. Shim. dan Qoʻqon shahri, Furqat tumani, jan. va gʻarbdan Tojikiston Respublikasi, shim. gʻarbdan Beshariq, sharqdan Uchkoʻprik tumanlari, jan. sharqda Rishton tumani va Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh. Mayd. 0,69 ming km2. Aholisi 181,1 ming kishi (2005). Oʻzbekiston tumanida 1 shahar (Yaypan), 1 shaharcha (Shoʻrsuv), 10 qishloq fuqarolari yigʻini (Konizar, Mingtut, Nursuq, Ovchi, Oxunboboyev, Rajabgardi, Togʻob, Qaynar, Qizilqaqir, Gʻaniobod) bor. Markazi — Yaypan shahri Tabiati. Tuman hududi Fargʻona viloyatning jan. gʻarbida, Turkiston tizmasining shim. etaklarida joylashgan. Shim. da Sirdaryogacha pasayib boradi. Tuman shim. qismining yer yuzasi tekislik boʻlib, Shaytonkoʻl massivi va Markaziy Fargʻona choʻlining davomidir. Tuman hududida foydali qazilmalardan togʻ mumi, gaz, neft, ohaktosh, tuz, gilmoya, keramzit va boshqalar bor. Iqlimi kontinental, quruq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —6°, —10°, eng past t-ra —20°, iyulning oʻrtacha t-rasi 28°, eng yuqori t-ra 42— 45°. Gʻarb, shim. gʻarbdan tez-tez shamol esib turadi. Koʻqon shamolining tezligi 25—30 m/sek. Yillik yogʻin 130—140 mm. Vegetatsiya davri 240—265 kun. Tuman xoʻjaliklari va aholisi Soʻx daryosidan suv oladi. Soʻx daryosi tarmoqlaridan: Nayman, Yakkatut, Sochtepa, Koʻkdoʻppi soylari, Chilgijiyda, Nursuq, Achchisuv ariqlari bor. Tuman hududi oʻrtasidan Katta Fargʻona kanali oʻtgan. Shoʻrsuv suv ombori mavjud. Togʻ etaklari, adirlar qumli, och boʻz tuproqli. Togʻ etaklari va dashtlarda shuvoq, yantoq, chaqirtikanak, soy, ariqlar boʻyida yalpiz, yulgʻun, yovvoyi jiyda, togʻ va adirlarda yovvoyi piyoz oʻsadi. Shuningdek, ajriq, achchiqmiya, qoʻytikanak, itburun, qoqi, qirqboʻgʻin, salomalaykum, qamgʻoq, ituzum, qoʻypechak, semizoʻt, kurmak singari begona oʻtlar tumanning hamma joylarida uchraydi. Togʻ va adirlarda yirtqichlardan boʻri, tulki, sudralib yuruvchilardan dasht ilonlari, kaltakesaklar, kemiruvchilardan sichqon, kalamush yashaydi; qushlardan tustovuq, soʻfitoʻrgʻay, yovvoyi oʻrdak, chumchuq kabilar uchraydi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 262,5 kishi. Shahar aholisi 23,1 ming kishi, qishloq aholisi 158 ming kishi (2005).

Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligining asosini paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, pillachilik, mevachilik tashkil etadi. Sabzavot, poliz ekinlari, uzum ham yetishtiriladi. Tumanda jami xoʻjalik yurituvchi subyektlardan kichik korxonalar, mikrofirmalar, boshqa turdagi korxonalar, 2 qoʻshma korxona, shuningdek, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. Shoʻrsuv shaharchasida sopol quvurlar z-di faoliyat koʻrsatadi. Tumanda 5 shirkat, 500 dan ziyod fermer, 100 ga yaqin dehqon xoʻjaligi mavjud. 5,4 ming ga yerga don, 6,7 ming ga yerga paxta, 482 ga yerga sabzavot, 87 ga poliz, 243 ga yerga kartoshka, 1,4 ming ga yerga ozuqa ekinlari ekiladi. 5,6 ming ga yer tokzor va mevazor. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 36,9 mingga yaqin qoramol, (shu jumladan, 14 mingdan ziyod sigir), 31,5 ming qoʻy va echki, 100,6 ming parranda, 364 yilqi boqiladi. 64 umumiy taʼlim maktabi (45,1 mingga yaqin oʻquvchi), bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, 2 musiqa maktabi, 3 kasb-hunar kolleji bor. 1 madaniyat uyi, 8 klub muassasasi, oʻlkashunoslik muzeyi, tuman markaziy kutubxonasi va uning 34 ta shoxobchasi faoliyat koʻrsatadi. Tuman markaziy kasalxonasi, tugʻruqxona, poliklinika, qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam boʻlimi, dorixonalar va boshqalar tibbiy muassasalarda 326 vrach, 1549 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. «Yaypan ovozi» gaz. chiqariladi (adadi 5 ming).

Otabek Joʻraboyev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x