Sheʼr qaysidir jihati bilan tasviriy sanʼatga oʻxshaydi, ayrimlarini yaqin kelib, ayrimlarini esa uzoqdan turib anglash kerak.
Goratsiy
Oʻzbek madaniyati – markazida adabiyot turgan madaniyat. Bizda milliy ong doim adabiyot vositasida oʻsgan, tafakkurdagi oʻzgarishlar badiiy asarlarda aks etgan. Adabiyotimiz yadrosini esa azaldan sheʼriyat tashkil etib kelgan. XXI asrda ham bu holat oʻzgarmadi, biz hamon nazmni sevamiz, nasrga nisbatan sheʼrga yaqinroqmiz.
Har bir davrning yangi sheʼrni eʼlon qilishda oʻziga xos vositalari boʻlgan. Bir paytlar sheʼriy majlislar, mushoaralar, keyin kitoblar, XX asrga kelib esa adabiy jurnallar orqali sheʼr va shoirni kashf etish mumkin boʻldi. Yuksak texnologiyalar davrida odamlar koʻproq internet, yanada aniqrogʻi, ijtimoiy tarmoqlar orqali poeziyaga oshno boʻlishmoqda. Bu yerda sheʼrlar oʻquvchiga koʻpincha tasodifan yetib boradi: kimdir ulashadi, boshqalar koʻradi – shu, xolos. Tabiiyki, bunda jarayon betartib kechadi, muharrir va musahhihlar ishtiroki umuman sezilmaydi, koʻplari hatto tanqiddan past turadi. Bundan tashqari, tez tanilish, minbarning shundoqqina oyoq ostida ekanligi va unga chiqish osonligi kabi sabablar tufayli ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek sigmentida sheʼrbozlik shu qadar avjiga chiqqanki, badiiy didi shakllanmagan insonni bu oqim xasdek oqizib ketishi, u hech qachon haqiqiy, sifatli sheʼrga yetib bora olmasligi tayin.
Yuqoridagilardan internetni faqat toshi yengil asarlar bosib ketibdi degan xulosa chiqmasligi kerak. Chunki real hayotdagi kabi virtual olamda ham bari tabiiy tanlanish qonuniga boʻysunadi. Sheʼrlar oson eʼlon qilinaverishi mumkin-u, koʻp oʻqilish hamda eʼtirof etilish baribir hammaga nasib etmaydi. Internet foydalanuvchilari baʼzan eng talabchan muharrirdan-da qattiqqoʻlroq: yoqmagan sheʼrni shunchaki indamay oʻtkazib yuboradi yo achchiqqina sharh bilan hamma koʻradigan joyga yopishtirib qoʻyadi. Ommaviy nazorat haqiqatda saviyali sheʼrlarni yuqoriga koʻtaryapti. Faqat endi foydalanuvchilar nimani koʻkka koʻtarishni, qaysi sheʼrni oʻqishni oʻzlari tanlayaptilar.
“Feysbuk” tarmogʻida mavjud sheʼriyatga oid yuzlab virtual guruhlar va sahifalar u yoki bu shoirning mashhurligi, sevimliligini koʻrsatib beradi. Guruh ishtirokchilarining soniga qarab qaysi shoirni koʻp oʻqishlari, qay biri sevimli ekanligi haqida xulosa chiqarish, qoldirilayotgan sharhlardan esa zamonamiz yoshlari adabiyotni naqadar tushunadilar, sheʼrdagi topilmalarni qanchalik ilgʻay oladilar-u, poetik matnni tahlil qila biladilar – bilib olish mumkin. Sheʼriyatga oid guruhlarni tahlil qilib quyidagi xulosaga keldim: ijtimoiy tarmoqda yaxshi sheʼrlar koʻp, lekin adabiyotshunoslik, xususan, sheʼrshunoslik deyarli yoʻq. Foydalanuvchilar u yoki bu sheʼrni yoqtiradilar, undan oʻzlariga maʼqul kelgan satrlarni, bandlarni koʻrsatadilar, biroq sheʼrni tushunadigan, tahlil qilib bera oladigan insonlar kam. Koʻpchilik kuzatuvchi maqomida.
Mazkur ijtimoiy tarmoqning oʻzbek sigmentida Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Matnazar Abdulhakim, Aʼzam Oʻktam, Muhammad Yusuf kabi shoirlaru Abdulla Qodiriy, Shukur Xolmirzayev, Togʻay Murod, Omon Muxtor, Nazar Eshonqul kabi nosirlar ijodiga bagʻishlangan guruhlar, sahifalar bor. Lekin ulardan hech birining aʼzolari soni 10000 taga yetmagan (internet oʻlchamlariga koʻra, ishtirokchisi 10 mingtadan kam guruh ommaviy hisoblanmaydi). Koʻrinadiki, haqiqiy adabiyot baribir xoslarniki boʻlib qolyapti.
Qulay mutolaa
Internetda sheʼriyat yaxshi maʼnoda “qoʻletar”dir. Yaʼni topilishi, oʻqilishi va saqlab qoʻyilishi oson. Kitob oʻqish uchun sharoit, kayfiyat kerak. Yana kitobni topish, yoqqan sheʼrni daftarga koʻchirib olish, keyin u daftarni yoʻqotmaslik… Ijtimoiy tarmoqda kutilmaganda oldingizdan chiqib kelgan sheʼr oʻzi kayfiyat yaratadi. Faraz qiling, monitoringizda tepaga oʻrlayotgan xabarlar tasmasida goh Halab va Mosuldagi jarohatlangan bolalaru Donbasdagi toʻqnashuvlar haqida maʼlumot beriladi. Dunyo koʻzingizga qorongʻi boʻlayotgan, olam razolatga botib ketibdi, deya tushkunlikka tushib turgan chogʻingizda birdan, olaylik, Matnazar Abdulhakimning “Darsdan soʻng” sheʼriga duch kelasiz. Uni avval shoirning toʻplamlarida oʻqigan, taʼsirlangan boʻlsangiz-da, talotoʻplardan toʻlqinlanib turgan hozirgi kayfiyatingizda sheʼr boshqacha taʼsir qiladi. Asar qahramoni – daftar topshirmagani uchun oʻqituvchisining oʻlimida oʻzini aybdor sanayotgan bolakayni beixtiyor kassetali bombalar yomgʻiri ostida yashayotgan iroqlik, shomlik tengdoshlari bilan solishtirasiz…
“Feysbuk” tasmasida oʻqilgan sheʼrni kayfiyatga qarab yangicha tahlil qilish va oʻsha zahoti bu tahlilni ommaga maʼlum etish imkoni bor. Darrov fikrlaringizni yozasiz, hamfikrlar topasiz. Ular mavzuga oid boshqa sheʼrlarni ulashadi. Keyin gap siyosatga buriladimi, adabiyotgami – taxmin qilish mushkul. Lekin endi “Darsdan soʻng” sheʼrini boshqacha hayajon bilan oʻqishingiz tayin.
Ijtimoiy tarmoqda maʼqul kelgan sheʼrlarni “ulashish” tugmasi orqali “devor”imga yopishtirib ketaverish odatim bor. Bir qarab chiqsam, “Men yoqtirgan sheʼrlar” nomli toʻplamga arzirli material yigʻilib qolibdi. Bu bir dona adadda chiqariladigan xos kitobim boʻladi, xuddi oʻsmir qizlarning sirlashuv daftaridek. Har bir internet foydalanuvchisida shu usulda oʻziga mos bir bayozga tartib berish imkoniyati bor. Bu kitobni yuz yillardan keyin, nasib qilsa, avlodlarimiz oʻqib, umuman zamonga, xususan, sheʼr shaydosi boʻlgan ajdodlarining didiga baho beradilar.
Noʻnoq ifodalar
Sal avval ijtimoiy tarmoqda adabiyotshunoslik sust dedik. Albatta, bu – ilm, ilm bilan esa duch kelgan odam shugʻullanib ketavermaydi, sheʼr oʻqish esa hammaga yoqadi. Biroq eng taʼsirli, koʻp “layk” va “sharh” toʻplagan sheʼrlar ostidagi muhokamalarni oʻqisangiz, asosan “Ajoyib sheʼr!”, “Gap yoʻq!”, “Taʼsirli!” kabi siyqasi chiqqan birikmalarni yoki sheʼrning bir-ikki satri takrorlanganini koʻrishingiz mumkin. Muxlislar olgan taassurotlarini ifodalashga noʻnoq. Buning sababi adabiyot taʼlimiga borib taqaladi, nazarimda. Adabiyot darslarida sheʼr yodlatiladi, nari borsa, qolip jumlalar bilan tahlil qildiriladi. Biroq oʻquvchilarda tuygʻuni ifodalash malakasi shakllantirilmaydi, sheʼrni izohlashga til yoʻq. Adabiyot darslarida sheʼr yodlatish emas, uni muhokama qilishga koʻproq vaqt ajratish kerak, nazarimda.
Rauf Parfining sheʼri ostiga yozilgan sharh esa boshqa muammoni koʻrsatadi: “Yaxshi shoir. Faqat sheʼrlarini oʻqiyotganda hadeb lugʻatga qarayverish lazzatni yoʻqqa chiqaradi!”. Unga boshqalar qoʻshilishadi: “Toʻgʻri, sheʼrlari ajoyib, lekin koʻp soʻzlari tushunarsiz…”. Demak, yoshlarimizning soʻz boyligi kam. Sababi maʼlum: kitobdan yiroqlik. Ijtimoiy tarmoqda boʻlsa ham mutolaa qilayapti, toʻgʻri, lekin internetda matn oʻqigan odam hech qachon izchil fikrlay olmaydi. Uning fikrlashi quroq koʻrpaga oʻxshaydi: dam u mavzuda, dam bu. Izchillik boʻlmagach, soʻzlar ham miyaga oʻrnashmaydi. Ana shu tomondan kitob benazirligicha qoladi.
Bir quyoshdan yaratilgan besh oy
Sheʼr oʻqiyversang, oʻqiyversang, hech bezmasang… Shunday onlarda tuygʻularingni avaylaydigan, faqat tansiq sheʼrlarni tortadigan bir goʻsha izlab qolasan. “Feysbukoman” sifatida men tarmoqqa murojaat qilaman: borar manzilim tayin – xalq shoiri Xurshid Davronning sahifasi! Ustoz yosh shoirlarga ijodda intilish lozim boʻlgan yuqori darajani koʻrsatib turadi. Uning sahifasida eʼlon qilingan sheʼrlar katta eʼtirofga sazovor boʻlgan sanaladi. Shu oʻrinda ustoz sahifasida eʼlon qilingan bir sheʼrning besh tarjimasi haqida gapirmoqchiman. Sabab, aynan shu tarjimalar bahona ijtimoiy tarmoqqa xos yana bir jihat – sinxronlik namoyon boʻladi.
Xurshid Davron “Marina Svetayeva sheʼrining besh tarjimasi” degan post eʼlon qildi. Unda shoiraning qisqa tarjimai holi va mashhur “Mne nravitsya” sheʼrining Oygul Suyundikova, Gulbahor Said Gʻani, Gulnoz Moʻminova, Xurshid Davron hamda Nodira Afoqovaga mansub tarjimalari keltiriladi. “Marina Svetayeva sheʼriyati musiqiyligi, tovushning sheʼr musiqiy qurilmasidagi katta oʻrni va ahamiyati bilan ajraladi”, deydi shoir. Soʻng besh tarjimani ketma-ket keltiradi. Ulardan ayrimlari matbuotda chop etilmaganini eʼtiborga olib har besh talqindan parchalar keltirishni lozim topdik.
Sheʼrning asliyatdagi matni:
Mne nravitsya, chto viʼ bolniʼ ne mnoy,
Mne nravitsya, chto ya bolna ne vami,
Chto nikogda tyajeliʼy shar zemnoy
Ne upliʼvet pod nashimi nogami…
Oygul Suyundikova tarjimasi:
Menga yoqar, bemormassiz men bois,
Menga yoqar, bemormasman siz bois.
Menga yoqar, ogʻir zaminning shari
Poyimizda oqib yotmas sarsari…
Bu ilk tarjima asliyatga yaqin, unga ham jisman (vazn, sintaktik qurilish), ham maʼnan bogʻlangan. Muallifning dardi tarjimonniki bilan uyqash kelgan, qorishib ketgan.
Gulbahor Said Gʻani tarjimasi:
Yaxshiki, men sabab gʻamnok emassiz,
Yaxshiki, siz sabab emasman gʻamnok.
Xayriyat, hech qachon shu Yer kurrasi
Baxtdan gir aylanib uchmadi bebok…
Tarjima asliyatdan birmuncha mustaqillashgan, tarjimonning “men”i muallif bilan yonma-yon boʻlmasa ham, u bilan bahslashar darajaga chiqqan. Tarjimon sheʼrga yangi maʼnolar yuklay olgan.
Gulnoz Moʻminova tarjimasi:
Shukr, meni deya bemor emassiz,
Shukr, sizni deya emasman bemor.
Koʻnglim tinch, negaki ogʻir Yer shari
Poyimizdan suzib oʻtmagay zinhor…
“Nafasim boʻgʻilmas koʻrganim chogʻi, koʻp oson topishgan qoʻllar zavolin…”. Maftun etadi. Umuman, tarjimaning oxirigacha Gulnoz Moʻminova ancha yangiliklar topgan, oʻquvchini sheʼrga boshqacha nigoh bilan qarata olgan. Buni tarjima degim ham kelmaydi, talqindir balki. Gulnozning talqini.
Xurshid Davron tarjimasi:
Qanday yaxshi, meni oʻylab chekmassiz alam,
Qanday yaxshi, sizni deya chekmasman ozor
Va hech qachon bu muazzam kurrai olam
Uchib ketmas oyogʻimiz ostidan bezor…
Xurshid Davron bebaxtlikda baxtiyor ayol qaygʻusini umuminsoniy dardga aylantirib koʻrsata olgan. Tarjimon-shoirning professionalligi yaqqol sezilib turibdi. Ohanglar sof oʻzbekona.
Nodira Afoqova tarjimasi:
Xayriyat, mubtalo emassiz menga,
Xayriyat, men Sizga mubtalo emas
Va zilday Zamindan uchib ketgudek
Ehtiroslar bizni hargiz chulgʻamas…
Bu tarjima eng oxirida, yuqoridagi toʻrt variant eʼlon qilingach, ulardan ilhomlanib yaratildi. Mumtoz adabiyotni yaxshi bilgan shoiraning soʻzlari, iboralari ham mumtoz. Xurshid Davron aytgan Svetayeva sheʼriyatidagi “tovushning sheʼr musiqiy qurilmasidagi katta oʻrni” tarjimaning bu variantida yaqqolroq koʻringan, yaʼni tarjimon asliyatning yana bir yutugʻini oʻzbek tiliga koʻchira olgan.
Bir foydalanuvchi “Quyoshni tarjima qilsang, oy boʻladi” (Erkin Vohidov) deya sharh qoldirgan. Toʻgʻri gap. Ammo qanday oy?! Qarang-a, birgina “Mne nravitsya”ning oʻzini oʻzbek tilida besh xil ayta olish mumkin ekan: menga yoqar, yaxshiki, shukr, qanday yaxshi, xayriyat. Balki oʻn, yuz, ming, million xil ayta olish mumkindir. Besh tarjima shunday oʻylashga asos beradi.
Aslida, ushbu beshala talqin ham matnning aynan tarjimasi emas, satrlar tagidan oʻqilgan maʼnolaridir. Har kim oʻz tuygʻulari, holati, dunyoqarashi orqali “Mne nravitsya” dengizidan idishiga quyib olgan suvini koʻz-koʻz qilgan. Idishlarning hajmi ham, shakli ham har xil, biroq ularda bir dengizdan olingan suv bor. Yaʼni, har bir tajimon Svetayevaga xiyonat qilmagan holda oʻzligini namoyon etgan. Ana shu narsa bu tarjimalarni – “bir quyoshdan ilhomlanib yaratilgan besh oy”ni oʻziga xos qimmatli qiladi.
Beshinchi tomon
Ijtimoiy tarmoqdagi sheʼriyat adabiyotimizning buguni va ertasiga katta umidlar bogʻlash uchun asos beradi. Nodira Afoqova, Gulnoz Moʻminova, Shahodatbonu Imomnazarova, Talant Bek, Shavkat Joʻrabek, Adhamjon Maqsudov, Muslimbek Musallam, Bobur Elmurodov, Nafisa Omon, Elbek Erkin, Alibek Anvariy, Dilmurod Doʻstbekov, Mahfuza Imomova, Baxtiniso Mahmudova… Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ular gʻoyaviy majburiyatlar ostida ezilmagan, shakliy qoliplarga solinmagan, erkin, sof, ohorli va samimiy sheʼrlar yozishyaptiki, oʻqiganlarning koʻzi chaqnaydi, yodida, koʻnglida qoladi. Baʼzida ular orasida bir satr, bir tashbeh talash boʻlib qoladi, lekin bu odat emas, istisno. Asosan ijodkorlar bir-birlariga xayrixoh, eʼtibor va eʼtirofda xasis emaslar.
Dilmurod Doʻstbekovning birovga mengzasang xafa boʻlar darajada oʻziga xos ijodi bor. Oʻzingiz baho bering:
Oh!..
Sensizlik bosib olar meni koʻrpaday,
Yerga kirib ketolmayman,
Chorlamas osmon.
Janub-Shimol, Sharqu Gʻarbga
qaramayman lek,
men borar joy endi faqat –
Beshinchi tomon.
Bu esa yana bir Svetayevacha “Mne nravitsya”:
…Yaxshiyam, koʻksimda sogʻinch ufurgan,
Yaxshiyam, dilimni oʻrtagan hijron.
Yaxshiyam, men seni yaxshi koʻrmayman,
Yaxshiyam, men seni koʻrmayman yomon!
(Mahfuza Imomova)
“Xatodan qoʻrqqanni qoʻrqitib boʻlar, Xudodan qoʻrqqanni qoʻrqitib boʻlmas!” deya jonli satrlar yozgan, ichki qofiyaning goʻzal namunalarini yaratgan marhum Joʻrabek Ramazonov qisqa umri davomida nimadir aytishga ulgurdi. Bobur Elmurodov esa qarshilantirishning benazir namunalarini kashf qilyapti: “Bir kun koʻngli borlar qurishsa turmush, Bir kun koʻngli yoʻqlar chalmasa torni”. Adhamjon Maqsudov jonlantirish usuli orqali qismatni original ifodalaydi: “Netay sening tomon chorlasa, Kaftimdagi hamma chiziqlar”.
Elbek Erkin esa “Toʻrga tushgan oltin baliqday Mezonlarga ilinar yaproq”, deyapti: tabiat manzarasi va hayot falsafasi uyqashib ketgan. Oldi-ortiga qaramay shitob bilan oʻtayotgan umrmi, kun sayin boy berilayotgan imkoniyatlarmi… satrlar qatida yanada chuqurroq nimalardir borligini ilgʻaysiz.
Hamma tajribalar mot boʻlayotir,
Yuragim boshimdan kattaroqmi-ya?
Yaqinlar birma-bir yot boʻlayotir,
Yigʻlasam, kulsam ham siz kerak, Aya!
(Nafisa Omonova)
Har satri durdona shugina sheʼri uchun ham Nafisa eʼtirofga loyiq. “Yuragim boshimdan kattaroqmi-ya?” deya aql va qalb muhorabasini yangicha ifodalagan shoira muhabbatning had bilmasligini qizil hoshiya hatlagan xatga oʻxshatadi. Bu topilmadan hayratingiz oshib turganda “Omad – siz yasagan oʻyinchoq, aya” deb iztirobini hayo bilan ifodalaydi-da, yana ovutadi: “Koʻngildan balandmas hech qaysi qoya!”. Sheʼrni bir oʻqishda yodlab oldim.
Xulosa qiladigan boʻlsak, internet naqadar nazoratsiz, qonuniyatsiz, betizgin hudud tuyulmasin, bu yerda adabiyot, sheʼriyat oʻsyapti, rivojlanyapti. Faqat bu oʻsishni koʻrish uchun zarur muhitni oʻzingiz yaratishingiz kerak. Aytishadi-ku: “Donolar bilan doʻstlash, aqlli suhbatlarda boʻl, yaxshi kitoblar oʻqi – miyangni sifatli ozuqa bilan toʻydir”. Internetda ham yaxshi shoirlarni oʻqish, yomon sheʼrlardan himoyalanish uchun munosib mualliflarga yaqinroq boʻlish kerak. Ozgina sinchilik, did va badiiy farosat boʻlsa, sizning virtual daftaringiz faqat yaxshi sheʼrlarga toʻlishi shubhasiz.
Shahnoza TOʻRAXOʻJAYEVA
“Yoshlik”, 2016–11
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozbek-sheriyati-ijtimoiy-tarmoqlarda/