Oʻzbekiston azaldan yetti iqlimga dongʻi ketgan olimu fuzalolar, Islom tamadduniga munosib hissa qoʻshgan muhaddisu avliyolar, or uchun maydonga tushib, el shaʼnini himoya qilgan alpqomat oʻgʻlonlar yurti boʻlgan. Ular sabab koʻpgina sohalar rivoj topib, ham oʻzbekning dovrugʻi dunyoga taralgan. Ilm-fan taraqqiyotiga kashfiyotlari, ilmiy izlanishlari bilan katta hissa qoʻshayotgan zamondoshlarimiz ham koʻp.
Ana shunday fidoyi, zahmatkash yurtdoshlarimizdan biri Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Solihovdir. U kishi yaqinda Xitoy Fanlar akademiyasining “Xalqaro ilmiy hamkorlik uchun” mukofoti bilan taqdirlanib, yurtimiz nomini yana bir karra ulugʻladilar.
Shavkat Solihov nafaqat oʻz kasbining ustasi, ilm-fan fidoyisi, balki yurt ravnaqi uchun ertayu kech hormay-tolmay mehnat qilayotgan chinakam vatanparvar inson hamdir. Yarim asr umrini oʻz sohasi rivoji yoʻlida tinimsiz izlanishda oʻtkazgan olim oʻtgan yillar davomida oqsil kimyosi, toksinlar kimyosi va biotexnologiya sohasida taniqli olim, biologiya fanlari doktori darajasigacha koʻtarildi. Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi unvoniga sazovor boʻldi. U ilmiy faoliyati davomida tabiatdan olingan biologik aktiv toksinlar, fermentlar va boshqa moddalarning tuzilishi va funktsiyalarini oʻrganib, fanda birinchi marta Oʻrta Osiyo hayvonlari zaharlaridan toksik xossalarga ega boʻlgan 50 dan ortiq fiziologik faol oqsil va peptidlar ajratib olinishiga sababchi boʻldi. Shuningdek, paxta chigitidan gossipol moddasini ajratib olish va uni katta miqyosda ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishda ham munosib hissasini qoʻshdi. Bundan tashqari kimyogar olim rahbarligida biologik faol birikmalarni ajratish va ularning tuzilishini hamda amalga oshiradigan mexanizmini oʻrganish asosida oʻndan ortiq original dori vositasi ishlab chiqarilib, tadqiqotlar natijasida virus va yalligʻlanishlarga, shamollashga qarshi hamda qon toʻxtatuvchi taʼsirga ega dori vositalari ham yaratildi. Hozirgi kunda bu preparatlar tibbiy amaliyotda keng qoʻllanilmoqda.
Olimning yillar davomida olib borgan ishlari va izlanishlari samarasiz ketmadi. Mehnat oʻzining munosib bahosini oldi. Shavkat Solihovning ilm-fan va texnologiya taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi, jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan olib borgan samarali ilmiy hamkorligi uchun u 2017 yilning 10 noyabr kuni XXR Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzosi etib saylandi. Aytish joizki, Shavkat Solihov Xitoy Fanlar akademiyasiga Oʻzbekistondan saylangan birinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidan rossiyalik olim, fizika boʻyicha Nobel mukofoti laureati Jores Alfyorovdan keyin saylangan ikkinchi olimdir.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur yilda Xitoy Fanlar akademiyasiga sakkiz mamlakatdan 16 olim saylangan. Ular orasida Nobel mukofoti sovrindorlari, Manchester universiteti professori Andriy Geym (Buyuk Britaniya) va Shimoli-oʻarbiy universitet professori Jeyms Freyzer Stoddart (AQSH)lar ham bor. Bugungi kunda Xitoy FAning xorijiy aʼzolari soni jami 800 nafarni tashkil etadi. Dunyoning ana shunday koʻzga koʻringan olimlari qatorida yurtimiz vakili borligining oʻzi katta yutuq, albatta. Olimning oʻzi ham bu eʼtirofdan behad mamnun.
Ilm-fan fidoyisining saʼy-harakatlari bilan yurtimizda ilk bor Xitoy FAning birinchi xorijiy markazlaridan boʻlgan dori preparatlarini tadqiq etish va ishlab chiqish Markaziy Osiyo markazi tashkil etilmoqda. Mazkur markazda yaratilishi koʻzda tutilayotgan dori vositalari esa kelgusida Xitoy bilan birga boshqa koʻplab xorijiy davlatlarga eksport qilinishi ham rejalashtirilgan.
Akademik ayni kunlarda Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi singari koʻplab davlatlarning ilmiy muassasalari bilan xalqaro ilmiy-texnik dasturlar doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ishlarida ham jonbozlik koʻrsatmoqda.
Endigina yetmish yoshni qarshilagan Shavkat Solihov yangi izlanishlar, yirik loyiha va rejalar ustida ishlayapti. Biz olimga sharafli ishlarida yanada katta muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Goʻzal MALIKOVA,
“Hurriyat” muxbiri
“Hurriyat” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/ozbek-olimi-xitoyda-etirof-etildi/