Oʻzbek bolalar adabiyoti

Maʼlumki, boy va rang-barang xalq ogʻzaki ijodi namunalari yozma adabiyotning maydonga kelishi va rivojlanishida boy manba boʻlib xizmat qiladi. Bu yerda yana bir narsani taʼkidlab oʻtish kerak: badiiy adabiyot taraqqiyoti jamiyatning umumiy taraqqiyoti bilan ham uzviy bogʻliq. Bu jihatdan Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarini eslab oʻtish oʻrinlidir. XI asrning buyuk tilshunos olimi bu kitobda bizga koʻp maʼlumotlar beradi. Unda XI asr adabiyoti bilan birga, avvalgi zamonlarda paydo boʻlib, ogʻizdan ogʻizga, avloddan avlodga koʻchib yurgan qoʻshiq va lirik sheʼrlardan namunalar ham keltirilgan. Ayniqsa, mehnat, qahramonlik, marosim, mavsum qoʻshiqlari haqida batafsil maʼlumot beriladi. Shuningdek, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” (Saodatga olib boruvchi bilim), Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq” (Sevimli haqiqatlar) dostonlarida hamda Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniylarning asarlarida til, ilm, fan, axloq-odob masalalari qamrab olinadi. Haydar Xorazmiy, Qutb, Durbek, Sakkokiy, Lutfiy singari shoirlarning adolatsizlik va zulmni qoralashga, oddiy insonning ogʻir ahvoliga achinish, orzu-armonlarini qisman boʻlsa-da yoritishga qaratilgan asarlari tarixda muhim rol oʻynaydi. Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy gʻazallari timsolida XV asr oʻzbek sheʼriyati hayotiy voqealarni aks ettirish sohasida katta badiiy tajriba toʻpladi. Bu tajriba Alisher Navoiydek buyuk sanʼatkorning voyaga yetishi uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlarni tayyorladi.

Alisher Navoiy butun faoliyati va ijodini insonning baxtsaodati uchun kurashga, xalqning osoyishtaligiga, oʻzaro urushlarning oldini olishga, obodonchilik ishlariga sarflagan, donishmand davlat arbobi, oʻzbek mumtoz adabiy tiliga asos solgan va oʻzbek mumtoz adabiyotini yangi taraqqiyot pogʻonasiga koʻtargan buyuk soʻz sanʼatkori boʻlib, davrning madaniy hayotiga rahbarlik qildi, ilm-fan, sanʼat va adabiyot ahliga homiylik qildi, koʻplab shogirdlar yetishtirdi.

Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” (Yaxshi kishilarning hayratlanishi) dostonining 40bobida rostgoʻylikning ajoyib fazilat ekanligini maqtab yozadi: “Har kim oʻziga toʻgʻrilik (halollik)ni odat qilgandan keyin charxning teskari aylangani bilan nima ishi bor? Yoʻl qancha toʻgʻri boʻlsa, (manzil) shuncha yaqin. Nayza toʻgʻri boʻlganidan doim boshi yuqori. Arqon har narsaga chirmashgani uchun mol, qoʻylarni bogʻlaydi. Sarvning qomati toʻgʻri boʻlgani uchun xazon kulfatidan omonda va doimo yamyashil… Kimning qoʻli egri boʻlsa, u oʻgʻri boʻladi. Kim oʻgʻrilik bilan mashhur boʻlsa, xalq uning qoʻlini kesib toʻgʻri qiladi.

Navoiy Sohibqironning uzugi – muhridagi “Rosti – rusti” (rostlik – xaloslik) yoki “Kuch – adolatda” degan shiorning amalga oshgani uchun mamlakat ahli farovon yashaganini aytadi.

XI–XVI asrlarda yashab ijod etgan Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida oʻsha davr hayotiga doir tarixiy voqealar bilan birga, ilm-fanga oid qimmatli maʼlumotlar berilgan, turli xalqlarning urf-odatlari, tili, sanʼati va adabiyoti yoritilgan.

XVIII asrning oxiri XIX asrning boshlarida yashab ijod etgan ikki buyuk shoir Muhammadniyoz Nishotiy va Muhammad Sharif Gulxaniylar ijodi mumtoz adabiyotimiz tarixida alohida ajralib turadi. Nishotiyning xalq ogʻzaki ijodi asosida yaratgan “Husn-u dil” dostoni ishq-muhabbat, aql-farosat, odob-axloqqa bagʻishlangan. Shu narsa diqqatga sazovorki, dostonda har biri mustaqil asar boʻla oladigan “Shohboz va bulbul”, “Gul va Daf”‘, “Nay va Shamshod”, “Kosayi Chin Nargis”, “Binafsha va chang” kabi masallar ham berilgan. Bu masallarning barchasida el-yurtga foyda keltirish, maqtanchoq boʻlmaslik, ortiqcha kibr-havoning zarari kabi mavzularning yoritilishi bolalar uchun har jihatdan ibratlidir.

Gulxaniy ham “Zarbulmasal” asarida oʻzining muhim ijtimoiy qarashlarini, el-ulus taqdiriga munosabatini qiziqarli masallar orqali ifodalagan.

Munis mehnatkash xalqning ogʻir ahvoliga qattiq achindi, ilm-fan va adabiyot ahlining xor-zorligidan qaygʻurdi. Shoir kishilarni bilim olishga, kitob oʻqishga, johil va yomonlardan uzoq boʻlishga chaqirdi. Munis “Savodi taʼlim” risolasi orqali bolalarni oʻqitish va tarbiyalash ishiga katta hissa qoʻshdi. Uning maʼrifatparvarlik gʻoyalari oʻzidan keyin yashagan Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz Oʻtar kabi shoirlarning ijodiga ham katta taʼsir koʻrsatdi.

Maʼrifatparvarlikni bayroq qilib koʻtargan Abdulla Avloniy, Hamza, Fitrat, Elbek, Munavvarqorilar tomonidan yozilgan darslik va qoʻllanmalarda bolalar hayoti, oʻqishi, axloq-odobi haqida materiallar beriladi.

Abdulla Avloniyning (“Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Maktab gulistoni”, “Turkiy guliston yoxud axloq”), Hamza Hakimzoda Niyoziyning (“Yengil adabiyot”, “Axloq hikoyalari”, “Qiroat kitobi”) asarlarida yangi davr nafasi ufura boshladi.

Oʻtgan asrning 20yillarida Fitrat, Choʻlpon, Usmon Nosir, Gʻafur Gʻulom, Gʻayratiy, Shokir Sulaymon, Oybek va boshqalarning katta yoshdagi bolalar uchun yozgan asarlarida ilm va mehnatga chaqiriq keng oʻrin oldi.

Kattalar adabiyotining joʻshqin kuychisi Usmon Nosir oʻzining “Bogʻim” sheʼrida inson mehnat qilsa, bogʻ yaratsa, uning mehnati hech qachon yoʻq boʻlmasligini, ayniqsa, u bogʻ barpo qiladigan boʻlsa, uning dov-daraxti mangulikka daxldor ekanligini quyidagicha taʼrifladi, bolalarni mehnat qilishga, bogʻ-rogʻlarni koʻpaytirishga chorladi:

Bargdek uzilib ketsam,

Unutmas meni bogʻim.

Ishimni hurmat qilur,

Gullardan haykal qurur.

Sheʼrlarim yangrab qolur,

Ming yillardan keyin ham

Unutmas meni bogʻim.

Inson hayotda ishonch bilan yashashi kerak. Ayniqsa, odamlarga, xalqqa ishonch har bir bolada boʻlishi lozim. Insonni inson qiladigan ham, uni bor qiladigan ham, yer bilan yakson qiladigan ham xalq. Xalqni sevish, xalqqa ergashish azaldan bor boʻlgan. Shoir Choʻlpon ham xalqning naqadar buyuk kuchqudratga ega ekanligini, bolalar yurish-turishda, oʻqishda, odobaxloqda xalqqa ergashsa, xalqning ogʻirini yengil qiladigan boʻlsa, oʻsib, ulgʻayib har qanday ishning qulogʻini ushlaydigan boʻlsa, aslo kam boʻlmasligini “Xalq” asarida juda xalqona ohangda, hikmatlar shaklida aytadi:

Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir,

Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq oʻchdir.

…Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!

Bolalar adabiyoti yildan yilga shakllanib, koʻzga tashlana boshladi. Ayniqsa, bu yillarda yuqoridagi qalamkashlarning safiga Z. Diyor, D. Oppoqova, M. Fayziy, I. Muslim, A. Rahmat, Sh. Saʼdulla, S. Joʻra, M. Oqilova, Q. Muhammadiy, H. Nazirlarning kelib qoʻshilishi katta voqea boʻldi. Ular bolalarni yaxshi oʻqishga, ilm-fan nurlaridan bahramand boʻlishga, davrning haqiqiy oʻgʻil-qizlari boʻlib kamol topishga targʻib etadilar.

Bolalar adabiyoti yildan yilga rivojlanib bordi. 30yillarga kelib, oʻzining professional shoir va yozuvchilariga ega boʻldi. Poyeziya (Zafar Diyor, Adham Rahmat, Ilyos Muslim, Shukur Saʼdulla, Sulton Joʻra, Mahmuda Oqilova, Quddus Muhammadiy), proza (Majid Fayziy, Dorjiya Oppoqova, Hakim Nazir), dramaturgiya (Zafar Diyor, Dorjiya Oppoqova) sohalarida bolalar ijodkorlari yetishib chiqdilar. Sadriddin Ayniy, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Oybek, Shokir Sulaymon, Elbek va Gʻayratiylar ham oʻzbek bolalar adabiyotini yuksaltirish ishiga oʻz hissalarini qoʻshdilar.

Bu davrda Zafar Diyorning “Qoʻshiqlar” (1933), “Tantana” (1936), “Sheʼrlar” (1939), “Muborak” (1940), “Sheʼr va hikoyalar” (1940) toʻplamlari va “Mashinist” (1935) poyemasi, “Baxtli yoshlik” dramasi, “Joʻnatish”, “Nojoʻyaliklar” hikoyalari; A. Rahmatning “Dum” (1938), “Baxtli yoshlik” (1939), “Zavqli allalar” (1940), “Sheʼrlar” (1940), “Hiylagar tulki” (1940) kitoblari; Sulton Joʻraning “Fidokor” (1940); Ilyos Muslimning “Oʻsuv” (1932), “Zaharxandalar” (1932) toʻplamlari, “Miqti keldi” poyemasi (1934); Shukur Saʼdullaning “Hayqiriq” (1933) toʻplamlari bosilib chiqdi.

Bu davrda qardosh xalqlar adabiyotidan juda koʻplab asarlar oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Buning natijasida oʻzbek bolalar adabiyoti har tomonlama boyib bordi. Ayniqsa, “Yosh turkistonliklar”, “Bolalar yoʻldoshi”, “Bolalar dunyosi”, “Oʻzgaruvchi yoshlar”, “Yosh kuch” kabi nashrlarning yoʻlga qoʻyilishi bolalar adabiyotining har tomonlama rivojlanishiga sabab boʻldi.

Xullas, bolalar adabiyotining mavzu doirasi kengaya bordi. Yoshlik, maktab hayoti, ona yurt tabiati, xalqlar doʻstligi, ilm, hunar va texnikaga muhabbat mavzulari bolalar adabiyotidan keng oʻrin oldi.

Xalqimizda “Ona yurting omon boʻlsa, rangi roʻying somon boʻlmas”, degan naql bor. Ikkinchi jahon urushi yillarida Oybek, Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Sobir Abdulla, Uygʻun, Maqsud Shayxzoda, Zafar Diyor, Amin Umariy, Gʻayratiy, Mirtemir, Ilyos Muslim, Sulton Joʻra va boshqalar fashist bosqinchilarining yer bilan yakson boʻlishiga komil ishonch gʻoyasi bilan yoʻgʻrilgan asarlar yaratdilar. Uygʻunning “Xayrlashuv”, Zafar Diyorning “Kichkina jangchi”, Ilyos Muslimning “Yovni tutday toʻkamiz”, Sulton Joʻraning “Tekstil kombinati toʻquvchilari”, Raʼno Uzoqovaning “Talpin, yurak” sheʼrlari bolalar adabiyotida urushni laʼnatlovchi dastlabki asarlardan boʻldi.

Bu davr bolalar adabiyotining asosiy mavzusini urush davridagi xalq qahramonlarining fashist bosqinchilariga qarshi jasoratlarga toʻla kurashi “Xat” (Hamid Olimjon), “Sen yetim emassan” (Gʻafur Gʻulom), “Vatan haqida”, “Yigitlarga” (Oybek), “Kurash nechun?”, “Kapitan Gastello” (Maqsud Shayxzoda), “Vatan haqida qoʻshiq” (Uygʻun), “Vatan”, “Chavandoz” (Temir Fattoh), “Qurol bering menga ham!”, “Bizning oila” (Zafar Diyor), “Toʻychi Muhammad” (Sulton Joʻra), “Onamning aytganlari” (Adham Rahmat), “Biz yengamiz” (Hasan Said) kabi asarlarda oʻz ifodasini topdi.

Zafar Diyor yaratgan qahramonlar yosh boʻlishiga qaramay juda qasoskor. Ular tinchlik, osoyishtalik shaydolari, nemis-fashist bosqinchilarini qattiq qahr-gʻazab bilan laʼnatlaydilar. Z. Diyor “Qurol bering menga ham!” sheʼrida lirik qahramon tilidan shunday misralarni bitadi:

Meni kichik demangiz,

Kamsitmangiz kuchimni,

Bosqinchidan olgumdir

Xalq qasosi – oʻchimni!

Nemis-fashist bosqinchilari barcha qatori yosh bolalarning ham osuda hayotini buzdi. Ularni daryo, koʻllar boʻyida baliq tutib, hordiq chiqarishdan, bilim olib, quvnoq oʻyin-kulgu bilan yashashdan mahrum etdi. Shuning uchun ham yosh vatanparvar butun xalq bilan bir tan, bir jon boʻlib, qoʻlida qurol bilan dushmandan oʻch olishga shaylandi:

Qurol bering menga ham,

Qurol bering menga ham.

Razil nemis boshiga

Men ham solay katta gʻam, –

deya shijoat koʻrsatishi bilan diqqatni tortadi. Urush davri bolalar adabiyotida front orqasini mustahkamlash ishi ham alohida mavzu boʻlib qolgan edi. Zafar Diyorning “Maktab – sening fronting”, “Poyezd ketar frontga”, “Temirchilar minbari”, Shukur Saʼdullaning “Yoshlik”, “Sen nima qilding?” kabi asarlarida bolalarning front orqasini mustahkamlashdagi jangovar mehnatlari namoyon boʻladi.

Urushdan soʻnggi davr bolalar sheʼriyatida ona-Vatan, goʻzal diyor, hur oʻlkamiz toʻgʻrisida yaratilgan asarlar diqqatga sazovordir. “Yashna, Vatan” (I. Muslim), “Obod oʻlkam”, “Yurtimizning yuragi” (P. Moʻmin), “Mening Vatanim”, “Baxtli bolalar” (Q. Hikmat), “Oʻlkamizning tongi otmoqda” (A. Rahmat), “Dehqon bobo va oʻn ikki bolakay qissasi” (A. Oripov), “Ona degan soʻz” (O. Matjon) va hokazo. Bu mavzuda yaratilgan sheʼrlarni sanagan bilan tamom boʻlmaydi.

Abdulla Oripovning “Dehqon bobo va oʻn ikki bolakay qissasi” sheʼri bolalar adabiyotining keyingi yillarda qoʻlga kiritgan jiddiy yutuqlaridan boʻldi. Oʻzbek bolalar sheʼriyatida Oʻzbekiston haqida koʻplab asarlar bor. A. Oripov ularni takrorlamasdan oʻziga xos original asar yozgan. Sheʼr qahramonlari oʻn ikki viloyatdan chiqqan aʼlochi, jamoatchi oʻquvchi bolalar. Ular oʻz joylarining tarixini yaxshi bilishadi. Poyezdda oʻzlariga hamroh boʻlgan boboning savollariga loʻnda-loʻnda qilib javob berishadi. Oʻzbekistondagi har bir viloyatning oʻziga xos boyligi, shaharlari, bagʻrikeng odamlari kitobxon koʻz oʻngida bir-bir gavdalanadi.

Oʻzaro suhbat asosiga qurilgan bu sheʼrda boboning yakuniy nutqi juda salmoqli. Toʻrt misra sheʼr bilan tobora gullab-yashnab borayotgan, oʻziga mustaqil boʻlib, oʻz taqdirini oʻzi bunyod etayotgan diyorimizning husni jamoli, salobati va qudrati bir butunligicha ifoda etilgan:

Siz atagan har bir joy

Bitta boʻston boʻladi,

Hammasini qoʻshsangiz,

Oʻzbekiston boʻladi.

Oʻzbek xalqi avvaldan mehnatkash xalq. Ishchanlik bizga otabobolarimizdan meros boʻlib qolgan. Q. Muhammadiyning “Etik”, “Buvimning hikoyasi”, H. Yoqubovning “Sirdaryo oftobi”, Shukur Saʼdullaning “Hovlimizning bolalari”, “Dastyor qiz”, “Bogʻbon qiz”, Ilyos Muslimning “Oyxon va rayhon”, “Ishchan asalarilar”, “Sening sovgʻang”, Poʻlat Moʻminning “Dalalarga qarasam”, “Oftob chiqdi olamga”, Qudrat Hikmatning “Bobo va nabira”, “Joʻjam, yurma laqillab”, Tolib Yoʻldoshning “Vaqt qadri”, Yusuf Shomansurning “Baraka”, “Tikuvchi” sheʼrlari bevosita mehnat mavzusiga bagʻishlangan.

Shoirlarimiz oʻz asarlarida bolalarni mehnatkash boʻlishga, mehnat ahlini hurmat qilishga, ularning peshona terlari evaziga bunyod etilgan narsalarni eʼzozlashga, asrab-avaylashga daʼvat qiluvchi sheʼrlari bilan kitobxon mehrini qozonmoqdalar.

Bolalarni bogʻcha yoshidan boshlaboq tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalash muhim ishlardan biri hisoblanadi. Bolalar ijodkorlari bu masalaga alohida eʼtibor bermoqdalar. “Kichkina bogʻbon haqida doston”, “Suv bilan suhbat”, “Yuksak togʻ, keng oʻtloq va mard oʻrtoq haqida qissa” (Z. Diyor), “Toʻrt fasl” (Sh. Saʼdulla), “Bizning bogʻga kelinglar” (Gʻ. Gʻulom), “Boychechak”, “Gʻuncha” (Uygʻun), “Oʻrik gullaganda” (H. Olimjon), “Yurtimiz tabiati”, “Tillaqoʻngʻiz” (I. Muslim), “Tabiat alifbosi”, “Qanotli doʻstlar” (Q. Muhammadiy), “Bahor”, “Togʻ manzarasi”, “Suv” (Q. Hikmat), “Toshbaqa” (Y. Shomansur), “Bir choʻntak yongʻoq” (M. Aʼzam), “Kamalak afsonasi” (O. Matjon) va boshqalar shular jumlasiga kiradi. Bular orasida Shukur Saʼdullaning “Kichkina qushcha” asari alohida ajralib turadi. Unda bolalarning qushlarga boʻlgan mehri, gʻamxoʻrligi misralar qatiga chuqur singdiriladi.

Bolalar shoiri Olim Mahkam oʻziga oʻzi talabchan qalamkashlardan biri. U oʻzining har bir asarini qayta-qayta ishlaydi, tilining sodda, badiiy mukammal boʻlishiga katta eʼtibor beradi. Uning “Kapalak” sheʼrini olib koʻraylik. Toʻrt misradan iborat bu asar naqadar oddiy, naqadar sodda. Ammo juda taʼsirchan. Sheʼrda insonlar u yoqda tursin, hatto, hasharot-u qurt-qumursqalar ham tabiatning mudom guldek yashnab turishi tarafdori ekanligi ayon boʻladi:

– Kapalakjon, beri kel,

Buncha parvoz etasan!?

– Meni quvma, Erkinjon,

Gulni bosib ketasan.

Bugungi oʻzbek bolalar sheʼriyati haqida gap ketar ekan, maktab hayotini aks ettiradigan asarlar haqida alohida toʻxtalib oʻtish kerak. Hamma narsa oʻqishga, maktabga bogʻliq. Maktab mavzusida yozilgan sheʼrlarda ozoda xonalar, unda qaynayotgan baxtli hayot, bolalarning ilm-fan nurlaridan bahramand boʻlishga intilishdek ijobiy fazilatlari ifodalanadi.

Poʻlat Moʻminning “Xoh oʻqishda, xoh ishda”, “Sinfimiz qoʻshigʻi”, “Ustozlar”; Ergash Raimovning “Endi katta bolaman” kabi asarlarida shu kunning nafasi sezilib turadi.

Odatda, bolalar orzular qanotida yashaydi. “Endi katta bolaman” sheʼrida bolaning orzu-niyati nihoyatda buyuk – tezroq oʻsib, ulgʻayib maktab oʻquvchisi boʻlish:

Bultur edim oltida,

Yoshim yetmay qoldi-da.

Maktabga yozishmadi,

Oʻqishga olishmadi.

Yillar yurmas ketiga,

Bu yil toʻldim yettiga.

Endi katta bolaman,

Men maktabga boraman.

Ikkinchi jahon urushidan keyin oʻtgan davr ichida oʻnlab poyemalar, ertaklar, dostonlar maydonga keldi. Oybekning “Zafar va Zahro”, “Bobom”, Quddus Muhammadiyning “Dunyoda eng kuchli nima?”, “Solijon”; Shukur Saʼdullaning “Laqma it”, “Ikki donishmand”; Poʻlat Moʻminning “Oʻrinbosarlar”, “Eh, rosa shirin ekan”, “Xolning jiyron velosipedi”, “Oltin nay”, “Jalil eshitgan ertak”; Qudrat Hikmatning “Toshbaqalar hujumi”, “Bobodehqon hangomasi”, “Chovkar”, “Chirchiq farzandi”, Ramz Bobojonning “Choʻpon oʻgʻli”; Safar Barnoyevning “Biz dehqon bolasimiz”, “Oltin shahar haqida afsona”, “Oltin oshiqlar”; Miraziz Aʼzamning “Aqlli bolalar”, “Bedananing buvisi”; Toshpoʻlat Hamidning “Asrorqulning qoʻchqori”, Ergash Raimovning “Bir dona yaproq”; Azim Usmonning “Gʻaroyib ajdarho”; Kavsar Turdiyevaning “Toshkesarlar mamlakatida” kabi doston va ertak-dostonlari yaratildi.

Hozirgi zamon oʻzbek bolalar adabiyotida sheʼriyat rivojlangani kabi nasrda ham salmoqli asarlar yuzaga keldi. Yozuvchilarning yangidan yangi avlodlari kamol topdi. Ayniqsa, hikoyachilik oʻsdi. Bolalarning yoshi, qiziqishi, dunyoqarashiga toʻla javob bera oladigan hikoyalar bunyod etildi. Hakim Nazir, Yoqubjon Shukurov, Shukur Saʼdulla, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Turgʻunboy Gʻoipov, Rahmat Azizxoʻjayev, Latif Mahmudov, Farhod Musajon, Sobir Yunusov, Oqiljon Husanov, Mahmud Murodov, Nodir Nazarov, Ergash Raimov, Safar Barnoyev, Abusaid Koʻchimov, Anvar Obidjon va boshqalarning oʻnlab hikoyalar toʻplamlari bosilib chiqdi.

Juda koʻp hikoyalarda kichkintoylarning hayotlari oʻz ifodasini topmoqda. Shodmonbek Otaboyevning “Itolgʻi” hikoyasi qush, qurt-qumursqalarni sevish, ardoqlashga qaratilgan. Itolgʻi chumchuq va chugʻurchuqlarni tutib olib yeydigan qush. Shukurali aka Itolgʻini jiyani Shavkatga sovgʻa qiladi. Shavkat uzum qoʻriqlashda undan foydalanmoqchi edi. Ammo qush ularnikida oʻzini erkin sezmaydi. Buning sababini surishtirganda Shavkatning otasi bu qush ozod va erkinlikni qoʻmsayotganligini tushuntiradi. Shavkat qushlarni yaxshi koʻradigan, rahmdil bola. U Itolgʻini qafasda uch kun zoʻrgʻa ushlab turadi. Qafasda qush emas, oʻzi oʻtirgandek boʻladi va Itolgʻini qafasdan butunlay chiqarib yuboradi. Qush bolaga “rahmat” degandek parvoz qilib ketadi.

Bolalar qissachiligida ham koʻplab yaxshi asarlar yaratildi. Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhordan tortib bugungi kunga qadar hisoblaydigan boʻlsak, ularning soni nihoyatda oʻsdi. Bunga misol qilib Hakim Nazir, Shukur Saʼdulla, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Hojiakbar Shayxov, Anvar Obidjon, Latif Mahmudov, Farhod Musajon, Habib Poʻlatov, Muqimjon Niyozov, Rustam Rahmonov, Iboxon, Shukur Xolmirzayev, Oqiljon Husanov, Marva Jaloliddinova, Asad Dilmurod, Abusaid Koʻchimov, Ergash Raimov, Mamatqul Hazratqulov va boshqalarni koʻrsatish mumkin.

Bu davr bolalar qissachiligining mavzu doirasi juda kengaydi. Kattalarning mehnati, ularning jasoratlari (“Yonar daryo”), ikkinchi jahon urushida ishtirok etish (“Rustamjonning sarguzashtlari”), tobora gullab-yashnab borayotgan goʻzal shaharlarimiz va bagʻrikeng, insonparvar odamlarimiz (“Komandirning boshidan kechirganlari”), oʻtmishda zulmkorlarga qarshi kurash, baxtli va yorugʻ kun uchun intilish (“Kachal polvon”), ikkinchi jahon urushi davrida bolalar hayoti va ularning daladagi faoliyati (“Changalzordagi sharpa”), chorvadorlarga koʻmak (“Oq otli”), oʻquvchilarning dalachilik brigadalari (“Zamon”), shoʻx va oʻzboshimcha bolalar, ularning qayta tarbiyasi (“Bizning roman”) kabi mavzular bu davr qissachiligida yetakchi oʻrinda turadi.

Bu davr bolalar qissachiligida sarguzasht, ilmiy-fantastika janrlari ham rivoj topdi. Xudoyberdi Toʻxtaboyev (“Sariq devni minib”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Shirin qovunlar mamlakatida”), Hojiakbar Shayxov (“Samo mahvaridagi namoyish”, “Shom kamari”, “Ajdodlar xotirasi”), Mahkam Mahmudov (“Teskari koʻzlar sayyorasi”), Anvar Obidjon (“0099 nomerli yolgʻonchi”, “Dahshatli meshpolvon”), Olloyor (“Fazogir chumoli”), Oqiljon Husanov (“Togʻda oʻsgan bola”) va boshqalar bu janrda samarali ijod qilmoqdalar.

Bolalar tarbiyasida dramaturgiya janrida yaratilgan asarlar ham katta rol oʻynaydi. Hakim Nazir, Adham Rahmat, Poʻlat Moʻmin, Mamarasul Boboyev, Turgʻunboy Gʻoyipov, Narimon Orifjonov, Latif Mahmudov, Farhod Musajonlarning pesalari oʻzining bolalarbopligi bilan kichkintoylar quvonchiga quvonch qoʻshib kelmoqda.

Hozirgi zamon oʻzbek bolalar badiiy adabiyoti bilan birga bolalar adabiyotshunosligi va adabiy tanqid ham pogʻonamapogʻona oʻsdi, rivojlandi. Bir qator darslik, qoʻllanma, majmua, monografiya, kitoblar yozildi. Oʻnlab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Shu zaylda hozirgi zamon oʻzbek bolalar adabiyoti rivojlanishda davom etmoqda. U yangi yozuvchilar, yangi asarlar bilan tobora boyib bormoqda. Bir soʻz bilan aytganda, bu adabiyot mustaqil Oʻzbekistonimizning tobora gullabyashnashi uchun xizmat qilmoqda.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozbek-bolalar-adabiyoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x