Oʻz ildiziga bolta urayotganlar

yoxud aliment toʻlashdan bosh tortayotganlarning “asosli” sabablari

 

Ikki yosh qonuniy nikohdan oʻtib, oila qurayotganda ularning har ikkisi zimmasiga ushbu qoʻrgʻonning naqadar muqaddasligi, uning mustahkamligini taʼminlash vazifasi, ayniqsa, tugʻilajak farzandlar kelajagi uchun katta masʼuliyat yuklanadi. Shunga qaramay, turli sabablarga koʻra, ayrim oilalar buzilmoqda.

Lekin bu ularni ushbu oila bilan bogʻliq hamma masʼuliyatdan ham xalos etmaydi.

…Yaqinda bir tanishimni uchratib qoldim. Ancha suhbatlashdik. Aytishicha, turmush oʻrtogʻi bilan ajrashib, boy xonadonning qiziga uylanibdi. Hozir ishlari yurishib ketgan. Ammo birinchi nikohidan boʻlgan toʻrt yashar qizchasiga aliment toʻlamayotgan ekan. Oldingi rafiqasini “agar aliment talab qilsang, bolani tortib olaman”, deb qoʻrqitibdi. Ayol esa qizchasini bir umr koʻrsatmaslik sharti bilan alimentdan voz kechibdi. Yigitga bu maʼqul kelib, oʻz pushti kamaridan boʻlgan farzandini bir umr koʻrmaslikka bajonidil koʻnibdi.

Ha, oramizda ana shunday tuban kimsalar ham afsuski, bor. Arzimagan sabab bilan ajrashib, oʻz pushti kamaridan boʻlgan norasidani tirik yetimga aylantiryotganlar oz emas. Kimdir moddiy imkoniyati yoʻqligi sababli aliment toʻlashning uddasidan chiqa olmayotgan boʻlsa, yana birov moddiy jihatdan oʻziga toʻq boʻla turib, ochiqchasiga boʻyin tovlaydi. Nega?

Otalikka majburlangan qarzdorlar

– Oʻtgan 2017 yilda aliment boʻyicha 276 mingdan ortiq murojaat koʻrib chiqildi, – deydi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish boshqarmasi katta inspektori Fazliddin HAMDAMOV. – Shundan, 86 mingdan ortigʻi oʻrganilib, ijobiy hal etilgan. Voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlagan 300 nafardan ortiq otaga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda 363 ta qarzdor qidirib topildi va tegishli tartibda chora koʻrildi. Bundan tashqari, Byuro organlariga kelishdan boʻyin tovlab yurgan 2 ming 612 ta qarzdorning majburiy keltirilishi taʼminlanib, ulardan jami 1 milliarddan ortiq aliment puli undirilgan.

MIB vakilining aytishicha, mazkur holatlarda eng salbiy jihatlardan biri shuki, aliment undirish maqsadida joylarga chiqib toʻlovchilarning sharoiti oʻrganilganda, ularning aksariyati nafaqa pulini toʻlashga qodir boʻla turib, bundan bosh tortadi. Aliment toʻlamaslik uchun turli bahonalar oʻylab topishadi. Natijada ish sudga oshiriladi. Shunda otaning mol-mulki musodara qilinib, farzandiga aliment puli undiriladi.

Eng achinarlisi kimdir oʻz farzandini tan olmay, aliment toʻlashdan bosh tortsa, yana birovi boshqa sabablarga koʻra, farzandini moddiy qoʻllab-quvvatlamaydi. Toʻgʻri, ular orasida haqiqatan ham aliment toʻlashga imkoniyati yoʻq otalar bor. Sababi, ular ishsiz. Shu bois oʻrganishlar davomida oʻtgan yilda joylardagi bandlikka koʻmaklashish markazlari bilan oʻzaro hamkorlikda jami toʻrt mingga yaqin ishsiz qarzdor vaqtinchalik va bir martalik ish joylari bilan taʼminlandi.

Xoʻsh, nima uchun ayrim otalar oʻz farzandiga aliment toʻlashdan bosh tortyapti? Bunga ularni nima majbur qilmoqda? Keling, buni ularning oʻzidan eshitsak.

Farzandga ishlatilmagan aliment

– Oʻzaro kelishmovchilik sababli, ayolim bilan ajrashishga toʻgʻri keldi, – deydi Toshkent shahridan fuqaro Abror Xoʻjayev. – Oqibatda bir qizim otasiz oʻsyapti. Oliy maʼlumotliman. Toʻgʻrisi, moddiy imkoniyatim yaxshi. Qizimga har qancha moddiy yordam boʻlsa, beraman. Faqat bir shart bilan: agar men bergan mablagʻ haqiqatan ham farzandimga ishlatilsa. Lekin ayolim mendan undirgan pulni hech qachon bolamga sarflamagan. Bir necha marta qizimni koʻrishga borganimda, uning ayanchli ahvolidan buni sezdim. Shu bois aliment toʻlashdan bosh tortdim.

Bu otaning soʻzlariga koʻra, u aslida ayoli bilan ajrashmaslikka koʻp harakat qilgan. Lekin turmush oʻrtogʻining erka va tantiligi, qoʻlidan ish kelmasligi, qaynonasi ham ularning hayotiga koʻp aralashishi oqibatida oilasi barbod boʻlgan.

Endi esa aliment pulini toʻlamagani bois sobiq turmush oʻrtogʻi uni yana sudga beribdi. Majburiy ijro byurosi xodimlari mol-mulkini musodara qilgachgina aliment toʻlashga majbur boʻldi. Endi farzandini oʻz qaramogʻiga olish uchun harakat qilmoqda.

“Napitka” olib berolmagan “er”

– Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabasiman, – deydi ismi sir qolishini istagan ota. – Yoshim 28 da. Kontrakt asosida tahsil olaman. Uylanganimga hali koʻp boʻlmadi. Oiladagi mayda-chuyda, ikir-chikirlarga ahamiyat bermay, oʻz sohamning yetuk mutaxassisi boʻlish uchun tinimsiz izlandim, oʻqishimni davom ettirdim. Lekin chuchvarani xom sanabman. Arzimagan gap-soʻz, koʻz ilgʻamaydigan ishlarni ham katta fojia qilib onasiga yetkazib turgan xotinimning hatti-harakatlari oxir-oqibat oilamiz buzilishiga sabab boʻldi.

Turmushim bir dona gazli ichimlik orqasidan darz ketdi. Aniqroq aytadigan boʻlsam, xotinimning “homilador vaqtimda bitta “Dyushes” olib berolmagan…”, degan soʻzlarini eshitgach, hamma meni aybdor qilishga shoshildi. Aslida esa, birgina shu ichimlikni deb, qornidagi yetti oylik bolasi bilan ota uyiga arazlab ketib qolgan. Oʻsha yerda koʻzi yorigan, bundan, hatto, meni xabardor qilmagan.

Hozir farzandim bir yoshda. Lekin hali biron marta koʻrmaganman. Oʻzingiz oʻylab koʻring, farzandini bir marta bagʻriga bosmagan odamda otalik hissi uygʻonishi mumkinmi? Ota boʻlsamu buni mendan yashirsa? Oʻz farzandimni menga koʻrsatishni istamasa-da, aliment talab qilsa? Buni qanday izohlash mumkin? Yana kamiga “aliment toʻlamayapti”, deb sudga bersa, alam qilmaydimi?

Hozir majburligimdan stipendiya pulimdan aliment toʻlayapman. Ammo bu pullarning bir soʻmi ham bolamga ishlatilmaydi. Men-ku hali farzandimni biron marta ham qoʻlimga koʻtarib koʻrmaganman. Lekin oʻzining tuqqan onasidan yetarlicha mehr koʻrmayotgan bolamning ahvolini tasavvur qilib koʻring!

Kuni kecha ayolim meni toʻrt oylik aliment pulini toʻlamaganim bois sudga beribdi. Majburiy ijro xodimlariga vaziyatimni tushuntirdim. Ular menga oʻz soham boʻyicha ish topishimda yordam berishini aytishdi. Hozircha, ular yordamida vaqtinchalik ishlarni bajarib, alimentni toʻlashga harakat qilyapman. Eng achinarlisi, biron joyga ishga kiraman deb borsam, shaxsiy varaqaga “ajrashganman” deb yozsam, kechagina kulib ishga olmoqchi boʻlgan odamning chehrasi toʻmtayib qoladi.

Kafil boʻlolmagan ota

– Erim bilan ajrashganimga ikki yil boʻldi, – deydi Munisa Kamolova. – Bir qizim bor. Oʻzim tuman shifoxonasida ishlayman. Ota-onamning qistovi bilan birinchi ayolidan ajrashgan yigitga turmushga chiqdim. Oradan bir yil oʻtib, qiz farzandli boʻldik. Turmush oʻrtogʻim oldingi ayolidan farzand koʻrmagan. Lekin uni yaxshi koʻradi. Oxir-oqibat u birinchi turmushi bilan yarashib, meni haydab soldi. Qizim bilan ota uyimga qaytib keldim. Turmush oʻrtogʻimning moddiy imkoniyati yaxshi. Lekin har doim ham farzandiga aliment toʻlamaydi. Ustiga-ustak, bolamdan hech qachon xabar olmaydi.

Yaqinda bu ayol tuman hokimligiga arzon uy-joy berishni soʻrab, murojaat qildi. Bank shartiga koʻra, kredit rasmiylashtirish uchun kafil odam topish kerak. Shunda bola haqi-hurmati turmush oʻrtogʻidan garchi qonuniy ajrashgan boʻlsa-da, yordam soʻrashga majbur boʻldi. Afsuski, u yordam bermadi. Axir, shu norasida tomirida uning qoni oqyapti-ku?! Aslida arzimagan aliment pulini toʻlashdan bosh tortayotgan, sud majbur qilgachgina noiloj toʻlashga majbur boʻlayotgan erkakdan bundan ortiq yana nimani kutish mumkin?

* * *

Ha, bu borada muammolar bisyor. Aslida qars ikki qoʻldan chiqadi. Har ne boʻlganda ham, ota-onaning kasriga bola baxtsiz boʻlib qolmasligi, nochor qiynalmasligi kerak. Begunoh bolalarning haqiga xiyonat qilishga, ularni baxtsiz, umidsiz ruhda ulgʻayishiga majbur qilishga hech kimning huquqi yoʻq. Aslida ayrim er-xotinlarning arzimagan sabablar bilan ajrashib ketishi oddiy holga aylangani – eng katta fojia. Ota aliment toʻlashdan bosh tortib, bu yoʻlda har narsaga tayyor tursa, ayol undan ham qolishmay, farzandlarini qarovsiz qoldirib, darrov boshqaga turmushga chiqib ketyapti. Oʻrtada qolgan tirik yetimlarning taqdiri bilan esa hech kimning ishi yoʻq.

Axir, har ne boʻlgan taqdirda ham, ota-ona farzandini kamolga yetkazishga, ularni voyaga yetgunga qadar moddi y taʼminlashga majbur. Bu qonunda belgilab qoʻyilgan. Ota-onaning oʻzaro kelishmovchiligi oqibatida oʻrtada bolalar sarson-sargardon! Nahotki, ayrim ota-ona oʻz ildiziga bolta urayotganini anglamasa?

 

Gʻulomjon MIRAHMEDOV

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/oz-ildiziga-bolta-urayotganlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x