Bundan roppa-rosa uch yil muqaddam, aniqrogʻi 2015 yilning 7 yanvarida Fransiyaning “Sharle Ebdo” hajviy jurnali tahririyatiga terrorchilar hujum uyushtirgan, natijada 12 nafar inson, jumladan, ikki nafar politsiyachi otib oʻldirilgan edi.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur terakt jurnal bir necha bor Islom dini paygʻambari Muhammad (s. a. v.) tasvirlangan haqoratli karikaturalarni chop etgani sababli sodir etilgan.
Mazkur haftalikning yaqinda chop etilgan maxsus soni oʻsha mashʼum hodisalarga bagʻishlanib “Konserva bankasidagi uch yil” deb nomlangan. Zotan, rasmiy hukumat organlari tomonidan jurnal tahririyati xodimlariga diniy mazmundagi har qanday materiallarni chop etishni taqiqlab qoʻygandi.
Jurnal bosh muharriri Loran Surisoning yozishicha, “jurnal savdosidan tushgan daromadning yarmidan koʻprogʻi tahririyat va uning jurnalistlari xavfsizligini qoʻriqlashga ketmoqda va bu demokratik davlat uchun yarashmaydigan holatdir”.
Haqli savol tugʻiladi: mazkur jurnal va uning mualliflari hayoti xavf ostiga tushishiga, ularning xavfsizligi uchun millionlab yevro mablagʻ sarflanishiga kim aybdor? Demokratiya, soʻz erkinligi singari tushunchalarni pesh qilib, Yer yuzidagi bir yarim milliarddan ziyod musulmonlarni junbushga solgan “ijodkorlarmi” yoki aqlga emas, jahlga boʻysunadigan, bu kabi igʻvolarga, fitnalarga osongina uchadigan aqidaparast kuchlarmi?
Faqat bu savolimizdan xulosa yasashga shoshilmang! Albatta, terrorni hech qanday yoʻl bilan oqlab boʻlmaydi. Bugun terror balosi butun insoniyatni tahlikaga solayotgani, turfa terroristik xurujlar dunyoning istalgan nuqtasida kutilmagan lahzada roʻy berayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi.
Bundan uch yil ilgari Parijda yuz bergan mazkur teraktga undagan sabablar ham keng muhokamalarga sabab boʻlgandi. Maʼlumki, jurnal avvallari ham bir necha marotaba paygʻambarimiz Muhammad(s. a. v.)ni masxara qiluvchi karikaturalarni chop etgan, bu esa, Islom olamida juda katta noroziliklarga sabab boʻlgan, katta-katta shaharlarda minglab odamlar namoyishlarga chiqishgandi.
Shundan soʻng, bir qator Gʻarb davlatlarining ruhoniylari ham har qanday diniy mazmundagi karikaturalarni chop etishga qarshilik bildirishdi. Mazkur jurnal ushbu mavzuda karikaturalar chop etishni toʻxtatgan boʻlsa-da, ayrim “ozodlik targʻibotchilari” bu holatni soʻz erkinligini boʻgʻish, deb baholashdi.
Paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v) nomi bilan hazillashib boʻlmasligi ilgari ham bir necha bor oʻz isbotini topgandi. Xususan, 2005 yil 30 sentyabrda Daniyada ingliz tilida chop etiladigan “Jyllands-Posten” jurnalida ham hazrati paygʻambarimizni tahqirlovchi suratlar chop etilgan, bu esa millionlab musulmonlarni gʻazabga solgandi. Turli mamlakatlardagi norozilik namoyishlari oylab davom etgan, ayrim musulmon davlatlari Daniyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga embargo eʼlon qilishgandi.
Muqaddas dinimizning tasviriy sanʼatga munosabati haqida ayrim mulohazalarni bayon etsak. Koʻpgina skeptiklar, islomofoblar oʻylaganidek, agar Islom sanʼatga, madaniyatga, ilm-fan taraqqiyotiga qarshi boʻlganida, oʻrta asrlarda Sharq madaniyati bu qadar gullab-yashnamagan, jahon ilm-faniga katta hissa qoʻshgan allomalar yetishib chiqmagan boʻlardi.
Maʼlumki, Islom dini nozil qilinmasdan avval arablar orasida johiliyat hukm surar, ularning katta qismi turli but va sanamlarga, haykal va suratlarga sigʻinar edi. Muqaddas dinimiz Allohdan boshqa har qanday zotga va uning suratiga sigʻinishni man etdi. Biroq Qurʼoni karimda surat chizishni taqiqlovchi birorta oyat uchramaydi. Qolaversa, endilikda musulmonlarning suratga va haykallarga sigʻinish xavfi yoʻqolgan.
Shuni ham qayd etish kerakki, oʻrta asrlarda arab oʻlkalarida, Movarounnahr va Xurosonda tasviriy sanʼat taraqqiy etgan. Buyuk allomalarimiz yaratib qoldirgan qoʻlyozma asarlarni miniatyuralarsiz tasavvur etish qiyin. Samarqandu Buxorodagi tarixiy obidalarda sher, ohu, laylak singari qushlar va jonivorlar tasviri uchraydi. XX asr boshida Xiva xonligida qurilgan Nurullaboy saroyida Gʻarb tasviriy sanʼatiga monand suratlarni ham koʻrishimiz mumkin.
Qanchalik ajablanarli boʻlmasin, oʻrta asrlarda koʻplab avliyolar, paygʻambarlar, hatto Rasululloh(s. a. v.)ning suratlarini ham qayta-qayta tasvirlashgan.
Samarqand, Buxoro Hirot, Tabriz singari Sharqning azim shaharlarida koʻchirilgan oʻnlab kitoblarda paygʻambarimiz (s. a. v.)ning tasvirlarini uchratish mumkin. Faqat ul zotning suratlari boshqalardan ajralib turishi uchun yuzlarida oq niqob yopilgan holda yoki boshlari atrofida nurli (olovli) halqa bilan tasvirlashgan.
Gʻarb adabiyotida esa Islom dini va musulmonlarga turli yondashishgan. Pushkin, Gyote, Lev Tolstoy singari yozuvchi va shoirlar islomni maʼrifat va ezgulik dini sifatida talqin qilganlar. Gʻarb rassomlari orasida paygʻambarimizni buyuk maʼrifatparvar, olijanob inson sifatida tasvirlashga uringanlar ham uchraydi. Salvador Dali, Ogyust Roden, Uilyam Bleyk, Gyustav Dore singari musavvirlar oʻz asarlarida paygʻambar (s. a. v) siymolariga murojaat qilishgan.
AQSH davlat sudi binosida, jahon tarixidagi bir qator buyuk zotlar qatorida, paygʻambarimizning ham devoriy tasvirlarini uchratish mumkin. Germaniyada chiqadigan “Shpigel” jurnalida 1999 yili “Axloq posbonlari” nomli tasviriy sanʼat asari chop etilgan boʻlib, unda paygʻambarimiz bilan birga Konfutsiy va Immanuel Kant ham tasvirlangan.
Albatta, bu kabi suratlar, devoriy tasvirlar ham Islom davlatlari vakillarining eʼtiroziga sabab boʻlgan, biroq turli ommaviy namoyishlarga sabab boʻlmagandi. Chunki mazkur holatlarda paygʻambarimiz siymolariga chuqur hurmat va ehtirom, hech boʻlmaganda xolisona yoxud betaraf munosabat aks etgandi. Ammo islomiy qadriyatlarni ochiq-oshkor kamsitishga qaratilgan, tahqir va nafratga yoʻgʻrilgan karikaturalar chin maʼnoda millionlab musulmonlarni gʻazabga soldi, natijada hatto qonli fojialar ham yuz berdi.
Terror, xunrezlik barcha dinlarda, eng avvalo, bizning dinimizda qattiq qoralanganini hammamiz bilamiz. Aksincha, ezgulik, yaratuvchanlik, goʻzallik dinimizda hamisha ulugʻlab kelingan. Islom madaniyati, meʼmorchiligi, tavsiriy sanʼati asrlar davomida dunyo ahlini oʻziga jalb etib kelgan.
Albatta, paygʻambarlar, farishtalar, aziz-avliyolar siymosining kino, tasviriy sanʼat va boshqa sohalardagi talqini haqida aniq xulosa chiqarish, sharʼiy koʻrsatmalar berishga faqat tegishli mutaxassislar, islom ulamolari haqli. Shu bois, oʻtmishda, Gʻarbda va Sharqda, begʻaraz ishlangan sanʼat asarlarida Islom paygʻambari (s. a. v)ning tasvirlanishi qay darajada toʻgʻri – bu haqda fikrimizni aytishdan tiyilamiz.
Ammo diniy qadriyatlarni tahqirlash, buyuk zotlarga nisbatan hurmatsizlik koʻrsatishga hech kimning haqqi yoʻq. Bunday “sanʼat asarlari”ning taqiqlanishi, baʼzilar jar solayotganidek, “soʻz va ijod erkinligini boʻgʻish” emas, balki mantiq va adolat taqozosidir. Shu bois “Sharli Ebdo” boʻladimi, boshqasimi, oʻz xavfsizligi, obroʻ-eʼtiborini oʻylaydigan boʻlsa, demokratik qadriyatlarni suiisteʼmol qilmasligi, muqaddas tushunchalarga daxl qilmasligi lozim.
Rustam JABBOROV
“Mahalla” gazetasi, 2018 yil 4-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/oynab-aytilsa-ham-oylab-aytilgan-maqul/