Oʻylarim siz, mening oʻylarim,
Mendir ado, siz kuydirasiz.
Nega qogʻoz betiga tushib,
Koʻz oldimda gʻamgin turasiz?
Oʻylarim siz, mening oʻylarim,
Nega sizni shamol chang kabi
Toʻzitmadi choʻllarga yozib?
Negga sizni shamol chang kabi
Toʻzitmadi choʻllarga yozib?
Nega hasrat oʻz bolasiday
Oʻldirmadi, tagiga bosib –
Uyqusirab sizni oʻylarim?
Chunki hasrat bilan dunyoga
Tahqirlanish uchun keldingiz:
Qancha yigʻi-sigʻilar bilan,
Koʻz yoshlarda siz quyildingiz…
Nega axir oʻsha koʻz yoshlar
Sizni yuvib va gʻarq etmadi?
Na dengizga toʻkdilar sizni,
Na dalalar chanqab yutmadi?
Soʻrashmasdi ana oʻshanda
El-xaloyiq dard tortganimni…
Soʻrashmasdi nega laʼnatlab,
Nega dunyo azoblar meni?
Entikaman, qalbimda yara.
“Laqillaydi bekordan-bekor!”
Deya etmasdilar masxara.
Bolalarim, sevgan oʻylarim!
Sizni ekib, oʻstirdim nega?
Jahonaro bironta yurak
Sizning bilan yigʻlaganimdek
Yigʻlarmikin botib qaygʻuga?
Toʻgʻri chiqar, balki oʻylashim,
Mening kabi koʻksin tigʻlovchi,
Oʻylarim-la brga yigʻlovchi
Biror yurak topilar qizdan,
Qizdan, balki, quralay koʻzdan?
Shundan oʻzga yoʻqdir hojatim.
Quralay koʻz toʻksa tomchi yosh,
Bas… shundadir baxtim, rohatim.
Oʻylarim siz, mening oʻylarim,
Ado boʻldim, siz kuydirasiz.
Quralaydek koʻzlar oʻyida,
Nafis, qora qoshlar koʻyida,
Yuraklarim tolpindi shodon,
Yuraklardan soʻz oqdi ravon.
Oʻz holicha va bilganicha
Tim qorongʻu kechalarni deb,
Olchazor-u bogʻchalarni deb,
Qizlardagi gʻamzalarni deb…
Ukrainadagi choʻllarni,
Qoʻrgʻon-mozor tepalarni deb,
Yuraklardan soʻz oqdi ravon;
Yuraklarim achindi yomon,
Istamadi kuylashni sira
Begona yer, gʻurbatlar ichra…
Oʻrmonlarda, qirlarda turib,
Tugʻ koʻtarib, gurzi koʻtarib,
Yurgan oʻsha kazak ahlidan –
Bir chaqirib yordam olgani,
Yo maslahat, hamdam olgali,
Dil chopmadi, koʻngil boʻlmadi…
Qoʻying, mayli, Ukrainada
Kazak ruhi kezsin, sarfaroz.
Sahroday keng, cheksiz siynada
U boshidan bu boshigacha
Sevinch-quvonch toʻlgan, juda soz…
Oqib oʻtgan erkinlik kabi
Keng bir daryo Dnepr – dengiz.
Choʻllar, choʻllar, sahrolar cheksiz,
Qirday mozor tepalar-togʻlar,
Pishqiradi xarsang qirgʻoqlar,
U yerlarda tugʻildi, oʻsdi
Ot sakratib sarbast kazaklar.
Unda shlyaxta, tatarlar bilan
Boʻlgan jangda qonlar toʻkildi.
Horimadi kazaklar erki,
Dalalarga gavda ekildi…
Soʻngra tindi…
Ana oʻsha zamondan beri
Koʻp qabrlar yerdan oʻsdi-da,
Qora burgut qorovul kabi
Uchib yurar uning ustida.
Oʻsha janglar, koʻplab qabrlar
Toʻgʻrisida aytalar hamon
Koʻzi ojiz, kobzar faqirlar
Kuylaydilar tarixiy doston.
Chunki aql bilan toʻlgandir
Oʻshalarning donishmand boshi…
Lekin men-chi? Lekin mengina,
Menda faqat bir yigʻigina,
Ukraina uchun faqat koʻz yoshi…
Soʻzlagani tilim kelmaydi…
Alam, hasrat!.. Hasrat deysizmi?..
Axir uni kim ham bilmaydi?..
Kimki xalqqa qadrdon boʻlsa,
Koʻngil berib, jonajon boʻlsa,
Ogʻirlikka boʻlsa u hamdam,
Unga ushbu dunyo va hayot
Koʻrinadi doʻzax, jahannam,
U dunyoda,
U dunyoda-chi…
Shuncha yonib, yutib hasratni,
Gar saodat menda boʻlmagach,
Chaqirmayman baxt va qismatni.
Mayli, shuncha jafo, mashaqqat
Umr surar uch-toʻrt kun faqat,
Yashiraman jafo, figʻonni,
Yashiraman yovuz ilonni –
Yuragimga, toki koʻrmasin –
Dushmanlarim hasrat kulkisin…
Mayli, qoʻying, oʻy qargʻa kabi
Uchib yursin hamda sayrasin.
Lekin yurak bir bulbul kabi
Kuylasin ham figʻon aylasin.
Bu yashirin – kishi koʻrolmas,
Masxaralab, mazax qilomas…
Koʻzlarimdan yoshlar toʻkilar –
Kecha-kunduz, qoʻying, artmangiz,
Oqsin-oqsin hech toʻxtamangiz,
Toki-toki… begona qumlar
Bilan koʻzim qachon yumilar,
Chet yerlarni sugʻorsin ular,
Oqsa-oqsin, mayli, artmangiz…
Shunday ekan… Endi ne chora?
Hasrat yordam qilolmas zarra.
Kimki menga qilsa gʻayirlik,
Men yetimni etsa istehzo.
Xudo bersin oʻshanga jazo!
Oʻylarim siz, gul lolalarim,
Oʻylarim siz, jon bolalarim,
Parvarishlab oʻstirdim, netay?
Qayerlarga sizni uzatay?
Oʻylarim siz, jon bolalarim!
Boring oʻsha Ukrainaga,
Oʻsha bizning Ukrainaga,
Devorlarning tagidagi zor –
Yigʻlab yurgan boʻlib xokisor –
Yetim-yesirlarning oldiga.
Men uzoqda halok boʻlaman.
Siz u yoqda topa olasiz
Samimiy qalb hamda hurmatni,
Oʻsha yerdan topa olasiz
Chin haqiqat, balki, shuhratni…
Ukrainam,
Sevimli ona,
Shu beaql bolalarimni,
Oʻz goʻdaging, bolangdek qarab
Kutib olgin, sevib doʻstona.
Taras Shevchenko
https://saviya.uz/ijod/nazm/oylarim-siz-mening-oylarim/