Oradan yillar oʻtgani sari Abdulla Qodiriydek favqulodda isteʼdod egasining betakror poetik tafakkur mevasi boʻlgan “Oʻtkan kunlar”dek birinchi oʻzbek romani qadr topayotgani sir emas. Romanning tahlil va talqinlari maxsus qodiriyshunoslik sohasini tashkil etadi. Ayni chogʻda, asar maydonga kelgan davr, romanning jurnal nusxasi bilan birinchi nashrlar oʻrtasidagi matniy farqlarga diqqat qaratish ham foydadan xoli boʻlmaydi.
1. Jurnaldagi “Oʻtkan kunlar”
Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga oid ayrim maqolalarda, qodiriyshunos olimlar yozgan maxsus risola va monografiyalarda birinchi marta “Oʻtkan kunlar” romanidan parchalar 1922 yil “Inqilob” jurnalida bosilgani qayd etiladi (Qarang: I.Sultonov. Pyesalar. Maqolalar. Oʻzbekiston davlat badiiy adabiyot nashriyoti. T. 1959.303-bet. A.Aliyev. Abdulla Qodiriy. Gʻ.Gʻulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti. 1967 yil. –T. 70-bet.; M.Qoʻshjonov. Qodiriy – erksizlik qurboni. –T. “Fan” nashriyoti. 1992 yil, 3-bet.; U.Normatov. Qodiriy bogʻi. T. “Yozuvchi” nashriyoti. 1994. 43-bet.; Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti (darslik). –T. “Maʼnaviyat” nashriyoti. 2004 yil. 406-bet.; S.Mirvaliyev “Abdulla Qodiriy”. “Fan” nashriyoti. 2004 yil. –T. 11-bet…). Toʻgʻri, “Inqilob” oʻsha yil fevral oyidan boshlab dunyo yuzini koʻrdi. Shu yili sakkizta, 1923 yili bitta qoʻshma, keyingi yili ikkita qoʻshma soni bosiladi. Ammo tarixiy dalil shuki, jurnalning 1922 yilgi birorta sonida “Oʻtkan kunlar”dan parchalar berilgan emas.
Jurnal muqovasida mehnatkashlarni birlashuvga chaqiruvchi oʻz davrining mashhur shioridan keyin “Turkiston kommunistlarining markaz qoʻmitasi” muassis qilib koʻrsatiladi. Shuningdek, muqovaga “Oyda bir martaba chiqaturgʻan adabiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, tarixiy, ijtimoiy va fanniy Sharq yoʻqsullari ozodligʻigʻa xizmat qilgʻuvchi rasmlik oʻzbekcha “Inqilob” majmuasi” deb yozib qoʻyiladi. 1923 yil fevral-martda chiqqan jurnalning 9-10-qoʻshma soni 19-51-betlarida “Oʻtkan kunlar”ning boshidan olti fasl beriladi; roman fasllariga nom qoʻyilmaydi. Romanning birinchi marta matbuot yuzini koʻrishi oʻsha – 1923 yilga toʻgʻri keladi. Oʻquvchilar asar davomini, toʻgʻrirogʻi, jurnalning navbatdagi sonini intizor boʻlib kutadilar. Oʻz vaqtida “Inqilob” nashrida muammolar paydo boʻlgan koʻrinadi. Garchand har oyda chiqishiga vaʼda berilsa ham, bir yilda bazoʻr bir marta chiqadi. Oradan bir yildan koʻproq vaqt oʻtib, 1924 yil may oyida 11-12-sonlari bosiladi. Diqqat qilinsa, jurnal muassisi oʻzgarib, endi unga “Turkiston maorif komissarligi” egalik qiladi. Yoʻnalishi ham ixchamlashib, “Adabiy siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va tarixiy oʻzbekcha “Inqilob” majmuasi”ga aylanadi. Adadi uch mingta. Oʻsha may sonining 6-31-betlarida bir yil kutib yotgan romanning yana oltita fasli beriladi. Oradan besh oy oʻtib, oktyabrda jurnalning 13-14-sonlari nashr etiladi. Noshir sifatida avvalgi ikki tashkilot oʻrnida endi “Oʻrta Osiyo davlat nashriyoti” paydo boʻladi. Ziyo Said “jurnalning yotish” vaqti haqida “1924 yil oktyabr” deb toʻgʻri maʼlumot beradi (Qarang: Ziyo Said. Tanlangan asarlar. –T. Gʻ.Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 1974 yil. 86-bet). Ammo keyingi ikki sondagi “ega”ning oʻzgarishi Z.Saidning “Turkiston kommunistlar firqasi” maʼlumotini ham tabiiy ravishda oʻzgartiradi. Chunki suvga choʻkmas, oʻtda kuymas qogʻozlarga muhrlangan dalillarni inkor qilib boʻlmaydi. Oxirgi qoʻshma sonning 41-66-betlarida “Oʻtkan kunlar”ning davomi oʻquvchilar hukmiga havola etiladi. Muassissiz, homiysiz, egasiz qolgan “Inqilob” jurnali yopilgandan keyin Qodiriy romanidan vaqtli matbuotda namunalar bosilishi ham toʻxtaydi.
Sal kam ikki yil ichida “Inqilob” jurnalining uchtagina sonida bosilgan “Oʻtkan kunlar”ning oʻn olti faslini oʻrganish-tadqiq etish ham bir qancha adabiy-ilmiy masalalarga oydinlik kiritadi.
Shu oʻrinda tarixiy roman yonidagi bitta soʻz uch xilda yozilganini ham aytish lozim: “Oʻzbeklar hayotidan tarixiy roʻmon” (jurnalning 9-10, 11-12-sonida), “Oʻzbeklar tirikchiligidan tarixiy roʻmon” (jurnalning 13-14-sonida), “Oʻzbeklar turmushidan tarixiy roʻmon” (kitob holidagi 1926 yilgi nashrida). Bunday turlichaliklar, baʼzan jurnal tahririyatiga tegishli boʻlishi ham mumkin.
20-yillar muhitida imlo masalasida birlik yoʻq edi. Har nashr, har gazeta-jurnal bitta soʻzni turlicha yozish odatlari bor edi. Imlodagi muammolar bartaraf qilinguniga qadar “Inqilob” jurnali “oʻrta yoʻlni” tutishga qaror berib, qalam ahliga “…yuboriladigan maqola va sheʼrlar oʻrta imlo bilan yozilsa va yangicha yozib idorani mashaqqatga solinmasa edi”, deb istak bildiriladi (Ziyo Said. Tanlangan asarlar. –T. Gʻ.Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 1974 yil. 85-bet.). Demak, tahririyatga asar olib kelgan har qanday ijodkor asarlarining ifoda tarzi “oʻrta imlo”ga tushmasa, tahrirga uchrashi kutilar edi. Abdulla Qodiriy 1925 yili alohida kitob holida bosilgan “Oʻtkan kunlar” birinchi boʻlimining tilini uch-toʻrtta “imlochi”lar oʻzgartirganini, oqibatda matn “ajoyib bir quroq holga” kelganidan zorlanadi. 1926 yilgi nashrida imkoni boricha koʻngli toʻlmagan joylarini oʻnglaydi. Ammo oʻsha davr qoidasiga koʻra “bosilish taqdiri noshir qoʻlida” ekanini ham eslatadi. Shunga monand “Inqilob”ning uchta sonida chop etilgan “Oʻtkan kunlar” taqdiri, bir tomondan, tahririyat qoʻlida boʻlgan, ikkinchidan esa, asarning dunyo yuzini koʻrish jarayoniga Abdulla Qodiriyning oʻzi ham befarq qaramagan boʻlishi kerak. Qolaversa, jurnaldagi soʻzboshida adib: “Maʼlumki, har bir narsaning ham yangi qabul qilinish – ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydongʻa kelishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takomilga yuz tutishi tabiiy bir hol”, deb yozadi. Shunga koʻra muallif romanning jurnal nusxasiga bildirilgan fikrlarni inobatga olib, kitob holida bosilish pallasida oʻz qoʻli bilan ancha-muncha oʻzgartirishlar kiritgan boʻlishi ham tabiiy. Umuman olganda, romanning takomilida adibning qalami, qalbi, badiiy tafakkuri juda muhim rol oʻynagan.
Darvoqe, D.Quronov va X.Polvonovalarning “Sharq yulduzi” jurnali 2007 yil 1-sonida “Oʻtkan kunlar” romani matniy tadqiqi toʻgʻrisida bir maqolasi bosildi. Unda “Inqilob” jurnali bir-ikki marta tilga olinadi. Biroq kengroq qiyoslar, batafsilroq maʼlumot berilmaydi. Ikkinchidan maqolada: “Romanning “Inqilob”dagi nashri bilan, kitob boʻlib chiqishi orasida besh yillik masofa bor – bu vaqt mobaynida adibning mahorati oʻsgani shubhasiz”, degan bir taxminiy gap ham “Oʻtkan kunlar”ning jurnaldagi parchasini tekshirishga zarurat tugʻdiradi.
Roman nashriga oid yana bir dalil shuki, “Chaqimchiliq” fasli 1924 yili shoir Choʻlpon tartib bergan “Adabiyot parchalari” toʻplamining 15-21-sahifalarida chop etiladi. Xullas, bunday tarixiy manbalar eskirmaydi, taxminlar moʻrt va dalillar esa oʻjar boʻladi.
2. Muhim bir sana
Abdulla Qodiriyning romanlariga yuzlab adabiyotshunoslar, minglab muxlislar murojaat qiladi. Badiiy soʻzning zilol, toza bulogʻidan sirmiradi; yuraklar huzurga toʻladi… Ayni damda, taniqli adiblardan tortib, oddiy insho mashq qiluvchi maktab oʻquvchisi ham, zarurat tugʻilganida, bevosita romanning ichkarisiga kirmasdan, shundoq ostonada turib, adibning hikmatga aylanib ketgan “Moziyga qaytib ish koʻrish xayrlik, deydilar” gapini oʻzlari uchun shior-mayoq qilib oladi.
Bu ostonada boshqa hikmatlar ham bor. Romanning “Yozgʻuchidan” degan oldsoʻz-prologi-eskartishi ostiga muhim bir sana bitilgan. Ammo kitob nusxalarida bu sana negadir qayd qilingan emas; matn orasida ozgina oʻzgarish ham bor. Yaxshisi, jurnalda berilgan oldsoʻz-prologni shu oʻrinda toʻliq koʻchiramiz:
“Yozgʻuchidan
Modomiki biz yangi bir davrga oyoq qoʻydiq, bas biz har bir yoʻsunda ham, shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashmakka majburmiz. Shunga oʻxshash dostonchiliq, roʻmonchiliq va hikoyachiliklarda ham yangarishgʻa va xalqimizni yangi davrning «Tohir Zuhra»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod-Shirin» va «Bahromgoʻr»lari bilan tanishdirmoqgʻa majburmiz.
Yozmoqgʻa niyatlanganim ushbu «Oʻtkan kunlar», yangi zamon roʻmonchiligʻi bilan tanishmoq yoʻlida kichkina bir tajriba, toʻgʻrisi bir havas. Maʼlumki, har bir narsaning ham yangi qabul qilinish – ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydongʻa kelishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib takomilga yuz tutishi tabiiy bir hol. Mana shuning daldasida, havasimda jasorat etdim; havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan choʻchib turmadim.
Moziyga qaytub ish koʻrish xayrlikdir, deydirlar. Shunga koʻra mavzuʼni moziydan – yaqin oʻtkan kunlardan; tariximizning eng kirlik – qora kunlari boʻlgʻan «xon zamonlari»dan belguladim.
Abdulla Qodiriy (J.b.)
Toshkand, dekabr, 1920 nchi yil”.
Bu parcha bilan kitob nusxasi taqqoslansa, ayrim farqlar borligi maʼlum boʻladi: soʻzlar qoʻshilgan va olib tashlangan. Baʼzi soʻzlar oxiriga ish-harakatni yakunlovchi “-dir” qoʻshimchasi qoʻshilgan; “q” bilan “k” tovushi almashgan. Jurnaldagi “hikoyachilik” oʻrnida “hikoyachiliq” yoziladi; kitob nusxasidagi “Moziygʻa qaytub ish koʻrish xayrlik, deydilar” gapida ham shunday mayda oʻzgarishlar bor. Jurnal matnida baʼzan soʻzlarning “-gʻon”, “-liq” kabi qoʻshimchalari singormonizmdan xoli yoziladi. Biroq 20-yillar imlosida turgʻunlik boʻlmagani uchun jurnalning oʻzida ham bir xil soʻzlarning turlicha yozilish holatlari mavjud.
Koʻchirma oxiridagi “Toshkent, dekabr 1920 nchi yil” sanasi asarning boshqa nashrlarida uchramaydi. Professor U. Normatov shu sana va yana boshqa muhim dalillarga tayanib: “Oʻtkan kunlar” romani 1920 yil oxirida yozib tugallangan, deb uzil-kesil hukm-xulosa chiqarish uchun toʻla asos beradi”, (“Qodiriy moʻjizasi”. 2010. –T. “Oʻzbekiston”. 204-bet), deb yozadi.
1926 yili “Oʻtkan kunlar” birinchi boʻlimining qayta nashri payti adib yozgan “Uzr”idagi: “Roʻmon deb sizga taqdim qilingan bu narsa dunyoga kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlagʻan edi: besh yillab bosila olmay yotdi”, degan fikri, haqiqatan ham kitob koʻrinishidagi nashr eʼtiboridan roman 1920 yili yozib tugatilgani uchun asos boʻladi. Ammo, ikkinchi bir fikr shuki, romanning 1923 yili jurnalda chiqqani va buning ustiga “besh yillab bosila olmay” yotgani hisobga olinsa, Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar”i jurnalda bosilishidan besh yil avval, yaʼni 1918 yili yozilgani haqiqatga yaqin keladi. Chunki roman fasllarining matbuotda ketma-ket bosilishi orasida bir yildan ortiq choʻzilgan sudralish vaqti bor. “Bosila olmay yotishi” shuni ham ifoda qiladi.
3. Fasllar nomi
Badiiy asarning sarlavhasi uning mazmun-mohiyatini oʻzida aks ettiradi. Baʼzan birgina sarlavhaning oʻzidan asar mavzusi anglashiladi. “Oʻtkan kunlar” romani bir tovush farqi bilan bir necha marta “Oʻtgan kunlar” sarlavhasida bosildi. Baʼzi olimlarda eʼtirozlar tugʻildi. Ammo oʻz vaqtida adib qanday yozgan boʻlsa, oʻsha nom – “Oʻtkan kunlar” ommalashdi. Maʼlumki, roman kompozitsion tarafdan ichki fasllarga boʻlinadi. Ammo fasllarni nomlash zarurati nisbatan keyinroq adib xayoliga kelgan koʻrinadi.
Yuqorida aytganilganidek, “Oʻtkan kunlar”ning jurnalda berilgan boshdagi olti fasli maxsus nomlanmaydi. Syujet voqealarining berilish ketma-ketligi raqamlanadi. Yettinchi fasldan boshlab, ularga nom qoʻyiladi: “7. Majburiyat. 8. Qutlugʻ boʻlsun. 9. Ikki yoqda. 10. Toʻy – qizlar majlisi. 11. Kutilmagan ish… ” . Bu sarlavhalardan kitob nusxasida “9. Ikki yoqda” “9. Qarshilash” bilan, shuningdek, “11. Kutilmagan ish…” nomi “11. Kutilmagan baxt” bilan almashtiriladi. Tabiiyki, bunday nomlanish matn mohiyatiga yaqin keladi; oldingisiga qaraganda taʼsirliroq, badiiyroqdir. Jurnalning 1924 yil oktyabr oyidagi qoʻshma sonida roman davomi: “12. Chaqimchiliq. 13. Qamoq 14. Najot istab 15. Toshkent qamoqda 16. Azizbek” sarlavhalari bilan chiqadi. Bular ichidan birgina “Najot istab” fasli “Najot istab Toshkandga” koʻrinishiga kiradi. Natijasida yordamning kimdan kutilishi, adib voqealar oqimini qay tomon burayotgani va qahramonni qayerga yoʻnaltirgani aniqlashadi.
4. Otabekning bobosi kim?
Abdulla Qodiriy oʻz qahramonlari nomiga jiddiy eʼtibor beradigan yozuvchilar sirasiga kiradi. Ism tanlashda hech kimdan andaza olmaydi; oʻquvchining tasavvuriga obrazlar oʻz ismlari bilan birga muhrlanadi. Romanning dastlabki sahifalaridayoq, Otabek, Hasanali, Homid, Rahmat, Mirzakarim qutidor, Kumush, Oʻzbek oyim, Oftob oyim va boshqa asosiy qahramonlar ismiga mos ravishda taʼriflanadi, tavsiflanadi. “Homid” ismi yolgʻiz aytilganda birov tanimaydi; “Homid xotinboz” desa biladi, anglaydi, eslaydi. Qutidorning ham, Otabek va uning “maʼnaviy otasi” Hasanali ismlari ham shunday koʻrkam, muhtasham, jozibali.
Adib ikki ism davomiga “hoji” martabasini tirkab qoʻyadi: Yusufbek hoji, Akram hoji. Albatta, bu qahramonlar asarda oʻz mavqeiga, maʼnaviy darajalariga mos ravishda soʻzlaydilar, sukut saqlaydi va harakat qiladilar. Gohida hoji hokim bilan toʻqnashadi, hamma narsadan koʻngli sovib, “dunyo mojarolaridan etak silkib” umr oʻtkazishni gʻanimat biladi. Bugun oʻquvchilar ommasi oʻqiyotgan “Oʻtkan kunlar” romanidan sarlavhaga olib chiqilgan savolga javob topilmaydi. Otabekning otasi maʼlum va mashhur – Yusufbek hoji. Ismi jismiga, hojilik martabasiga uygʻun va xarakterni oʻquvchi yaxshi koʻrib qoladi; yurak-yurakdan ardoqlaydi. Xoʻsh, Otabekning bobosining ismi kim? Shu tarzda savol qoʻyish mumkinmi? Romanda ismi tilga olinmagan, bor-yoʻgʻi bir-ikki oʻrindagina “Hasanalini bolalik vaqtida Erondan kishi oʻgʻirlab kelguvchi bir turkman qoʻlidan Otabekning bobosi oʻn besh tillo barobariga sotib olgʻan edi” (kitob, 9-bet), Mehmondorchilikdan Otabek suhbat chogʻi: “Siz bizning havlida boʻlgʻanmisiz?” degan savoliga Qutidor: “Koʻb martabalab mehmon boʻldim. Ul vaqtda bobongiz ham hayotda edilar” (kitob, 14-bet) deb Otabekning bobosini eslaydi. Biroq boboning ismi aytilmaydi. Jurnaldagi nusxasida esa adib Hasanali tarixi munosabati bilan quyidagi gaplarni yozadi: “Hasanalini bolaliq vaqtida Otabekning bobosi Musabek Eronistondan kishi oʻgʻurlab kelguvchi bir turkman qoʻlidan 15 oltun barobariga sotub olgʻan edi” (jurnal, 21-bet). Ushbu kichik parchada “oltun” “tillo”ga oʻzgargan. Biz uchun muhimi – ism. Otabekning bobosi uchun Qodiriy “Musabek” ismini tanlaydi. Bu nom, albatta, bejiz tanlangan emas. Otabekning ajdodlariga bunday “Musabek”, “Yusufbek” kabi ismlar berilishi, albatta, adibning dunyoqarashiga daxldor tushunchadir. Oʻz qahramonlarini oʻtgan paygʻambarlar nomi bilan atash – qahramonlarga salobat bagʻishlashi, ularning toza insonlar toifasiga mansubligiga bir ishoradek taassurot beradi. Adib niyatining, estetik idealining choʻngligiga dalolat qiladi. Lekin romanning kitob nusxasida “Musabek” nomi tushib qoladi. Bizningcha, din va diniy ismlar inkori boshlangan yangi davrda adib qahramonlari nomini ham “oʻzbek tarixining hazmi koʻtargan qadar” olishga majbur boʻladi.
5. Uzuk bilakka taqiladimi?
Uzukning bilakka taqilmasligini hamma biladi. Uzuk barmoqqa, bilakka esa bilaguzuk taqiladi. Romanning barcha kitob nusxalarining “Kutilmagan baxt” faslida Otabek bilan Kumushning hayajonli uchrashuv pallasi juda goʻzal tasvirlanadi. Kumush “kim keldi deb yoniga qaramaydi”, begonasiraydi. Oʻzi istamagan holda, ammo “majburiyat ostida, yov qarash bilan sekingina dushmaniga” qaraydi va hayratdan dong qotadi. Otabekni koʻrib: “Siz oʻshami?” degan hammani bir seskantiradigan soʻzni aytadi. Keyin dasturxon atrofida ularning suhbati davom etadi. Suhbat orasiga adib kirib olib, bir izoh yozadi: “Dasturxon yonida Kumushbibining latif bilagiga Otabek oltun uzuk solur ekan, ul yerga qaragʻan holda edi”. Bunda sarlavahaga olib chiqishga sabab boʻlgan bir savol, bir saktalik bor. Romanning 1980 yilgi nashrida 58-bet, 1992 yilgi nashrida 50-betda – tabdil qilingan barcha nashrlarida yuqoridagi gap aynan beriladi. Umid bilan 1926 yilgi nashrga nazar tashlanadi. Afsuski, unda ham “latif bilak”ka “oltun uzuk” solinadi. Adibga muhabbatli, uning mahoratiga chin koʻngildan ishongan, tasvirlangan vaziyatlarga maftun boʻlgan oʻquvchi bu jumladagi saktalikka eʼtibor bermaydi. Uzuk ham bilakka taqilar ekanmi, degan bir savol bermasdan suhbat va voqelik davomiga oshiqadi. Aslida Abdulla Qodiriy uzukning barmoqqa, “oltin bilaguzuk”ning “latif bilak”ka taqilishini juda yaxshi bilar edi. Qodiriy nazari tushgan jurnaldagi “Kutilmagan ish…” faslidan ayni nuqtani topib oʻqiymiz: “Dasturxon yonida Kumushbibining latif bilagiga Otabek oltun bilak uzuk solur ekan, ul yerga qaragʻan holda:
– Man sizga hech narsa ham hozirlamagʻan edim…, – dedi”. Birgina soʻz oʻnglanishi fikr va ifoda mantigʻini oʻz oʻrniga keltiradi. Choʻzilgan gapning xulosasi shuki, menimcha, “Oʻtkan kunlar” yangi nashrida shu birgina soʻzni oʻz oʻrniga qoʻyish lozim. Zotan, oddiy bir uzuk sovgʻa qilish Kumushning mahri uchun “uch yuz oltin pul”, “oʻradek bir havli, sogʻish uchun sigir” vaʼdasini bergan savdogar-boyvachcha Otabek shaʼniga ham, hayot mantigʻi va badiiy mantiqqa ham muvofiq kelmas edi.
Darvoqe, adib oʻquvchiga Otabek bilan Kumushning birinchi uchrashuvini “Kutilmagan baxt” fasliga qadar sir saqlaydi. Kitobda sal kam bir betlik – Otabekning Margʻilonga kelgan paytdagi tahorat suvi olish uchun Qutidorning tashqi hovlisiga kirgani, u yerda Otabekni ipsiz bogʻlagan Kumushga koʻzi tushgani, “asr namozini qazo” qilgani va, nihoyat, “unda muhabbat mojarosi tugʻilgan”iga oid izohlarni beradi. “Siz oʻshami?” savolining sababini ochadi. Jurnal nusxasining “Kutilmagan ish…” faslida esa bu uchrashuv sirligicha qoladi. Izoh yoʻq. Yozuvchi kitobga kiritilgan maxsus izohga zarurat sezib, uni keyinchalik yozganini taxmin qilish ham mumkin. Bu ham jurnal va kitob nusxalari orasidagi farqli jihatlar sirasiga kiradi.
6. Toshkandmi yo Toshkent?
“Oʻtkan kunlar”ning jurnal nusxasi bosilayotgan pallada ham imloda aniq bir toʻxtamga kelinmagani turli-tumanlikni keltirib chiqargan edi. Jurnalning 1923 yilgi sonida oʻndan ortiq oʻrinda Kumushbibining yurti “Margʻinon” tarzida, 1924 yilgi sonlarida oʻttizga yaqin oʻrinda “Margʻilon” deb yoziladi. Qirqdan ortiq oʻrinda Otabek shahri “Toshkand” deb, yigirmadan koʻp oʻrinda, xususan, “Inqilob”ning 1924 yil oktyabr sonida “Toshkent” tarzida yoziladi. Tabiiyki, qaysi biri toʻgʻri, degan savol tugʻiladi. Tarixda oʻtgan ulkan ulamolar ismlariga Margʻinoniy nisbasi qoʻshilgani maʼlum. “Oʻtkan kunlar”ning kitob nusxalarida “Toshkand” yozilganidek, “Margʻinon”ning ham saqlanib qolgani maʼqulga oʻxshaydi. Chunki adib foydalangan Turkiston tarixiga oid kitoblarda oʻsha joy nomi asosan “Margʻinon” tarzida yoziladi. Garchand aniq etimologiyasi masalasi bahsli boʻlsa ham, Ibratning “Fargʻona tarixi”ida “murgʻu non”dan “Margʻinon” paydo boʻlgani xususida Iskandar zamoniga borib taqaladigan bir rivoyat ham yozib oʻtiladi. Har holda shaharlarning bunday nomlanishi asarga qaysidir maʼnoda tarixiy muhit salobatini, tarixiy davr ob-havosini taqdim etdi. “Oʻtkan kunlar” kitob nusxasining bitta joyida, oxirida – qabr tepasiga toshdan oʻyib yozilgan lavhada: “Kumushbibi binti Mizakarim Margʻinoniy…” shaklida keladi.
Gap shaharlarning nomlari ustida ketar ekan, romandagi yana bir oʻringa eʼtibor qaratish lozim koʻrinadi. Kitob nusxalarida Otabekning savdogarlik bilan borgan shaharlari shunday beriladi: “Oʻzimizning shaharlardan koʻpini koʻrdim, – dedi bek, – oʻris shaharidan Shamayga ham bordim”. Asarning jurnal nusxasida Otabek “oʻzimizning shaharlardan” “Hoʻqand, Xoʻjand, Chimkand, Avliyoota, Olmaota”ni sanaydi va “oʻrus shaharidan Shamayga ham” borganini aytadi. Tabiiyki, jurnal nusxasida aniqlik, keyingisida esa nisbatan umumiylik, mavhumlik mavjuddir.
Ikkinchidan, jurnal muqovasidagi shahar nomi farqlaridan anglashiladiki, bundagi “Toshkand”ning “Toshkent”ga oʻzgarishida adib ixtiyori emas, balki tahririyat xodimlarining qoʻli bor deb qarash oʻrinlidir. Qiyosiy tahlillar jarayonida bundan boshqa ham soʻzlarning turlicha yozilish holatlari, bir qancha tovush va boʻgʻin qoʻshimchalarining oʻzgarishlari kuzatiladi. Masalan: harakat nomining ikki qoʻshimchasi “-ish” bilan “-mak” almashtiriladi (uchrashish – uchrashmak) yoki otdan sifat yasovchi “-li” va “-lik”, “-liq” qoʻshimchalarining oldingisi (erli – erlik, otli – otliq, gulli gilam – gullik gilam, oʻrta boʻyli – oʻrta boʻyliq, sallali – sallalik, qalpoqli – qalpoqlik, popoqli – popoqlik) jurnal nusxasida koʻproq qoʻllanadi.
Ayrim oʻrinlarda yordamchi soʻzlar sinonimlariga (bilan – orqali, tomoni – tarafi, ortiq – juda, soʻng – keyin); koʻpgina oʻrinlarda “kabi” “bilan”, “uchun” koʻmakchi soʻzlar “-dek”, “-da”, “-ga” kabi qoʻshimchalar bilan almashtiriladi. (Masalan: toʻlgʻan oy kabi – toʻlgʻan oydek, gʻijingʻan kabi – gʻijingʻandek, achchigʻi bilan – achchigʻida, istiqboli uchun – istiqboligʻa).
Bunday oʻzgarishlar oʻsha davr oʻzbek adabiy tili qonun-qoidalarining qayta shakllanish bosqichi muammolari hamda ifodani tushunarli holatga keltirishga uringan yozuvchi tahriri bilan bogʻliq, albatta.
7. Soʻzlar oʻrin almashganda
Romanning jurnal va kitob nusxalari orasidagi farqlanish soʻzlar, soʻz birikmalarini taqqoslaganda ham koʻzga tashlanadi. Bu soʻz tanlovlarining barchasini, yaxshi-yomon boʻlishidan qatʼi nazar, oʻsha davr imlochilari zimmasiga yuklash ham toʻgʻri boʻlmaydi. Adib jurnal chiqayotgan mahalida ham, birinchi boʻlimning ikkinchi marta bosilayotgan payti ham Toshkentda boʻlgan edi. Demak, roman tilidagi oʻzgarishlarga adibning soʻz qoʻllash tajribasi sifatida ham qarash oʻrinlidir. Ijod ahli uchun tanish bir holat: soʻzlar kayfiyatni ifoda etadi…
Adib imkoni boricha oʻzi tasavvur qilgan holatlarni goʻzal ifodalashga urinadi. Shu bois koʻngli toʻlmagan soʻzlarni almashtirish, romanni tahrir etish yoʻlidan boradi. Roman tilidagi soʻzlar oʻzgarishiga misol sifatida “yorugʻi – nuri, yorugʻ kunlari – istiqbollari, yolgʻiz – faqat, qoʻrqunchi – tashvishi” kabi oʻnlab misollarni keltirish mumkin. Bu almashinuvlarning koʻpchiligi poetik nutqning goʻzallashuviga xizmat qiladi. Oftob oyim egachisiga (jurnalda “opasi” deb berilgan) Kumushning xomushligi va oʻz tashvishidan gapiradi. Egachisining: “Nimabalo, kuyaving xunuk-punukmi?” savoliga Oftoboyim: “Oʻzim koʻrmadim, ammo koʻrguchilarning soʻzlariga qaragʻanda oʻxshashsiz chiroyliq, tengsiz aqlli bir yigit emish. Otasining oʻzi yigitni sevib kuyav qilgʻan edi” javobini beradi. Kitob nusxasida bu parchadagi “chiroyliq” soʻzi “koʻrkam”ga, “sevib” esa “yaxshi koʻrib” birikmasi bilan almashtiriladi. Juda oʻrinli bir tahrir. Chunki “chiroyliq”dan koʻra “koʻrkam” soʻzi erkak kishiga mos keladi; “sevib” soʻziga qaraganda “yaxshi koʻrib”da esa nisbiy xolislik maʼnolari seziladi.
Ziyo shohichining sovchilikka borgan bir holati tasviri. Sovchi soʻzlamoqda: “…kunlardan bir kun taqdir shamoli yuradir-da biravning iffat pardasi ostida oʻlturgʻan qizining yuzidan pardani koʻtarib ikkinchi tomondan bizning Otabekni bu qizgʻa yuzma-yuz (kitobda: shu afifaga roʻbaroʻ) qiladir. Shu daqiqadan boshlab Otabekda (kitobda: bekda) u qizgʻa (kitobda: afifaga) qarshi bir ishq, ham chin bir ishq tugʻuladir…” . Uch oʻrindagi “qiz”dan ikkitasi “iffatli qiz” maʼnosidagi “afifa”ga oʻzgartiriladi. Muhabbatdek noyob va goʻzal tuygʻu boshda “bir narsa” tarzida juda oddiy-nomsiz ifodalangan boʻlsa, tahrirda uning oʻrnini “yurak javhari” degan juda qimmatli bir taʼbir egallaydi. Yoki toʻy kuni sozanda-mashshoqlarning turli musiqa asboblarini oddiy “chalish” soʻzi “sozlar bilan dunyoga jon suvi sepish” tarzidagi taʼsirchan va obrazli iboraga oʻzgaradi. Shu bilan birga “Bir kechada har kimning ogʻzigʻa “toʻy” degan gap ekilgan” gapi bilan “Bir kechada hammaning tushiga «toʻy» kirib chiqgʻan” gapi oʻzaro teng taʼsir kuchiga egadek taassurot qoldiradi.
Roman hoshiyasida Oʻtabboy qushbegini adib qipchoq beglarining “yaxshi va insoflilaridan” biri boʻlganini yozadi. Biroq vaqt oʻtgan sari “qonxoʻr” bek va xonlarga ijobiy sifatlar taqashni davr koʻtarmaydi, chamasi, oʻsha ikki soʻz kitobda “tuzuklaridandir” shaklini oladi.
Jurnal va kitob nusxalaridan olingan quyidagi ayrim misollar sayqallanib borayotgan badiiy matn holatini tasavvur etishga yordam beradi: murti chiqa boshlagʻan – murti sabz urgan, shamol – el, charx urgach – aylangach, toʻgʻri chiziq – xatti mustaqim, goʻsht olib berarman – et olib kirguzarman, gilos daraxtlari – gilos yogʻochlari, nafsingizni – oʻzingizni, turmushgʻa – hayotka, yozuqsiz – gunohsiz, qopqa – darboza, qopqachi – darbozabon, mashʼalador – charogʻchi, binolar – imoratlar, saqlovlari – muhofazati, bilmaslik – tagʻoful, tuzuk – maʼqul va boshqalar. Har bir sahifada yuzlab bunday arabcha, forscha soʻzlarining turkiy muqobili bilan va aksincha oʻzgarishlari adibning soʻz ustida ishlash mehnat-mashaqqatlaridan darak beradi.
8.Yumshagan keskinlik
Kuzatishlar shunki koʻrsatadiki, jurnal nusxasidagi ayrim keskin vaziyatga oid jumlalar kitobda nisbatan yumshatiladi. Qiyos uchun ayrim misollarga murojaat qilamiz. Otabek Mirzakarim qutidor uyidagi mehmondorchilikda safar-sayohatlaridagi koʻrgan-kechirganlaridan soʻzlaydi. “Oʻrislarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy” holatlarini bayon etgach, bir oʻrinda aytadi: Jurnalda: “Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan keta berganida kofir qoʻligʻa mahkum boʻluvimizni oʻylab (Xudo u kunni koʻrsatmasun) butun avqotimni qaygʻu bilan oʻtquzmoqgʻa majbur boʻldim”. “…Kofir qoʻligʻa mahkum boʻluv”, vaqtini “qaygʻu balan” oʻtkazmoq – bular yengil ifodalar emas. Kitobda oʻsha jumlaning yumshagan tahririy varinati keladi: “Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima boʻlishigʻa aqlim yetmay qoldi”. Oʻsha suhbatda Ziyo shohichi xalqning nochor ahvolidan gapirib aytadi. Jurnalda: “Bizning bu holda boʻluvimizning bosh sababchisi oʻz feʼli xuyimizning yomonligʻidir”. Kitobda: “Bizning bu holga tushishimiz oʻz feʼli xuyimizdan”. Adib xalqning feʼliga “yomonlik”ni ravo koʻrmaydi. Shu suhbat boshida Otabek oʻz otasining ixtiyori oʻzida emasligidan soʻzlab, Azizbek huzurida boʻlib oʻtgan bir hukm “majlisi”ni eslaydi. Eʼtiroz bildirgan hojini Azizbek jallodga buyuradi. Azizbekning oʻsha boʻyrugʻi qiyosiga qaraymiz. Jurnalda: “Qoʻlingdagʻini boʻshat-da, oʻrniga hojini soʻy!”. Kitobda: “Qoʻlingdagʻini boʻshatib, oʻrniga hojini olib chiq!”. “Soʻyish”dan voz kechilib, “olib chiqish”ga oʻtish vaziyatni yumshatish tomon tashlangan bir qadamdir.
Albatta, bunday farqlar, keskin vaziyatlarning yumshatilishi ijod psixologiyasi bilan, yozuvchining asar ustida ishlash jarayonidagi holatlari hamda qayta oʻqib koʻrish paytidagi kayfiyatlari bilan bogʻliq ancha murakkab hodisalar sirasiga kiradi.
9. Sonlardagi ifoda
Abdulla Qodiriy oʻz qahramonlarini oʻquvchi aniq, teran tasavvur qilishlari uchun ularning tashqi qiyofasi – portretini erinmay chizadi. Ayni damda har bir obrazning yoshiga ham diqqat qaratadi. Otabekning yigirma toʻrt yoshga kirgani, Kumushbibining “oʻn yettini qoʻyib oʻn sakkizga qadam bosgani”ga alohida urgʻu beradi. Adib muhabbat yoshini tahrir qilmaydi; barcha nusxalarda qatʼiy ravishda bir maromda ushlaydi. Lekin boshda “qirq besh yoshlar” chamasida boʻlgan Mirzakarim qutidorni “qirq besh-elli yoshlar”ga olib oʻtadi. Shuningdek, Akram hojining “ellik bilan oltmish” orasidagi yoshini ortga – “elli besh yoshlar” tomon koʻchiradi.
Mirzakarimning Toshkentda qutidorlik qilib qaytgan davri jurnal nusxasida “yigirma yillab” shaklida chamalansa, kitob nusxasida “oʻn besh-yigirma yil” deb boshqa bir taxmin yoziladi.
Bundan tashqari masofani ifodalagan sonlar, deylik, “besh-olti qadam” – “uch-toʻrt”ga, “uch quloch” – “toʻrt quloch”ga oʻzgartiradi. Shuningdek, adib qizlar bizmi – “gullar, lolalar, toʻtilar, qumrilar majlisi” uchun “bir soat” kamlik qilganini sezib, uni “ikki soat”ga choʻzadi…
Gunohkor sifatida qoʻlga olinib, qushbegi va qoʻrboshi huzuriga keltirilgan Otabek bilan Qutidorning sukuti uchun “besh-olti daqiqa”ni koʻp koʻrib, “uch-toʻrt daqiqa” deb jimlik muddatini qisqartiradi. Baʼzan “oʻn besh daqiqa”ni “darhol” soʻzi bilan yoki “barmoq bilan sanorliq” birikmasini “uch-toʻrt kishi” bilan almashtiradi. Tabiiyki, bularning barchasi oʻz oʻrniga tushgan tahrirlardek taassurot qoldiradi. Ammo romanning boshlanishida hammaga maʼlum mehmondorchilikka oid bir epizod bor. Kitob nusxasida suhbat orasida Qutidor Otabekdan soʻraydi:“Voqiʼan siz meni eslay olmassiz, – dedi. – Men Toshkandda qutidorlik qilgʻan vaqtimda siz taxminan besh-olti yoshliq bola edingiz… Goʻyoki, men Toshkandda kechagina turgʻandek va kechagina sizning havlingizda mehmon boʻlgʻandekman…”. Otabekning eslay olmasligi maʼlum boʻladi. Shu jumlaning jurnal nusxasini oʻqiymiz:“Voqiʼan siz mani eslay olmasgʻa haqlisiz. Chunki man Toshkandda qutidorlik qilgʻan vaqtimda siz uch-toʻrt yoshliq bola edingiz. Goʻyoki man Toshkandda kechagina turgʻan kabi – kechagina sizning havlingizda mehmon boʻlgʻan kabiman”. Har ikki parchada tovush va soʻzdagi farqlar koʻrinib turibdi. Ammo kitobda berilgan “besh-olti yosh”dan koʻra jurnal nusxasidagi “uch-toʻrt yoshliq” bolaning oʻsha yoshidagi davrini eslay olmasligi asosliroq, ishonchliroq, toʻgʻriroq va maʼqulroq koʻrinadi.
10.Turgʻunlashgan harakat va yaqinlashgan davr
Oʻtkan kunlar oʻtib boʻlgan, tarixga aylangan voqelikdir. Biroq adib oʻz asarining jurnal nusxasida oʻsha oʻtmishni harakat qilayotgan, davom etayotgan vaziyatlarda beradi. Juda koʻp oʻrinlarda bu harakat qoʻshma feʼl bilan ifoda qilinadi. Maxsus diqqatni tortadigan soʻzlardan biri shuki, “boshlamoq” yordamchi feʼli harakat ifodalovchi asosiy feʼl yonida keladi; hodisa kechimini anglatadi. Jurnalda: “Oʻrislar toʻgʻrisida allaqandoq xayoliy rivoyatlar eshitub yurgan qutidor va Ziyo shohichilarning Otabekdan haqiqiy holni bilgilari kelub, Shamayda koʻrgan-kechirganlarini soʻray boshladilar. Otabek ham majlisni ortuq qistatub oʻlturmadi-da, Shamay xotirotini soʻzlamakka boshladi”. Kitob nusxasida har ikki gapning kesimidan davomiylikni ifodalaydigan koʻmakchi feʼl qisqartiriladi: “soʻradilar”, “soʻzlab berdi” tarzida harakat kesiladi va turgʻunlashadi. Ikkinchi gap:“Otabek Shamay xotirotini soʻzlab berdi”, deb ortiqcha tafsilotlar oʻchiriladi. Shuningdek, nusxalar qiyoslanganda “kuta boshladi – kutib turdi, muhokama eta boshladi va oʻlchamakka oldi – muhokama qildi va oʻlchadi, xabarlar yuriy boshladi– xabar chiqib qoldi, qargʻay boshladi – qargʻab berdi, qaray boshladilar – qaradilar, onglata boshladi – onglatmoqchi boʻldi, dasturxonlar yigʻila boshladi – dasturxonlar yigʻildi, soʻray boshladilar – soʻradilar, koʻzi yetmay boshladi – koʻzi yetmay qoldi, torta boshladilar – tortdilar” kabi oʻnlab misollarga duch kelish mumkin.
Aynan roman tilidagi ish-harakat, holat feʼllari, gap kesimiga tegishli yana bir mulohaza bor. Adib mavzuni moziydan, ammo “yaqin oʻtkan kunlardan” tanlagan edi. Jurnal nusxasida oʻsha yaqinlik nisbatan uzoqlashib ketgan koʻrinadi. Koʻp gaplar “edi” toʻliqsiz feʼli bilan tugallanishi voqelikni yaqin emas, balki uzoq oʻtmishga taalluqli qilib qoʻyib, ertaklarning rivoya shakliga yaqinlashtirishi mumkin edi. Buni anglagan adib “muloyim tortgʻan edi – muloyim tortdi, tinchlangʻan edi – tinchlandi, ishongʻan edi – ishondi, beklangan edi – beklandi, tushkan edi – tushdi, belgilagan edi– belguladi, majbur boʻlgʻan edilar – majbur boʻldilar” tarzida “edi” toʻliqsiz feʼlidan voz kechadi. Natijada roman ichkarisida tasvirlab, bayon qilinayotgan voqea-hodisalar uzoq oʻtmishdan “yaqin oʻtkan kunlarga” koʻchadi.
Tabiiyki, matndagi soʻzlar, izoh, ibora va boshqa unsurlarning oʻzgarishlari ostida muayyan sabablar bor. Tahrirga uchragan oddiy bir tovush, boʻgʻin, soʻz, birikma va jumlalar, qayta shakllantirilgan ichsarlavha va diologlar filolog mutaxassisda mulohaza uygʻotadi. Xususan, adibning kam soʻzlar bilan koʻp maʼnolar ifodalash mahoratini, shuningdek, “Oʻtkan kunlar”dek oʻlmas bir roman boshidan oʻtkan kunlarni tasavvur etishga yordam beradi.
Toʻgʻrisi, “Oʻtkan kunlar” romani nusxalaridagi imloviy oʻzgarishlarning qay biri adibning aynan oʻz qalamiga va yana qaysilari kotib, muharrir va musahhihlarga tegishli ekanini aniqlash oson ish emas. Ammo romanning jurnaldagi bir parcha nusxasi bilan 1926 yilgi kitob nusxasini taqqoslash jarayonida baribir Abdulla Qodiriy “fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan soʻz va jumlalarga yozuvda aslo oʻrin bermaslikka” harakat etganini, baʼzi tahrirlarda esa davr nafasini, qaysidir darajada muhit erki va erksizligini his etish mumkin.
Nazarimda, romanning jurnalda bosilgan oʻsha oʻn olti faslini alohida chop etish “Oʻtkan kunlar”ning dunyoga kelishi va bosilishini tasavvur qilishda, ayniqsa, tanqidiy matnini tayyorlashda, adibning mukammal asarlari toʻplamini nashr etishda foyda beradi, albatta.
Bahodir KARIM,
19.03.2013
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2013 yil 12, 19 aprel sonlarida bosilgan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/otkan-kunlar-ga-qaytib/