Toshkentga endigina ishga kelgan paytlarim edi. Birovnikida ijarada turardim.
Oylik taʼtilga chiqqan Erkin aka butun oilasi bilan Issiqkoʻlda dam olib kelishga joʻnadi, men uyni qoʻriqlab turadigan boʻldim. Tirikchiligim uchun sovutkichga toʻldirib tashlangan xilma-xil noz-neʼmatlarning yarmini yeb ulgurmasimdan ular sayohatdan qaytib kelishdi.
Bir-ikki oydan keyin ustozni ziyoratlab borsam, hali maktab yoshiga yetmagan kenjatoyi Fozilaxon men bilan juda boʻlakcha quvonib koʻrishdi.
– Bu qizimning sevinchi ichiga sigʻmay turibdi hozir, – deya yelka uchirib kuldi Erkin aka. – Sizni uzoqdan koʻriboq, menga qarab, dada, yana Issiqkoʻlga boramizmi, deb soʻradi.
Anvar OBIDJON
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/osha-tanish-qorovul/