OʻRTA OSIYODA MILLIYHUDUDIY ChEGARALANISH — mustabid sovet rejimi tomonidan Turkyston xalqlarining «milliy davlatlarini tashkil qilish» niqobi ostida ularni ajratib tashlash maqsadida amalga oshirilgan siyosiy tadbir (1924—25). Turkiston mintaqasi azaldan turkiy xalqlarning yagona maskani va umumiy vatani boʻlgan. 1918—24 yillarda mavjud boʻlgan Turkiston ASSR, BXSR, XXSRning tub xalqlari asrlar davomida turmush tarzi va anʼanalari jihatidan bir-birlariga juda yaqin boʻlishgan. Turkistondagi turli davlatlarning har birida turkiy xalklar: oʻzbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, qozoqlar, qirgʻizlar, shuningdek, tojik xalqi azaldan yashaganligi tarixan tarkib topgan hodisa edi. Turkiston mintaqasining xalqlari shu tuproqni, Turonzaminni qadimdan oʻzlarining asl Vatani deb bilganlar.
Mustabid sovet rejimi va bolsheviklar uchun esa Turkiston oʻlkasini boʻlib tashlab, uni idora qilish qulay edi. Xususan, bu jarayon Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat 1924-yilda, asosan, magʻlubiyatga uchraganidan keyin oʻzining soʻnggi bosqichiga qadam qoʻydi. 1924 yil fev. iyun oylarida SSSRdagi markaziy organlar, Turkiston, Buxoro, Xorazm kommunistik partiyalari va (RKPb) MK Oʻrta Osiyo byurosi milliy chegaralanish masalalari yuzasidan zoʻr berib ish olib borishdi. Turkiston va Buxoro Kompartiyalari MKlari huzurida maxsus, keyinchalik hududiy va boshqalar maxsus komissiyalar tuziddi.
1924-yil 12iyunda (RKPb)MK Siyosiy byurosi Oʻ. O. m. h. ch. toʻgʻrisida maxsus qaror qabul qilgach, 15-iyulda (RKPb) MK Oʻrta Osiyo byurosi yangi tashkil etiladigan milliy respublikalar va oblastlarning muvaqqat byurosini tashkil etdi. Hududiy komissiya tarkibiga F. Xoʻjayev, A. Rahimboyev, S. Xoʻjanov, Q. Otaboyev, R. Islomov, N. Aytoqov, yilAbdurahmonov, I. Aydarbekov, I. Vareykis, D. Manjara, I. Mejlauk, X. SaxatMuratov va boshqalar siyosiy arboblar kirgan edi.
1924-yil 16-sentyabrda Turkiston ASSR ning navbatdan tashqari sessiyasi, 20-sentyabrda Butun Buxoro xalq vakillarining 5qurultoyi, 2-oktyabrda Butun Xorazm xalq vakillarining 5qurultoyi bu masalani koʻrib chiqib, Oʻrta Osiyoning milliyhududiy chegaralanishi toʻgʻrisida qaror qabul qildilar. Mazkur qarorlarda oʻzbek va turkman xalqlariga Oʻzbekiston SSR va Turkmaniston SSR tuzish huquqi, Turkiston ASSR ning qirgʻiz (aslida qozoq) viloyatlarini 1920-yilda tashkil qilingan Qirgʻiziston ASSR (aslida Qozogʻiston ASSR) bilan birlashtirish maqsadida qirgʻiz (aslida qozoq) xalqiga Turkiston ASSRdan chiqish huquqi, qora qirgʻiz (aslida qirgʻiz) xalqiga Turkiston ASSRdan chiqish huquqi va Qora Qirgʻiz (aslida Qirgʻiz) avtonom oblastini tashkil etish huquqi, tojik xalqiga ham Turkiston ASSRdan chiqib, Tojikiston avtonom oblastini tashkil etish huquqi berilishi kerakligi taʼkidlandi.
RSFSR (Butun Rossiya) Markaziy Ijroiya Komitetining 2sessiyasi (1924-yil 14-oktyabr) Oʻrta Osiyodagi Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari oʻrnida Oʻzbekiston SSR (OʻzSSR) va Turkmaniston SSR, shuningdek, Tojikiston ASSR (Oʻz SSRtarkibida), Qoraqalpoq va QoraQirgʻiz (Qirgʻiz) avtonom oblastlari tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
1924-yil 18 noyab. da Turkiston ASSR, Buxoro SSR va Xorazm SSR MIKlari maxsus qoʻshma qaror qabul qildilar va shu qarorga binoan oʻz vakolatlarini Oʻzbekiston SSR sovetlarining taʼsis qurultoyiga qadar ish koʻruvchi F. Xoʻjayev raisligida 31-oktyabrda tashkil qilingan Oʻzbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komitetiga topshirdilar. Bu komitet Oʻzbekiston SSR tuzilishini boshqarib bordi.
1925-yil 13 fev. da Buxoroda maxsus qurilgan Xalq uyida Oʻzbekiston SSR sovetlarining 1qurultoyi ochildi. Qurultoy 17 fev. da «Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish toʻgʻrisida deklaratsiya» qabul qildi. OʻzSSR oradan koʻp oʻtmay SSSR tarkibiga qabul qilingan (1925-yil 13 may). OʻzSSR tarkibida 1929-yilgacha Tojikiston ASSR ham boʻlgan (yana q. Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi).
Qoraqalpoq avtonom oblasti (1925-yil 16 fev. dan) tuzilib, u dastlab Qozogʻiston ASSR tarkibiga kirgan. Keyinchalik Qoraqalpoq avtonom oblasti (1932-yil RSFSR tarkibiga, 1936-yildan Oʻzbekiston SSR tarkibida) Qoraqalpogʻiston ASSR qilib qayta tuzildi (yana q. Qoraqalpogʻiston Respublikasi).
Oʻrta Osiyo xalqlari uchun bu chegaralanish va tashkil etilgan yangi «milliy davlatchilik» ularning bundan keyingi taraqqiyotiga yangi nozik farqlarni olib kirdi.
Oʻzbekiston SSRning tuzilishi «oʻzbek xalqining milliy davlatchiligi tashkil qilindi», degan fikrni anglatmaydi. SSSR tarkibidagi OʻzSSR amalda hech qanday suverenitet va mustaqillikka ega emas edi. OʻzSSR tashkil etilayotgan vaqtlardayoq uning oldiga, asosan, Markazning manfaatlariga xizmat qilish, SSSRning markaziy r-nlariga xom ashyo yetishtirib berish kabi vazifalar qoʻyilgan edi. SSSR inqirozga yuz tutgan va parchalangan paytgacha bu vazifalar oʻz kuchini yoʻqotmadi.
Ad.: Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavysimosti, T., 2000; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001; Rajabov Q., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917—1924-yil), T, 2002.
Raʼno Rajapova, Qahramon Rajabov.