Oʻrmon zumradlari uzra oltin sochar kun

Stanislav Kostka NEYMAN

 

Qish kechasi

 

Yoʻq, bu – roʻyo, emas bu dunyo,

u – tunlarning nurli afsuni,

dala baxmal mavjlari aro

qora osmon bolqitgan uni.

Yoʻq, bu dunyo emasdir – bu, yoʻq,

u – yoʻllarning kuylari kumush,

sokin jilva quyib qaʼrga koʻk,

bergan yulduz nuriga yumush.

 

Yoʻq, bu dunyo emasdir – bu; u –

Poyonsizlik atagan tortiq.

Men – bir onman, choʻng ayoz – mangu,

Tilsim boʻlmas bundan ham ortiq.

 

 

Aprelda

 

Jigarrang gil, boʻz tuproq asli –

Vodiy uzra, qovogʻi uyuq;

Nishablarni bosib koʻlkasi,

Tek qotadi bulutlar quyuq.

 

Lekin quyosh yashnaydi tagʻin,

Toʻpday borib bulutga tegar,

Oltinlarin quyadi saxiy,

Oʻrmon guli kuvachasiga.

 

Gul gilami, oqqayin poʻsti,

Tepalarning ravon toʻlqini,

Moviy qubba – daraxtlar usti

Zavq-shavqqa gʻarq qiladi meni.

 

Ulkan kema ichra jon fido –

Yungadek[1] men lol turay, soʻngra

Etay butun vodiyga nido:

“Qarang, zamin koʻrindi oʻngda!”

 

 

Boʻron

 

Boʻronga duch keldim may oyi,

Koʻz yugurtsam, soʻnardi osmon,

Svitava – vodiy chiroyin

Toʻsib qoʻydi badqavoq bir on.

 

Qiyaliklar aro tirqirab,

Har yon urdi oʻzin singan nur.

Miltillar koʻk, joni zirqirab,

Porlagali qaytadan bir qur.

 

Toʻnglagandek suvlar ziloli,

Toʻrt tarafda uxlar – neki bor,

Emas isyon oʻyidan xoli –

Faqat qora tik qaragʻayzor.

 

Ana, chaqmoq chaqdi-yu, alhol

Ikki boʻldi zimistonni, boq,

Yerga choʻkkan tumanni darhol

Koʻkka otdi momaqaldiroq.

 

Jala quydi. Koʻrdim, darada

Savalar u yerni – hech tolmas.

Kim nur emmish kundan, orada

Boʻrondan ham benasib qolmas.

 

Kashtan

 

Boʻsh vaqtlar olamiz salqinida dam,

Lek u bolalarga koʻproq qayishar,

Oʻynasin, quvnasin deya mayishar,

Izlasin deb, toʻkar mevasin kam-kam.

 

Bu namchil saharda yashnab, gurkirab,

Koʻksin erkin kerib, yoqlab har onni,

Bogʻga yaqinlatmay shovqin-suronni,

Jim oʻylar u boshin bulutga tirab.

 

Gʻarbdan esganida xush yoqar salqin,

sizib chiqqanida koʻzdan baxtli yosh,

Quvnoq chirildoqlar qilgandek talqin,

Gullaganda kashtan, bu – bizning qardosh,

Shom vaqt bogʻga bir qiz kelib koʻz solsa,

Xiyobonda hayron, lol qotib qolsa.

 

 

Bagʻishlov

 

O ayol, yer tuti – bu, sir qafasi,

Oʻrmon, chakalakzor ichra ungandir.

Quyosh salomlari, shamol nafasi

Qip-qizil mazaga bunda doʻngandir.

 

Unga labing tegiz. Yurakka singsin

Bu totu nafosat boʻlib jonu tan.

Bil, oʻpyapsan hozir quyoshni sen, chin,

Ogʻzing boʻyayapsan yer qoni bilan.

 

Yer tuti keltirdim, boq, eʼtibor qil,

Bu oltin naqshlarni bergan nur boʻliq,

Boʻl sen shu mevadek, shaffof nur boʻlgil,

Boʻl yeru quyoshning taftiga toʻliq.

 

 

Yalangʻochlikka madhiya

 

Daraxtzorda iyun yonar, osmonlar uzoq,

Solar oʻrmon saslari-la sukunat shovqin.

Gullar aro shoʻx kapalak uchar, qoʻnar goh,

Mudroq bosgan yaproqlar-da – goʻyo olmas tin.

Oʻrmon zumradlari uzra oltin sochar kun,

Nabototning toʻy nafasi esadi bu dam,

Taratar yer qoʻziqorin isini butun,

Qaragʻayzor hid zulmati aro gʻarq nur ham.

 

Iyun yonar shavq-la, oʻsha koʻm-koʻk oʻrmonda…

Birdan sachrar nam, deb: “Jigʻa chiqarsam zora”,

Suv yuziga tomchi tomchir – u shoʻx bu onda,

Bor bu qildek oqimlarda kumush favvora.

 

Ammo bu hech favvoramas, qush sasi emas,

Mana, tinar tovushlar ham, tinglar dub, lekin, –

Faqat jimlik tipirchilar ichi kuyib – mast.

Bormisan, Ulugʻ Pan? Oʻtlar egilib sekin,

 

Yosh qizlarni chorlay boshlar sivizgʻa kuyi.

Yonar oʻtga solar bu on, iyun otashi…

Yo qiz chorlar daraxtzorda oʻrtangan koʻyi –

Olmos porasidek sayqal berilgan sasi?

 

Hech boʻlmasa, uqubatli kunlar mumkinmi –

Orzulamak: paydo boʻlur yalangʻoch bir qiz

Huv, etakda, qoraqayin soyasi-timi

Ostlarida oʻtlar mayin qalin, boʻliq kez.

 

Hech boʻlmasa, barham topsin koʻzlari ochlik,

Koʻngilga ham orzudagi jazava toʻlsin,

Bizni ishqqa boshlar goʻzal qipyalangʻochlik –

Inʼom siymosi-la uygʻunlik muborak boʻlsin.

 

Husniga nuqs, etagiga kir ilashmagan

Bu ijoddan goʻzalrogʻin topmoqlik mahol;

U yulduzlar, tong shafagʻi nuriga gulshan,

Yashnar unda qadim soʻzlar misoli nihol.

 

Tilla vasfi koʻnglimizga solar vasvasa,

Har maʼnoga burgudek ish, sirli hol – qiziq.

Ayyorlik – bir ayanch narsa, aziz ham baʼzan,

But yoʻlida ne kas jonin berar demay “ih”.

 

Yalangʻochlik, bu – hayot! U nondek arzanda,

U – tunlari bizga yorugʻ tashlagan yashin,

Yeru koʻkni yarashtirgan u otgan xanda,

Har nedan ham qadri baland, u – pok, otashin.

 

Havas qilgung, uchsa shitob – gʻayratiga mos,

Zavqlantirsa – koʻklam seli kabi kuy bilan,

Shavqlantirsa – uyqusirab toʻkilgan gilos,

Togʻ suvlari jazb etguvchi ming bir kuy bilan.

 

Orzu qilsang, bir vaʼdani olib boʻyningga,

Yalangʻoch bir qiz oʻrmonda boʻlsayu paydo,

Quyosh nuri bilan birga kirsa qoʻyningga,

Bahosi yoʻq tuhfa yangligʻ aylasa shaydo,

Yer sutiga toʻygan vujud kuchin tan olib,

Hayot yuksak maʼnosini jon bilgan aʼmol,

Moddiy, nurli kamalakday umidga tolib,

Qoʻshiqchining quchogʻida kasb etsa kamol.

 

 

Joʻka

 

Koʻrinmas ezgu ruh – asalga hamda

Bilgisiz, bukilmas quvvatga toʻla,

Shox oralab chiqib kelgandek boʻlar,

Ob-havo joʻnashib ketgani damda.

 

Koʻk atri taralgan bir vaqt, koʻlkada

Toliqqan yoʻlovchi tin olib yotar,

Oʻylar: erta olam gullarga botar,

Ajib oʻzgarish roʻy berar oʻlkada.

 

Odamlar yuragin ogʻriq-alammas,

Quyilib toʻldirar donolik boli.

Mehnat azob emas, quvonch boʻlar, bas,

 

Koʻhna qasr ustunlaridek uygʻonib,

Joʻka xiyoboni, tinib xayoli,

Juft raqsdagilarni chorlagay yonib.

 

 

Zaminga madhiya

 

1

Zamin, nam tuprogʻingga barmoqlarni botirib,

Qumingga kaftni bosib turmoqda shavq bor.

Men ayol quchogʻini tark etaman seni deb,

Garchi ular tanida har nuqta menga dildor.

 

Zamin hayoti meni sir qoʻli-la band etdi,

Uning hidlarin tamom simirgim bor mastona.

Zamin bugʻdoyrang koʻksin goʻyoki menga tutdi –

Erkakka xotin boʻlib, bolaga boʻlib ona.

 

Titrayman, hovuchimda tuprogʻing jonday saqlab,

Erkak quchogʻidagi qizning ahvoliday bu,

Men seni sevaman, bil, mahbubam boʻlgin xohlab,

Mahkam bogʻlasin bizni nigoh, sezgi, aql, tuygʻu.

 

 

Bir dasta lolaqizgʻaldoq

 

U yer, oʻtloq – chalgʻi jarangu juring,

Bu yer, dala – yilt-yilt marvarid shudring,

Boʻridek yoʻrtdim jim dalalar boʻylab.

Men ovdan soʻqmoqlab qaytgan mahalda,

Tikanli butazor bergandek dalda,

Gullar tomon imlar nenidir soʻylab.

 

Lekin chetlab oʻtdim – bermay eʼtibor,

Lolaqizgʻaldoqqa qoʻl choʻzdim har bor:

“Shu tongda tugʻilgan gullarim, salom”.

 

Koʻk gul dastalashga yonimga tushdi,

Lovullagan, alvon, yorqin, shoʻx, pushti –

Yuksakdan termular koʻz uzmay olam.

 

Qishloq odamlari kuymanib ishga,

Ishchilar otlanib borar yumushga,

Qizil guldastaga boqishar kulib.

 

Gʻira-shira tongda quvnatsin koʻzim –

Uni soldim guldor koʻzaga oʻzim,

Darchamda chaqnaydi u shuʼla boʻlib.

 

Lolaqizgʻaldoqlar – qoʻshiq! Shavq kelsa,

Nasroniy Mariya, yahudiy Elza –

Unga parvonaday termular, qonar.

 

Qarar muallimlar, shaharliklar ham,

Dehqonlar ham kulib boqadi har dam.

U majusiy nur-la porillab yonar.

 

 

Xotima

 

Daraxtzorlar alvon sharshara –

Lovullaydi kuzga hamnafas.

Taralmoqda vodiylar aro

Namchil pichan isi har nafas.

 

Oʻrim tamom. Nishab shipshiydam.

Shamol qoʻpar, oʻzin oʻnglar-da,

Kular, kuyar ertakday bir dam,

Hamma yoqda, yalang doʻnglarda.

 

Qiyaliklar – alanga lov-lov…

Chor atrofni yoqmoqdadir kuz.

Istardimki, aql, yurak birrov –

Uxlab olsa edi yumib koʻz!

 

Rus tilidan Muhammadali QOʻShMOQOV tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1


 

[1] Yunga – matroslikni oʻrganayotgan shogird – (tarj).

https://saviya.uz/ijod/nazm/ormon-zumradlari-uzra-oltin-sochar-kun/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x