Oʻrdakchi momo nima deydi?

Qaysi gapi jonimdan oʻtib, qoʻrsligim tutdi, bilmayman. Shaloq soʻz ogʻzimdan lop etib chiqib, qoʻshni qiz tutaqib ketdi. Oʻzimni oqlashga harchand urinmay, vaziyat yumshamadi. Qaytanga jazavasi qoʻzidi. Battar tutaqdi. Bundan keyingi holatni tasavvur etgan boʻlsam, oʻyladimki, “senga yarashmas ekan”, deb koyib beradi. Balki tirsagimdan chimitlar, kuragimga urar, nari borsa yuzimga shapaloq tortar (ayabroq). Zinhor ortigʻi emas. Qoʻlidan nimayam kelardi yana?

– Endi oʻzingdan koʻ-oʻ-oʻr!

Ortga oʻgirilganimni bilaman, mushtday kesak boshimga botdi-yu, sachrab ketdi. Manglayim jimirlab, qulogʻim shangʻilladi. Qosh-koʻzim achishdi. Bu haqda hech kimga miq etmadim. Oʻzingiz oʻylang, anuv Zilol yordi boshimni desam, “yuribsan-da qiz boladan tayoq yeb” deyishmaydimi? Ustimdan kulishmaydimi? Koʻrsatkich barmogʻini niqtab, uzoqdan boʻlsa ham mazax qilishmaydimi? Hali onam nima deydi bunga?! Akalarim-chi? Opamlar-chi? Buniyam qoʻyaturing…

 

Oʻrdakchi momo nima deydi?

 

Kesak tekkan bosh bilan oʻrdakchi momoning necha pullik ishi bor? Onamning yoki otamning onasi boʻlganida ham, tushunardim. Qulogʻimdan choʻzay desa, u kishi mening momom emas. Qolaversa, momomning oʻrdaklari yoʻq. Unda momo senga kim boʻladi, eslab qolibsan, dersiz. Rostdan ham, oʻrdakchi momo menga kim boʻladi oʻzi?

 

***

Yigirma yilcha ilgari.

– Oyogʻim ogʻriyapti, bosgin! – dedi momom.

– Qoʻllarim bilan…

– Qoʻllaringning kuchi yoʻq, oyogʻing bilan chiq, – dedi. Momomning oyoqlarida uch-toʻrt lapanglagan boʻldim-da, soʻrab ham oʻtirmay kravatdan polga sakradim. Indamadi. Kulimsirab bosh chayqadi. Soʻngra hassasini devorga bemador taqab, teparoqdagi chiroq yoqqichga bir-ikki marta tirkadi. Uchinchi yo toʻrtinchisida oʻxshadi, chamasi, chiroq oʻchdi. Televizordan taralayotgan nurni hisobga olmaganda, momomning xonasida har oqshom ana shunday hukm oʻqilardi – qorongʻulik. Kravatning gʻichir-gʻichiridan payqadimki, orqada momom tizzalarini qoʻllari bilan siqib, ogʻriq zoʻridan mushtumlab oʻtiribdi.

 “Oddiy Mariya”. Yettinchi qism. Yetti safardan beri qoʻshigʻi tilimga koʻchgan. Kamiga momomning iltimosini rad etib, Mariyaning endigi taqdiri nima boʻlarkin, degan oʻyda televizorga kirib ketgudek boʻlib voqealar rivojini kuzatib yotibman. Sizga yolgʻon, menga chin, muzday bir narsa oʻng qoʻlimga tegibdiyam, sezmabman.  

Serial tugadi. Momom yotgan joyida hassasini chiroq yoqqichga uch-toʻrt marta tirkab, oʻshancha toʻqillatib, biri tegib – biri tegmay, chiroqni yoqdi. Oʻrnimdan qoʻzgʻaldim. Ana shunda kaftimda kulcha boʻlib oʻralib yotgan ilon bolasini koʻrdim-u, jonim chiqib ketdi. Chiyilladim. Qoʻlimdan otib yubordim. Diydori oʻchgur, havoda bir soniya buralib uchdi-da, momomning etagiga tushdi. Momom kravatdan sakrab turib etagini silkitdi:

– Chiyillamay oʻl, oʻtakamni yording! – yoqasi ichiga tuftufladi. Ilon bolasi polga silliqqina tushib, sudralib kravat tagida gʻoyib boʻldi. Momom yarim engashib, choʻltoq supurgini kravat tagiga suqdi. Ikki bor yugurtdi. Ikkinchi martasiga ilib chiqdi. Boyagi holat yodimga tushib seskandim. Junjukdim. Rangim oʻchdi. Yigʻlashdan beri boʻldim.

– Hiq-qil-la-ma! Toʻxtat yigʻini! Oʻgʻil bolayam yigʻlaydimi? Vahimangga oʻlay! Shunga shunchami? – momom pinagini ham buzmay, ilonchani hokandozga supurib, derazadan tashqariga otdi.

Uyqu oldidan yodimga tushdi: oʻtgan gal rus tilichimiz aftini bujmaytirib: “Sheʼrni yodlamay kelganlar oʻzidan oʻpkalasin, darsga qoʻymayman”, degandi. “Shagane” sumkamga qanday solingan boʻlsa, shundayligicha turibdi.

 

***

Yillar oʻtdi. 

Keyin bolalik.

Momom ham.

Oʻshanda tong edi. Havo dim edi. Uyquli koʻzlarim bilan supaning hali quyosh nuri tushmagan – soya joyini axtardim. Yotgan holatimda siljidim. Ammo quyosh koʻchib, yana koʻchib, tagʻin koʻchib, surilib boraverdim. Axiyri yotgulik joy ham qolmagach:

– Tur endi, – onam chelaklarni bir-biriga taraq-turuqlatib, boshlarida roʻmoli yalt-yult, supa yonidan oʻtib borardi. – Otaniyoz kalni qizlari qachon turganini bilasanmi? Sigirlarini sovub, dalaga boylab, har biri ikki bov oʻt oʻrib, valsapitina yuklab, uyinda choyini ichib oʻtiribdi.

Otaniyoz kalning qizlari bor boʻlsin! Mehnatda pishgan, ishdan qochmaydi. Lekin hech tushunmayman, ularning menga nima daxli bor: erta uygʻonmasang ham, biror ishni koʻngildagiday bajarmasang ham – Otaniyoz kalning qizlari… 

– Voy… Voy oyogʻing singur, qush boʻlmay har balo boʻl! – onamning ovoziga supadan hovliqib tushsam, yerda yotgan roʻmolini olib endi silkiyotgan ekan.

– Nichcha aytdim, shu roʻmolni boylamang, boylamang shu roʻmolni deb. Boshqa roʻmolingiz yoʻq boʻsayam bir gap idi, – hali uyqum ochilmaganidan ohangim doʻrillab chiqdi, xuddi oʻdagʻaylayotganday. – Biror marta koʻrdingizma, singlima yo biyimlarga otildimi shu mayna? Tegdimi shu qush? Faqat siza yopishadi, faqat sizi tortqiliydi. Hammasi iyshu yaltiroq roʻmolni boylab yurganiyizdan!

Maynaning yaltir-yultir narsalarga oʻchligi nechogʻlik haqiqat ekani menga gumon, ammo oʻsha roʻmolning onamga jonday aziz ekaniga shubham yoʻq edi. Momom tikib bergan uni. Ertaroq yodimga kelganida “shu roʻmolni boylamang” deyish uyoqda tursin, miq etmasdim.

Onam indamadi. Bir ogʻiz ham gapirmadi. Agʻanab yotgan chelakni oldi-yu, yonginamdan maʼsum oʻtdi. Oʻtib ulgurmovdi, aslida. Bir ari uchib kelib, tomogʻimga qoʻndi. Jizillatib chaqdi. “Voh!” deb yubordim. Onam tomogʻimda yopishib turgan arini koʻrdi-yu, qoʻllari bilan yulib oldi. Otib yubordi.

– Ogʻrimadimi, bolam?

 

***  

Bir gal…

Oyogʻimdan boshimga qadar qip-qizil aftoda: qizil qoʻlqop, qizil etik, qalpogʻim qizil, yelkamga ilib olgan qopcham ham, poʻstin qizil, xullas – qip-qizil… Bayramga oshiqdim. Uydan yiroqlab ulgurganimda…

– Shoshmang, Qorbobo! – oʻtkinchi ovoz yoʻldan qaytardi. Tanish ohang. Eshitganman uni. Oldin ham tinglaganman. Qayrildim. Ellik qadamcha narida – quyuq tuman ortida qoramtir sharpa kutib turardi. Tumanni har qadam kesganim sayin bu sharpa men tanigan va hurmat qilgan bir qizga aylanib borar, eslashga urindim: Zumradmi? Yoʻq, uning ovozi bunchalar dagʻal emas, yana boʻylari uzun. Gulasalmikin? Yoʻgʻ-a, jurʼati yetmaydi uning. Toʻxtatishga yuragi dov bermaydi. Demak, u ham emas.

Tuman tobora ciyraklashdi.

Tarqadi.

Tanidim.

Axir bu… Zilol!

Zilol bu!

Oʻsha – boshimni yorgan qiz! Jin ursin, boshqa kimning ham jurʼati yetardi.

 – Bolam uchuvchi boʻlami deyman, – samolyot suvrati tushirilgan qutini qopga soldi u.

Men ekanimni bilmay yoʻl boshladi. Kirdim. Bolakayni oʻzimga chorladim. Kelmadi. Yugurib borib kengkoʻylak onasi – Zilolning etagiga berkindi. Oyoqlaridan quchib oldi. Erkalandi. Suykaldi. Yoʻqsa sovgʻa bermasligimni eshitgach, etak ortidan zimdan moʻraladi. “Qoybobomiz oppoq”, deb boshlab qoldi.

Tilingga shakar! Xotiramda xiralashib borar tasvirlar gʻira-shira boʻlsa-da, esga keldi: loysuvoq uy, uy oldida shoxlari tarvaqaylab ketgan gujum, gujumga boylangan savat, savatdagi olmalar, kulcha nonlar, jussasi qartaygan momom, bellari bukchaygan bobom, yana… “maktabga kech qolamiz”, deb tong sahardan eshigimiz tagida kutib turuvchi Zilol!

Beixtiyor boshimni ushladim. Ho-ov paytdagi – kesak tekkandagi ogʻriq qaytalandi. Tavba, manglayim jimirladi. Qosh-koʻzim achishdi.

 

***

Oʻrdakchi momoni tanimadingiz-a? Bilsangiz, Ovroʻpa tomonlarda uning dovrugʻi baland. Ayniqsa, u toʻqigan misralar el orasida “Oʻrdakchi momo qofiyalari” nomi bilan maʼlum va mashhur. Bordi-yu oʻqigan yoki eshitgan boʻlsangiz, jahon folklorida “canard” degan atama bor. Lugʻaviy maʼnosi –  “oʻrdak”. Mohiyatan esa “yolgʻon xabar” birikmasiga toʻgʻri keladi. “Maqola boshidan bizni laqqa tushirib, allaqanday yolgʻon-yashiqlarga chirmab oʻtirgan ekansan-da”, deyishga shoshilmang. Oʻrdakchi momoni ham yolgʻon xabar tashuvchiga chiqarib qoʻymang. Axir oʻz xalqini dushmanlar zulmidan, urushning ayovsiz vahshatlaridan ogoh etib (deylik, oʻsha xabar aslida yolgʻon), sergaklikka chorlab turmaganida nimalar yuz berishi mumkinligi haqida oʻylab koʻrdingizmi hech? Ne boʻlgandayam, oʻrdakchi momo – xalqning momosi! Qofiyalari ham aynan oʻziniki emas, xalqniki:

Mix yoʻq edi –

Taqa

Yoʻqoldi.

Taqa tushib

Ot

Oqsab qoldi.

Ot oqsadi –

Sardor

Oʻq yedi.

Sardor oʻldi

Qoʻshin

Yengildi.

Yov shaharga kirdi,

Qildi xoʻb qirgʻin.

Nega?

Taqachida mix yoʻqligi uchun.

Momoni endiyam tanimadingizmi? Uni bir gala oʻrdaklarni haydab, etak-etak don sepib yuruvchi kampir desangiz, haliyam tanimabsiz. Oʻrdakchi momo – sergaklik timsoli. Qofiyalari esa ana shu sergaklikdan unib chiqqan ezgu xabar, beminnat hosiladir. Ular aksar hollarda koʻzdan panada qoluvchi mayda narsalar aslida mayda emas, oʻta katta sababiyat ekanini uqtirib turuvchi ogohnoma misoli. Jahon folklori tarkibida “Oʻrdakchi momo qofiyalari”ga yaqin  oʻzga qofiyalar, oʻzga naqllar koʻplab topiladi. Masalan, Ozarbayjon xalq maqollaridan birida bunday deyiladi:

Mix taqani asraydi, taqa – otni, ot – mardni, mard – Vatanni!

 

***

Oddiydan murakkabga oʻsib borgani sayin masalaning zalvori oshadi. Yuki ogʻirlashadi. Harchand oshmasin yoki ogʻirlashmasin, yechimi yengillashadi (butun boshli qoʻshinning yengilishiga, shahar aholisining ayovsiz qirgʻin boʻlishiga taqachida mixning yoʻqligi sabab boʻlgani kabi). Demak, hech bir voqelik besabab roʻy bermaydi – xoh u bitta shaxsga daxldor boʻlsin, xoh umumga. Yakka shaxsning boshidan oʻtganlari umumniki oldida koʻz ilgʻamas zarradek bir gap.

Endi oʻzingiz ayting, oʻsha tumanli oqshomda odatdagi ust-boshda yoʻlga chiqsam, Zilol meni toʻxtatarmidi?

Yoʻq!

Toʻxtatmaganida uni koʻrmagan, uni koʻrmaganimda oʻgʻlini ham tanimagan, oʻgʻlini tanimaganimda undan sheʼr eshitmagan va sheʼr eshitmaganimda esdan chiqayozgan xotiralar esga kelmagan, esga kelmaganida boshginamda sachrab ketgan kesak taʼmini, ehtimol, qayta tuymasdim.

Yoki oʻshanda momomning oyoqlari ogʻrimaganida, bilaklarimning kuchi boʻlganida, serial koʻrishga oshiqib polga sakrarmidim?

Yoʻq!

Sakramaganimda oʻsha joyda yotmagan, yotmaganimda turqi sovuq ilon kaftimga oʻralmagan, men ham uni kaftimda koʻrmagan, koʻrmaganimda otib yubormagan, otib yubormaganimda momomning etagiga tushmagan… “Shagane” sumkamda qolib ketmagan boʻlardi.

Oʻshanda onam boshqa roʻmol – yaltiroq emasini bogʻlab yurganida mayna uchib kelib roʻmolidan tortqilamagan, tabiiyki, tortqilamaganida onam oʻz ishiga ovunib hamon suv sepayotgan, “voy… voy oyogʻing singur” demagan, men ham oʻrnimdan hovliqib turmagan, roʻmol masalasini oʻylab topmagan, doʻrillamagan… ari ham tomogʻimdan jizillatib chaqmagan boʻlardi!

Aslida, bularning barchasi yaxlit xotirot, uzviy oʻylar, halqalangan sabablar. Ularning keyingisi oʻzidan avvalgisiga daxldor, oʻsuvchan vajlardir. Birinchisi boʻlmasa, ikkinchisi ham yuz bermaydi. Bu singari sabablarning borgan sari kattarishi oʻz-oʻzidan mantiqli. Gohida xatarli ham. Eslang:

Yov shaharga kirdi,

Qildi xoʻb qirgʻin.

Nega?

Taqachida mix yoʻqligi uchun.

 

 

Akmal Murod

 

 “Hurriyat” gazetasi,

2014 yil 4 iyun

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ordakchi-momo-nima-deydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x