Bolalik davrimni eslayman. Yoshi ulugʻ kishilar: “Televizor degan “balo” chiqdi-yu, bolalar kitob oʻqishga qiziqmay qoʻyishdi”, deyishardi. Endi esa biz – ulugʻ yoshga yetganlar: “Qoʻl telefoni, kompyuter degan “balolarning balosi” chiqdiki, bolalarning ongi zaharlana boshladi”, demoqdamiz.
Bu ikki avlodning fikri qanchalik haqiqatga yaqin? Shu haqda mushohada yuritsak.
Aytaylik, xiyobonda ikki yosh oʻtiribdi. Birining qoʻlida kitob, ikkinchisinikida esa uyali telefon. Ularni kuzating. Koʻnglingizda ikkalasiga nisbatan ikki xil fikr paydo boʻladi. Deylik, telefon tutgan bola ham balki kitob oʻqiyotgandir. Biroq ishonch bilan aytamanki, qoʻlida kitobi borga boshqacha mehr bilan qaraymiz. Koʻp hollarda yoshlar qoʻl telefonidan “shpargalka” oʻrnida foydalanishadi va uni imtihonda yordam beruvchi “najotkor”i deya ehtiyotlab olib yurishadi. Bunda hech qanday mutolaa yoʻq. Hatto imtihondan chiqqach, ayrimlari berilgan savolni ham, yozgan javoblarini ham eslay olishmaydi.
“Sotka” haqiqatan ham yomon narsami? Bunga “ha” deb javob berish notoʻgʻri. Sababi, undan foydalanish madaniyati yetarli emas.
Kitob va uning mutolaasi haqida ulugʻ kishilarning fikrlari nihoyatda koʻp. Hamma narsaning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari boʻlganidek, barcha kitoblarni oʻqiyverishlik foydali emas. Ayniqsa, hozir “sariq” matbuotning urchib ketganligini hisobga olsak, oʻqiydigan kitoblarni tanlay bilish zarur. Zero, sizni oʻylashga, teran fikr yuritishingizga majbur etadigan kitoblar eng foydali va oʻqimishlidir.
Kitob oʻqiganda yoki unga boqqanda bor eʼtibor bitta yoʻnalishga qaratiladi. Kitobni qoʻlda tutib turishingizning oʻzi sizga qandaydir masʼuliyat yuklagandek boʻladi. Uni oʻqishda sizga aks nur bermaydi. Koʻz nurimiz kitobga singib, undagi maʼlumot goʻyoki qalbingizga singgandek boʻladi. Bu hissiyot, sezish bilan bogʻliq narsa.
Ayrimlar esa qoʻl telefonida kitob oʻqishni qulay deb hisoblaydi. Aslida telefon ekrani koʻz nurini oladi, inson sogʻligʻiga ziyon yetkazadi.
Menimcha, biz bir-birimizga, yaqin-birodarlarimizga kitob sovgʻa qilishni odat qilsak, yuqorida tilga olingan muammo tezroq bartaraf etilardi.
Ahmad ELMURODOV,
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti dotsenti
https://saviya.uz/hayot/nigoh/oqish-boshqa-mutolaa-zavqi-butunlay-ozgacha/