Oʻqish bepul universitetlar – Deep Springs kolleji

Oʻqish bepul universitetlar – Deep Springs kolleji (AQSH)
Maqola 2022-yil iyul oyidagi maʼlumotlar asosida yangilangan.
AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan Deep Springs kolleji 1917-yilda tashkil topgan boʻlib, AQSHdagi eng kichik oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Ushbu kollej har yili oʻrtacha 14 nafar talabani oʻqishga qabul qiladi.
Oliygohga qabul qilinganlarning barchasi avtomatik ravishda 50 ming AQSH dollaridan koʻproq boʻlgan moddiy yordam bilan taʼminlanadi va bu mablagʻ taʼlim haqi, turar joy va oziq-ovqat xarajatlarini toʻliq qoplash uchun yetarli.
Biroq qabul qilinganlardan oʻz kitoblari, tibbiy sugʻurta, safar xarajatlari va shu kabi boshqa xarajatlarning taʼminoti uchun maʼlum summada depozit qoʻyish talab etiladi. Agar talaba iqtisodiy jihatdan depozitni qoʻyishga qodir boʻlmasa, depozit summasi ham universitet tomonidan qoplanishi mumkin.
Ushbu oliygohga faqatgina bakalavr bosqichida oʻqishni xohlovchilar topshirishi mumkin, magistratura bosqichi mavjud emas.
Bu oliygohda oʻqish majburiy boʻlgan 3 ta kurs mavjud boʻlib, ular quyidagilar:
  • Yozgi seminar
  • Yozish kursi
  • Omma oldida nutq soʻzlash
Ushbu majburiy kurslar haqida batafsil BU YERDA tanishing.
Oʻqish davomida boshqa qanday kurslarni oʻqishni talabaning oʻzi tanlaydi. Kollejda oʻqish uchun ixtiyoriy tanlash mumkin boʻlgan gumanitar fanlar, ijtimoiy fanlar va tabiiy fanlar boʻyicha kurslar taklif etiladi.
Asosiy talablar quyidagilardan iborat:
– Nomzod ingliz tilini bilish darajasini isbotlovchi sertifikatga ega boʻlishi lozim (kamida IELTS 6.0 ball yoki shunga teng boshqa xalqaro til sertifikati).
– Nomzod ushbu oliygohga qabul qilinishi uchun avval bakalavriatni bitirmagan boʻlishi lozim. Bakalavriat bosqichida oʻqiyotganlar (hali bitirmaganlar) ham hujjat topshira oladi. Biroq ular qabul qilinsa, 1-kursdan oʻqishni boshlashadi.
– Nomzod ariza topshirish muhlati tugaguncha 23 yoshdan katta boʻlmasligi kerak.
– Istalgan davlat fuqarolari hujjat topshirishi mumkin. Shuningdek, hujjat topshirishda millat, jins, ijtimoiy kelib chiqishga oid cheklovlar ham mavjud emas.
Talablar haqida batafsil SHU YERDA tanishing.
Hujjatlarni qabul qilish odatda har yili oktabr oyida boshlanib, noyabr oyining birinchi 10 kunligida yakunlanadi. Hujjatlar onlayn tarzda topshiriladi.
Hujjat topshirish 2 bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqichda nomzodlardan bir nechta insho yozib topshirish soʻraladi. 2-bosqichga oʻtganlardan esa yana bir insho, tavsiyanomalar, baholarni topshirish soʻraladi. Shuningdek, 2-bosqichga oʻtganlar Deep Springs kollejiga tashrif buyurishi, talabalar bilan biroz muddat ishlashi va darslarda qatnashib koʻrishi kerak. Yakunda ulardan intervyu olinadi va shu intervyudan muvaffaqiyatli oʻtganlar kollejga qabul qilinadi.
Kollejga boruvchilarning barchasi COVID-19 ga qarshi toʻliq emlangan boʻlishi kerak. Agar nomzod emlanmaganboʻlsa yoki boshqa biror sababga koʻra, kollejga borish nomzod uchun noqulay boʻlsa, onlayn tarzda intervyu olinadi.
Qabul jarayoni bilan BU YERDA batafsilroq maʼlumot olishingiz mumkin.
Ushbu oliygohning yana muhim jihati mavjud: oʻqish faqat 2 yil davom etadi va mazkur oliygohda oʻqishni bitirganlar bakalarvlik diplomini olish uchun boshqa bir oliygohda oʻqishni davom ettirishi lozim. Oʻqishni koʻchirishda kollejning oʻzi talabaga bevosita yordam koʻrsatadi (maslahat va yoʻl-yoʻriqlar beriladi).
Deep Springs kollejidagi oʻqishni bitirganlar bakalavrlik diplomini olish uchun Yale, Brown, Stanford, UC Berkeley, University of Chicago va shu kabi boshqa oliygohlarda oʻqishini davom ettirgan.
Oliygohda oʻqish bevosita ranchoda amaliy ish mashgʻulotlari bilan birga olib boriladi. Bunda har bir talaba haftasiga kamida 20 soat ishlaydi. Ushbu jarayonda talabalar turli uy hayvonlariga (qoramol, ot va h.k.) qarashni, traktor, yuk mashinasi va shu kabi dalaga ishlov berish mashinalarini haydash va boshqarishni, ferma ishlarini yuritish, ferma mahsulotlarini yetishtirish kabilarni oʻrganadi.
Deep Springs kollejidagi oʻqish jarayoni talabalarni amaliy hayotga tayyorlash, oʻz-oʻzini boshqarishga oʻrgatish kabilarga asoslangan.
MANA BU YERDA koʻp beriluvchi savollar va ularga javoblar bilan tanishishingiz mumkin. BU YERDA esa kollej prezidentining boʻlajak talabalarga maktubini oʻqishingiz mumkin.
manba:grantlar.uz
0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x