Vatan tuygʻusi haqida
Vatan. Vatan tuygʻusi. Vatan muhabbati. Nimadir bular? Bular qanday sehrli qudratki, hali voyaga yetmagan, dunyo koʻrmagan, turmushning past-balandlaridan bexabar, oʻyinu shoʻxliklardan oʻzga dardi yoʻq bir oʻsmirning yuragiga jo boʻlib olib, butun umr uning xatti-harakatini, yurish-turishini boshqarib turadi. Bu tuygʻu inson farzandida tugʻma boʻlarmikin? Yoki goʻdak tamshana-tamshana onasini emganida, ona suti bilan birga bu tuygʻu uning ham tomirlariga yugurarmikin? Umuman, “Vatan” deganning oʻzi nadir? Tugʻilib oʻsgan uyingmi? Beshikda qulogʻingga kirgan mungli va ayni chogʻda nurli allami? Buvingning ertaklarimi? Maktabmi? Ilk bor visol onlariga guvoh boʻlgan soʻlim xiyobonlarmi? Albatta, bularning hammasi va yana allaqancha narsalar birlashib, “Vatan” degan narsaning soʻnmas timsolini yaratsa kerak. Va yana oʻylaymanki, bolaning murgʻak qalbidagi ilk bor paydo boʻlgan Vatan timsoli har qancha yorqin boʻlmasin, hali oʻzining shaklu shamoyilini toʻla topib ulgurmagan boʻladi. Vatan tuygʻusi insonning oʻzi bilan birga oʻsib-ulgʻayadigan tuygʻu boʻlar ekan. Tajribangiz ortgani sari, hayot doshqozonida qaynab pisha borganingiz sari Vatan degan narsani chuqurroq qadrlaydigan boʻlib qolasiz, Vatan haqidagi tasavvuringiz toʻlishib, kengayib, boyib boradi. Vatan tuygʻusi butun vujudingizni qamrab oladi, har bir hujayrangizga tomir yozadi. Siz endi anglay boshlaysizki, Vatan nafaqat joʻshqin yoshlik damlari bilan bogʻliq soʻlim maskandir. Inson ham niholday gap – uni undirib oʻstiradigan ona zamin bor, quyosh, suv, havo uni oʻz neʼmatlaridan bahramand qiladi. Shuning uchun bularning bari inson uchun aziz va ardoqli.
* * *
…”Vatan” tushunchasi muayyan joʻgʻrofiy hududnigina qamrab olmaydi, balki uning tarkibiga butun jamiyat, uning kechagi kuni, buguni va ertasi ham kiradi. Shuning uchun men “oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan” deya bot-bot takrorlaganimda bilamanki, men vatanimga kerakman. Kimligimdan, yoshu qariligimdan, kasbu korimdan qatʼi nazar. Bilamanki, mensiz Vatanimning nimasidir kemtik, notoʻkis boʻlib qoladi. Ayni choqda shuni ham bilamanki, Vatanim menga koʻproq kerak. Vatan mensiz yashashi mumkin, lekin men vatansiz yashayolmayman!
* * *
Yaratganga beadad shukronalar qilaman, baʼzan esa Vatanning menga koʻrsatgan behisob inoyatlariga, elu yurt ardogʻiga munosib javob bera olayotganim yoʻq, Vatan oldidagi farzandlik burchimni toʻla oʻtayolmayapman deb oʻkinib qoʻyaman. Bu oʻkinch meni koʻp narsalar toʻgʻrisida oʻylashga undaydi. Axir, bu beqiyos goʻzal Vatan Allohning el qatori menga ham atagan buyuk tuhfasi. Mendan avval oʻtgan avlod-ajdodlarim uni jamiki betakror jozibasi bilan, tuganmas xazinalari bilan menga meros qoldirgan. Xoʻsh, nima qilmoq kerak? Tekin meros ekan deb uning boyliklarini bir chekkadan sovuraverishim kerakmi? Axir, yotib yesa togʻ chidamas ekan. Yoʻq, orqa-oldimizga qaramay sovurish yoʻlini tutadigan boʻlsak, bu goʻzal oʻlka uch-toʻrtta avlodning umri oʻtmasdanoq odam yursa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuyadigan dashtu biyobonga aylanadi-yu, biz hammamiz kelajak avlodlarning qargʻishiga uchraymiz. Baxtimizga, oʻtgan avlod-ajdodlarimiz bizga Vatanni meros qilibgina qoldirgan emaslar, balki bu Vatanni chin yurakdan sevishni, unga fidokorlik bilan xizmat qilishni, uning husniga husn, boyligiga boylik qoʻshishni ham meros qoldirishgan. Vatanni sevmoq imondandir, deb taʼlim berishgan ular. Demak, har bir odam uchun Vatanni sevish ham farz, ham qarz.
* * *
Vatanni sevish va, ayniqsa, bu sevgini amalda namoyon qilish unchalik oson ish emas. Bu odamdan juda katta jasoratni, bardoshni, chidamni talab qiladi. Qizigʻi shundaki, Vatan oʻz farzandlaridan har oyda, har haftada, har soat, har soniyada jon fido qilishni talab qilmaydi. Vatan yoʻlida sodir boʻladigan bunday fidokorlik eng yuksak, eng oliy fidokorlik boʻlib, u favqulodda hollarda roʻy beradi. Lekin Vatan sevgisi odamdan bir qarashda mahobatli koʻrinmaydigan, insonning oddiy faoliyatidan kam farq qiladigan, aslida esa juda mashaqqatli mehnatdan iborat boʻlgan kundalik jasoratni talab qiladi.
* * *
Vatanga muhabbatingizni amalda namoyon qilmoq uchun falon qiling, piston qiling deb koʻrsatma berolmayman. Hayotning oʻzida siz qilishingiz mumkin boʻlgan yumushlar oyoq ostidan chiqib qoladi. Hozir oʻzi turgan joyda obodonchilik ishlariga yordam berayotgan, maktablarga, bolalar bogʻchalariga koʻmaklashayotgan, ijodkorlarning kitoblarini chop ettirishga madadlashayotgan, qoʻli qisqaroq oilalarga bolalarning toʻylarini oʻtkazib berayotgan va yana qanchadan-qancha saxovatpesha ishlarni qilayotgan odamlar haqidagi xabarlar koʻpayib qoldi. Bularning bari elu yurt ravnaqi yoʻlida qilinayotgan savob ishlardir. Agar bordi-yu, bunaqa ishlarga ham qurbingiz yetmasa, hechqisi yoʻq, oʻkinmang – jilla boʻlmasa, toʻrt-besh tup daraxt eking, hovlingiz atrofini obod qiling, loaqal, eshigingiz tagiga bir tup qirqogʻayni ekingki, oʻtgan-ketganlar yashnagan gullarni koʻrib, ichlarida “barakalla” deyishsin. Bunday ishlar ham yurtimizning husniga husn, chiroyiga chiroy qoʻshadi-ku.
* * *
Odam ota-onasini tanlayolmaganidek, Vatanni ham tanlayolmaydi. Albatta, Alloh odamga Vatanni muzliklardan ham, sahrolardan ham, changalzorlardan ham ato etishi mumkin. Lekin siz bilan bizga Alloh Oʻzbekiston deb atalgan, tuprogʻida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, togʻ desa togʻi bor, bogʻ desa bogʻi bor, har tongda bulbullar madhini oʻqib tamom qilolmaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun oʻzimizni BAXTLI deb bilmogʻimiz kerak. Prezidentimiz aytganiday, shukronalar bilan yashamogʻimiz kerak. Vatan bizga ato etilgan ulugʻ neʼmat ekan, Vatanga muhabbat ham har birimizga berilgan ulugʻ neʼmatdir.
Ozod ShARAFIDDINOV,
Oʻzbekiston Qahramoni
“OʻzAS”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/olsam-ayrilmasman-quchoqlaringdan/