OLIMNI YIGʻLATGAN MAKTUB
Bolakayga maktabdan oʻqituvchisi xat berib yubordi. Onasi maktubni ovoz chiqarib oʻqib berdi:
“Muhtarama… xonim, sizning oʻgʻlingiz daho! Bizning uni oʻqitish uchun bilim va tajribamiz yetarli emas. Sizga oʻgʻlingizni nufuzliroq maktablarda va bilimliroq oʻqituvchilar qoʻlida oʻqitishni tavsiya qilamiz. Oʻgʻlingiz kelajakda, albatta, buyuk odam boʻlib yetishadi”.
Xatni oʻqib boʻlgach, ona oʻgʻlini quchoqlagancha yum-yum yigʻladi.
Oradan yillar oʻtib, bolakay ulgʻayib, ellikni qoralaganda onasi olamdan oʻtdi. Ruhan ezilgan, hayotning nogahoniy zarbasi qarshisida dovdiragan siniq bir kayfiyatda onasidan qolgan sanoqligina buyumlarga koʻz yugurtirdi. Daʼfatan sargʻayib, chetlari biroz idragan qogʻozga koʻzi tushdi. Ochdi. Bu oʻsha bir paytlar oʻqituvchisining onasiga yoʻllagan maktubi edi. Oʻqish jarayonida xatning oxirgi satrlari uning koʻz yoshlari bilan namlandi. Unda shunday soʻzlar yozilgandi:
“Muhtarama… xonim, sizning oʻgʻlingiz oʻta nodon, oʻzlashtirishi gʻoyat achinarli. Bu boshqa oʻquvchilarning bilim olishiga oʻz taʼsirini oʻtkazishidan maktab maʼmuriyati xavotirda. Vaqt borida boshqa maktab va boshqa oʻqituvchi toping, tokim uning oʻzlashtirishi maktabimiz yuziga dogʻ boʻlib tushmasin. Kafolat beramanki, oʻgʻlingiz kelajakda hech narsaga yaramaydigan noʻnoq boʻlib yetishadi”.
Oradan yillar oʻtib, oʻsha xatni oʻqib, koʻz yoshlariga gʻarq boʻlgan “bolakay” mashhur olim Tomas Edison edi…
Bolaligimda “dunyo sovxoz idorasining orqasida tugaydi” degan gʻoʻr tushuncha bilan yashardim…
4-sinfda oʻqiyotganimizda tuman maorif boʻlimidan komissiya keldi. “Komissiya bovalar” tashrifidan oldin “bilmasvoy”lar orqa partalarga, bilagʻonlar old partalarga joylashtirildi. Kimga qanday savol berilishi-yu, qanday biyron javob berish kerakligi obdon oʻrgatildi. Men ham bilagʻonlar safida jon-jahdim bilan, tirishib-tirmashib harakat qildim. Axir, komissiya bizning sinfni “zoʻr” deb ketsa, qanday yaxshi. Oʻshanda jinday ulgʻaygan shuurimda “dunyoning hamma ishida oldindan rejalashtirilgan tartib bor”, degan musaffo tushuncha shakllangan edi…
Dunyo esa sovxoz idorasining orqasida tugamas, hamma ishda ham tartib boʻlavermas ekan…
JAYDARI FALSAFA
Men keyinchalik ovozim doʻrillab, moʻylabim sabza urganda qancha dunyolarni kashf qildim va tartibsizliklarga guvoh boʻldim. Biroq oʻjar Arximedday tayanch nuqtasini topib, yer sharini joyidan qoʻzgʻatishga oʻxshash urinishlarim ham abas ketdi.
Saksonni qoralagan otam bir gapni doim taʼkidlaydilar: “Oʻgʻlim, bolangga yaxshi narsalarni oʻrgataver, yomonini hayotning oʻzi oʻrgatib qoʻyadi”. Soqoli oqargan otamning bu “jaydari falsafa”siga yaqin-yaqingacha kinoyaomuz qarardim. Inson – hayot ummoniga irgʻitilgan noʻnoq suzuvchi. Yo ummonni mahv etadi yoki dolgʻalarga dosh berolmay suv tubiga gʻarq boʻladi. “Faylasuf otam” shuni nazarda tutdimikan?
Yashayversang, oʻqiyversang, koʻp narsani koʻrar, bilar ekansan.
Frantsuz klassigi Prosper Merime atoqli vatandoshi Gi de Mopassan haqida shunday yozadi:
“Frantsiyaning chekka provintsiyalaridan yoshgina qizaloq, Mopassan asarlarini oʻqib, adibni gʻoyibona sevib qoladi. Mopassan bilan koʻrishmoq istagida yongan qizaloq orzu ogʻushida ishqdan qanot bogʻlab Parijga uchadi. Istak shu darajada kuchli edi-ki, u daryodan olib oʻtib qoʻyishni va Mopassan bilan tanishtirishni vaʼda qilgan qayiqchiga oʻz borligʻini tortiq qilishga ham rozi boʻladi. Axir, u kimsan Mopassan bilan tanishadi-ku! Kelishuvga binoan “ishq lahza”laridan bahramand boʻlgan qayiqchi “asl qiyofa”sini namoyon qiladi. U umrining soʻnggi lahzalarida savdoyiroq boʻlib qolgan Mopassanning oʻzi edi”.
Janob Merimening ushbu asaridan soʻng ham Mopassan asarlari hamon sevib mutolaa qilinmoqda.
Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni” asarida yozilishicha, Goa oromini zabt etmoqchi, shu bilan birga, Akbarshoh davlatini ichdan yemirmoqchi boʻlgan portugallar Albert Pereyroni Boburiylar saroyiga yoʻllashadi. Pereyro oʻz ismini Alibekka oʻzgartirib, hatto islom dinini qabul qiladi va shahzoda Salimning eng ishonchli odamiga aylanadi. Pirovardida portugallar oʻz siyosiy maqsadlariga yetadilar. Hindiston ichidan yemirila boshlaydi.
Yolgʻon oiladan bir yoki bir necha shaxs vositasida jahon sahnasiga koʻchadi.
DIPLOMATIYa VA XANJAR
Sobiq AQSH prezidenti Ruzvelt diplomatiya haqida shunday fikr bildirgan edi: “Diplomatiya – tabassum ila kurakka xanjar sanchish sanʼatidir”. Ruzvelt boboning bu iqtibosi AQSHning hanuzgacha dunyoga hukmronlik qilish daʼvosida, qatʼiy pozitsiyasida aks etib kelmoqda. Tahlilchi yoki sharhlovchi emasman, lekin bir narsani aniq bilaman, ayni davrda koʻpgina mamlakatlarning allambalo bloklaru tashkilotlarga intilishi janob Ruzveltning chiroyligina yolgʻoni hosilasi hamdir.
Maktabda ilk geografiya darsida meni taajjublantirgan narsa geografik xarita boʻlgandi. Garchi geograflar yer sharini janubiy va shimoliy yarim sharlarga boʻlib tasvirlagan boʻlsalar-da, men bu tasvirni yillar oʻtib, aniqrogʻi yoshim qirqni qoralaganda, boshqacha “kashf” qildim. “Kashfiyotim”da xaritadagi ikki pallaga boʻlingan yer shari tasviri ostida tarozi bor edi… Taroziki dunyoni muvozanatda ushlab turuvchi, taroziki pallalardan birining dumalab ketmasligi uchun posangisi ortida dunyodagi tugamaydigan tartibsizliklar ham oʻziga xos vazifa bajaruvchi.
HIYLAYI ShAʼRIY
Rostgoʻylikka chorlab yozilgan kitoblar, hatto risolalarni ham qoʻshsak qanchalik ulkan “togʻ” paydo boʻlishini tasavvur qiling. Bu daʼvatda dinu shariatning salmoqli oʻrni bor. Shu oʻrinda yana ziddiyatga duch kelamiz. Shariatda orasi buzilgan odamlarni yarashtirib qoʻyish uchun yolgʻon ishlatish mumkin. Ehtimol, bu qarama-qarshilikmas, izndir? Izndir-ki, adib oʻafur oʻulom yozgan “Hiylayi shaʼriy”larga yoʻl ochib beruvchi.
Demak, yer shari borasida mening “kashfiyot”imda jon bor. Dunyo yaralibdiki, har bir holatning, har bir nafsning ziddi bor. Bir-biriga zid boʻlgan tushunchalar, nazariyalar yer sharini ikki pallasiga boʻlinib olib, tarozini muvozanatda ushlab turmasmikan?
Xoʻsh, yolgʻon faqat halokatga eltadimi? Tasavvur qiling. Yangi yil kechasi uyingizga Qorbobo tashrif buyurdi. Oʻsha-oʻsha qolipdagi jumlalar, yodaki replikalar hamda uning sovgʻa xaltasi bilan birga xonadoningizga oʻzgacha shukuh kiradi. Endi oʻylab koʻring: Qorbobo shartta kiyimlarini yechsa-yu, qoʻshningizmi, jiyaningizmi boʻlib chiqib, siz bilan oʻtirib choy ichsa. Ha-a! Hafsalangiz pir boʻldimi? Bolalaringiz koʻzidagi quvonchdan esa asar ham qolmaydi. Yolgʻon ishlatish kerakmas ekan, unda odamlar Qorboboni oʻylab topgan. Qorbobo qiyofasida hayotdan izlangan ovunch mujassam, xolos. Goʻdak ham biladi Qorbobo yolgʻon personajligini.
TANAZZUL VA TARAQQIYOT
Otam meni “uchirma” qilganda ham, hayot atalmish ummonning qirgʻoqlariga kelganimda ham, dunyoga boshqacha nazar tashlashni bilmasdim. Bir necha dolgʻalarga duch kelib, qirgʻoqdan ancha ichkarilaganimda esa dunyoning sovxoz idorasidan judayam-judayam narida tugashini, minglab, millionlab sovxoz idoralari jamlansa atigi birgina nuqtadek joy boʻlishini angladim. Betartibliklar esa dunyo ichra oʻrnatilgan tartiblar ekan.
Oradan qariyb qirq yil oʻtib uniqib ketgan maktubni topib yigʻlagan buyuk fizik Edisonga onasi bolalik chogʻida oʻqituvchisining xatidagi soʻzlarni roʻyirost oʻqib berganida ehtimol, dunyo buyuk olimning kashfiyotlaridan bebahra qolarmidi. Xoʻsh, Edison nega yigʻlagandi?
Balkim dolgʻayu poʻrtanalardan omon qolib, ummon uzra yongan mayoqqa birgina yolgʻon bilan yetib kelgani sababdir? Balki hayotda muqarrar adolat yoʻqligini anglaganidandir?
oʻoyalar oʻzgaraveradi, mafkuralar oʻzgaraveradi, biroq har ikki holda ham yolgʻonning muqarrarligi ayon. Insoniyat bor ekan, yolgʻon boʻladi. U nafaqat halokatga, baʼzida buyuk ishlarga ham qodir.
Abdumansur GʻAFFOROV,
jurnalist
https://saviya.uz/hayot/nigoh/oglim-bolangga-yaxshilikni-orgataver-yomonlikni-hayotning-ozi-orgatadi/