Oxirgi yillarda oʻgʻil bolalar orasida reproduktiv tizim tugʻma nuqsonlari bilan tugʻilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Buni qanday izohlash mumkin? Onaning homiladorlik davrida boshidan kechirgan kasalliklari taʼsiri, irsiy omillardan tashqari yana nimalarga eʼtibor berish kerak? Shu kabi savollarga quyidagi maqolani oʻqish orqali javob olishingiz mumkin.
Oʻgʻil bolalarning onalari uchun tashvishlanarli “signal”lar
- Bola tengdoshlariga nisbatan rivojlanishdan orqada qolsa. Buning uchun biologik yosh bilan bogʻliq suyak rivojlanishi tadqiq etilishi kerak. Suyak “yoshi” bolaning yoshidan 1,5-2 yilga farqqilishi mumkin, ammo u 3 yilga kechikishi endokrin tizim chuqur oʻrganilishini taqozo etadi.
- Bolaning ortiqcha semirishi ham unda gormonal oʻzgarishlar borligini bildiradi.
- Kriptorxizm — oʻgʻil bolalardagi tugʻma endokrin nosogʻlomlik boʻlib, bunda bir yoki ikkala tuxum moyak xaltasiga tushmay, qorin boʻshligʻida qolib ketadi.
- Jinsiy aʼzolarning yetarli rivojlanmasligi. Masalan, oʻsmir yigitcha 13 yoshga toʻlganida badanida tuk oʻsishi boshlansada, genitaliy sohasi yoshga muvofiq rivojlanmagani kuzatilsa, uni endokrinolog-shifokor huzuriga olib borish zarur.
- Jinsiy aʼzolarning erta rivojlanishi. Masalan, 7-9 yashar bolalarning genitaliy sohasi kattalarnikidek koʻrinishi bosh miyadagi oʻsmalardan darak berishi mumkin. Shuning uchun har yili oʻgʻil bolalarni urolog, endokrinolog shifokorlarga koʻrsatib turing.
Kimyoviy “hujum”
Butun dunyoda biz har kuni ishlatadigan kimyoviy birikmalarning bolalar salomatligiga taʼsiri qay darajada ekani koʻp bora tadqiq etilgan. Chunki bola organizmi rivojlanish bosqichida ekan, u kattalarga nisbatan koʻproq taʼsirchan boʻladi. Natijalar esa bola hali ona qornidayoq kimyoviy xurujlarga duchor boʻlayotganini koʻrsatmoqda. Qanday qilib?
Kundalik hayotimizda dastyor boʻlib qolgan plastik buyumlar va mahsulotlar hecham ziyon keltirmaydigandek. Ammo mahsulotlar, maishiy texnika, kosmetika kabilarni qadoqlash uchun ishlatiladigan plastikni ishlab chiqarishda VRA (A bisfenoli) deb nomlanadigan kimyoviy zararli moddalardan foydalaniladi. Xuddi ana shu modda oʻgʻil bolalardagi peshob chiqarish kanali va boshqa reproduktiv tizim aʼzolariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Keyinroq ulardagi urugʻ suyuqligi darajasi kamayishi, hatto xavfli oʻsmalar paydo boʻlishi ehtimolini kuchaytiradi. Buni bugungi dunyo tibbiy tajribasi tasdiqlab turibdi.
Gormonlarni nima oʻzgartiradi?
Organizmdagi hujayralarda gormonlarga taʼsirchan retseptorlar boʻladi. Zarur gormon ishlab chiqarilganda, hujayra unga maʼlum aniqlik bilan yondashadi. Masalan, estrogen gormoni ajralganida, hujayralarga ayollardagi jinsiy aʼzolar shakllana, hayz siklining boshqarila boshlagani haqida maʼlumot beradi. Androgenlar esa aksincha, erkaklarning reproduktiv tizimi shakllanishida ishtirok etadi. Biroq estrogen tarkibiga yaqin boʻlgan kimyoviy modda ana shu retseptorlarga zarur boʻlmagan miqdorda va bemavrid kelib tushsa, bu jinsiy aʼzolarning notoʻgʻri rivojlanishidan tortib bepushtlikkacha olib kelishi mumkin. Maʼlum boʻlishicha, oʻgʻil bolalar qizlarga nisbatan ana shu omillarga koʻproq taʼsirchan boʻladi. VRAdan tashqari shunday kimyoviy birikmalarga triklozan (dezodorant, tish pastasi, sovun ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan antibakterial vosita), atrazin (hasharotlarga qarshi gerbitsidga oid modda boʻlib, suvga tushganida xavf tugʻdiradi) ham kiradi. Bularning salbiy taʼsiri haqida yagona toʻxtamga kelinmagan boʻlsada, mutaxassislar iloji boʻlsa, bu moddalar taʼsirini kamaytiruvchi tadbirlarni amalga oshirish darkorligini taʼkidlashayapti.
VRA miqdorini kamaytiruvchi foydali mahsulotlar
- Mahsulotlarni mikrotoʻlqinli pechda isitadigan boʻlsangiz, ularni aslo plastik konteyner va plyonkalarga oʻramang.
- Butilka va soʻrgʻichlarning qutisiga “Tarkibida VRA yoʻq” deb yozilganidan ishlating.
- Iloji boricha plastik va konteynerlarda sotiladigan mahsulotlarni sotib olmang.
- Hasharotlarga qarshi turli kimyoviy moddalarni ishlatmang, ularni uy va bogʻdagi oʻsimliklarga sepmang.
- Tish pastalari, gel va dezodorantlarning triklozansizini xarid qiling.
- Maishiy kimyoviy vositalarning oʻtkir hidlilaridan voz kechganingiz maʼqul.
Soatlik tagliklar oʻgʻil bola jinsiy salomatligiga qanday taʼsir koʻrsatadi?
Bolaga taglik kiydirishga ehtiyoj boʻlgan paytlarda ulardan iloji boricha kamroq foydalanish zarur. Bu nafaqat oʻgʻil bola, balki qizaloqlarga ham birdek taalluqli. Chunki ular oraliq terisining yalligʻlanishidan tortib bepushtlikkacha olib kelishi mumkin.
Ekspert: Oybek ERGASHЕV, bolalar urologi.
Manba: “Sugʻdiyona” gazetasi.