Shogird mashhur rassom qoʻlida tahsil olar edi. Bir kuni u ustozidan mustaqil boʻlishi uchun oq fotiha soʻrabdi.
– Sen eng iqtidorli shogirdimsan, – debdi ustoz. – Shunday boʻlsa-da, soʻnggi iltimosimni bajarsang. Borgin-da, eng yaxshi asaringni chizib kel.
Yosh rassom bor mahoratini ishga solib, surat chizibdi.
Ustozi rasmni koʻrib:
– Endi uni shaharning gavjum joyiga ilib qoʻy. Yoniga qizil qalam qoʻyib, shunday soʻzlarni yoz: – kimki suratda kamchilik koʻrsa, oʻsha joyiga qalam bilan belgi qoʻysin!
Ikki kundan soʻng shogird koʻz yosh bilan qaytib kelibdi: – Ustoz, mendan rassom chiqmas ekan. Eng yaxshi deb oʻylagan asarimning ahvoliga qarang… Ustoz koʻrsa, rasmning qalam tegmagan joyi qolmabdi.
– Xafa boʻlma, – debdi ustoz. – Endi qalam izlarini oʻchirib, shu rasmni yana oʻsha gavjum joyga ilib qoʻy. Yoniga moʻyqalam va ranglar qoʻyib: – Rasmga eʼtirozi borlar moʻyqalam bilan oʻsha kamchilikni tuzatib qoʻysin, deb yozib qoʻy.
Oradan kunlar oʻtsa ham hech kimsa suratga oʻzgartirish kirita olmabdi. Ustoz bu holni shunday izohlagan ekan:
– Odamlar tanqid qilishga usta, tuzatishga kelganda esa noʻnoq. Boʻtam, biron narsani tanqid qilishdan oldin oʻrniga nima bera olishing mumkinligini oʻyla. Yoʻqsa, tanqid qilma!
Bugun shular haqida oʻylab qoldim. Endigina koʻz ochayotgan ijodkorga qarata “sheʼr bunday yozilmaydi” deguvchilar xayolimdan oʻtdi. Koʻngilda tengdoshlar va ularning tabiati haqida ochiqroq soʻz aytish umidi paydo boʻldi. Adabiyotshunoslarimizdan birining yoshlar bilan uchrashuvda “Endi bizdan eʼtibor ham, eʼtirof ham kutmanglar. Biz oʻz tengdoshlarimizni yaxshi oʻrgandik, tahlil qildik. Istaymizmi yoʻqmi, biz oʻsha davrning ijodkorlarimiz. Endi yangi asr avlodining oʻz tanqidchisi, tahlilchisi boʻlmogʻi kerak. Bular oʻzlaringdan chiqsa nur ustiga nur boʻlardi”, degan kuyunchak fikrlarini esladim.
Rostdan ham keksa avlod vakillarining nazariga tushish, ulardan ragʻbat kutishning fursati oʻtdi. Kattalarning kichiklarga bergan salomi ostida istehzo boʻlganidek, tengdosh tengdoshiga koʻproq fikr bildirsa, tanqid qilsa, adolatdan boʻlar edi. Zero Rumiy hazratlari aytganlaridek:
– Gilamni kaltak bilan qoqmoq gilamga ozor bermoq uchun emas, poklamoq uchundir…
Muddao
Shoir Muhammad Yusufning “Muddao” nomli sheʼri yodimga tushadi. Unda oshiq onasidan Zebi ismli qiz haqida soʻrashga iymanib, uzoqdan soʻz ochadi. Sheʼrning soʻnggi misrasigacha shoirning maqsadi neligini hech kim bilmaydi. Muddao esa eng soʻnggi satrlardagina anglanadi:
Xatim tamom, aytgancha ona,
Zebi erga tegib ketgandir.
Bir doʻstimiz hamma yoqni sheʼr bosib ketdi, deya iddao qiladi. Men unga haqiqiy sheʼrlar kamyobligini, muddaosiz yozishmalar koʻpayib ketganini aytmoqchi boʻlaman. Sheʼr yaxlit bir asar sifatida taassurot qoldirmas, uning gʻoyasi avvalo inson qalbida aks-sado bermas ekan, bunday toʻqimalarning bir satri ham yashashga loyiq emas, deb oʻylaysan kishi. Nazm olamiga kirib kelayotgan tengdoshlarimizning koʻpchiligida ohangning yangiligi va oʻzgachaligi, hatto bebaho tashbehlar borligini sezish mumkin. Birdan uning muxlisiga aylanasan. Keyinchalik uning paydar-pay sheʼrlarini oʻqiysanu, hafsalang pir boʻladi. Sheʼrdan ham koʻngling soviydi.
Yaxshi sheʼr qachon esda qoladi? Menimcha, unda yarq etgan voqea boʻlsagina. Oʻsha voqelik oʻz navbatida chuqur maʼno tashimogʻi ham lozim. Baland terakning ildizini qurt-qumursqalar yeb bitirsa-yu, u “qars” etib yerga qulasa – bizga nima, deymiz. Biroq oʻsha terak bir inson siymosi boʻlsa-yu, oʻz xatolari tufayli yengilib, hammamizga ibrat boʻlolsa – bu boshqa gap. Aslida sheʼr birgina misra boʻlib dunyoga keladi. Qolgan satrlar oʻsha misraning kuchayishiga, mavzu mohiyatini chuqurroq ochib berishga xizmat qilishi kerak.
Ana, oq tut qoqayotirlar,
Tutga toʻlib ketdi hammayoq.
Odamlar tut yemoqda toʻyib,
Daraxt toʻyib yemoqda tayoq.
(Matnazar Abdulhakim)
Toʻrtlikdagi birgina misra sheʼrning sof harorati, fikrning tiniqligini saqlab turibdi: “Daraxt toʻyib yemoqda tayoq”. Odamlarning toʻyib tut yeyishi yaxshi, ammo shoir soʻnggi misrada daraxtning toʻyib tayoq yeyishini yozar ekan, mohiyatan tengsizliklar evaziga qurilgan hayot shafqatsizliklarini yodga solib oʻtadi. Aksariyat yosh ijodkorlar sheʼrni toʻrtlik sifatida tushunadi va boshqa shakllarni qabul qila olmaydi. Bu texnik holat havaskorga ham, ijodkorga ham qulaydek. Asrlar mobaynida shunday boʻlib keldi ham.
Ammo bugun hamma narsaning shakli oʻzgargan. Hamma gap oʻsha shakllar tashiyotgan mazmun va muddaoda. Baʼzi sheʼrlarda yaxshi misralar bor xolos, ammo buni toʻkis namuna sifatida qabul qilib boʻlmaydi. Yaʼni, unda katta ijod namunasining xamirturushi boʻladi-yu, shoirning uni olib chiqishga kuchi yoki bilimi yetmay qoladi. Yoki ijodkor bosh xulosa sifatida koʻrsatmoqchi boʻlgan fikr sheʼrda eʼtiborga olinmay qolgan boshqa bir fikrdan maʼnan pastroq boʻlib qolishi ham mumkin. Yosh ijodkorlardan biri qalampir haqida sheʼr yozdi. Uning achchiqligini haqiqatga mengzadi. Ammo butun boshli sheʼrda birgina noyob topilma bor: “Qalam – pir” deya xulosa qiladi ijodkor. Yana bir tengdoshimiz sheʼrida “Majnuntol tagida qoldim majnunhol…” degan satrni ishlatibdi. Nazarimda, shu birgina satr butun boshli sheʼr bilan bellasha oladi.
Sukut
Yaxshi sheʼr yozildimi, keyingi yozilajak ijod namunasi undan kam boʻlmasligi kerak, nazarimda. Ijodkor kiyik kabi choʻqqidan choʻqqiga tobora oʻsib borishi, zabt etgan tepaligidan pastga qayta tushmasligi kerak. Agar shunga rioya qilinsa, huda-behudaga sheʼr yozilavermas edi.
Bugungi adabiyotimiz istiqboliga bir hovuch yurak sheʼrlari yozish koʻpchilikning qoʻlidan kelar, ammo kundan-kunga yaxshi va bir-biridan baland ijod namunalarini yaratishga tirishayotgan tengdoshlar ijodi menda koʻproq havas uygʻotadi. Ulugʻlarimiz aytadiki, bir sheʼrdan oʻzib boshqa sheʼr yaratishga chogʻi kelmayotgan shoir uchun eng maqbul yoʻl bu sukut saqlab turishdir. Kashfiyotchi Tomas Edison chulgʻamali lampochka yaratish uchun ikki mingdan ortiq tajriba oʻtkazgan. U bundan faxrlanib, men lampochkani yondirolmaslikning ikki ming xil usulini bilaman, degan ekan.
Yaxshi sheʼr, kerak boʻlsa, qayta-qayta ishlanaveradi. Bu jarayonda uning gʻoyasi va saviyasi oʻtkirlashib, grammatik xato va kamchiliklardan ham xoli boʻladi. Adabiyotga sheʼrni ana shunday toza va bekam qilib olib kirishni odat qilish kerakka oʻxshaydi. Ijodkor har bir satr ustida xolis, dorchoʻpni teng ushlab, ehtiyotkor yurishi lozim. Buning uchun soʻz qoʻllash bir tekis va ravon, oʻqiganda xayol qoqilmaydigan, hissiyot jarohatlanmaydigan boʻlsa soz boʻlar edi.
Virtual shoir
Bugungi kunning adabiyoti ijodkorni haqiqiy sinov maydoniga boshlab kirmoqda, desak toʻgʻri boʻladi. Chunki sheʼr yoki asar yozib qozon qaynatish oson ish emas. Yozuvchi Xudoyberdi Toʻxtaboyev bir soʻzida hazil aralash: “Hoshimjon menga oʻgʻil qatori boʻldi. Uning orqasidan uy qildim, toʻy qildim, mashina oldim. Bugun esa bitta kitob chiqarish uchun shularning barini sotishga toʻgʻri keladi”, degan ekan.
Shubhasiz, har bir yaxshi yozilgan asarning ogʻir-yengili shoirning boʻynida. Har bir chiqqan yaxshi kitob uning nafasidir. Keyingi nafas olish uchun esa ichimizdagi bor havoni tashqariga chiqarishimiz kerak. Uni ushlab turish, yashirish ruhiyatni ogʻirlashtirib qoʻyadi. Ammo bugun zavq olishning ham shakli oʻzgardi. Internet saytlari yoxud ijtimoiy tarmoqlar chinakamiga adabiyotning bahs-munozara maydoniga aylandi. Bu virtual olam minglab havasmand-shoirlarni-da dunyoga keltirdi. Bu yaxshi, albatta. Ammo guruchni ham, kurmakni ham birdek qaynatayotgan internet qozonidagi yemakni adabiyot ozuqasi sifatida isteʼmol qilsa boʻladimi?
Afsuski, bugun aksariyat sheʼrlar hech bir tahrirsiz, grammatik xatolar bilan eʼlon qilinmoqda. Demak soʻzlar aql tarozisida tortilmay, muharrir tahriridan oʻtmay dunyo yuzini koʻrmoqda. Goʻyo bunday holga ijodkor koʻngli koʻnikkanday, murosaga kelganday. Bugun u “dangasa” degan soʻzni ham koʻngliga olmaydi. Bir shingil koʻngil soʻzlari ustida ishlash unga malol keladi, oʻqish esa oʻquvchiga-da ogʻir. Adabiyotning oltin bahosidagi qadrini bizning quruq va mayda yozishmalarimiz, fikrsiz va hissiz qoralamalarimiz tuproq baho qilayotganday.
Maʼnaviy haq
Oʻylashimcha, koʻpdan beri bizdan begonalashishga ulgurgan bir anʼanani unutib qoʻydik. Biror mavzuga qoʻl urar ekanmiz, bu haqida yozishga maʼnaviy haqqim bormi, degan savolni oʻzimizga bermay qoʻydik. Hazrat Navoiy “Xamsa” yozishni maqsad qilib, Nizomiy panjasiga panja urayotganida qanchalar hadiksiragani, bu mukammal asardan ham oʻtkazib biror soʻz ayta olish mushkulotini chin dildan his qilib, hatto ustozlaridan izn soʻraganini maktab oʻquvchisi ham yaxshi bilsa kerak. Tengdoshlarimiz mashqlarini kuzatar ekanmiz, ularning ijodida toʻkin zamonda ham gʻam-iztirobga toʻlgan qiz-yigit izhorlariga guvoh boʻlamiz. Achinarlisi, ularda koʻpning dardi koʻrinmaydi. Axir hamma ham muhabbatdan azob chekayotgani yoʻq-ku.
Hayotda ulgʻayish, mehnat qilish, inson xarakterini namoyon qilish kabi oʻta muhim va davomiy jarayonlar ham kechmoqdaki, ularni kamsonli ijodkorlargina anglamoqda. Bugun esa har kim xohlagan mavzuda qalam tebratayapti. Hech kim hech kimga maslahat solgani yoʻq. Hatto oʻn-oʻn besh yashar havaskorlar ham kattalar jazm qila olmaydigan aruzdek murakkab vaznda qalam tebratyapti. Sheʼr texnikasini oʻzlashtirish, yozish birdan toʻqqizgacha sanashdek oson ish boʻlib qoldi. Balki shuning uchun ham adabiyotdan koʻpchilikning ixlosi qaytayotgandir. Shukrki, Mustaqillik barchamizga benihoya erkin soʻz ayta olish imkonini ham berdi. Bu yaxshi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar orqali yuz yillardan beri qalbda zanglab yotgan rost-yolgʻonlar, turfa siyrat va suratlar haqida bong urilmoqda. Ajabki, adabiyot olamida ijodkor ijodidan oldin uning shaxsiyatini astar-avrasini chiqarish urfga kirdi. Hali “alif”ni anglamagan ayrim havaskorlar butun boshli millat adabiyoti namoyandalari shaxsiyatini muhokama qilmoqda. Toʻgʻri, soʻzlar bepul, biroq ulardan qanday foydalana olishingiz sizni baholashi mumkin. Juda yaxshi eslaymiz, avvallari 18 yoshga toʻlmagan oʻspirinlarning ayrim filmlarni koʻrishlariga ruxsat boʻlmagan. Bu yosh, dunyoqarash bilan bogʻliq, albatta. Bunda hamma narsani ham haqiqat deb aytaverish unchalik toʻgʻri emasligi, har narsada maʼnaviy odob saqlash kerakligini nazarda tutmoqchiman.
Biz oʻtmishdagi buyuklarimizning eng yaxshi jihatlarini takror misol keltiramiz. Chunki ularning zamondoshlari kelajak avlodga shoir ijodi va shaxsiyatini tozaligicha yetkaza olgan. Kichik nuqsonlarni elga oshkor qilishdan koʻra ularning yuksak xislatlarini, badiiyatlarini elga namoyon qilishni sharaf deb bilganlar. Zero hazrat Navoiy aytadilarki:
Donishmand chin soʻzdan oʻzgani demas,
Vale barcha chin ham aytgulik emas.
Bobur Elmurodov
“Ijod olami”, 2018/2
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozini-oqlamayotgan-qoralamalar/