Oʻzi quvnoq, soʻzi qaymoq “yigit”

Yozuvchilarning Doʻrmondagi ijod uyiga har safar borganimda eshik bekalaridan birinchi soʻraydiganim “Nosir ogʻa shu yerdamilar?” degan savol boʻladi. “Ha” desalar, koʻnglim yorishib, kayfiyatim koʻtariladi. “Yoʻq” degan javobni eshitsam, boʻgʻzimga “Obbo!” degan hayqiriq tiqiladi. Ogʻa bilan uchrashish, yoʻqlash, suhbatlashish yoʻllarini qidira boshlayman. Nosir aka bilan Doʻrmonda yaqindan tanishdim. Garchi ilgari ahyon-ahyonda koʻrishib turgan boʻlsak-da, bemalol suhbatlashmaganmiz. Endi miriqib gaplashadigan boʻldim-da, deb quvondim.

Kundalik sahifalaridan: “Nosir Fozilov bilan tanishdim. Bu odam nihoyatda quvnoq, har bir soʻzi qaymoqdek mazali, haqiqiy suhbatdosh ekan. U bilan oʻtgan vaqtim zoye ketmadi. Naqd xazinaning oʻzi-ya! Hammaning u bilan suhbatlashgisi keladi. Koʻpchilik u kishiga intiladi. Biroq gʻiybat, maydagaplik u kishiga yot. Bunaqa odamlar bilan iloji boricha gaplashmaydi ham… Har kuni kechki ovqatdan keyin uzoq suhbatlashib yuramiz. Iloji boʻlsa, Doʻrmon bogʻini bir aylanib chiqamiz. Ammo gapimiz tugamaydi.”

Nosir Fozilov bolalarga bagʻishlangan “Saraton”, “Oqim”, “Robinzonlar”, “Qorxat”, “Diydor”, “Shum bolaning nabiralari”, atoqli adabiyotshunos va adib Toʻxtasin Jalolov qismati haqida hikoya qiluvchi “Qush qanoti bilan” kabi qissalari, talay hikoyalari bilan adabiyotimizga katta hissa qoʻshgan taniqli adibdir. U keyingi yillarda XX asr 50-yillaridan keyingi adabiyotimiz tarixining tirik guvohi sifatida memuar-xotira asarlar yozishga astoydil kirishdi va bu bilan oʻzbek adabiyotida xiyla kamyob boʻlgan memuar janri rivojiga katta hissa qoʻshmoqda. Soʻnggi oʻn yil mobaynida adibning “Ustozlar davrasida”, “Eslasang koʻngling yorishur”, “Topdimu yoʻqotmadim”, “Munavvar lahzalar”, “Mehringizni tuyib yashadim”, “Noshir va Nosir soʻzi” kabi bir-biridan qiziqarli, real voqealarga boy kitoblari bosilib chiqdi hamda adabiyotimiz xazinasidan mustahkam oʻrin oldi.

Bu kitoblarning har birida adabiy jarayonlarning oʻziga xos xususiyatlari, uning tanilishiga katta hissa qoʻshgan ulugʻ ijodkorlar, shuningdek, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq adiblari hayotiga oid qiziq-qiziq voqealardan xabardor boʻlasiz. Ularda oʻzi yaxshi bilgan, ijodini chuqur oʻrgangan oʻafur oʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov kabi ustoz adiblar, zamondoshlari Said Ahmad, Oʻlmas Umarbekov, Sirboy Mavlenov, Nurlan Oʻrazalin, Muradboy Nizanovlarning ijodiy merosi, shaxsiy hayotida roʻy bergan sir-asrorlar, qiziq voqealarni samimiy hikoya qilgan. Ustozlar toʻgʻrisida qalam surar ekan, Nosir aka har biriga katta hurmat bilan yondashadi, ularning inson va ijodkor sifatidagi qiyofasini yanada ulugʻlashga urinadi.

Nosir Fozilovning adabiyotimiz oldidagi katta xizmati shubhasiz, tarjimonlik faoliyati va qardosh qozoq adabiyoti bilan oʻzbek adabiyoti oʻrtasida mustahkam aloqa oʻrnatishdagi amaliy faoliyatidir.

Nosir Fozilovning samarali faoliyati Qozogʻiston Prezidenti N. Nazarboyev tomonidan yuksak baholanib, adib “Tinchlik va maʼnaviy hamjihatlik uchun” nomli Qozogʻistonning mukofoti bilan birinchilardan boʻlib taqdirlandi. (1994). Mukofotni topshirish marosimiga taklif etib adibga yoʻllagan maktubida Prezident: “Siz millatlararo madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi, qozoq adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilishdagi, Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlaringiz uchun bu mukofotga sazovor boʻldingiz. Shu munosabat bilan Sizni chin yurakdan muborakbod etaman” deb iliq fikrlar bildiradi. Oʻtgan yili esa ikki xalq oʻrtasidagi adabiy aloqalarni rivojlantirishdagi samarali mehnati uchun adibga Qozogʻiston Respublikasi oʻzbeklarining “Doʻstlik” hamjamiyati tomonidan taʼsis etilgan “Armugʻon” adabiy mukofoti berildi.

Kundalik sahifalaridan: “Nosir aka kechki sayrdan soʻng meni toʻgʻri xonasiga boshladi. Kirsam, Muborak opa choy damlab kutib oʻtirgan ekan. Darvoqe, Nosir Fozilovning soʻnggi yillardagi sermahsulligida har bir yozgan qogʻozining qoʻlyozmasini, matbuotda eʼlon qilingan suhbatlarini asrab-avaylab, koʻz qorachigʻidek ehtiyot qilib saqlab kelayotgan mehribon umr yoʻldoshi, mohir muharrir Muborak opaning xizmatini alohida taʼkidlash zarur. “Agar shu opangiz boʻlmaganida bu kitoblar qayoqda edi?” deb ikkita kitobni oldimga qoʻydi. Biri “Mehringizni tuyib yashadim (Adib zamondoshlari nazdida)”, ikkinchisi “Noshir va Nosir soʻzi” deb atalgan edi. Har ikkisining ichki muqovasida “Toʻplab, nashrga tayyorlovchi Muborak Fozilova” deb yozib qoʻyilgan. Opa oʻz qoʻli bilan samimiy istaklari izhor qilingan dastxat ham bitib qoʻyibdilar. Goʻyo katta boylikka ega boʻlgandek quvonib chiqdimu, mutolaaga kirishdim.

Endi bu kitoblardan olgan taassurotlarim olam-jahon! Tuni bilan ikkala kitobni xatm qilib boʻldim-da, ertalab nonushtadan keyin yana Nosir ogʻa bilan opani bezovta qildim. “Ha, shoir, nima gap? Hakka qagʻillamay turib…” dedi Nosir aka oʻziga xos nim jilmayish bilan. “E, ogʻa, hakka mening ichimda qagʻillayapti. Uni tezroq haydab, ichimni boʻshatib olmasam boʻlmaydi!” dedim-da, ikkovlarini bu kitoblar bilan chin dildan tabrikladim. “Yoqdimi?” deb soʻradilar Nosir aka tabassum bilan. Yoqqanda qandoq? Ayniqsa mana bunisi dedim “Mehringizni tuyib yashadim” kitobini qoʻlimga olib, sizning ham inson, ham yozuvchi, ham mehribon ustoz, ham sadoqatli shogird, ham tajribali tarjimon sifatidagi siyratingizu suratingizni toʻla namoyon qiladigan asar boʻlibdi. “Noshir va Nosir soʻzi”ngiz esa hozir nashriyotlarda ishlayotgan “chalamulla” muharrirlarga tayyor qoʻllanma!”

“Mehringizni tuyib yashadim” nomli kitobiga yozuvchi haqidagi maqolalar, uning nomiga uzoq-yaqindan kelgan “Jadalxatlar” (telegramma), qozoq, qoraqalpoq, qirgʻiz va oʻzbek adiblari tomonidan yoʻllangan maktublar, “Sheʼriy alqovlar” hamda Nosir ogʻa hayotiga oid “Quvnoq hangomalar” jamlangan. Oʻquvchi ulardan birgina Nosir Fozilov hayoti, shaxsi, ijodi haqida emas, balki umuman, oʻzbek, qolaversa, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq adabiyotlarining kechagi va bugungi holati, aloqalari, hamnafasligi toʻgʻrisida yetarli maʼlumotlar oladi. “Noshir va Nosir soʻzi” esa 50 yildan koʻproq turli nashriyotlarda, gazeta va jurnallar tahririyatida muharrir boʻlib ishlagan adibning yosh hamkasblariga oʻgit-maslahatlari, oʻziga xos muharrirlik maktabi yaratgan muallimning shogirdlariga sabogʻi sifatida qimmatlidir.

Muharrirlik faoliyati mobaynida yuzlab katta-kichik asarlarni, butun-butun toʻplamlarni hijjalab oʻqib chiqdi, har bir sahifasi, jumlasi, soʻzi ustida bosh qotirdi. Shuning uchun ham Said Ahmad “Nosir Fozilovning barmogʻi doim siyohga belanib yuradi” degan edi. U oʻz vazifasiga gʻoyat ixlos qoʻygani bois “butun hayotini adabiyotga bagʻishlagan mehnatkash qalamkash, talabchan va sinchkov muharrir” (Matyoqub Qoʻshjonov) boʻlib yetishdi. Bu kasb uni xasis va hassos adib sifatida shakllanishiga ham koʻmak berdi. Xasisligi soʻz qoʻllash va ishlatishda koʻrinsa, hassosligi mazmunni teranlashtirish, voqelikni koʻrimli va ishonarli tasvirlashida namoyon boʻldi.

Yozuvchining ushbu asari hozirgi paytda asarning badiiyligiga emas, koʻproq muallifning “muomalasi”ga qarab ishlayotgan muharrirlarni halollikka, kitobxon va adabiyot oldidagi masʼuliyatini chuqurroq his etishga daʼvat qiladi. Tajribali muharrir bugungi hamkasblarini “Kitob inson hayotida beqiyos maʼnaviy va maʼrifiy ahamiyatga ega boʻlgan neʼmatdirki, uni badiiy, gʻoyaviy jihatdan mukammmal holda nashr etib, kitobxonlar qoʻliga yetkazish noshirlarning muqaddas burchi” deya jiddiy ogohlantiradi. Kitobxonlar oldidagi masʼuliyati haqida toʻxtalar ekan, “Muharrir kim? U qanday boʻlishi kerak?” degan savollarga “Muharrir bu – muallif bilan asar haqida teng mulohaza yurita oladigan, asarga toʻgʻri va odil tashxis qoʻya oladigan, baʼzi bir majruh jumlalarni oʻrinlatib tuzata oladigan bilimdon va zukko odam deganidir. U baʼzi oʻrniga tushmagan soʻzlarni topib, asarni yaraqlatib yuboradigan, kerak boʻlsa bitta soʻz uchun talasha oladigan kishi boʻlishi kerak” deb javob beradi. Oʻzining koʻp yillik muharrirlik tajribasi bilan hozirgi muharrirlarning ish usulini oʻzaro taqqoslar ekan, “baʼzi bir nodavlat nashriyotlarning tahririyatida ishlayotgan chalamulla muharrirlar faoliyatida, noshirlarning adabiyotimiz oldiga qoʻyiladigan talab va mezonlarni unutib, qoʻlbola mualliflarning” asari saviyasiga emas, balki koʻproq choʻntagiga koʻz tikayotganidan ranjiydi.

Kundalik sahifalaridan: “Mehringizni tuyib yashadim” kitobini oʻqib boʻlib, soʻnggi muqovasini yopdim. Unda Nosir aka koʻzoynagini chap qoʻlida ushlab, nekbin tabassum bilan “Men esimni tanib, qoʻlimga qalam olganimdan beri ulugʻ ustozlarning, yoru doʻstlarimning mehru oqibatlarini tuyib, ularni suyib yashadim, oʻzimdan kichiklarning esa boshlarini silab yashadim, ularga sogʻlom ijod tilab yashadim. Koʻnglimning arzon baxt vaʼda qilguvchi imo-ishoralariga parvo qilmay, nafsimning qingʻir koʻchalariga kirmay yashadim…

Agar yaratgan Egam umr bersa, bundan keyin ham shu zayil shukronalik bilan yashayajakman…” deya dil izhorini aytib turibdi. Ilohim aytgani kelsin! Oʻzgalarning mehrini tuyib, oʻzi boshqalarga koʻproq mehr berib, uzoq yillar yashayversinlar. Har safar Doʻrmonga kelganimizda oltindek tovlanib turgan goʻzal chehrasiga boqib, “Sarbola”ning sara soʻzlaridan bahramand boʻlish bizga ham nasib qilaversin!

 

Yoʻldosh SOLIJONOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ozi-quvnoq-sozi-qaymoq-yigit/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x