Oʻzbekning jahongashta ertaklari

Birinchi turtki. Qachonlardir xorij filmini koʻrgandim – adashmasam, nemislarniki – voqealari “Ur toʻqmoq”ning ayni oʻzginasi. Faqat ochil dasturxon oʻrniga “toʻkin stol”, buyam oʻrinli, oʻzlaridan kelib chiqishgan-da. Oʻxshash adabiy hodisalar folk­lorshunoslikni doim qiziqtirib kelgan, ularni izohlashiga qarab bir necha ilmiy maktablar shakllangan. Migratsiya maktabi, sayyor syujetlar nazariyasi xalqlarning asriy aloqalari asnosida matalu masallar koʻchib yurishini uqtiradi. Mifologiya maktabi vakillari ibtidoiy odamlarning borliq haqidagi tasavvurlari keyinchalik adabiy sathga koʻchib oʻtgani, umumiy mifologiyaga ega ellar ogʻzaki ijodida oʻxshashlik tabiiyligi xususida soʻzlaydi. Tarixiy maktab olimlari folklor asarlari qadimda yuz bergan voqealarning insoniyat xotirasidagi aks sadosi deya tushuntiradi. Antropologiya maktabi esa etnik qarindosh boʻlmagan, oʻtmishda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy aloqalarga kirishmagan xalqlarda parallel madaniy hodisalar uchrashiga eʼtibor qaratib, buni tarixiy taraqqiyotning bir xil bosqichida butun bashariyatda ruhiy va maʼnaviy yaqinlik kuzatilishi bilan bogʻlaydi. Ilmiy maktablar ilgari surgan farazlarning barchasida jon bor va ular bir-birini toʻldiradi.

Ikkinchi turtki. Yaqinda Janubiy Amerika adabiyotining yirik namoyandasi Xorxe Luis Borxesning “Turkiston ertaklari” degan essesini oʻqib qoldim. Tarjimon Sharifjon Ahmedovning yozishicha, “Turkiston ertaklari” (“Cuentos del Turquestan”) asari 1926 yili Buenos-Ayresdagi “La Prensa” gazetasida eʼlon qilingan. Ulugʻ Kitobdor ajib adabiy zanjir haqida soʻzlaydi: sirli-sehrli ertaklar Buyuk Turon dashtu dalalari, togʻu toshlari, shaharu kentlarini makon tutgan ellar tomonidan asrlar boʻyi yaratilgan; rus etnografi Nikolay Ostroumovning (1846–1930) ilmiy izlanishlari natijasida 1906 yili “Skazki sartov v russkom izlojenii” kitobi chop etilgan; ushbu toʻplam nemis-chex folklorshunosi Gustav Yungbauer (1886–1942) saʼy-harakati bilan nemis tiliga oʻgirilib, 1923 yili Yena shahrida “Märchen aus Turkestan und Tibet” (“Turkiston va Tibet ertaklari”) nomi bilan nashr qilingan; “bir necha etnojoʻgʻrofiy sargardonliklarni boshidan kechirgan ushbu kitob (ehtimol, Buenos-Ayresdagi yagona kitob), mana, oxir oqibat” argentina yozuvchisining qoʻliga kelib tushadi va u koʻngliga Sharq shamollarini keltirgan, xayolini yetti iqlimga yeldirgan ertaklar toʻgʻrisida esse yozadi. Ushbu badiani asriy asotirlar tili – oʻzbek tiliga oʻgirgan Sharifjon Ahmedov ham oʻsha adabiy zanjirga yana bir halqa boʻlib qoʻshiladi.

Uchinchi turtki. Filologiya fanlari doktori Mamatqul Joʻrayev necha yillar ilgari “Hurriyat” gazetasiga bergan intervyusida oʻzbek ertaklari katalogi tuzilayotgani haqida xabar bergandi. Shundan buyon oromim yoʻqolib, tadqiqot natijalarini kutardim. Shoshmang, hali ungacha zahmatkash olimlarning qancha oromsiz kunlari, bedor tunlari… toʻgʻrisida soʻzlashimiz kerak.

Asosiy voqea. Germaniyalik folklorshunos olima Gabriele Keller xalqaro anjuman bahonai sabab yigirma yil avval Samarqandga kelganida bundan keyingi hayoti shu yurt bilan bogʻlanib qolishini xayoliga keltirganmi-yoʻqmi, oʻziga va Oʻziga ayon. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori Xurram Rahimov asli nemis tili mutaxassisi boʻlib, tarjimalar jarayonida folklorshunoslikka bogʻlanib bordi. OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folk­lori instituti boʻlim mudiri Mamatqul Joʻrayevning ilmiy-tashkiliy tajribasi ham ushbu olimlar jamoasiga juda zarur edi. Shunday qilib, oʻn yillik (1997–2017) ilmiy hamkorlik natijasida ikki jild­li “Typenkatalog Usbekischer Zaubermärchen” (“Oʻzbek xalq sehrli ertaklar katalogi”) yuzaga keldi.

Eʼtirof etish joiz, folk­lor asarlari katalogini tuzish oson koʻchadigan ish emas. Avvalo, hozirga qadar nashr etilgan ertak kitoblardagi materiallarni koʻrib chiqish lozim. Mualliflar shu bilan cheklanmay, Samarqand tarix va etnografiya muzeyi va Nizomiy nomidagi TDPU bilan hamkorlikda Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida uch bora (1998, 1999, 2008) dala tadqiqotlari oʻtkazishdi, ertaklar bevosita ijrochilar – nuroniy bobolar, farishtali momolar ogʻzidan magnit tasmasiga yozib olindi. Izlanishlar natijasida bir necha toʻplamlar nashr etildi: “Märchen aus Samarkand” (“Samarqand ertaklari”. Frayburg, 2004), “Zaubermärchen aus Südusbekistan” (“Janubiy Oʻzbekiston sehrli ertaklari”. Toshkent, 2016), “Usbekische Zaubermärchen” (“Oʻzbek sehrli ertaklari”. Toshkent, 2017). Bular, albatta, katalog tuzishga yaxshigina tayyorgarlik koʻrilganidan darak beradi.

– “Oʻzbek xalq sehrli ertaklar katalogi”dagi materiallarning salmoqli qismini OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining Folklor arxivida saqlanayotgan ertaklar tashkil etadi, – deydi professor Mamatqul Joʻrayev. – Ikki jildli kitobda mingdan ortiq oʻzbek xalq sehrli ertaklarining matniy tahlili, tarjimasi, ilmiy tadqiqi va tipizatsiyasi amalga oshirilgan; 145 syujet tiplari aniqlanib, oʻzbek hamda jahon ertakshunosligi manbalari asosida ilmiy sharhlar bilan tasdiqlandi. Tadqiqotlar natijasida Yevropa xalqlari folkloridagi ayrim ertaklar syujetining ildizlari Markaziy Osiyo folkloriga, ajdodlarimizning qadimiy ertakchilik anʼanalariga borib taqalishi maʼlum boʻldi. Mazkur yirik ilmiy asar hozirgi zamon jahon folkloristikasining eng yangi nazariy konsepsiyalari va terminologiyasi asosida shu paytgacha maxsus oʻrganilmagan va epik syujetlarning xalqaro kataloglariga kiritilmagan oʻzbek xalq sehrli ertaklarini yaxlit badiiy tizim sifatida tahlil qilgani, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida shu yoʻnalishda amalga oshirilgan ilk tadqiqot ekani bilan ham alohida ahamiyatga egadir. Bu ilmiy tipologik katalog sehrli ertaklarning milliy oʻziga xosligi va badiiy xususiyatlarini jahon miqyosida keng targʻib etish orqali oʻzbek xalqi poetik tafakkurining gʻoyat yuksakligini namoyish qiladi.

Folklorshunos va tarjimonlarimiz oldida yana bir katta dovon turibdi. “Oʻzbek xalq sehrli ertaklar katalogi” ona tilimizga mahorat bilan oʻgirilib, kitob holida nashr etilsa, xazina kalitlari egasiga qaytarilgandek savobli ishga qoʻl urilgan boʻlur edi.

 

Farrux JABBOROV

1985 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti  hamda Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlagan. “Men qaytib kelaman” (Togʻay Murod zamondoshlari xotirasida) kitobi, “Oltin koʻprik” yosh ijodkorlar toʻplamini nashrga tayyorlashda ishtirok etgan. Hikoyalari matbuot va toʻplamlarda chop etilgan.

 

 

“Yoshlik”, 2018/2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozbekning-jahongashta-ertaklari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x