OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING SUD HOKIMIYATI — Oʻzbekistonda davlat hokimiyatining alohida mustaqil (qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar bilan bir qatordagi) tarmogʻi. Uning zimmasiga davlat idoralari, fuqarolarning turlituman uyushmalari va alohida shaxslar oʻrtasidagi munosabatlarning huquq (qonun) doirasida kechishini va hal etilishini taʼminlash vazifasi yuklatilgan. Sud hokimiyatiga xos xususiyatlar sudlovning davlat nomidan, maxsus tartibda tashkil etilgan (saylangan yoki tayinlangan) muassasalar (q. Sud tizimi) tomonidan amalga oshirilishi, sudlarning oʻz faoliyatida faqat qonunga boʻysunishi hamda fuqarolik, maʼmuriy, jinoiy va boshqalar ishlarni qonunda belgilangan protsessual tartibda hal etishi, sudlar boshqa hokimiyat tarmoqlaridan mustaqil faoliyat yuritishi, sudning tanholigi (yaʼni davlatning boshqa hech qaysi idorasi sudlov funksiyalarini oʻz zimmasiga ololmasligi), sud hokimiyatining toʻlaqonli va qatʼiyligi (sud hokimiyati chiqargan hujjatlar, hukm va qarori barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiyligi) da namoyon boʻladi. Mamlakatimizdagi sud hokimiyatining huquqiy maqomi, tuzilishi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va «Sudlar toʻgʻrisida»gi qonuni (2000 yil 14 dek.)da belgilab berilgan (yana q. Sud hokimiyati).
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые