«OʻZBEKISTON MATBUOTI» — maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-siyosiy jurnal. Muassisi: Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi. 2 oyda bir marta chiqadi.
Jur. dastlab «Turkiston matbaachisi» («Turkestanskiy pechatnik», 1918 — 24) nomi bilan oʻzbek va rus tillarida yaxlit holda oyda 2-marta chiqqan. Keyinchalik uning oʻrniga oʻzbek tilida «Muxbirlar yoʻldoshi» (1928 — 38), «Bolshevistik matbuot» (1939—41), rus tilida «Nash rabkor» (1924—25), «Tribuna rabkora» (1927—28), oʻzbek va rus tillarida «Mahalliy matbuot xodimlariga yordam» («V pomogd rabotnikam mestnoy pechati», 1952—64), «Oʻzbekiston matbuoti» («Pechat Uzbekistana», 1965—68), «Muxbir» («Korrespondent», 1969—90) jur. lari chop qilingan. Jur. 1991 yil yanv. dan hoz. nomda.
«Oʻzbekiston matbuoti» mulkchilik shaklydan qatʼi nazar, respublika ommaviy axborot vositalari (OAV) — gaz. jurnallar, teleradio, axborot agentliklari, nashriyotlar, bosmaxonalar, kitob savdosi, ijodiy uyushmalar faoliyatini keng yoritib boradi. Keyingi yillarda respublika OAVlaridagi islohotlar va yangilanishlar jarayoni, shu jumladan, jurnalistlarning kasb mahoratini oshirish, ularning ijodiy va amaliy tajriba almashishiga koʻmaklashish, jurnalist kadrlarni tayyorlash va axborot vositalarining yangi texnologik tizimini takomillashtirish hamda dunyo mamlakatlaridagi OAVlari faoliyatiga doir yangilik va tajribalarni Oʻzbekiston OAVlari orasida ommalashtirishga doir mavzular keng qamrab olinmoqda.