OʻZBEK LOTIN ALIFBOSI, oʻzbek lotin yozuvi — lotin grafikasiga asoslangan harftovush (fonografik) yozuv turi. Oʻzbek xalqi va yozuvi tarixida 2-marta joriy etilgan. Oʻzbek yozuvini arab grafikasidan lotin grafikasiga oʻtkazish haqidagi dastlabki qaror 1929 yil 15—23 may kunlari Samarqand shahri (Oʻzbekistonning oʻsha davrdagi poytaxti)da boʻlib oʻtgan respublika adiblari, til-imlochilari va umuman yetakchi ziyolilar ishtirokidagi konfereniiyada qabul qilingan va bu qaror 1929-yil 10 avg. da OʻzSSR Xalq maorif komissarligi hayʼati tomonidan tasdiqlangan edi. Ixtiyoriylikdan koʻra koʻproq majburiylikka asoslangan bu jarayon Moskvada ishlangan reja asosida Moskva vakillari kuzatuvida amalga oshirilgan edi. Samarqand konferensiyasida qabul qilingan l«otinlashtirilgan oʻzbek alifbosi» 33 harf va bir belgi (apostrof)dan iborat boʻlgan. Konferensiyada singarmonizm oʻzbek adabiy tili uchun xos hodisa deb topilishi va alifboga 9 ta unli uchun alohida harflar kiritilgani, shu asosda ishlab chiqilgan imlo qoidalari keyinchalik oʻzini oqlamadi, amalda imloda boshboshdoqlik vujudga keldi, ayni bir soʻz bir necha xil yoziladigan boʻldi. Natijada bu masala 1934-yil yanv. da boʻlib oʻtgan Til va imlo masalalariga bagʻishlangan respublika qurultoyida qayta muhokama qilinadi va alifboga tegishli oʻzgarishlar kiritiladi.
Oʻtgan asrning 30-y. lari 2-yarmidan oʻzbek yozuvini rus grafikasi asosida shakllantirish ishlari boshlanib, bu jarayon 1940-yilda yangi alifbo qabul qilinishi bilan yakunlandi. Shu yildan to Oʻzbekiston mustaqillikka erishgungacha boʻlgan davrda rus grafikasi asosidagi oʻzbek alifbosining qoʻllanishi rus tili mavqeining oshib borishi, hatto «ikkinchi ona tili» darajasiga koʻtarilishiga, oʻzbek tili mavqeining esa pasayishiga, qoʻllanish doirasining torayishiga olib keldi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng respublikada oʻzbek yozuvini rus grafikasidan yana lotin grafikasi asosidagi yozuvga oʻtkazish haqida fikrmulohazalar oʻrtaga tashlanadi. Bu masala bir yil davomida ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, 1993-yil 2-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida»gi qonuni eʼlon qilindi. Ayni shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining «Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga kiritish tartibi haqida»gi qarori ham qabul qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 2—3-sentyabrdagi 12-chaqiriq 13-sessiyasida yangi alifbo masalasi muhokama qilinib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Yangidan qabul qilingan oʻzbek alifbosi 31 harf va bir tutuq belgisi (apostrof)dan iborat deb belgilandi: Aa — rus grafikasidagi «a» tovushi, Bb — «b», Cc — «s», Dd — «d», Ee — «e», Ff — «f», Gg — «g», Hh — «h», Ii — «i», Jj — «j» (jonli, joʻra), Kk — «k», Ll — «l», Mm — «m», Nn — «n», Oo — «o», Pp — «p», Qq — «q», Rr — «r», Cc — «s», Tt — «t», Uu — «u», VV — «v», Xx — «x», Yy — «y», Zz — «z» Zz — «ch», Ğğ — «gʻ», Jj — «j» (ajdod), Ňň — «ng», Ŏŏ — «oʻ», Şş — «sh», (ʻ) tutuq belgisi (apostrof). Ushbu alifboni va shu asosda tayyorlangan «Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari»ni muhokama qilish jarayonida bir qator taklif va tavsiyalar qilindi, tanqidiy fikrlar bildirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995-yil 6-may kuni «Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida»gi Oliy Kengash qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qonun qabul qildi. Bu hujjatda yangi oʻzbek alifbosi 26 ta harf, 3 ta harflar birikmasidan iborat ekanligi, s, j harflari mustaqil harfiy belgi sifatida 1993-yil 2-sentyabrda qabul qilingan alifbodan chiqarilganligi, ayrim harflarning shakliga isloh kiritilgani koʻrsatilgan; yangi alifbo asosida ishlash 1996-yildan boshlanishi qayd etilgan. Yangi alifbo asosida ishlab chiqilgan «Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari» Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24 avg. dagi 339-sonli qarori bilan tasdiqlangan.
2004—05 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida»gi qonunni amalga oshirish ishlarini yanada jadallashtirish va takomillashtirish boʻyicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Abduvahob Madvaliyev.