Fikrimcha, badiiy asar asosida film yaratilar ekan, maʼlum oʻzgarishlar boʻlishi tabiiy. Asar har qancha qiziq yoki mashhur boʻlmasin, yaratilayotgan filmda rejissyor oʻz “imzo”si boʻlishini istaydi va bunga astoydil harakat qiladi. Masalan, Pyer Paolo Pazolini “Shoh Edip”ni ekranlashtirar ekan, asosiy gʻoya va voqealar zanjirini buzmagan holda filmga zamonaviy Edip obrazini kiritadi va takrorlanayotgan koʻhna fojiani taʼkidlaydi (Pazolini olgan “Shoh Edip” oʻzimizning Shukur Burhonov oʻynagan Edipdan farq qilsa-da, birini ikkinchisidan ustun qoʻyolmaymiz. Chunki ikkisi ham yaxshi ishlangan, asar gʻoyasini toʻla ochib berishga harakat qilingan. Albatta, badiiy asarni toʻlaligicha kinoga koʻchirishning imkoni yoʻq – adabiyot kinodan ancha yuqori turishiga kinochilarda ham eʼtiroz boʻlmasa kerak).
Baʼzan rejissyorlarning asar mazmun-mundarijasi doirasidan u qadar chiqib ketolmaganini, hatto ungacha yetib borolmaganini ham koʻrish mumkin. Kamyuning “Begona”, Markesning “Oshkora qotillik qissasi” yoki Joysning “Uliss” asari asosida olingan filmlarda kitobning soyasi aks etgan, xolos (vaholanki, ular ustida taniqli rejissyorlar, aktyorlar, ijodkorlar guruhi ishlagan). “Chol va dengiz”ning kitobi boshqa, kinosi boshqa. Kitobni oʻqib, buyuk hislarga, ulugʻ insonga oshno boʻlasan, kinoda esa oʻsha buyuklik jimgina osmondan yerga tushadi, yoningga, hatto sendan quyiroqqa oʻrnashadi. Insonning yengilmasligini ifodalagan buyuk baliqchi kinoda kunini zoʻrgʻa oʻtkazadigan qashshoq va boqimanda kimsaga aylanib qolgan (bola pivo, baliq keltirganda uning qiladigan “xushomad”ini eslang).
Demak, rejissyorning oldida qiyin vazifa turadi: asarni toʻla-toʻkis tomoshabinga yetkazib berolsa – omadi, aksi boʻlsa shunchaki urinish sifatida eʼtibordan chetda qoladi.
Xoʻsh, ulugʻ adibimiz Abdulla Qodiriy romani asosida suratga olingan “Oʻtkan kunlar” filmida asar mazmun-mohiyati qanchalik toʻgʻri va toʻkis ochib berilgan?
“Oʻtkan kunlar” filmi boshidayoq romandan farqli jihatlarga duch kelasiz. Misol uchun, roman voqealari dalv(yanvar)da, qish kunlarida boshlanadi. Asar tariximizning eng kir, qora kunlari haqida. Buni ifodalash uchun yon-atrof ham zimiston, koʻngilga u qadar oʻtirishmaydigan sharoitda boʻlishi kerak. Oʻz navbatida shu zimistonda Otabek oʻz sevgisini topadi va koʻngliga bahor keladi. Shunda asarning muhim ziddiyati yuzaga keladi. Filmda esa issiq, quyoshli bir kun. Otabek, Homid, bir koʻrinib qayta boʻy koʻrsatmaydigan Ziyo shohichi oʻzaro gurunglashib boradi. Bir qarashda Otabekning uncha katta tashvishi yoʻqday – begʻamu bedard, Homid aytgan “Azizbachcha” degan gapga oʻziga yarashmagan bir holda pismiqlarcha kulib qoʻyadi. Keyingi sahna esa birdaniga toʻyga ulanib ketadi. Endi romanda Otabek Hasanalidan yashirib chekkan oh-vohlarni, keyin u “maʼnaviy otam” deb sanaydigani – Hasanali Ziyo shohichi bilan sovchilikka borgani, qutidorning xotini raʼyiga qarab koʻndirgani xususidagi lavhalarni esga olsak, kitobni oʻqimay, filmni koʻrgan odam koʻp “sirlar”dan bebahra qolishini anglaymiz.
Kitobni oʻqimaganlar yana shu narsada yutqazadiki, filmda aniq Otabek, aniq Kumush havola etiladi. Otabekni qancha mard, tanti, yurt va yor ishqi bilan yongan yurak sohibi sifatida tasavvur qilmang, filmda sal boʻshangroq qahramonni qabul qilishga majbursiz. Romanda tasvirlanishicha, Otabek savdogarlik qilib, Semipalatinsk(Shamay)gacha borgan, dunyoqarashi keng, davr siyosatini, uning oqibatlarini tahlil qila oladigan yigit (rus bosqini haqida ham aynan u aytadi. Biroq film sovetlar davrida ishlangani uchun bu fikrlarni tasvirga koʻchirishning imkoni yoʻq edi). Filmda esa u lanj bir ahvolda yuradi, agar uning oʻzi Xudoyorxon huzurida savdogar ekanini aytmaganida, tomoshabin Otabekning joʻshqinlik talab etiladigan kasb egasi ekanini zinhor xayoliga keltirmaydi.
Kumush romanda begʻubor, maʼsum va erka, oʻrni kelganda, qatʼiyatli tasvirlanadi, Otabekning sogʻinch toʻla maktublari, uni deb odam oʻldirgan Homid, erdan chiqqan, deya “nom” orttirgan boʻlsa-da, eshigidan sovchi arimasligi… Biroq kinodagi Kumush… Baʼzan Gabriel Garsia Markes “Yuz yil tanholikda” asarini kinochilarga bermay toʻgʻri qilgan ekan, degan oʻyga borasan kishi. “Ursula – mening onam, uni qaysidir aktrisa qiyofasida koʻrishni xohlamayman”, degan ekan adib. Romanda Kumushning oʻn sakkiz yoshda ekani aytiladi. Biroq kinodagi Kumush bu yoshdan ancha ilgarilagan, nigohi ham faqat ayollarda boʻladigan ichki hovlidan tashqariga chiqmagan, yot nazarlardan avaylab-asralgan qizning koʻzlari emas. Uning onasi Oftoboyim esa ellikni urib qoʻygan xotinga oʻxshaydi. Aslida Oftoboyimning yoshi oʻttiz beshda. Toʻgʻri, eskining odamlari birmuncha ulugʻroq koʻringan, deyish ham mumkin. Biroq Mirzakarim qutidor xotinining koʻngliga qarab (Otabekning ichkuyov boʻlib qolishi ham Oftoboyimning xohishi bilan boʻlganini unutmaslik kerak), uning inon-ixtiyoriga qarshi bormay, nima desa bajarishini hisobga oladigan boʻlsak, u xotin kishi qaritib qoʻyiladigan xonadonda yashamaydi. Aksincha, Oftoboyim yosh va hayotga nekbin qarashi kerak. Filmda Oftoboyim qaysi oʻrinda koʻrinish bermasin, meʼdaga uradigan bir tarzda yigʻlab turadi. Qolaversa, Otabekni Margʻilonga tinimsiz qatnatgan Kumushning onasi, filmdagi Oftoboyimdan biz tasavvur etgan goʻzal malakning tugʻilishi mumkin emasday tuyuladi.
Yoki Otabek qutidor xonadonidan haydalganda, unga joy bergan usta Olim asarda nihoyatda koʻngilchan koʻrinadi. Boshiga baxt qushi qoʻngan chogʻda, yori bevaqt vafot etib, umidi butkul soʻnganiga qaramay odamlarga mehr-muhabbatini saqlab qolgan. Otabek har gal kelganda, oshga unnaydi, hatto qoʻshnisinikida aza boʻlayotgan chogʻda ham (Kumushni oʻgʻirlashga borganda, Otabek tomonidan oʻldirilgan Sodiq – oʻsha, soxta taloq xatini keltirib bergan qora xotinning oʻgʻli) osh pishirishga kirishib ketadi (shu oʻrinda Qodiriy bobomiz ham sal hayajonga berilib ketganday tuyuladi menga. Chunki hech bir oʻzbek, ming dushman boʻlsin, yon qoʻshnisinikida aza boʻlib turganda, dimoqlarni qitiqlab, oʻz uyida osh tayyorlamaydi). Filmdagi usta Olim ham koʻngilchan, biroq ancha qari. Holbuki, uning ham yoshi bir joyga borib qolgan emas, “qirq yoshlar chamali, qonsiz yuzli, siyrakkina soqolli” bir odam. Qahramonlarning yoshi asar mohiyatini ochib berishga u qadar keskin taʼsir koʻrsatmaydi, biroq yuqorida aytilganiday, bilib turgan narsamiz filmda qandaydir oʻzgarishga uchrasa, qabul qilish sal qiyin kechadi.
Aytaylik, Kumush romanda birinchi marta tasvirlanganda, qanday libosda boʻladi? Sovuq havo tegdirib, bosh ogʻrigʻi bilan uyda yotgan Kumush (Otabekni ariq boʻyida uchratishi ham aynan shu bosh ogʻrigʻidan boshlanadi) erka va tantiq qiz qiyofasida namoyon boʻladi va egnida sariq atlas borligi aytiladi. Biroq filmda Kumushni birinchi marta faqat toʻy munosabati bilan koʻramiz. Uzoq ayriliqdan soʻng Oʻzbekoyimning ruxsati tekkach, Toshkentga borganida-chi? Oʻshanda Kumushning egnida qanday kiyim boʻladi? Filmda aktrisaga yarashadigan rang tanlangan, chamamda. Kitobda esa Kumush Toshkentga qora atlasda boradi – chunki Otabek uning shu libosini yaxshi koʻradi. Avvalo Otabek, shu orqali oʻquvchi uchun muhimmi, demak, kino mualliflari ham bunga eʼtibor berishi kerak edi. Filmda Otabek dor ostiga borarkan, Mirzakarim qutidorga “Kumushga avval uch yigit sovchi qoʻygan ekan. Shu rostmi?” degan savolni beradi. Qutidor bunday savolning boisini soʻraganda, “Kumushni birinchi marta koʻrgandagi ruxsorini unutolmayman” deb javob beradi. Bu suhbat goʻyo Otabek xayolidan bir zum boʻlsin Kumushning ketmayotganini ifoda etsa-da, aslida hech narsaga xizmat qilmaydi.
Bundan tashqari, filmda voqealar zanjirining asosiy ulovchisi – Homidning qiyofasi ochilmay qolgan. U faqat taloq xati uyushtirgani va Kumushni oʻgʻirlamoqchi boʻlgani uchun oʻldiriladi. Toʻgʻri, u Otabekka nisbatan yomonlik qildi, biroq uni shu uchun oʻldirish nechogʻli adolatdan? Kitobni oʻqigan odam Homidning oʻldirilishi naqadar toʻgʻri boʻlganini anglaydi. Misol uchun, filmda Homidning usta Olimning qaynisi Sayfiga tegajogʻlik qilgani, bachchaboz ekaniga biror ishora yoʻq. Aslida u shunday past kimsa edi. Uning uchun birovning xotiniga koʻz olaytirish tabiiy hol sanalardi. Buyam yetmaganiday, Otabek taloq qildi, deb Kumushga xaridor chiqqanida, kuyov, yaʼni Salim sharbatdorning oʻgʻli Komilbekning toʻyi boʻladigan kunda ogʻilda soʻyib ketgan ham shu – “oʻzimizning” Homid edi. Hamtovoqlari bilan Kumushni oʻgʻirlashga kelgan Homidning qilmishlariga chek qoʻyish sahnasi esa kinoda juda oddiy. Bu dramatik, qaysidir maʼnoda kulminatsion sahna kitobda juda chiroyli va ishonarli tasvirlanadi.
Homid oʻz gumashtalari – joni yoʻq, qattiqroq qoʻl tegib ketsa, yerga choʻziladigan Mutal (kitobdan uning kuchli ekani maʼlum!) va tashqi qiyofasiga koʻra ilgari xoʻroz soʻygani dargumon Sodiq (Homidga odam tinchitganini, agar yana zarurat boʻlsa, bunga tayyorligini bildiradi) bilan Kumushni oʻgʻirlashga borarkan, ularning Otabekka munosib raqib emasligi aniq koʻrinib turadi. Boz ustiga Kumush uxlab yotgan xonaga kirish uchun lahm kavlashda teshani bor kuchi bilan urishadiki, goʻyo u xonada hech kim yoʻqday, birov zarb bilan urilayotgan tovushni eshitmayotganday. Bu zarbdan aslida kar odam ham uygʻonib ketishi, xavfni anglashi ochiq-oydin koʻrinib turibdi. Biroq Kumush koʻchaga yondash xonada bir oʻzi uxlaydiyu uygʻonmaydi.
Filmda, yuqorida aytganimizdek, Otabekning Homidga aytar soʻzi yoʻq. Sheriklarini tinchitib, Homidni ham osongina narigi dunyoga ravona qiladi. Kitobda kurash oson kechmagani, Sodiqning xanjari bir-ikki marta uning orqasiga kelib tekkani, Homid qoʻlini siltab tortganida, xanjar uning bosh barmogʻi orasini suyakka yetguncha shipirib ketgani yoziladi. Filmda battol Homid osongina jon taslim qilarkan, oʻz davrining emas, ancha yillar keyingi soʻkinish tarzi bilan “Yeding-ku, ablah” deydi, xolos. Keyin birdaniga jon taslim qiladi. Romanda esa ertasi kuni uning oʻlim bilan kurashayotgani, biror ogʻiz soʻz aytolmayotganini Otabekka Homidning jiyani Rahmat aytadi. Xoʻsh, nega? Baribir tirik qolmas ekan, Homidning oʻlimini choʻzish adibga nima sababdan kerak edi? Chunki Homid qiynalib oʻlishi kerak edi. Shuncha gʻarazgoʻyligi bilan u osongina oʻlib ketaverishi mumkin emasdi.
Filmni koʻrib, tomoshabinda ham savol tugʻiladi: xoʻsh, esini taniganidan buyon savdogarlik qilib, koʻplab masalalarga nozik diplomatiya bilan yondashgan Otabek qanday qilib birdaniga uchta jinoyatchini tinchita oldi? Buning javobi Otabekning Kumushga yozib qoldirgan maktubida oshkor etiladi.
Bundan tashqari, film koʻproq Otabek va Kumush sevgisidan, shu sevgi atrofidagi mojarodan hikoya qiladi. Romanda rus bosqini arafasidagi oʻzaro ziddiyatlar, fitnalar, qipchoq qirgʻini, yurt ogʻalarining manfaatparastligi, xudbinligiyu boshqa illatlari ham qalamga olinadi. Tarixiy voqealar, masalan, Margʻilonning toʻquvchilik hunarida Turkistonning birinchi shahri ekani filmda biror oʻrinda koʻrinmaydi. Yurtga soliq solib, ikkiyuzlamachilik qilgan Azizbekning xarakteri ochiladi, biroq uning taqdiri qanday yakun topgani tomoshabinga mavhumligicha qoladi. Kitobdan ayonki, xalqini qadrlamagan Azizbek otga oyogʻidan bogʻlanib, sudratma qilinadi.
Kitobda aniq tarixiy voqealar keltirilgani bois kinoda tarixiy shaxslar ham boricha koʻrsatilishi kerak edi. Misol uchun, Otabek taʼrif berganiday Musulmonqul – “tulki”, “siyosiy oʻyin”larning bosh tashkilotchisi. Biroq filmda u ikkiyuzlamachiligini darhol bildirib qoʻyadi, chaquv bilan saroyga tasodifan kelib qolgan savdogar yigit – Otabek bilan adi-badi aytishib oʻtiradi. Yaʼni katta bir davlat boshida turgan odamga xos qiliqlar qilmaydi. Kitobda qipchoq qirgʻiniga ham alohida urgʻu beriladi. Bu filmda ham bor, biroq qipchoq qirgʻini qachon, nima munosabat bilan yuz berdi, degan savollar ochiq qoladi.
Umuman olganda, “Oʻtkan kunlar” romanining filmga koʻchmagan qismlari koʻp. Balki bu holat umumiy mazmunga favqulodda taʼsir etgan deb boʻlmas, biroq ulardan unumli foydalanish asar mohiyatini yanada ochishga, uni oʻquvchi-tomoshabinga yanada yaqinlashtirishga xizmat qilardi. Bunga kitob asosida olinadigan galdagi filmlarda eʼtibor berilsa, ajab emas. “Oʻtkan kunlar” yangi talqinlarga, yangi yondashuvlarga munosib.
Xulosa shuki, “Oʻtkan kunlar”ning filmini koʻrib, kitobi ham shundan iborat, degan xayolga boradigan kishilar romanni bir boshdan oʻqib chiqishsa, bundan faqat yutishadi.
Behzod OʻKTAM
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/otkan-kunlar-roman-va-film/