OʻSh TEATRI, Bobur nomidagi Oʻsh oʻzbek akademik teatri — Oʻrta Osiyodagi keksa teatrlardan biri. Dastlab dramatik truppa sifatida tashkil topgan. Jamoa 1929 yil professional teatr maqomiga ega boʻlgan. Tashkilotchilari Beknazar Nazarov, Rahmonberdi Madazimov, Ibrohim Madazimov va boshqalar Abduqodir Isʼhoqov, Joʻraxon Zaynobiddinov, Isroiljon Ismoilov, Jalil Sobitov kabilar teatrning ilk ijodkorlaridir. Truppaning birinchi toʻlaqonli asari «Turkiston tabibi» (M. Uygʻur) boʻlgan. Teatrning birinchi rahbari Ahmadjon Toʻxtamatov teatrning professional teatr sifatida shakllanishi va yuksalishiga katta hissa qoʻshgan. Teatr oʻz faoliyati davomida 600 dan ortiq jahon, oʻzbek, qirgʻiz mumtoz va zamonaviy dramaturgiyasidan namunalar sahnalashtirgan. Tojixon Hasanova, Laylixon Moidova, Roziya Moʻminova, Tursunxon Soliyeva, Neʼmatjon Neʼmatov, Tolibjon Badinov, Yorqinoy Hotamova va boshqalarning teatrda gʻoyaviybadiiy jihatdan mukammal milliy sahna sanʼati yaratilishida, teatr oʻz mavqeini mustahkamlashida xizmatlari alohida «Tohir va Zuhra» (S. Abdulla), «Makbet» (U. Shekspir), «Alpomish», «Manas», «Ravshan va Zulxumor» (K. Yashin). «Bobur haqida qoʻshiq» (P. Qodirov), «Ulugʻbekning muhabbati» (M. Shayxzoda), «Chingizxon olib ketgan sir» (M. Shaxanov), «Qamchibek» (S. Jetmishov), «Oʻlmoqchiman homiy kerak» (M. Gaparov), «Sohibqiron» (A. Oripov), «Farhod va Shirin» (Xurshid) va boshqalar eng yaxshi spektakllaridir. 1992-yil teatrga Bobur nomi, 2004-yil «akademik» nomi berildi.
Oytoji Shobdonova, Shavkat Dadajonov, Mahmudjon Rahmatov, Bahromjon Toʻxtamatov, Ziyoviddin Jalolov, Umarjon Mamirov, Rejab Tojiboyev, Rasuljon Uraimjonov, Dilorom Soipova, Samida Xolmatova kabilar teatrning yetakchi aktyorlaridir. Badiiy rahbari Baxtiyor Toʻxtamatov, bosh rej. Gʻanijon Xolmatov.
Eson Oʻrinov.