“Oʻrgimchak”

“Bir aybim bor: faqat baʼzan,

Rost gapirib qoʻyaman…”

Erkin Vohidov

 

Men oʻrtoq boshliqni juda yaxshi koʻraman. Rostdan. Mana, baʼzi birovlar Shohijahon Toʻraqulovichni zimdan xushlamay yurishadi. Nima emish, olarmish, berarmish, butun tumandagi korxonalarga ammavachchalariyu xolavachchalari va qishloqdoshlarini qoʻyib tashlaganmish. Boz ustiga, emishki, u kishining oʻzlarini ham bir paytlar togʻalari koʻtargan emish. Koʻrolmaydiganlar oʻzi shunaqa boʻlishadi. Oʻzi ololmaydi, berolmaydi, jiyanlarini ishga qoʻyolmaydi. Eplabdimi, qandini ursin, deyish uchun ham odam bolasi mard boʻlishi kerak-da.

Shohijahon Toʻraqulovich tumanimizdagi eng “klyuchevoy” sohaning tepasida turibdi. Ishlab chiqarish ham, savdo ham, idorayu, idorachalar ham bisyor. Ularning deyarli barchasida oʻrtoq boshliqning odamlari ishlashadi. Tili qichib turadigan oʻrtamiyona xodimlarning gaplariga quloq solsangiz, ensangiz qotadi. Nimaymish, hammasi tupoy, kallavaram, koʻrsavod emish. Boʻlmagan gap. Oʻrtoq boshliqning oʻzlari ham, jiyan boʻlmish barcha shogirdlari ham mutaxassislikni egallashmagan, xolos. Axir, ularning mutaxassisliklari biror sohani mukammal oʻrganishdan iborat emas-da. Ular boshqarishni bilishadi. Ishlashni esa boshqa – oddiyroq odamlar ham uddalayverishadi. Hammayoqni qoʻlidan ish keladigan, halol va fidoyi insonlar bosib ketgan. Biroq ularni boshliq vazifasiga tayinlab koʻring-chi. Darrov oʻzlarini koʻrsatishadi. Tanish-bilishchilik yoʻqotiladi. Bilimi va mahoratiga qarab ishga olish boshlanadi. Bunaqalar pastda koʻpayib ketsa bormi, tepadagilarga ham qiyin boʻladi. Ularni ham almashtirmasa boʻlmaydigan boʻlib qoladi. Axir, bir-birlarini tushunmay qolishadi-da. Shuning uchun ham oʻrtoq boshliq birida shunday deb edilar: olim olimligini, yozuvchi yozuvchiligini qilsin, jamiyatni boshqarishni esa boshliqlarga qoʻyib berishsin…

Mana, Shohijahon Toʻraqulovichning uslublaridan bittagina misol keltiraman. Hayotiy gap. Bundan toʻrt oycha oldin oʻrtoq boshliq ishlab-chiqarish korxonamizga mushukka oʻxshagan oʻgʻrikoʻz bola bilan kirib keldilar. Mohiyatan va tabiatan, maʼnaviyatan va xususiyatan xuddi oʻzlari. Sip-silliq kiyingan. Qoʻli koʻksida, biroq bu qulluqda qandaydir kamtar viqor va yolgʻon sezilib turganday…

Bu yigit oddiy muhandis lavozimida ish boshladi. Yigit institutni bitirgan. Boʻldi. Boshqa gap yoʻq. U na institutda rostakamiga oʻqigan va na biror ishni biror marta boʻlsin oʻz qoʻllari bilan qilgan. Ammo muomalani “sindirib” qoʻyadi. Sertakalluf, ayollarga yoʻl beradi. Ustozlarga choy damlaydi. Majlislarda gapirmaydi, hech kimga va hech nimaga eʼtiroz bildirmaydi. Masalangiz boʻlsa, hal qilib beradi. Hatto pulingizni olmaydi. Uchta odam turib qolgan joyga kelib qolsa, latifa aytib hammani “yiqitib” tashlaydi. Ishonasizmi, bu yigitni bir oyga bormay hamma sevib qoldi-yov. Oʻzi kelishgan, shirinsoʻz, diplomat. Jonon yigit boʻlgach, uning ishlarini ham oʻzimiz qilib qoʻyamiz. Birimiz rejalarini tayyorlab beramiz, birimiz hisobotini, xullas, oʻzim uchun va oʻsha yigit uchun degandek… Ish ketyapti, maoshlar olinyapti, mukofot pullari yozilyapti… Nima boʻlsayam, oldimizda kattakonning jigargoʻshasi boʻlgani yaxshi-da.

Bir kuni direktorimiz shoshilib kelib qoldi, hammani yigʻdi. Oʻzlari kelayotganmishlar, majlis boʻlarmish!.. Jahl bilan kelayotganmishlar! Aytishlaricha, oramizdan kimlardir uchib ketishi ham mumkin ekan!..

Rostdan ham jahl bilan, qovoq solib kirib keldilar. Ortiqcha rasmiyatchilikni yigʻishtirib jiyanlari Tavakkalni soʻka ketdilar:

– Tur oʻrningdan, Tavakkal Keldiyev! Oʻrtoqlar, yashirmayman… Manavi bola mening jiyanim… Opamning oʻgʻli. Men uni institutni aʼlo baholarga bitirib kelgan, zoʻr mutaxassis deb sizlarga shogirdlikka bergan edim. Ammo oqibati nima boʻldi!? Eshitdim!.. Uni tupoy, pandavaqi, togʻasining erkasi dermishsizlar… Xafa boʻlib ketdim. Hoy, tirrancha, gapir, sendan umidim shumidi!? San mani padvadit qilding! Seni ishdan haydash kerak! El ogʻziga elak tutib boʻlmaydi! Qani jamoa, tortinmay aytinglar-chi, Tavakkal haqida aytilgan gaplar toʻgʻrimi?

Hamma jim. Axir, shunday bolani yomon deb boʻladimi?.. Zoʻr bola-ku. Bayramlarda hammamizga qancha sovgʻalar berib tashlagan, shu toʻrt oy ichida ancha-munchamizning bolalarimizni kollejlarga, oʻzi boʻlmaydigan joylarga oʻqishlarga joylab qoʻygan… Toʻgʻri, sohamizda nol, lekin yaxshi bola-da…

Boshliq hayqiravergach, men yurak yutib zoʻrgʻa qoʻl koʻtardim:

– Oʻrtoq boshliq, Tavakkaljonni kim nima degan boʻlsa, bekorlarni aytibdi. Bu yigit hammamizning jonu dilimiz. Koʻpchilikning dardiga darmon boʻldi. Jamoaga tez kirishib ketdi. Ustozlardan sohamiz sirlarini erinmay oʻrgandi. Mahsulotlarimizni ancha-munchasini joʻralari orqali yaxshi narxlarda sotib beryapti. Tanishlari koʻp.

Shohijahon Toʻraqulovich menga bir mehr bilan qarab qoʻygach, davom etdi:

– Ana shunaqada, senlar koʻrsavod, mutaxassislikdan nol odamlarni himoya qilasanlar! Shunday boʻlgach, hammayoqni kallavaramlar egallab olaveradi-da…

Xullas, oʻrtoq boshliq oʻz jiyanini ishdan haydamoqchi boʻlgani sayin biz el boʻlib uni himoya qilishga tushib ketdik. Katta tortishuv boʻldi. Biz rozi boʻlmadik.

Boshligʻimiz bizdan chamasi xafa boʻldi, bosh chayqab, oxiri shunday dedi:

– Raz, jamoa shu qarorga kelgan ekan, mayli, uni haydamaylik. Mayli, sizlarning ham aytganlaring boʻlsin, meni gapim ham yerda qolmasin… Yaqin kunlarda tumanimizda chet elliklar bilan qoʻshma korxona ochilyapti, yuz million dollardan ortiq investitsiya kiritilyapti. Qarshi boʻlmasanglar, shu Tavakkalni tavakkal qilib shu korxonaga direktor qilib tayinlasak… Sizlar ham qutilardinglar…

Oldiniga hamma jim… qotib qoldik, soʻng… yetib borgach, qarsak chalib yubordik.

Ha, bu joyga faqat Shohijahon Toʻraqulovichning jiyanlari, betakror Tavakkal Oʻsarovich munosib… Toʻgʻri, oʻzi sal tupoy, kallavaramroq… sohani umuman tushunmaydi. Ammo uning tanish-bilishlari koʻp, birovlar bilan kelishishga juda ustasi farang… inglizchani chala-chulpa biladi, buning ustiga, diplomatiyani qiyib tashlaydi!..

PS: Ha, aytgancha, oradan koʻp oʻtmay, oʻrtoq boshliq aytgan qoʻshma korxona ochildi. Tavakkal Oʻsarovich bosh direktor qilib tayinlandi. Kamtarin qulingiz esa birinchi oʻrinbosar lavozimiga ep koʻrildim. Oʻzimizning gap… Zoʻr oʻrinbosarlari boʻlsa, boshliqqa kallaning nima keragi bor?..

 

Mahmud BOʻRON

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/orgimchak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x