1966 yildan 1982 yilgacha – rosa 16 yil “Toshkent oqshomi” gazetasida boʻlim mudiri boʻlib ishladim. Keyin bilsam, bu yillar mening hayotimdagi eng sermazmun, eng sermahsul, eng nurli yillar boʻlgan ekan. Albatta, odamning hayoti shaxmat taxtasidagi piyodaning yurishiga oʻxshaydi. Goh oq katakdan oʻtadi, goh qora katakdan. U damlar nuqul bayramdan iborat boʻldi, desam toʻgʻri boʻlmaydi. Noxushliklar ham boʻlgan, judoliklar ham… Lekin baribir, menimcha, “Toshkent oqshomi”da ishlagan davrim hayotimning eng yorqin yillari, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
“Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Nur borki soya bor”, “Dunyoning ishlari”, “Inson sadoqati”, “Toʻylar muborak” kabi asarlar shu yillarda dunyoga keldi. Yana muhimi shuki, “Toshkent oqshomi”da benihoya fidoyi, benihoya sofdil insonlarni uchratdim. Shulardan biri, gazetaning bosh muharriri Saʼdulla Karomatov edi. Saʼdulla aka haqiqiy jurnalist, haqiqiy muharrir edi.
Toshkent zilzilasidan keyin yangi ochilgan gazetaning alohida tahririyat binosi ham, anjomlari ham yoʻq edi. Bizlar eski bank binosida ishlardik. Bankning sement poli shu qadar jonga tegardiki, men bolaligimdan bod kasaliga yoʻliqqanim uchun koʻpincha etik kiyib yurishga majbur boʻlardim. Koʻp hollarda biz kechasi bilan tahririyatda qolib ketardik.
“Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari oʻzbek va rus tillarida chiqar, Maksim Karimov, Solih Yoqubov, Toʻlqin Rasulov, Rahmatulla Fayzullayev, Alinazar Egamnazarov, Nosir Muhammad, Abdulla Poʻlatov, Karim Normatov, Toʻxtamurod Toshev, Vladimir Chebotin, Nadejda Ponyakshina, Ella Adaykina, Mahmud Komiljonov kabi qalamkashlar bir oila aʼzosidek inoq boʻlib ketgan edik.
Saʼdulla Karomatov gazetaning bosh muharriri sifatida oʻz xodimlarini qattiq himoya qilishni bilardi. Oʻsha paytda “Toshkent oqshomi” butun respublikaga tarqalardi va buning sababi unda juda jiddiy, muhim chiqishlar boʻlib turardi.
“Adabiyot va sanʼat”, “XX asr ovozi”, “20-yillar adabiyoti” kabi sahifalar gazetxonlarga manzur boʻlgan edi. Biz mumtoz adabiyotimiz haqida olimlar, mutaxassislarning koʻplab chiqishlarini qilganmiz. Gazetada professor Ergash Rustamovning Ahmad Yassaviy haqidagi maqolasi va hazrat Yassaviyning hikmatlaridan namunalar berilgani esimdan chiqmaydi. Qizigʻi shundaki, gazetaning oʻsha soni tasodifan Qurbon hayiti kunida eʼlon qilinib qolgan. Shunda “Toshkent oqshomi” tahririyati bu ishni ataylab qildi, oʻquvchilarga Qurbon hayitni eslatish uchun qildi, deb muallifni ham, tahririyat xodimlarini (jumladan, meni ham) ancha sudra-sudra qilishgan.
Yana bir voqea esimda. “Toshkent oqshomi” sahifalarida “Muqaddas qasamni buzganlar” maqolam eʼlon qilindi. Maqolada oʻz sohasini yaxshi biladigan fidoyi shifokorlar juda koʻpligi aniq misollar bilan aytilgan. Lekin shu bilan birga ular orasida Gippokrat qasamini buzganlar, bemorlardan nimanidir tama qiladigan shifokorlar ham yoʻq emasligi yozilgan edi.
Oʻsha kuni kotiba meni bosh muharrirning xonasiga taklif qildi. Kirsam, Saʼdulla aka telefonda kim bilandir juda asabiylashib gaplashyapti. Uning bir gapi hamon qulogʻimda turibdi. Saʼdulla aka telefonning narigi tomonidagi odamga: “Siz ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonunni buzyapsiz, men sizga hali chiqmagan gazetani oʻqishga berishga majbur emasman!” dedi hayqirib.
Shundan keyin bosh muharrir menga shahar ijroqoʻmiga borishim lozimligini, u yerda “Muqaddas qasamni buzganlar” maqolasi muhokama qilinishini aytdi.
Oʻrtacharoq zalni toʻldirib, ancha odam oʻtirgan ekan. Ular orasida shahar Ichki ishlar boshqarmasining boshligʻi, shahar prokurori, Sogʻliqni saqlash vaziri, uning oʻrinbosarlari, turli akademiklar, professorlar, shifokorlar bor edi. Maqolani shosha-pisha rus tiliga tarjima qilishibdi. Oʻqib berishdi. Tabiiyki, maqola yigʻilganlarga yoqmadi. Oʻsha paytdagi ijroqoʻm rahbarlaridan biri opaxon (u kishining ismlarini aytishim shart emas) menga qattiq dashnom berdi. “Siz mutlaqo notoʻgʻri ish qilibsiz. Masalan, ertaga “Toshkent oqshomi” gazetasida chiqqan maqola haqida “Amerika ovozi” yoki “Bi-Bi-Si” dunyoga jar solib, sovet vrachlari poraxoʻr, tamagir ekan, deb eʼlon qilsa nima deysiz?” Men aytdim: “Birinchidan, men bironta shifokorga tuhmat qilganim yoʻq. Shifokorlarni qattiq hurmat qilaman. Biz oʻzimizdagi kamchiliklar haqida gapirmasak, muxoliflarimiz albatta gapiradi. Agar biz oʻzimizning nuqsonlarimiz haqida shivirlab gapirsak, ular baqirib gapiradi. Biz oʻz nuqsonlarimizni kuyunib gapirmasak, ular suyunib gapiradi. “Yozuvchi – xalq tili va vijdonidir!” Bu – mening gapim emas, Leonid Ilich Brejnevning gapi. Xalqning tili va vijdoni esa xalqqa rost gapni aytishi kerak”.
Bilamanki, Brejnev bu gapni aytmagan. Ammo majlisda oʻtirganlar Gensek[1] bu gapni aytmagan, deyolmadi. Chunki Brejnevning oʻzi oʻsha kezlari yozuvchilarning “kattasi” boʻlib qolgan. “Kichik yer”, “Tiklanish” degan kitoblari chiqqan. Katta-kichik majlislarda “Biz – yozuvchilar” deb gapiradi. Boyagi gapni aytgan boʻlsa, aytgandir-da. Mohiyat-eʼtibori bilan rost gap-ku!
…Shundan keyin yigʻilishdagi vaziyat oʻzgardi. Shamol boshqa tomon esa boshladi. Majlis ahli haqiqatan ham oramizda shunday shifokorlar borligi, uncha-muncha tama qiladiganlar ham yoʻq emasligi va yozuvchi bu haqda adolatli maqola yozganligini taʼkidlashdi. Yigʻilishda qatnashayotgan taniqli shifokorlar – meni mehr bilan davolagan professor Rauf Abdullayev, mashhur koʻz doʻxtiri Mahamadjon Komilov va boshqalar bitta tamagir shifokor boʻlsa ham bizda bunday shifokorlar boʻlmasligi kerak, deb taʼkidladilar. Xullas, qoralanishga shaylanib turgan maqola oqlandi…
***
Men “Oqshom”da nihoyatda yaxshi insonlarni uchratdim. Shulardan biri, hech shubhasiz, Toʻlqin Rasulov edi. Rus tilida “Dusha kollektiva” degan ibora bor. Yaʼni “jamoaning joni” degani. Toʻlqin Rasulov “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari jamoalarining “joni” edi. Hammani “Azizim” deb chaqirar, oʻzining ishi har qancha koʻp boʻlishiga qaramasdan yoniga kimdir biror dard bilan kelsa yoki maslahat soʻrasa, hamma ishini yigʻishtirib qoʻyib, oʻshaning gapiga quloq solar, maslahat berardi. U barchani baravar yaxshi koʻrar edi. Xudo rahmat qilgur oyim Toʻlqin akani “beshinchi oʻgʻlim” der edilar.
Toʻlqin aka bilan sirdosh doʻst edik. Har yili 8 mart arafasida ikkalamiz oʻz onamizga yangi koʻylakmi, jempirmi yoki boshqa kiyimmi olish uchun doʻkonlarni aylanardik. Toʻlqin aka oʻzining oʻgʻil-qizini, men oʻzimning oʻgʻil-qizimni olib bahor paytlari Qozogʻiston qirlariga, lolazorga borardik. Oʻsha yerda varrak yasab uchirardik.
Men nimaiki yozsam, asarlarimni oʻqigan va har gal nihoyatda joʻyali, nihoyatda toʻgʻri maslahatlar bergan. Toʻlqin akaning oʻzi ham juda dilbar hikoyalar, teran maqolalar yozardi.
Toʻlqin Rasulovning yana bir xususiyati – u nihoyatda xushchaqchaq, hazil-mutoyibaga usta edi. Har qanday “fantaziya”ni rost qilib aytar, aytganda ham hammani, hatto oʻzini ham ishontirib yuborardi. Masalan, oʻta goʻzal bir ayol Toʻlqin akaga muxlis boʻlgani uchun uni tugʻilgan kuniga taklif etadi. Toʻlqin aka ishi koʻpayib ketib bir soat kechikib borganida ham qishning qahraton sovugʻida qaltirab uni avtobus bekatida kutib turadi… Keyingi hikoyada esa nima uchundir oʻsha ayol Toʻlqin akani tugʻilgan kuniga chaqirib, saraton quyoshida qovrilib bir soat kutadi…
“Bu voqeani avval aytganingizda muxlisingiz qishda tugʻilgan edi-ku”, desangiz, bunga ham darrov javob topilardi: “Qishdan keyin yoz keladi-da, azizim!”
“Nur borki, soya bor” romani yetmishinchi yillarning oʻrtalarida yozilgan. Uning dunyoga kelishida Toʻlqin Rasulovning hissasi katta. Mening bir odatim bor. Boʻlajak asarni yillab oʻylab yuraman. Asar “pishib yetilgach”, qogʻozga tushish jarayoni tez kechadi. Ammo biron sabab bilan orada uzilish boʻlib qolsa, yoki kimdir xalaqit bersa, yozishdan “sovib” qolishim mumkin. Bunday paytda xalq iborasi bilan qoʻpolroq qilib aytganda “toʻlgʻoq qochib ketadi”, shekilli. “Chala tugʻilgan bola” nima boʻlishi maʼlum. Demak, asardan voz kechib qoʻlyozmani tashlab yuborishga toʻgʻri keladi. Menda bunday holatlar boʻlgan.
Xullas, roman qogʻozga tushayotganda tahririyatda ish boshdan oshib yotar, ijod qilishga vaqt yoʻq edi.
Bir kuni Toʻlqin akaga shikoyat qildim. Yangi asar boshlab qoʻyganimni, biroq nuqul “uzilishlar” boʻlayotgani uchun romanni toʻxtatishga majbur boʻlayotganimni aytdim.
Oʻsha kezlari adabiyot boʻlimida men bilan ancha yillar ishlagan shogirdim Nosir Muhammad Eronga, elchixonada ishlash uchun ketgan, ikkinchi qavatdagi xonada bir oʻzim oʻtirar edim.
– Azizim, – dedi Toʻlqin aka “dardim”ni eshitib. – Yozishingiz uchun sharoitni men yaratib beraman! Eshikning kaliti qani?
Hayron boʻlib, xonaning kalitini qoʻliga bergan edim, Toʻlqin aka telefon goʻshagini koʻtardi-da, duch kelgan raqamni terib “gudok”ning ovozini oʻchirdi. Soʻng shitob bilan yurib eshikdan chiqdi-da, narigi tomondan kalit solib, sharaq-shuruq qilib qulfladi.
– Gap bunday, – dedi eshik orqasida turib. – Siz uch soatgacha yoʻqsiz! Avliyosi kelib taqillatsa ham javob bermang! Men “Oʻtkirjon zarur ish bilan ketgan”, deb hammani ogohlantirib qoʻyaman. Bemalol yozavering!
Chindan ham ancha kungacha men tushdan keyin ishxonada “yoʻq” boʻldim. Romanning katta qismi qogʻozga tushdi. Keyin taʼtilga chiqib, asarni yakunlab keldim va qoʻlyozmani birinchi boʻlib Toʻlqin akaga oʻqitdim. Joʻyali maslahatlarini qabul qilib, kerakli oʻrinda foydalandim.
Tahririyatdagi yigitlar Pushkin parki (hozirgi Abdulla Qodiriy bogʻi)dagi choyxonaga borib “bir choʻqim” osh ustida suhbatlashib oʻtiradigan odatimiz bor edi. Toʻlqin aka choyxona palovni “sayratib yuborar”, koʻpincha mening zimmamga kochegarlik vazifasi tushar, ikkovlashib Chorsu bozoridan oshning xarajatini qilib, soʻng choyxonaga yoʻl olardik. Tabiiyki, oshga albatta qalampir ham solinar, Toʻlqin aka goʻshtu yogʻdan tortib, qalampirgacha oʻzi tanlab xarid qilar edi.
Bir safar bozorga tushsak, qalampir sotadigan tanishimiz yoʻq. Uning oʻrnida tajangligi yuzidan koʻrinib turgan keksaroq kishi oʻtiribdi.
– Otaxon, garmdori qanchadan? – dedi Toʻlqin aka.
Chol “falonchadan” deb narxini aytdi.
– Achchiqmi? – dedi Toʻlqin aka.
– Achchiq. – Chol ensasi qotibroq yuzini oʻgirdi.
– Judayam achchiqmi? – qayta soʻradi Toʻlqin aka.
– Ha! – dedi chol jerkib.
– Oʻzingiz ekkanmisiz?
– Menga qara! – dedi chol toʻngʻillab. – Olsang, ol, boʻlmasa toshingni ter!
Toʻlqin aka iljaydi:
– Olaman, otaxon, albatta olaman! Mol egasiga oʻxshamasa, harom oʻladi! Oʻzingiz shunaqa zahar boʻlsangiz, ekkan qalampiringiz achchiq boʻlmay qayoqqa boradi?!
***
Toʻlqin Rasulov hammaga birdek mehribon, dilkash inson boʻlgani uchun ulfatlari ham koʻp edi. Ayniqsa, Oʻtan aka degan qadrdoni kunora ish tugashiga yaqin kirib kelar, Toʻlqin aka uni koʻrishi bilan bir soatli yumushini oʻn besh daqiqada saronjomlab, ikovlon “bir piyola choy” ichishga yoʻl olar edilar. Kunlardan birida doʻstimiz Solihjon Yoqubov Toʻlqin akaga gʻalati gap aytdi:
– Toʻlqin aka! Mabodo siz Navoiy teatriga musiqachi boʻlib ishga kirsangiz, teatr narisi bilan bir haftada yopilib ketadi.
Tabiiyki, biz ham, Toʻlqin aka ham buning sababini bilishga qiziqdik.
– Opera va balet teatrida litavra degan asbob bor, – deb tushuntirdi Solihjon. – Ikkita barkashga oʻxshagan musiqa asbobi. Bir-biriga urilganida “vosh-sh-sh” etgan ovoz chiqarib musiqaga tantanavor tus beradi. Deylik, siz litavra chalishingiz kerak. Butun balet davomida litavra toʻqqiz marta “voshillashi” kerak. Asarning boshida uch marta, oʻrtasida uch marta, oxirida uch marta… Balet boshlanganidan keyin besh-oʻn daqiqa oʻtganda zalga Oʻtan aka kirib keladi. Siz uni koʻrgan zahoti litavrani bir yoʻla oʻn besh marta “vosh-vosh-vosh” qilib urasiz-da, ikkala barkashni uloqtirib yuborib, Oʻtan aka bilan koʻchaga chiqib ketasiz. Ertasiga teatr yopiladi – qoladi!
Rahmatli Toʻlqin aka bunday hazillarga xafa boʻlmas, aksincha, oʻzi ham qotib-qotib kular edi.
***
Ish tigʻiz boʻlgani uchunmi, koʻp asabiylashib charchaganimiz uchunmi telefonda hazillar qilar edik. Masalan, “Toʻylar muborak” komediyasidagi holat oʻzimizda boʻlgan. Sodda hamkasbimizni bir oygacha aldab, u yoqdan-bu yoqqa rosa yugurtirganmiz. Toʻgʻrisi, menda shumroq odat bor edi: ovozimni oʻzgartirib gapirishga usta edim.
Bir kuni Toʻlqin akaga ovozimni oʻzgartirib telefon qildim: “Bu “Oqshom”mi? “Ha”, degan javob keldi. “Toshkent meditsina institutidan telefon qilyapmiz, axborot kerakmi?” desam, Toʻlqin aka quvonib ketdi. “Domla, bir oz toʻxtang, hozir men ruchkamni olvolay”, dedi hovliqib. Men: “Yozing, Sarlavha “Noyob operatsiya” dedim. Toʻlqin aka yozishga tushib ketdi. Axborotning mazmuni taxminan bunday edi: Uch kun oldin Toshkent Davlat tibbiyot institutining ikkinchi xirurgiya boʻlimida jahonda tengi yoʻq noyob operatsiya qilindi. Bu operatsiya ustida falonchi-falonchi akademiklar, professorlar ishtirok etishdi, deb allaqancha nomlarni qalashtirib tashladim. Yuqori kurs talabalari va praktikantlardan falonchilar, deb yana oʻndan ortiq odamning ismi-sharifini aytdim. Noyob operatsiya ikki soatu 45 daqiqa davom etdi. Bunday operatsiya tibbiyot tarixida birinchi marta boʻlgani uchun uni “Amerika ovozi”, “Bi-Bi-Si” radiolari ham eʼlon qildi”. Gapni choʻzaverdim, choʻzaverdim, oxiri yozaverib qoʻli charchab ketdi, shekilli, Toʻlqin aka: “Oʻzi qanaqa operatsiya?” deb soʻrab qoldi. Men hamon oʻsha ovozda davom etdim: “Toshkent viloyat Bekobod tumanidan keltirilgan bemor Ahmad Valiyevning chap qulogʻi oʻzidan oʻzi oʻsib ketavergan. Bir oy ichida oʻsib-oʻsib, filning qulogʻi bilan baravar boʻlib qolgan. Shifokorlar uning 32 santimetrini kesib tashlab, 8 santimetrga keltirib qoʻyishdi. Shu bilan operatsiya nihoyasiga yetdi”. Shuni ayta turib, oʻzim ham qah-qah urib kulib yubordim.
***
Toshkentda Ozarbayjon adabiyoti va sanʼati dekadasi boʻlayotgan edi. Axborot boʻlimining mudiri Abdulla Poʻlatov menga qoʻngʻiroq qilib, maslahat soʻradi: “Oʻtkir, sarlavhani “Ozor xalqining bayrami” desam boʻladimi?” “Abdulla aka, esingiz joyidami? – dedim zarda bilan. – Siz ozor xalqining bayrami desangiz, bayjonlar nima qiladi? Masalan, dunyoda qoʻshaloq ismli xalqlar boʻladi, qoʻshaloq ismli shaharlar bor. Budapesht shahrini olaylik. Dunay daryosining bir betida “Buda”, ikkinchi betida “Pesht”. Shuning uchun Budapesht deyiladi. Yoki Chexoslovakiya. Agar Oʻzbekistonda Chexoslovakiya madaniyat kunlari boʻlsa, siz chex xalqining bayrami desangiz, slovaklar toʻpolon qilib yuboradi-ku! Ozarbayjonlar ham shunaqa. Ozorlar bilan bayjonlar ham bor. Masalan, Eronda 3 million bayjon yashaydi. Yaxshisi, sarlavhani “Ozar va bayjon xalqlari bayrami” deb qoʻying”.
Abdulla aka: “Shunaqami?” dedi-yu, ikki soat oʻtgach, qovogʻi osilib men oʻtirgan xonaga kirdi. “Menga nimani oʻrgatuvdingiz? Saʼdulla Karomatov soʻkib-soʻkib chiqarib yubordi-ku!”
Shunga oʻxshash hazillar bir tomondan odamning ruhini koʻtarar, ikkinchi tomondan esa insonlarni bir-biriga yaqin qilardi.
Endi oʻylasam, oʻsha yillar yoshlikning eng goʻzal, eng tansiq damlari ekan. Oʻtganlarni Alloh rahmat qilsin. Qolganlarga umr bersin…
Oʻtkir HOSHIMOV
[1] Oʻrischa “Generalniʼy sekretar” (Bosh kotib) birikmasining qisqartma shakli. – Muharrir.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/nurli-oqshomlar/